
Uyni ta’mirsiz qanday shinamroq qilish mumkin: oltita qimmat bo‘lmagan usul
Mablag‘ni tejagan holda, uy maydonini o‘zgartirish usullari bor. Oltita oddiy g‘oyalarni taklif qilamiz.
Tekstilni yangilang
Nihoyat, katakli pled va katta momiq yostiq sotib olish uchun sabab topildi. Yangi tekstil yotoqxona va mehmonxonaga sezilarli chiroy bag‘ishlaydi, eskirgan mebelni yashiradi va uyning umumiy atmosferasiga yengillik qo‘shadi.
Choyshab, gilam, parda va dasturxonlarni butunlay yangilash umuman shart emas. Ba'zan divanga bir yoki ikkita dekorativ yostiq qo‘shishning o‘zi kifoya. Yoki shunchaki choyshabni almashtirish. Masalan, sovuq mavsumlarda lyon (zig‘ir tolali mato) va satinni zichroq matolarga — flanel, trikotajga almashtirish, och ranglar o‘rniga iliq va yorqin ranglarni tanlash maqsadga muvofiqdir.
Dekorativ tekstilni tanlashda bitta rang palitrasiga rioya qilish yaxshiroq (va bu yerda yumshoq kulrang va sarg‘ish ranglar afzal ko‘riladi). Shu bilan birga, dizaynerlar naqshlarni aralashtirish va turli fakturalarni qatlamlashni maslahat beradi. Masalan, yirik to‘qilgan pledlarni momiq, duxoba, sun'iy mo‘yna yoki bukle yostiqlari bilan moslagan yaxshi.
Oyoqlaringiz ostiga issiqlik qo‘shing: sizal gilamchalarini mo‘ynali mahsulotlarga almashtiring. Katta gilamga pul sarflashning hojati yo‘q. Kichkina momiq gilamchalarni eng muhim va kerakli joylarga — karavot, o‘qish kreslosi yoniga, ish stoli ostiga yoki divan oldiga to‘shash kifoya.
Yorug‘lik bilan tajriba qiling
Shinam muhitning asosiy siri — to‘g‘ri yoritishda. Yorqin oq elektr chirog‘idan voz keching va lampochkalarni iliq to‘q sariq rangga almashtiring. Eng yaxshisi — vaqtincha markaziy yorug‘lik manbasini unutib, qandillar o‘rniga torsher, bra va stol lampalarini yoqing.
Agar qo‘shimcha yoritkichlar bo‘lmasa — bir-ikkitasini xarid qilishning ayni vaqti. Shuningdek, shift, oynalar va mebelning yuqori qismida svetodiodli lentalardan foydalanib ko‘ring.
Yoritkichlarni tanlashda ularni xonaning umumiy uslubiga moslashtirishga harakat qilmang. Ba'zan hammasi aksincha: koloritli chiroq lakonik interyerga kutilmagan urg‘u beradi va uning asosiy diqqatga sazovor joyiga aylanadi.
Bo‘sh joy tashkil qiling
Vizual axlat, ya'ni interyerni ivirsitadigan tartibsizlik va ortiqcha detallarning ko‘pligi kundan-kunga kayfiyatni buzadi. Natijada, hatto sevimli xona ham unchalik yoqimli bo‘lmagan joyga aylanadi.
Bu muammoni uch bosqichda hal qilishni tavsiya etamiz. Birinchi: yaxshilab yig‘ishtirish. Ikkinchi: foydalanishdan keyin darhol narsalarni ko‘zdan yo‘qotish. Uchinchi: yopiq saqlash tizimlarini tanlash — organayzer, sandiq va konteynerlar. Ularga nafaqat kiyim va choyshablarni, balki har qanday kichik narsalarni — kanselyariya buyumlari, o‘yinchoqlar, soch uchun aksessuarlar, hujjatlarni ham joylashtiring.
Oshxonani e'tiborsiz qoldirmang. Shkafni ochganda va barcha oshxona anjomlarini shakli, rangi va o‘lchamlari bo‘yicha maxsus ajratilgan sektorlarda ko‘rsangiz, pishirish ham, ovqatlanish ham ancha yoqimliroq bo‘ladi. Yoki unchalik chiroyli bo‘lmagan paketlardagi don va ziravorlar bejirim idishlarda saqlansa, qanday yaxshi.
Xonalarni xushbo‘y ifor bilan to‘ldiring
Kayfiyatingizni ko‘tarish va atrofdagi joyni yaxshilashning eng oson va hamyonbop usuli — interyer aromakompozitsiyalaridan foydalanish. Ular kayfiyatni ko‘taruvchi, bo‘shashtiruvchi, tetiklashtiruvchi yoki ishtaha ochuvchi bo‘lishi mumkin. Ularni joyga, kunning vaqtiga va shaxsiy xohishingizga qarab osongina o‘zgartirish mumkin.
Aytaylik, oshxona yoki mehmonxonaga yangi qahva, kakao, vanil, dolchin va shirin pishiriqlarning xushbo‘y iforini taratuvchi diffuzori juda mos keladi. Ushbu notalar ong osti darajasida iliqlik, shinamlik va mehmondo‘stlik tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Yotoqxona uchun tinchlantiruvchi — lavanda, malina va yangi o‘rilgan maysaning xushbo‘y hidlari mos keladi. Hammom va hojatxona uchun oq lotos, shabada va yashil choy kompozitsiyalari juda mos keladi. Dahliz va kiyinish xonalarida yoqimsiz hidlarni o‘ziga singdiruvchi va tetiklashtiruvchi kayfiyatni ko‘taradigan gulli va sitrus xushbo‘y hidlari hukm surishi mumkin.
Olov qo‘shing
Ushbu punktni avvalgisi bilan uyg‘unlashtirish oson: shunchaki xushbo‘y shamlarni yoqing. Dunyoda hech bir narsa shinamlikni yaratish uchun yonayotgan olov kabi ishlamaydi! Olov ochiq bo‘lishi umuman shart emas (xavfsizlik uchun shamlarni olovga chidamli bankalarga yoki fonariklarga joylashtirish mumkin). U hattoki haqiqiy bo‘lishi shart emas. Sun'iy kaminlar, olov tillariga taqlid qilingan lampalar va gulxan tasvirlangan rasmlar bundan hecham qolishmaydi. Instinktiv ravishda “mo‘tadil” olovni xavf sifatida emas, balki issiqlik, yorug‘lik va xavfsizlik manbai — uy o‘chog‘i sifatida qabul qilamiz.
Hayotni qo‘shing
Tirik gullar va uy o‘simliklarining yaqin qo‘shniligi energiya bilan to‘ldirishi, stressni kamaytirishi va ijodkorlik qobiliyatlarini yaxshilahi isbotlangan. Shuningdek, o‘simliklar xona havosini tozalaydi, ifloslanishning 90 foizini o‘ziga oladi. Bu immunitetimizni mustahkamlaydi va organizmni kislorod bilan to‘ydiradi. Va, albatta, yashil qo‘shnilar interyerni yanada jozibali qiladi — nafaqat estetik nuqtai nazardan, balki o‘ziga xos atmosferani yaratish masalasida ham. Hayot qaynab turgan uyda bo‘lish har doim yoqimli.
O‘simliklarni tanlayotganda, ularning ba'zilari uy hayvonlari va bolalar uchun zararli ekanligini unutmang. Shuning uchun, ularni qo‘l yetmaydigan joyga joylashtiring (va imkon qadar urfdagi kashpolar bilan to‘ldiring).
Aytgancha, joyni faqatgina xona gullari bilan jonlantirishingiz kerak emas. Yana bir layfxak — interyerga ko‘proq shaxsiy detallarni kiritish. Yaqinlaringiz fotosuratlari bilan bezatilgan javon va devorlardagi bayram otkritkalari yuragingizni iliq xotiralar bilan to‘ldiradi va yilning eng xira oylarini osongina yengishga yordam beradi.
Izoh qo‘shish