bosh sahifa / Sarflash va tejash / Toshkentda uy-joyni oson ijaraga olish: vaqt va pulni tejaydigan maslahatlar
Yangilanish sanasi: 31.07.2024

Toshkentda uy-joyni oson ijaraga olish: vaqt va pulni tejaydigan maslahatlar

Relokantlar tajribasi va rieltor maslahatlarini to‘pladik va cheksiz izlanishlar va uy egalarining rad javoblaridan charchaganlar uchun Toshkentda uy topish bo‘yicha gayd (qo‘llanma) tayyorladik.

Emigratsiya qiyinchiliklari

Valeriya Buzilova turmush o‘rtog‘i bilan 2022-yil oktabr oyida Moskvadan Toshkentga ko‘chib keldi:  turmush o‘rtog‘i ishlaydigan kompaniya o‘z xodimlarini O‘zbekistondagi ofisga ko‘chirdi. Valeriya Uzum Mediaga Toshkentdan uy-joy topishdagi mashaqqatli yo‘li va kutilmagan baxtli xotima haqida gapirib berdi.

Birinchi bo‘lib Valeriyaning  turmush o‘rtog‘i ko‘chib kelib, mehmonxonaga joylashdi. Dastlab, er-xotin mahalliy saytlardan uy qidirishga harakat qildilar, ammo ma'qul variant topa olmadilar. Ularni qiziqtirgan barcha takliflar eskirgan e'lonlar bo‘lib chiqdi.

Natijada, er-xotin kanalida eng chiroyli kvartiralar takliflarini joylashtirgan telegram-rieltorlaridan biriga murojaat qildilar.

O‘sha paytda Toshkentda ijara narxi 1000 dollardan boshlanar va bu pulga eng oddiy uyni ijaraga olish mumkin edi. Markazga yaqinroq va yaxshi ta'mirlangan kvartiralar kamida 1300-1500 dollar turardi.

Valeriyaning turmush o‘rtog‘iga ish beruvchi ko‘chish xarajatlarini qisman qoplaydigan relokatsion paketi bergan bo‘lsa ham, oila uchun ijara narxi juda yuqori edi. Moskvada ular  shahar markazidagi kvartirani 850 dollarga ijaraga olishardi, Toshkentda esa 1000 dollarga ham munosib uy topa olmadilar.

Uy topishni  og‘irlashtiruvchi yana bir nuammo kuchuk edi — bu hayvonlar bilan Toshkentda kvartira topish juda qiyin. Shu sababli, er-xotin uy hayvonlarini birmuncha vaqt Rossiyada ota-onalari bilan qoldirishga qaror qildilar.

Musiqiy favvoralar tufayli Toshkent City'dan ko‘chib ketdik

Dastlab er-xotin Toshkent Citydagi Boulevard turar-joy majmuasidagi 45–50 m²lik kichkina kvartiraga ko‘chib keldilar. Ijara oyiga 1500 dollarni tashkil etdi, jami kvartira uchun depozit va agent komissiyasi bilan birga 3750 dollar toʻladilar.

Kvartira oila uchun biroz torlik qildi, lekin juda yaxshi joylashuv, issiq pollar, barcha kerakli jihozlar, jumladan, idish yuvish mashinasi, yaxshi yoritish va mebellari bor edi. Bundan tashqari, egasi kuchuk bilan yashashga ruxsat berdi.

Tomonlar bir yillik ijara shartnomasini tuzdilar, ammo er-xotin u yerda atigi olti oy yashab, bahorda kutilmagan muammoga duch keldi: musiqiy favvoralar mavsumi boshlandi. Derazalar to‘ppa-to‘g‘ri favvoraga qaragan va shovqindan qochishga joy yo‘q edi. Valeriya va uning turmush o‘rtog‘i bunday shovqinda yashay olmasliklarini tushunib yetdilar.

Turar-joy majmuasi yangi bo‘lganligi sababli, barcha qo‘shnilar ta'mirlash ishlarini olib borardi, shuning uchun favvoralardan tashqari, ular doimiy ravishda perforator ovozini ham eshitishga majbur edilar. Valeriya uchun bu haqiqiy muammoga aylandi, chunki u uyda ishlaydi va bunday shovqinda diqqatni jamlash va hamkasblari bilan qo‘ng‘iroqlarni o‘tkazish qiyin edi.

Bundan tashqari, ijara haqi ancha yuqori edi va oila arzonroq variantini topish haqida o‘ylay boshladi. Ular shu agent orqali ikkinchi kvartirani qidira boshladilar. Er-xotin boshqa rieltorlar bilan ham suhbatlashdilar, ammo o‘zlari uchun mos variantlar topa olmadilar.

Boshqaruv kompaniyasi bo‘lmagan turar-joy majmuasida yashashning “zavqlari”

Keyingi kvartira uchun relokantlarning talablari quyidagicha edi:

  • oyiga 1200 dollardan qimmat bo‘lmagan ijara haqi;
  • 50 m² dan ortiq foydalanish maydoniga ega;
  • Yevropa uslubidagi ta'mir;
  • kuchuk bilan yashash imkoniyati;
  • markazga va uy hayvonlari bilan sayr qilish mumkin bo'lgan parklarga yaqin joylashuv.

Ikkinchi kvartirani bir oydan ko‘proq vaqt qidirdilar, chunki  kuchuk tufayli hech kim ijaraga berishni istamasdi. Rozi bo‘lganlar esa ijara haqini e'londagidan 100-200 $ ko‘proq to‘lashni so‘rashardi.

Oila yana belgilangan byudjetdan chiqib ketib, keyingi kvartirani 1300 dollarga ijaraga oldi. Ammo u avvalgisidan kattaroq — 70–75 m², yaqinda ta'mirlangan va, eng muhimi, u yerda oldin hech kim yashamagan edi. Ular tezda uy egasi— itga mutlaqo qarshi bo‘lmagan yosh qiz bilan til topishib odilar. Ammo tez orada er-xotin bu kvartiradan ham ko‘chishga majbur bo‘ldi.

Kvartira Yakkasaroy tumanida yaqinda foydalanishga topshirilgan yangi Meraas turar-joy majmuasida joylashgan va ma'lum bo‘lishicha, u yerda boshqaruv kompaniyasi yo‘q edi. Quruvchi  u yerda odamlar qanday yashashi haqida o'ylamay imoratni qurib topshirgan. Shu sababli, elita turar-joy majmuasida yashash sharoitlari juda yomon edi.

Uyda doimo  elektr yoki suv uzilib qolardi. Oila uch kunni butunlay suvsiz o‘tkazgan davr ham bo‘lgan. Ayniqsa, yoz kunlari, issiqda hatto dush qabul qila olmay, sport zaliga borib, yuvinib kelish juda qiyin edi.

Bundan tashqari, ko‘cha tozaluvchi, axlat qutilari yo‘q edi, shuning uchun hudud har doim iflos bo‘lib yotar, kirish eshigi oldida chiqindilar to‘planib turar edi. Uchastka noziri kelib, tartibga solishga harakat qildi, lekin hech narsa o‘zgarmadi. Ma'lum bo‘lishicha, quruvchining davlatdan qarzi bor ekan, shuning uchun hech kim aholining muammolarini hal qilgisi kelmasdi.

O‘shanda yangi uyga atigi 30 ga yaqin odam ko‘chib kirgandi, biroq ular ham bir-birlari bilan kelisha olmasdilar. Valeriya ham tashabbus ko‘rsatishga harakat qildi, lekin u mulk egasi bo‘lmagani uchun qo‘shnilar buni jiddiy qabul qilmadi.

Shuningdek, turar-joy majmuasi atrofida ijtimoiy infratuzilma va hatto oddiy piyoda yo‘laklari ham yo‘q edi. Majmua atrofida faqatgina kabobxona va mahallalar joylashgan edi. Har kuni,   Valeriya kuchuk bilan uylar yonida sayr qilayotgani uchun mahalla aholisi janjal ko‘tarardilar. Bu vaziyat, hattoki, mahalla raisi bilan mojaroga olib keldi.

Kvartira egasi yordam berishga juda harakat qildi, lekin u butun vaqtini ijarachilarning muammolarini hal qilishga sarflay olmasdi. U boshqaruv kompaniyasining yo‘qligi bilan bog‘liq vaziyatni faqat ijarachilar tufayli bilib qoldi, chunki kvartirada  ulardan oldin hech kim yashamagan. Natijada, uch oy yashagandan so‘ng, er-xotin ko‘chib ketishga qaror qildilar.   Mulkdor depozit va kvartirada yashagan vaqtlari uchun to‘lagan pulning bir qismini qaytarib berdi.

Kvartirani kunlik ijaraga oldik va uy egasini uzoq muddatga ijaraga berishga ko‘ndirdik

Relokantlar yana rieltorga murojaat qilishganda, u komissiyasiz yangi kvartira topishga rozi bo‘ldi. Ammo 1200 dollar byudjetga munosib variant topa olmadi.

Rieltor uy qidirayotgan bir paytda, Valeriya Airbnbda eski binodan vaqtinchalik kvartira topdi va uni bir haftaga ijaraga oldi. Er-xotin ikkilamchi kvartirada yashab ko‘rmoqchi edi, chunki bundan oldin faqat yangi binolardagi uylarni ijaraga olishgandi.

Bu kvartirada bir necha kun yashab, bu yerdan ketishni xohlamasliklarini angladilar. Shu bois kvartirani uzoq muddatga ijaraga berishga ko'ndirish uchun uy egasi bilan uchrashdilar. Egasi yetti yil avval Toshkentga Moskvadan ko‘chib kelgan ekan, shuning uchun ular osonlikcha til topishib ketdilar.

Kvartira Shota Rustaveli ko‘chasida, 1950-yillardagi Stalin davrida qurilgan binoda joylashgan. Shu bilan birga, u yangi ta'mirlangan: egasi u yerda oilasi bilan bir muddat yashab, hamma narsani o‘zi uchun qilgan va barcha kerakli jihozlarni sotib olgan edi. Kvartiraning shiftlari baland, yotoqxona, mehmonxona, oshxona va uzun koridori bor edi.

Er-xotin unga Airbnbda kvartiraning kunlik ijarasidan oladigan oylik daromadiga teng ijara haqi to‘lashga tayyor ekanliklarini aytishdi. Uy egasi 1200 dollar ijara haqini belgiladi, bu miqdor ayni ularning byudjetiga mos edi.

Shuningdek, egasi hayvonlarga qarshilik qilmadi va bunga qo‘shimcha haq talab qilmasdan kuchuk bilan yashashga ruxsat berdi. Va nihoyat, Valeriya u bilan bemalol sayr qilishi mumkin: uy parkning yonida joylashgan edi.

Kvartiraning yagona kamchiligi, derazalar juda sershovqin va gavjum ko‘chaga qaraydi. Shuning uchun, ochiq derazalar bilan uxlab bo‘lmaydi va konditsionerdan foydalanish kerak.

Er-xotin ushbu kvartirani bir yilga ijaraga olish shartnomasini tuzib, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tdilar. Shu bilan birga, relokantlar egasiga depozit to‘lamadilar — faqat ijara haqi va majburiy badalni (kvartplata) o‘z ichiga olgan 1200 dollar — badalni uy egasi o‘zi to‘laydi. Tomonlar, shuningdek, fors-major holatlarida, oila shartnoma muddatidan oldin chiqib ketishi mumkinligi va egasi bu kvartirani kunlik ijaraga berishni davom ettirishi haqida kelishib oldilar.

Oilaning uy egasi bilan munosabatlari juda yaxshi va u hamma narsaga yordam beradi. Yozda ularning ikkala konditsioneri ham buzilib qoldi va u hech qanday muommosiz ikkalasini ham almashtirib berdi. Biroz vaqt o‘tgach, uy egasi shunchaki kvartira toza bo‘lishi va oila saranjom-sarishta yashashi uchun tanish farrosh ayoli oyda bir marta kelib, kvartirani umumiy tozalashini taklif qildi.

O‘shandan beri Valeriya va uning turmush o‘rtog‘i poytaxtda o‘z uylarini topdilar va bu kvartirani faqatgina Toshkentdan ketadigan bo‘lsalar,  tark etishga qaror qildilar.

Toshkentda uyni qanday qilib foydali ijaraga olish mumkin

Valeriyaning Airbnbda kvartirani uzoq muddatli ijaraga olishi istisnoviy holat, ammo turar joy haqiqatan ham yoqqan bo‘lsa, uy egasi bilan uzoq muddatli ijaraga olish imkoniyatini muhokama qilish kerak. Toshkentga ko‘chib kelgan barchaga quyidagilardan boshlashni tavsiya etamiz.

Qayerdan izlash kerak

Qidiruvni har xil tumanlardagi takliflarni baholash va narxlarni taqqoslash mumkin bo'lgan eng mashhur reklama portallaridan boshlagan yaxshi. Bu manbalardan kvartirani topish qo'shimcha vaqt talab qilishi mumkin, chunki ba'zi reklamalardagi fotosuratlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi va ko'plab eskirgan reklamalar mavjud.

Shahardagi ko‘chmas mulk bozori dastlabki tasavvur paydo bo'lganidan so‘ng, siz uchun mos turar joyni tanlaydigan va bitimni rasmiylashtirishga yordam beradigan tajribali rieltorga murojaat qilishingiz kerak. "Dobriy rieltor" rieltorlik agentligi rahbari Bobur Yunusov Toshkentda uy-joy masalasini qanday qilib xavfsiz va foyda bilan hal etish haqida so'zlab berdi.

Bobur Yunusov, "Dobriy rieltor" rieltorlik agentligi rahbari

Ishonchli rieltorni qanday topish mumkin

Eng yaxshisi sizga tavsiya etilgan rieltorga murojaat qilish, bu muvaffaqiyatli bitim tuzish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi. Agar tavsiyalar bo‘lmasa, ko‘chmas mulk bo‘yicha mutaxassisning malakasini baholash uchun bir nechta mezonlar mavjud:

  • Talablarni diqqat bilan eshitadi. Mutaxassis, birinchi navbatda, masalani mijozning istaklari va ehtiyojlariga qarab hal qilish uchun uning talablarini diqqat bilan eshitishi kerak.
  • Kvartira yoki uy haqida ma'lumotga ega. Uy-joy talablarga mos kelishini tushunish uchun rieltor kvartira yoki uy haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishi kerak.
  • Ko‘chmas mulk hujjatlari bilan tanish. Mulk rasmiy ravishda ijaraga berilishi mumkinligiga (taqiqlanmagan, garovga qo‘yilmagan) ishonch hosil qilish muhim. Buni ijara shartnomasini tuzish uchun zarur bo‘lgan kadastr orqali tekshirish mumkin.
  • Uy-joy kodeksini biladi. Rieltor ijara shartnomasini to‘g‘ri tuzish va bitimlarda mijozlar manfaatlarini himoya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining asoslarini bilishi va fuqarolik-huquqiy munosabatlarini tushunishi kerak.
  • Bitimda hakam sifatida ishtirok etadi. Rieltorning vazifasi — bitimda ikkala tomonning talablarini hisobga olish, bitim to‘xtab qolgan taqdirda, yechim taklif qilish. Shuningdek, ijara narxini adekvat baholash.
  • Bitim xavfsizligini ta'minlaydi. Bitim ikki tomonga ham xavfsiz bo‘lishi uchun rieltor egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishishi kerak, ijara shartnomasida depozitni qaytarish shartlari, minimal ijara muddati va boshqa shartlar hisobga olinishi kerak. Bo‘nak to‘layotganda uni tegishli shartnoma bilan rasmiylashtiradi. Mulkning rasmiy egasi uni ijaraga berishdan xabardor ekanligiga ishonch hosil qilish ham muhimdir.

Rieltor yoki rieltorlik agentligi xizmatlari uchun standart to‘lov bir oylik ijara haqining 50 foizini tashkil qiladi. Albatta, ijara narxida bo‘lgani kabi, komissiya miqdori ham kelishib olinishi mumkin.

Kvartirada, uyda va uning atrofida nimani tekshirish kerak

Uy egasiga savollar berish

Kvartirani ko‘rishdan oldin, egasi va rieltordan so‘rash uchun sizni qiziqtirgan savollar ro‘yxatini tayyorlang. Quyida qiziqtirishi mumkin bo‘lgan savollar namunasi keltirilgan:

  • Kvartira oldin ijaraga berilganmi va oxirgi marta qachon ta'mirlangan?
  • Nima uchun oldingi ijarachilar ko‘chib ketishgan?
  • Qo‘shnilar bilan munosabatlaringiz qanday?
  • Kvartira qancha muddatga ijaraga beriladi?
  • Uyda yoki yaqin atrofda to‘xtash joyi bormi?
  • Hayvonlar bilan yashash mumkinmi va bu shartnoma shartlariga qanday ta'sir qiladi?
  • Kommunal to‘lovlarni kim to‘laydi va ular ijara narxiga kiritilganmi? Issiq mavsumda va qishda kommunal to‘lovlarning oylik narxi qancha?
  • Turar-joy majmuasida boshqaruv kompaniyasi bormi? Elektr yoki suv uzilib qolsa, kimga murojaat qilish kerak?
  • Suv hisoblagichlari o‘rnatilganmi?
  • Kvartirada qanday isitish tizimi mavjud?
  • Internet tezligi qanday va provayder xizmatlari oyiga qancha turadi?
  • Uy egasi mebel va jihozlarni ta'mirlashga yoki sotib olishga tayyormi?

Qo‘shnilar bilan tanishish

Avvalo, yuqori qavatda kim yashayotganini bilib oling, chunki shovqin va mumkin bo‘lgan suv toshqini u yerdan bo‘ladi. Yuqorida baland ovozda qichqiradigan, yig‘laydigan, yuguradigan va sakraydigan yosh bolali oila yashashi mumkin. Bu haqda oldindan bilib olish yaxshiroq, chunki bu sizning qulayligingizga ta'sir qiladi. Lekin pastki qavatdagi qo‘shnilar bilan ham tanishish kerak. Ulardan isitish va kommunal xizmatlar haqida so‘rashingiz mumkin, chunki egasining o‘zi bu kvartirada yashamagan bo‘lsa, ular to‘g‘risida bilmasligi mumkin.

Boshqaruv kompaniyasi bo‘lmagan turar-joy majmuasida kvartirani ijaraga olgan Valeriyaning so‘zlariga ko‘ra, agar ulardan avval ko‘chib ketgan va tizim bilan kurashish qiyinligini allaqachon anglagan qo‘shnilar bilan suhbatlashsa, u barcha muammolar haqida oldindan bilgan bo‘lar edi.

Kvartirani tekshirib ko‘rish

Ijaraga olmoqchi bo‘lgan kvartirani sinchiklab  tekshirish va barcha jihozlarni sinab ko‘rish kerak. To‘shakda yotib, stullarda o‘tirib, santexnikani tekshirib ko‘ring— agar u buzuq bo‘lsa, sizga ko‘p muammolarni keltirishi mumkin.

Kir yuvish mashinasini ishga tushiring va unda mog‘or yo‘qligini tekshiring, shuningdek,  hammom va boshqa xona devorlarida ham mog‘or yo‘qligini tekshirib chiqing. Agar kvartira sizga iflos bo‘lib tuyulsa, egasidan tozalash xizmatini chaqirishini va uni yaxshilab tozalatishini so‘rang.

Tumanni o‘rganish

Uyingizdan piyoda yurib borsa bo‘ladigan joylarning ro‘yxatini tuzing. Masalan, bolalar bog‘chasi, maktab, o‘yin maydonchasi. Bolalar bilan sayr qilish yoki yugurish mumkin bo‘lgan park.

24 soatlik supermarketlar, savdo markazlari, kasalxona va poliklinikalar, sport zali yoki basseyn, go‘zallik salonlari — ushbu obyektlarning joylashuvini hisobga olish muhimdir. Tuman  yashil va sokin bo‘lgani uchun sizga yoqishi mumkin, lekin keyin atrofda ijtimoiy infratuzilma yo‘q joyga ko‘chib kelganingiz ma'lum bo‘lishi mumkin.

Bu borada hech qanday shubha bo‘lmasligi uchun tuman bo‘ylab kunduzi va kechqurun sayr qiling, shunda atrofingizdagi kontengentni ham baholash imkoni bo‘ladi. Agar derazalaringiz ostida restoran joylashgan bo‘lsa,  uning atrofidagi shovqinni faqat kechqurun sezishingiz mumkin.

O‘zingizni shartnoma bilan qanday himoya qilish mumkin

Rieltor ijarachi va uy egasining talablari asosida ijara shartnomasini tuzishi kerak.

Unda quyidagilarni belgilash muhim:

  • depozit miqdori va u oxirgi yashash oyi uchun to‘lov sifatida hisobga olinadimi;
  • uy egasi depozitni qanday shartlarda qaytaradi;
  • ijara  qaysi sanalarda to‘lanishi kerak;
  • kommunal to‘lovlarni kim to‘laydi;
  • kvartira qanday muddatga ijaraga beriladi;
  • qancha vaqt oldin ijarachi uy egasini kvartirani bo‘shatish to‘g‘risida ogohlantirishi va egasi ijarachidan uyni bo‘shatishni so‘rashi kerak;
  • ijarachi sotib olgan va ko‘chayotganda olib ketishi mumkin bo‘lgan narsalar ro‘yxatini ko‘rsatish.

Odatda, shartnoma bir ijara haqi miqdorida depozit to‘lash sharti bilan bir yilga tuziladi va keyin uzaytiriladi. Bunday holda, depozit uy egasining mulkiga zarar yetkazsa yoki ijarachi kelishilgan muddatdan oldin ko‘chib ketsa, bu  vaziyat uchun sug‘urta hisoblanadi.

«Dobriy rieltor» reytingi bo‘yicha Toshkentning top-3 ta tumani

Mehmonlar orasida eng mashhur tuman — Mirobod tumani. Jumladan, Oybek, Gospitalniy, MUM (Markaziy Universal Magazin), Kosmonavtlar metro bekati, Grand Mir (sobiq Rossiya) mehmonxonasi markaziy mikrotumanlari.

Mashhurligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda — Mirzo Ulugʻbek tumani, yaʼni Ц-1, Ц-2 mavzelari, Darxon, Novomoskovskaya (Oqqoʻrgʻon) mikrotumanlari, “Buyuk Ipak yoʻli” metro bekati.

Uchinchi oʻrinda Yunusobod tumani joylashgan boʻlib, u yerda koʻpincha Amir Temur xiyoboni boʻylab Ц-4, Ц-5, Ц-6 mavzelarida uy ijaraga olinadi.

Boburning oʻzi Kosmonavtlar metrosi tumanida yashashni xohlar edi. Tuman juda sokin, yaqin atrofda istirohat bogʻi va Anhor kanali qirgʻogʻi mavjud. Bu markazda joylashgan juda xavfsiz va sokin tuman hisoblanadi.

Agar yangi qurilgan va eski binolar o‘rtasidagi tanlov haqida gapiradigan bo‘lsak, Bobur ikkinchisini afzal ko‘radi. Ko‘pincha eski binolari bo‘lgan tumanlar yanada rivojlangan infratuzilmaga ega — bolalar bog‘chalari, maktablar, poliklinikalar, bozorlarga piyoda yurib borsa  ham bo‘ladi.

Shuningdek, yangi ko‘chib kelgan qo‘shnilarning ta'mirlash ishlari, boshqaruv kompaniyasining yo‘qligi, uy atrofida rivojlanmagan hudud bilan bog‘liq noqulayliklar kamroq.

Agar yangi qurilgan uyda yashashni istasangiz, uch-to‘rt yil oldin foydalanishga topshirilgan turar-joy majmuasini tanlang. Bu vaqt ichida, odatda, uyning 90 foizi egallangan bo‘lib, aksariyat odamlar ta'mirlash va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilgan bo‘ladilar.

Bunday majmualarga Mirobod Avenue yoki NRG Oybek kiradi. Ushbu turar-joy majmualarida hali bo‘sh kvartiralar bor, lekin xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish nuqtai nazaridan u yerda yashash juda qulay. Boshqaruv kompaniyasi rozetkani tuzatishdan tortib butun kvartirani ta'mirlashgacha bo‘lgan har qanday muammolarni hal qilishga yordam beradi.

Shuningdek, ushbu turar-joy majmualarida tozalash xizmati va santexnikni chaqirish, kiyimlarni ximchistkaga topshirish mumkin va hokazo. Eski qurilgan uylarda bunday xizmat yo‘q va hech kim favqulodda vaziyatlarni zudlik bilan hal qila olmaydi. Masalan, isitish mavsumida eski quvur yorilib ketsa.

Agar byudjetingiz cheklanmagan va siz uchun eng muhimi uydagi qulaylik bo‘lsa, yangi turar-joy majmualarida xizmat ko‘rsatadigan kvartiralarni tanlashingiz mumkin. Agar tumanning joylashuvi va rivojlangan infratuzilmasi muhimroq bo‘lsa, unda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridan tanlagan ma'qul.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Sevara
Sevara
9 months ago