bosh sahifa / Xaridlar / Toshkent bozorlari: shahar bozorlari yo‘lko‘rsatkichi
Рынки Ташкента: путеводитель по базарам города — Uzum Media

Toshkent bozorlari: shahar bozorlari yo‘lko‘rsatkichi

Toshkent nafaqat tarixiy yodgorliklar va me’moriy diqqatga sazovor joylari bilan, balki gavjum bozorlari bilan ham mashhur. Toshkent bozorlari shahar madaniyati va iqtisodiyotining muhim qismi hisoblanadi. Bu shunchaki savdo-sotiq joylari emas, balki Sharq an’analari, ta’mlari va iforlari kesishgan ijtimoiy muloqot markazlaridir.

Biz Toshkentning borishga arziydigan eng mashhur va rang-barang bozorlari jamlanmasini tayyorladik, shuningdek, toshkentliklar bilan suhbatlashdik va ular eng ko‘p qaysi bozorlar borishni yoqtirishlarini va nima uchun ularni yaxshi ko‘rishlarini bilib oldik.

Mirobod bozori

Toshkentdagi Mirobod bozori poytaxtning markaziy qismida, Mirobod ko‘chasi, 43 manzilida joylashgan. Shaharning janubi-sharqiy tomonida qulay joylashgan bu bozor Toshkent aholisi va mehmonlariga oson yetib borish imkonini beradi.

Mirobod bozori sotuvchilar va xaridorlarni yozgi jazirama va qishki yog‘ingarchiliklardan himoya qiladigan, bozorning butun hududini qoplaydigan yashil bostirmasi bilan tanilgan. Ilgari, bozor hududi askarlar uchun gospital sifatida foydalanilgan, eski nomi ham shundan kelib chiqqan — Gospitalniy.

Mirobod bozori barra mahsulotlar va uy-ro‘zg‘or buyumlarining keng assortimenti bilan mashhur. Bu yerda quyidagilarni topishingiz mumkin:

  • barra sabzavot va mevalar (mahalliy va import);
  • go‘sht va sut mahsulotlari;
  • quruq meva va yong‘oqlar;
  • baqqollik mahsulotlari va ziravorlar;
  • maishiy tovarlar va kiyim-kechaklar.

Mirobod bozori — barra mahsulotlar va uy-ro‘zg‘or buyumlari xarid qilinadigan Toshkentdagi eng yirik bozorlardan biri. O‘zining qulay joylashuvi va keng assortimenti tufayli ushbu bozor mahalliy aholi va sayyohlar orasida mashhur bo‘lib qolmoqda. Agar siz sharqona bozor muhitiga “sho‘ng‘ish”ni va sifatli mahsulotlardan bahramand bo‘lishni istasangiz, Mirobod bozori tashrif buyurish uchun ajoyib tanlov bo‘ladi.

Menga hammadan ham Mirobod bozori yoqadi, chunki bu yerning rastalari tartibli, sotuvchilari juda xushmuomala. U yerda savdolashish ham, sabzavot va mevalarni o‘zimiz tanlashimiz ham mumkin. Bozorga tez-tez bormayman, bir necha oyda bir marta bo‘lishi mumkin. Asosan, yangi meva va rezavorlarni xarid qilish uchun boraman — bozorda tanlov katta, narxlar ham yoqimli. Mirobod bozori menga shuning uchun yoqadiki, u yerda shoshilmasdan, tinch va hotirjam yurib bozor qilish mumkin.

Maftuna Sherova
bozordan meva va rezavorlar sotib oladi

Parkent bozori

Bozor Toshkent shahri, Parkent ko‘chasi, 74 manzilida joylashgan. Parkent bozori yirik savdo majmuasi bo‘lib, u yerda deyarli barcha zarur narsalarni topish mumkin. Bozor bir nechta uy-ro‘zg‘or buyumlari kichik do‘konlari bilan o‘ralgan bo‘lib, xaridorlarga qulaylik yaratadi.

Bozorda turli xil barra mahsulotlar, jumladan, mavsumiy meva va sabzavotlar mavjud. Bu yuqori sifatli mahalliy va import mahsulotlarni xarid qilish uchun ajoyib joy. Bu yerda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan yangi go‘sht, sut mahsulotlari va pishloqlar ham xarid qilish mumkin. Quruq meva va yong‘oqlarning keng tanlovi Parkent bozorini sog‘lom ovqatlanish ixlosmandlari uchun yoqimli maskanga aylantiradi. Eng talabchan xaridorlar ehtiyojlarini qondirgan holda turli xil yormalar, ziravorlar va qaylalar serob taqdim qilingan. Bozorda kiyim-kechak, poyabzal va turli xil uy-ro‘zg‘or buyumlarini ham topish mumkin.

Ko‘plab tashrif buyuruvchilarning ta'kidlashicha, Parkent bozori — barra mahsulotlarni oqilona narxlarda xarid qilish uchun ideal joy. Bozor tozaligi va savdo yaxshi tashkil etilganligi bilan ajralib turadi. Xaridorlar, shuningdek, sotuvchilarning samimiyligi va professionalligini maqtaydi, bu esa bozorga tashrif buyurishni yanada yoqimli qiladi.

Yunusobod bozori

Bozor Toshkentning eng gavjum tumanlaridan biri Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasida joylashgan. U barra oziq-ovqat mahsulotlarining keng assortimenti va tovarlar xilma-xilligi bilan taniladi.

Bozorda juda ko‘p mahsulotlar taqdim qilingan: go‘sht va sut mahsulotlari, meva va sabzavotlar, ziravor va qaylalarning keng assortimenti, shuningdek, xo‘jalik mollari hamda kiyim-kechaklar. Bozor poytaxt aholisi orasida juda mashhur, chunki u yerda tanlash imkoniyati keng, narxlar hamyonbop va transport aloqasi qulay.

So‘nggi yillarda Yunusobod bozori uning qayta qurilishiga yo‘naltirilgan sarmoyalar tufayli sezilarli o‘zgarishlarga duch kelyapti Savdo sharoitlarini yaxshilash va savdo o‘rinlari sonini oshirish imkonini beradigan zamonaviy ko‘p qavatli majmua barpo etish rejalashtirilyapti.

Ekobozor

Ekobozor Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Temur Malik ko‘chasi, 3A manzilida joylashgan. Ekobozor savdo va joy tashkil etishda ekologik toza yondashuvi bilan mashhur. Toshkentdagi ushbu bozorning asosiy maqsadi — tashrif buyuruvchilarga barra va tabiiy mahsulotlarni taklif qilish. Bu joy tozaligi, tashkil qilinishi yaxshiligi va yoqimli muhiti, shuningdek, demokratik narxlari bilan ajralib turadi, bu esa mahalliy aholini ham, sayyohlarni ham o‘ziga jalb qiladi.

Ekobozor tovarlar keng assortimentini taklif qiladi, jumladan:

  • mahalliy va import qilingan meva va sabzavotlar;
  • mahsulotlarning yangi va xavfsizligini kafolatlaydigan, sinovdan o‘tgan yetkazib beruvchilardan yuqori sifatli go‘sht va baliq mahsulotlari;
  • sut mahsulotlarining keng tanlovi, shu jumladan pishloqlar, yogurtlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sut;
  • turli xil organik tovarlar, masalan, yormalar, ziravorlar va quruq mevalar;
  • uy-ro‘zg‘or buyumlari;
  • mahalliy va xalqaro shirinliklar, pishiriqlar, shuningdek parhez va glyutensiz mahsulotlar.

Bozor yonida katta avtoturargoh joylashgan. Xarid aravachalari, imkoniyati cheklanganlar uchun panduslar mavjud. Ekobozorning muhim xususiyati uning soat 23:00 gacha ishlashi bo‘lib, bu hatto kechgacha ishlaydigan insonlarga ham bozorda xarid qilish imkonini beradi. Ekobozor tashqi ko‘rinishidan zamonaviy savdo markaziga o‘xshaydi, ammo ichkarida mahsulotlar katta assortimenti va sharq bozorining o‘ziga xos muhiti bilan o‘sha odatiy rastalarni topasiz.

Abu Saxiy

Abu Saxiy — O‘zbekiston poytaxtining eng yirik ulgurji bozorlaridan biri, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor prospekti, 156A manzilida joylashgan. Ushbu bozor poytaxtning g'arbiy chekkasida muhim hududni egallaydi.

Abu Saxiy o‘zining ko‘lami va taklif qilinadigan mahsulotlar xilma-xilligi bilan mashhur. Ushbu bozor 60 akrdan ortiq maydonni egallaydi va 3000 ga yaqin savdo nuqtalarini o‘z ichiga oladi. Bozorning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u ulgurji savdoga yo‘naltirilgan bo‘lib, ham mahalliy, ham xalqaro xaridorlarni jalb qiladi. Bozor o‘zining o‘t o‘chirish stansiyasi bilan jihozlangan, bu uning ulkan hajmi va shahar uchun ahamiyatini ta'kidlaydi.

Bozorda ko‘plab tovarlar taqdim qilingan: oziq-ovqat mahsulotlaridan boshlab mebel va qurilish materiallarigacha. Tanlov juda katta, narxlar nafaqat ulgurji, balki chakana xaridorlar uchun ham mavjud.

Chorsu

Chorsu bozori — qadimiy Toshkent yuragi va qalbi, shaharning boy madaniy va savdo tarixi ramzi hisoblanadi. Navoiy ko‘chasi, 48 manzilida joylashgan Chorsu bozori nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning eng qadimgi va eng yirik bozorlaridan biri hisoblanadi: 2 ming yildan ortiq vaqtdan beri mavjud.

Chorsu nomi “to‘rt yo‘l” deb tarjima qilinadi, bu bozorning asosiy savdo yo‘nalishlari kesishgan joyda joylashganligini aks ettiradi. Bozor tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi va u Buyuk ipak yo‘lining muhim tuguni bo‘lgan. Bugun, qadimgi davrlarda bo‘lgani kabi, Chorsu bozori butun mintaqadan savdogarlar va xaridorlarni jalb qilishda davom etyapti.

Chorsu o‘zining noyob me'moriy qiyofasi bilan ajralib turadi. Bozor binolari yettita gumbazga ega va bu nafaqat funksional, balki estetik xususiyat hamdir. Markaziy gumbaz ostida go‘sht, ziravorlar, quruq mevalar, sut mahsulotlari sotiladigan rastalar joylashgan. Bozorning boshqa qismlarida barra meva va sabzavotlardan tortib yong‘oqlar va an'anaviy o‘zbek shirinliklarigacha bo‘lgan boshqa mahsulotlarni topish mumkin.

Chorsu bozorining asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri — hunarmandchilik sektori. Bu yerda hunarmandlar o‘zining qo‘lda ishlangan buyumlari — gilamlar, keramika, zargarlik buyumlari va qo‘lda tikilgan kashtachilik mahsulotlarini namoyish etadi. Shuningdek, bozor matolar va milliy liboslar pavilyoni bilan mashhur. Bu kolorit va atrofdagi atmosferani so‘z bilan ta'riflab bo‘lmaydi — faqatgina his qilish mumkin.

Oloy bozori

Toshkentning markazida joylashgan Oloy bozori shaharning eng qadimiy va eng muhim bozorlaridan biri. Uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bozor nafaqat o‘zining tarixiy ahamiyatini saqlab qoldi, balki tovar va xizmatlar turli xil assortimentini taklif qilgan holda zamonaviy voqelikka moslashdi.

Oloy bozori barra mahsulotlar, jumladan, meva, sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlari keng tanlovi bilan taniladi. Ayniqsa, mahalliy aholi va sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan sharqona shirinliklar va quruq mevalari mashhur.

Bozorda zargarlik buyumlari keng assortimenti bilan tanish bo‘lgan “oltin pavilyon” mavjud. Bu yerda xaridorlar qimmatbaho metallardan yasalgan ko‘plab taqinchoqlar: uzuklar, ziraklar, bilaguzuklar, marjonlar va boshqalarni topishlari mumkin.

Oloy bozori — nafaqat xarid qilish uchun yaxshi joy, balki madaniy va ijtimoiy o‘zaro ta'sir markazi hamdir. Bu yerda shahar va mamlakatning turli burchaklaridan kelgan odamlarni uchratishingiz, yangiliklar bilan almashishingiz va shunchaki sharq bozori muhitidan bahramand bo‘lishingiz mumkin.

Oloy bozori — mening sevimli bozorim, xotiralarim bir dunyo: yakshanba kunlari dadam bilan bu bozorga barcha oziq-ovqat mahsulotlarini olgani borardik, ish kunlarida esa bozor devori ortidagi maktabga borardim. Hozir u yerga oyda bir marta boraman va ko‘pincha non, tuz va mushuk uchun ozuqa sotib olaman. Meva, sabzavot va rezavorlar mavsumi kelganda, ularni faqat bozordan sotib olaman — supermarketlarda bunday tanlov yo‘q, yana bemaza,  bozorda esa kesib, tatib ko‘rgani ham berishadi. Oloy bozori sayyohlik bozoriga aylangani va eng qimmat bozorlardan biri bo‘lishiga qaramay, bu yerda bemalol savdolashda bo‘ladi,  faqat ishtiyoqingiz va mahsulotga katta qiziqishni ko‘rsatmasangiz bo‘lgani.

Malika Kamilova
mavsumiy meva va sabzavotlar uchun bozorga boradi

O‘rikzor

O‘rikzor bozori O‘zbekiston poytaxtining eng gavjum bozorlaridan biri hisoblanadi. Uchtepa tumanida joylashgan, har kuni ko‘plab tashrif buyuruvchilarni jalb qilib, tovarlar xilma-xilligi va faol savdo muhiti bilan mashhur.

Bozor bir nechta zonalarga bo‘lingan, ularning har biri ma'lum turdagi tovarlarga ixtisoslashgan. Bozorning bir qismida barra meva, sabzavotlar, go‘sht va sut mahsulotlari, ikkinchisida — kiyim-kechak, poyabzal va aksessuarlar, uchinchisida — maishiy texnika va elektronika va boshqalarni xarid qilish mumkin. Bozorda o‘zbek oshxonasining turli xil taomlarini tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan boy gastronomik zona mavjud.

Qurilish seksiyasi alohida e'tiborga loyiq. Bozorning ushbu qismi — Toshkentda ham, butun O‘zbekistonda ham eng yiriklaridan biri. Bu yerda qurilish va ta'mirlash uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni: mayda asboblar va pardozlash materiallaridan tortib, yirik gabaritli texnika va uskunalargacha topish mumkin. Bu bozorni biznes egalari va qurilish pudratchilari orasida, ayniqsa, mashhur qiladi.

Toshkentda har qanday did egalari uchun ko‘plab bozorlar mavjud bo‘lib, u yerda barcha zarur narsalarni xarid qilish mumkin. Poytaxtning deyarli har bir tumanida bozorlar mavjud, shuning uchun aholi vaqt va pulni tejagan holda uy yonida xarid qilishi mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments