
Tadbirkorlar uchun adabiyot: biznes haqidagi eng yaxshi kitoblar
Agar shaxsiy biznesingizni ochmoqchi bo'lsangiz, avvalo bozorning oldi tadbirkorlari tajribasini o'rganishingiz kerak. Siz uchun tajribali mualliflarning tadbirkorlik tamoyillari, kadrlar bilan ishlash, strategiyani ishlab chiqish va innovatsiyalarni joriy etishni yoritgan biznes haqidagi eng yaxshi 10 ta kitobni tanladik.
Zamonaviy tadbirkor o'z biznesini boshlashi va muvaffaqiyatli rivojlantirishi uchun boy bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi kerak. Biznes haqidagi eng yaxshi kitoblar esa kerakli ma'lumotni olishning eng ommabop va qulay usullaridan biridir. Bu – faqatgina menejment yoki moliyaviy savodxonlik bo'yicha darsliklar emas; balki g'oyalarni amalga oshirish uchun motivatsiya yoki vositalarni topishga, biznesingizga, umuman atrofdagi hayotga boshqacha ko‘z bilan qarashga undovchi adabiyot bo'lishi ham mumkin.
Biznes va shu yo‘nalishdagi faoliyatni yaxshiroq tushunish uchun qaysi kitoblarni o'qish kerakligini sizga ayib o‘tmoqchimiz.
Biznes haqidagi kitoblar: top 10 talik
S. Kleyson "Bobildagi eng boy odam"
Biznes haqidagi eng yaxshi kitoblardan biri, hammaga o'qishni tavsiya etamiz. Bu kitob moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanishga undovchi yaxshigina motivator ekani anchadan beri ma'lum. 32 tilga tarjima qilingan bo‘lib, 56 mamlakatda sotiladi. Muallif mablag‘ni qanday saqlash va ko‘paytirish haqida oddiy haqiqatlarni keltiradi. Har bir bobi – mablag‘ning oqilona boshqaruvi ahamiyati haqida kichik bir masaldir.
Kiyosaki “Boy dada, kambag‘al dada”
Moliyaviy savodxonlikka bag'ishlangan yana bir mashhur bestseller. Oddiy tilda yozilgan bu kitob moliyaviy samaradorlik haqida asosiy tushunchalarni beradi. Muallif moliyaviy rejalashtirish va sarmoya kiritish tamoyillarini misollar yordamida tushuntiradi. Shuningdek, nafaqat pul topish, balki uni oqilona boshqarish naqadar muhimligini isbotlaydi.
Ford "Mening hayotim, mening yutuqlarim"
Mashhur odamning tarjimai holi hamisha qimmatli va namunalidir. O‘z ishida katta yutuqqa erishgan insonning haqiqiy tajribasi ana shu tarjimai holda to‘liq aks etadi. Ushbu kitobda dunyodagi eng yirik avtomobil kompaniyasini yaratgan inson o'zining biznes yuritish tajribasini tasvirlab beradi. Ford biznesni noldan yaratish haqida so‘zlab beradi, biznes boshqaruvi xususidagi fikrlari bilan o'rtoqlashadi, yutuq va xatolari haqida ochiq gapiradi. Kitob endigina biznes olamiga qadam qo‘ygan tadbirkorga ilhom baxsh etadi, albatta.
Kovi "Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi"
O‘z-o‘zini rivojlantirishga bag'ishlangan mashhur bestseller. Muallif o'quvchilarni hayotning barcha sohalarida, shu jumladan, biznesda muvaffaqiyatga erishishga yordam beradigan yetti asosiy ko‘nikma bilan tanishtiradi. Ma'lumotlar yaxshi tartiblashtirilgan, har bir bo‘lim uchun amaliy mashqlar berilgan. Kitobda biznesdagi yutuqlar tadbirkorning o'z-o'zini rivojlantirishiga bevosita bog'liq ekani misollar yordamida ko'rsatilgan.
Batirev "Menejerning 45 tatuirovkasi"
Kitob o'z ishingizga, jamoa ishiga yangicha qarash; boshqaruv ko‘nikmasini rivojlantirish; biznesdagi maqsadni to'g'ri belgilash va unga erishish imkonini beradi. Rossiyalik tadbirkor o'quvchilarga muvaffaqiyatli menejer bo'lishga yordam beruvchi 45 ta metaforik "tatuirovka"ni taklif qiladi. Biznesni qanday to'g'ri tashkil etish, murakkab vaziyatlarda o'zini tutish, jamoa ishini tashkil qilish va fe'li og‘ir xodimlar bilan murosaga kelish - muallif shu kabi masalalarni batafsil ko'rib chiqadi.
Syuell, P. Braun "Bir umrlik mijozlar"
Mualliflar mijozlar va kompaniya xodimlari bilan ishlashning asosiy tamoyillarini ko'rib chiqadilar. Kitobda mijozlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni o'rnatish uchun turli strategiya va taktikalar, vositalar ko‘rib chiqilgan. Har qanday biznesni rivojlantirishning asosiy omili bo'lgan mijozlar tajribasini muvaffaqiyatli boshqarish muhimligini misollar orqali ko'rsatadi. Kitob asosan avtomobil sanoatidagi biznes tajribasiga bag‘ishlangan bo'lsa-da, asosiy tamoyillarni deyarli barcha sohalarda qo'llash mumkin.
Kitob sizga yangi loyiha, mahsulot yoki xizmatni bozorga chiqarish jarayonini tushunishga yordam beradi. Muallif g'oyangizni muvaffaqiyatli amalga oshirish va maqsadlaringizga erishishga yordam beruvchi noyob texnologiya va strategiyalar haqida so‘z yuritadi. Ayniqsa ushbu kitobni Internetda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar yuqori baholashgan. Aynan shu kitobda info-biznesmenlar keng foydalanadigan ishga tushirishning asosiy tamoyillari to‘liq tasvirlangan.
2008 yilgi moliyaviy inqirozni bashorat qilgan mashhur investor va faylasuf kelajakka ishonch nima uchun zaif g‘oya bo'lishi mumkinligi haqida so‘z yuritadi. Kitobda kutilmagan hodisalarning hayotga va biznesga ta'siri, nima uchun bunday holatdan qo'rqmaslik kerakligi haqida gapirilgan. Murakkab damlarda oyoqda mustahkam turishga, inqirozli vaziyatlarga boshqacha ko‘z bilan qarashga yordam beradi.
Chan, R. Moborn "Moviy okean strategiyasi"
Bugungi kuchli raqobatga asoslangan dunyoda biznes yuritish strategiyasi haqida so‘zlovchi kitob. Mualliflar nega an'anaviy strategiyalar avvalgidek ish bermayotganini tushuntirib, yangi bozor va mijozlarni topish haqida fikr yuritadilar. Kitob raqobat haqidagi fikrimizni o'zgartiradi, zamonaviy biznesda yangi imkoniyatlar ochib beruvchi strategiyani ishlab chiqish uchun amaliy maslahatlarni taqdim etadi. Ushbu g‘oyalar o'z biznes-modelingizni yaratishingiz uchun yaxshigina turtki bo'lishi mumkin. Natijada siz o'z sohangizda eng yaxshi mutaxassis bo'lishingiz mumkin.
Sazerlend “Alkimyo. Brend, biznes va hayotning sirli san'ati va nozik sehr-jodu ilmi"
Biznes jarayonlariga yangicha nazar tashlashni xohlovchilar uchun. Muallif o'z ustida ishlash, shaxsiy samaradorlik va maqsadga muvaffaqiyatli erishish borasida o'z tajribasi bilan o'rtoqlashadi. Shu bilan birga, muallif nafaqat rasmiy, odatiy usullarni ko'rib chiqadi; balki brending va biznesda qo'llaniladigan alkimyoviy tamoyillarni ham tahlil qiladi. Bu tamoyillardan har bir inson atrofidagi olamni o'zgartirishi va muvaffaqiyatga erishishi uchun foydalanishi mumkinligini ko'rsatadi.
Izoh qo‘shish