
Saldo nima: turlari va hisoblash usuli
Shubhasiz, “saldo” so‘zini hech bo‘lmaganda bir marta eshitgansiz. Odatda bu atama buxgalteriya sohasida qo‘llanilib, hisobdagi xarajat va tushumlar o‘rtasidagi ayirmani aks ettiradi. Ammo uning qo‘llanilish doirasi ancha kengroq — saldo byudjet va savdo ko‘rsatkichlariga nisbatan hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘z xarajat va daromadlaringiz saldosini yuritishingiz ham mumkin. Bugun saldo nima ekanligi haqida gapirib beramiz va har xil turdagi saldolarni hisoblash misollarini keltiramiz.
Saldo nima
“Saldo” so‘zi italyan tildan (saldo) olingan bo‘lib, “hisob-kitob, qoldiq” degan ma'noni anglatadi. Iqtisodiyotda saldo — bu muayyan davr uchun xarajat va tushumlar o‘rtasidagi ayirma. Avvalo, bu tushuncha buxgalteriya hisobida kompaniyalarning aylanmasini hisoblash uchun ishlatiladi. Saldo allaqachon buxgalteriya hisobidan iqtisodiyotning boshqa sohalariga ko‘chib o‘tdi.
Tashqi savdo saldosi haqida gapiradigan bo‘lsak, saldo kompaniya va hatto butun davlatning moliyaviy ahvoli qanchalik barqarorligini aniqlashga imkon beradi. Saldo kompaniyaning daromad va xarajatlarini hisoblash va prognoz qilish uchun ishlatiladi. Investorlar ko‘pincha moliyaviy investitsiyalar bo‘yicha qaror qabul qilishda saldoga tayanadilar. Hozirgi kunda ushbu tushuncha buxgalteriya hisobi, iqtisodiyotda savdo balansini hisoblashda namoyon bo‘ladi va odamlarning shaxsiy xarajatlariga nisbatan qo‘llaniladi. Har bir sohani alohida ko‘rib chiqamiz.
Buxgalteriyadagi saldo
Saldo tushunchasi buxgalteriyadan kelib chiqqanligi sababli, bu sohada eng keng qo‘llaniladi. Buxgalteriya hisobida saldoning bir necha turlari mavjud:
- boshlang‘ich (kirim) saldo — hisobot davri boshida hisobda qolgan summani bildiradi;
- joriy saldo — hozirgi vaqtda hisobda qolgan summa;
- oxirgi (chiqim) saldo — hisobot davri oxirida hisobda qolgan summani bildiradi.
Barcha nyuanslarni tushunish uchun bu hodisani misol yordamida ko‘rib chiqamiz.
Tasavvur qilaylik, yangi oyning 1 sanasida bir korxonaning hisob raqamida 30 million so‘m bor. Hisobdagi bu qoldiq boshlang‘ich saldoni aks ettiradi.
Oyning dastlabki yetti kunida kompaniya operatsion xarajatlarga 7 million so‘m sarfladi. Shu bilan birga, mijozlar korxona kassasiga tovarlar uchun 9 million so‘m olib kelishdi. Demak, ettinchi kunning oxiriga kelib kompaniyaning joriy saldosi quyidagicha bo‘ladi:
30 mln − 7 mln + 9 mln = 32 mln so‘m.
Jami kalendar oy davomida korxona hisobidan 28 million so‘m yechildi va 37 million so‘m tushdi. Demak, oyning oxirgi sanasidagi yakuniy saldo quyidagiga teng bo‘ladi:
30 million − 28 million + 37 million = 39 million so‘m.
Ushbu summa keyingi hisobot davri uchun kirim saldo bo‘ladi.
Saldoni hisoblash kompaniyaning muvaffaqiyati haqida ma'lumot olishga imkon beradi. Agar saldo doimo aktiv bo‘lsa, ya'ni xarajatlardan ko‘ra tushumlar ko‘proq bo‘lsa, kompaniya to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapti. Biroq, agar xarajatlar ko‘proq bo‘lsa, saldo passiv bo‘ladi. Bunday holda, kompaniya egalari biznes strategiyasini o‘zgartirishlari kerak.
Saldo turlari
Buxgalteriya sohasida tushum va xarajatlar ayirmasi tahlil natijalariga ko‘ra, turli saldolarni bildiruvchi bir nechta atamalar qo‘llaniladi. Saldoning quyidagi turlari mavjud:
- debet saldo — kompaniya aktivlarining holatini ko‘rsatadi va balans aktivlari ko‘rinishida namoyon bo‘ladi;
- kredit saldo — kompaniya mablag‘lari manbalarining holatini ko‘rsatadi (passivlar);
- aktiv (ijobiy) saldo — hisobdagi tushumlar xarajatlardan ortiq bo‘lgan hisob holati;
- passiv (salbiy) saldo — hisobdagi xarajatlar tushumlardan ortiq bo‘lgan hisob holati.
Iqtisodiyotdagi saldo
Saldo davlat iqtisodiyotida ham hisoblanadi. Ko‘pincha ushbu parametr tashqi savdo daromadlari va davlat xarajatlari o‘rtasidagi farqni tahlil qilishda ko‘rinadi. Bunday saldo savdo saldosi deb ham ataladi. Agar mamlakatda eksport hajmi import hajmidan oshsa, savdo saldosi musbat bo‘ladi. Aks holda — manfiy.
To‘lov balansi saldosi pul massasi va o‘tkazmalarining mamlakat g‘aznasiga kirishi va chiqib ketishi o‘rtasidagi farqni aks ettiradi. Agar mamlakatga ko‘proq pul tushsa, saldo musbat bo‘ladi. Mamlakatdan ko‘proq pul chiqarilsa, saldo manfiy bo‘ladi.
Savdo va to‘lov balansining musbat saldolari qayd etilsa, mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va rivojlanishi ijobiy tarzda tavsiflanadi. O‘z navbatida, manfiy ko‘rsatkichlar iqtisodiy inqiroz va tashqi qarzlarning shakllanishini ko‘rsatadi.
Saldo, shuningdek, byudjet sohasida hisoblablanadi. Masalan, byudjet daromadlari va xarajatlari nisbatida. Agar davlatda byudjet taqchilligi bo‘lsa, saldo manfiy bo‘ladi. Byudjet profitsitida saldo musbat bo‘ladi. Balansga erishilgan byudjetda daromadlar xarajatlarga, saldo esa nolga teng bo‘lishi kerak.
Shaxsiy xarajatlardagi saldo
Saldo tushunchalari shaxsiy xarajatlarga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Misol uchun, agar daromad va xarajatlar jurnalini yuritsangiz. Shaxsiy xarajatlar saldosi shaxsiy moliyaviy rejangizni qayta ko‘rib chiqish kerakligini yoki tanlangan xarajatlar strategiyasi to‘g‘riligini tushunishga yordam beradi.
Saldo, shuningdek, UJKX uchun to‘lovlardagi farqni hisoblashda ham ishlatiladi. Uning yordamida o‘tgan oydagi to‘lovlardan so‘ng shaxsiy hisobdagi qoldiqni hisoblash mumkin. Bu yerda saldo xizmatlar uchun ortiqcha to‘lovlar va ustamalar o‘rtasidagi farqni aks ettiradi.
Izoh qo‘shish