
QQS nima. Oddiy so‘zlar bilan tushuntiramiz
Jismoniy va yuridik shaxslar byudjetga soliq to‘lashlari shart. Aksiz, yig‘im va soliqlarning ko‘p turlari mavjud bo‘lib, keng tarqalgani daromad solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi. Ikkinchisi QQS sifatida qisqartiriladi. Ushbu soliq mahsulot tannarxi va yakuniy narx o‘rtasidagi farq uchun solinadi. Soliq nyuanslarida adashmaslik uchun QQS to‘lash xususiyatlarini bilish kerak. Ushbu ma’lumotlar, ayniqsa, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun foydalidir. Bugun QQS nima ekanligini va qanday undirilishini bilib olamiz.
QQS nima
QQS qisqartmasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini anglatadi. U sotilgan tovar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qo‘llaniladi. Qo‘shilgan qiymat mahsulot yoki xizmatning tannarxi va uning yakuniy narxi o‘rtasidagi farqni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, bu sotuvchi tomonidan mahsulot yoki xizmatni sotishdan olingan foydadan undiriladigan soliq. QQS tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishning har bir bosqichida undiriladi.
Masalan, mahsulot ishlab chiqarish tannarxi 100 ming so‘mni tashkil qilsa va sotuvchi uni 130 ming so‘mga, ya'ni 30 ming so‘m farq bilan sotmoqchi bo‘lsa, u qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashi shart bo‘ladi. O‘zbekistonda QQS to‘lash soliq organlari tomonidan nazorat qilinadi, Soliq kodeksi va soliq sohasi bilan bog‘liq boshqa me'yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qonunga ko‘ra, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar QQS to‘lashlari shart.
QQS qachon va qanday paydo bo‘lgan
Qo‘shilgan qiymat solig‘i yangi atama bo‘lib, faqat o‘tgan asrda paydo bo‘lgan. Ilgari, qadim zamonlarda soliqlar ko‘chmas mulk uchun to‘langan bo‘lsa, keyinchalik davlatlar daromaddan soliq undira boshladi. Bu chora har doim, ayniqsa jamiyatning kambag‘al qatlamlari noroziligiga va xalq g‘alayonlariga olib kelgan. Savdo va biznesning rivojlanishi bilan davlatlar tuz, spirtli ichimlik, choy, tamaki mahsulotlari uchun yangi soliq va aksizlar ishlab chiqdilar. Sotuvchilar o‘z daromadlarini imkon qadar yashirishga harakat qilishar, xaridorlar esa har safar narxlarning ko‘tarilishidan g‘azablanardi.
Tovar tannarxi va sotuvchi tomonidan belgilanadigan narx o‘rtasidagi farq uchun soliq joriy etish g‘oyasi birinchi marta o‘tgan asrning o‘rtalarida bir qator Yevropa mamlakatlarida amalga oshirilgan. Va 1954 yilda Fransiya iqtisodiyot vazirligining amaldorlaridan biri Moris Lore QQS konsepsiyasining shaxsiy versiyasini taklif qildi. QQS bugungi kunda aynan Lore undirishni taklif qilgan shaklda mavjud. Dastlab QQS o‘sha paytda Fransiyaning mustamlaka qaramligida bo‘lgan Kot-d'Ivuarda sinovdan o‘tkazildi. Tajriba muvaffaqiyatli deb topilib, 1958-yilda QQS kontinental Fransiyada joriy etildi. 1967-yilda soliq YeIH — Yevropa iqtisodiy hamjamiyati — YIdan oldingi tashkilot tomonidan tasdiqlandi. 1972-yildan boshlab QQS barcha YeIH mamlakatlarida joriy etildi.
O‘zbekistonda QQS birinchi marta 1992-yil 1-yanvardan joriy etilgan. Dastlab soliq stavkasi 30% tashkil etdi. U asta-sekin pasayib bordi va 2023-yil 1-yanvardan boshlab 12% ga teng.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi nimalarga solinadi
O‘zbekiston qonunlariga muvofiq, mamlakatda rasmiy faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar QQS to‘lashlari shart. Qo‘shilgan qiymat solig‘i quyidagilarga solinadi:
- yuklab joʻnatilgan mahsulot — keyinchalik to‘lash sharti bilan olingan yoki olinadigan tovar va xizmatlar;
- sotilgan tovarlar;
- realizatsiya qilingan xizmatlar;
- mamlakat hududiga olib kirilgan tovarlar.
O‘zbekiston hududidan tashqarida ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan, shuningdek, ushbu soliqdan ozod qilingan tovar va xizmatlar uchun QQS undirilmaydi. QQSdan ozod qilingan tovar va xizmatlarning toʻliq roʻyxati bilan Soliq kodeksida tanishish mumkin
O‘zbekistonda QQS stavkalari
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ining ikki stavkasi mavjud:
- 12% — ko‘p hollarda qo‘llaniladigan standart stavka;
- 0% — kodeksda sanab o‘tilgan tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar olish huquqiga ega bo‘lgan imtiyozli stavka.
Tovarlarni sotib olayotganda, soliq xarid chekida ko‘rsatiladi. QQSdan ozod bo‘lish uchun soliq organlariga tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish kerak.
Muayyan tovar va xizmatga QQSni hisoblash uchun quyidagi formuladan foydalanish kerak:
QQS = tovar yoki xizmat uchun sotuvchi tomonidan belgilangan narx × QQS stavkasi.
Masalan, mahsulot narxi 200 ming so‘mni tashkil etadi. Bunda QQS: 200 000 × 0,12 = 24 000 so‘mga teng bo‘ladi.
QQS afzalliklari
Davlat uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini yig‘ish daromad yoki mulk solig‘idan ko‘ra osonroq ko‘rinadi. Birinchi holda, jismoniy yoki yuridik shaxsning daromadlarini kamaytirib ko‘rsatish xavfi yuqori, mol-mulk bilan bog‘liq holda esa uni yashirish mumkin. Daromad solig‘i g‘oyasini ham aholi ko‘pincha qo‘llab-quvvatlamaydi, ushbu yig‘im jamiyatdagi tabaqalanishni kuchaytiradi, deb hisoblanadi. QQS, shuningdek, davlatga mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning barcha bosqichlarini nazorat qilish imkonini beradi.
QQS bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan va 130 dan ortiq mamlakatlarda qo‘llaniladi. Oʻrtacha QQS miqdori 18-20%ni tashkil etadi. Eng yuqori qoʻshilgan qiymat soligʻi Tailand (28%) va Vengriya (27%)da undiriladi. Bir qator mamlakatlarda eng past foiz stavkasi 3–5%ni tashkil qiladi.
QQS yirik davlatlardan AQShda — mamlakatda har bir shtat soliqlarni belgilash huquqiga ega va federal darajada QQS g‘oyasi ommalashmagan — va Yaponiyada deyarli mavjud emas. Ikkala davlatda ham savdo solig‘i undiriladi: AQShda bu muayyan shtatga qarab 0-15% ni tashkil qiladi, Yaponiyada stavka bir xil va 10% ga teng.
Izoh qo‘shish