bosh sahifa / Sarflash va tejash / Qarzlarni qanday to‘g‘ri boshqarish va ulardan tezroq qutulish bo‘yicha ko‘rsatmalar
Как грамотно управлять своими долгами и быстрее их выплатить: инструкция
Yangilanish sanasi: 11.09.2024

Qarzlarni qanday to‘g‘ri boshqarish va ulardan tezroq qutulish bo‘yicha ko‘rsatmalar

Qarzlardan tezda xalos bo‘lishga va kreditlarni yopishga yordam beradigan strategiyani ishlab chiqmoqdamiz.

O‘zbekistonda kreditlash jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda. Bir tomondan, bu yaxshi: ko‘plab oilalar ipoteka krediti bilan uy sotib olish va kerakli tovarlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Boshqa tomondan olib qarasak, hamma ham o‘z moliyaviy imkoniyatlarini to‘g‘ri baholamaydi va byudjetini to‘g‘ri rejalashtirmaydi. Natijada, bir qarz yoki kredit ortidan boshqasini yetaklab keladi. Kishi qanchalik ko‘p kredit olsa, hatto kichik miqdorda bo‘lsa ham, kechiktirilgan to‘lovlar xavfi shunchalik yuqori bo‘lishi mumkin. Bank oldidagi qarzdorlikdan tashqari, kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar, soliqlar, jarimalar kabi kichik qarzlarni to‘lash uchun qarz so‘rashga to‘g‘ri kelgan qarindoshlar va do‘stlar oldidagi majburiyatlar ham qo‘shilishi mumkin. Bunday vaziyatlarga duch kelmaslik uchun qarzlarni boshqarishning to‘g‘ri strategiyasini ishlab chiqish muhimdir.

Mavjud qarzlaringizni tahlil qiling

Jadval asosida ishlash qulayroq bo‘ladi. Unga barcha qarzlaringizni, kreditlardan tortib uy-joy kommunal xizmatlari va shunga o‘xshash kichik qarzlar uchun to‘lovlar, shuningdek, kimdandir qarzga olingan pullarni kiriting. Kredit qarzlarini baholashni osonlashtirish, shuningdek to‘lovlar vaqtini kuzatish uchun quyidagi ustunlarni tuzing:

  • qarz miqdori;
  • foiz stavkasi;
  • oylik to‘lov miqdori;
  • to‘lov sanasi.

Oilaviy kirim va chiqimlarni tartibga soling

Buni bosqichma-bosqich amalga oshiring. Har bir narsani qanchalik sinchkovlik bilan tahlil qilsangiz, qarzlaringizni to‘lash uchun sarflanadigan pul miqdori shunchalik ko‘payadi. Moliyaviy vaziyat har oy o‘zgarishi mumkinligi sababli, bunday tahlilni har oyda o‘tkazish kerak bo‘ladi. Shu bilan birga bu yangi byudjetga rioya qilishingizga yordam beradi.

  • Ikkita jadval tuzing. Birida oylik daromadingizni ularning manbasi va miqdorini ko‘rsatgan holda batafsil kiriting. Bu nafaqat oylik maosh va qo‘shimcha ish, balki qo‘shimcha daromadlar, shu jumladan, hatto kichik bo‘lsa ham, bir martalik daromad bo‘lishi mumkin. Masalan, ba'zi keraksiz narsalarni sotishdan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini qaytarish, davlatdan nafaqa va boshqa to‘lovlar, banklardan keshbeklar. Xarajatlar jadvalida ham ikkita ustunni tuzing: xarajatlar manbai va miqdori. Barcha xarajatlarni, shu jumladan kichik xarajatlarni ham kiriting.
  • Qarzlarni to‘lash uchun har oy qancha mablag‘ ajratishingizni, oila byudjetining qancha va qaysi bo‘limlari orqali bu mablag‘ni oshirish mumkinligini aniqlang. Har qanday sharoitda ham, daromadni qanday oshirish va xarajatlarni kamaytirish haqida o‘ylab ko‘rish kerak.
  • Oldingi bo‘limni amalga oshirish uchun aniq strategiyani ishlab chiqing. Qo‘shimcha ish variantlarini ko‘rib chiqing, davlatdan pul ajratilishi huquqiga ega yoki yo‘qligingizni aniqlang (masalan, kam ta'minlangan oila sifatida bolalar nafaqalari yoki soliq imtiyozlari). Balki sizda bepul e'lonlar saytlarida sotish mumkin bo‘lgan buyumlar, masalan, keraksiz maishiy texnika yoki bolangizga allaqachon kichkina bo‘lib qolgan kiyimlar bordir. Bu pullarning barchasi qarzlarni to‘lashkarlariga yordam bo‘ladi. Xarajatlar ro‘yxatidan voz kechish mumkin bo‘lgan xarajatlarni o‘chirib tashlang. Bu o‘yin-kulgi, zarurati yo‘q narsalar va mahsulotlarni sotib olish bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, voz kechib bo‘lmaydigan xarajatlarni qanday kamaytirishni ham o‘ylab ko‘rishingiz mumkin. Masalan:
    • arzonroq sartaroshxonada soch oldirish;
    • ko‘chada tushlik qilishdan ko‘ra, o‘zingiz bilan tushlikka ovqat olib borish;
    • mahsulotlarni ekonom-klass do‘konlaridan sotib olish;
    • xaridlar uchun chegirmalar va kuponlardan foydalanish;
    • sotuvchilar narxlarni yaxshiroq tushirib beradigan vaqtlar, ya'ni bozor yopilishiga ozroq qolganda borib, xarid vaqtida yaxshigina savdolashishni unutmaslik;
    • fitnes abonementlaridan voz kechish va parkda yugurishni yoki koʻchada bepul jismoniy mashqlar bilan shugʻullanishni boshlash;
    • ta'tilda sayohat qilishdan ko‘ra qishloqda qarindoshlar bilan birga o‘tkazish;
    • uydagi lampochkalarni energiyani tejaydiganlariga almashtirish va hokazo.
  • Xarajatlarni kamaytirish va daromadlarni oshirish orqali sizning ixtiyoringizda paydo bo‘ladigan pul miqdorni aniqlang.
  • Rejangizni ortga surmasdan amalga oshirishni boshlang.

Oila daromadi kamaydi: byudjetni qanday qayta taqsimlash kerak

Ma'lumot olish

Qarzlaringizni kamaytirish rejasini tuzing

Qarzlaringizni to‘lash rejasini tuzib chiqing, ularni yopishga ajratadigan aniq miqdor, davr va muddatlarni belgilang. Qaysi qarz (yoki qarzlar) dan boshlash kerak? Sizda ikki xil variant bor:  moliyaviy jihatdan ancha puxta va biroz soddaroq.

  1. Foizi jihatidan eng yuqori bo‘lgan kreditni to‘lashga e‘tibor qarating: bu byudjetingizdan eng ko‘p pulni “tortib oladi”. To‘lovlarni ertaroq amalga oshiring, har oyga belgilangan to‘lovdan ko‘proq to‘lang. Uni qanchalik tez to‘lasangiz, ortiqcha to‘lov shunchalik kam bo‘ladi, shunchalik ko‘p pul tejaysiz — shu pulni boshqa qarzlarni to‘lashkarlariga ishlatishingiz mumkin. Shu bilan birga, kechiktirilgan to‘lovlar va jarimalardan qochish uchun oylik minimal to‘lovlarni qilib, qolgan qarzlaringizni kuzatib boring. Eng katta qarzingizni yopishingiz bilanoq, xuddi shu tamoyilga amal qilgan holda keyingisiga o‘ting.
  2. Avvalo, siz eng kichik qarzni, keyin undan kattarog‘ini, keyin esa ortib borayotganini to‘lashingiz mumkin. Ushbu parametr psixologik nuqtai nazardan samarali, chunki kichik qarzlar bilan kurashish osonroq. Va qarzdorlik sonining kamayishi insonni ilhomlantiradi.

Ikkala variantni ham birlashtirishning iloji bor. Misol uchun, birinchi navbatda bir yoki ikkita kichik qarzlar bilan shug‘ullaning, keyin esa eng yuqori foizli kreditga e'tiborni qarating.

Qarzlarni to‘lashni xarajatlar qatoriga qo‘shing

Bu sizga oilaviy byudjetingizni yaxshiroq nazorat qilishga yordam beradi. Shu bilan birga, uni tartibga soladi.

To‘lov muddatlariga rioya qiling

Kechikishlardan saqlaning. Aks holda, bank jarimalari tufayli qarzingiz undan ham ortadi.

Qayta moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqing

Bu mavjud kreditni (yoki hatto bir nechtasini) to‘lash uchun yangi kredit olishdir. Qayta moliyalashtirishda agar yangi olinayotgan kredit bo‘yicha foizlar ilgari olingan kreditnikidan kamroq bo‘lsa, olgan ma‘qul. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda banklardan olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari oshib borayotgan bo‘lsa-da, kredit olganingizdan so‘ng shaxsiy sharoitingiz o‘zgarishi mumkin. Misol uchun, siz doimiy daromadga ega bo‘lmagan paytingizda kredit oldingiz deylik, shuning uchun stavka o‘rtachadan yuqori bo‘lgan. Keyin esa yaxshi ishga joylashdingiz. Shuni yodda tutingki, bir qator banklar oylik ish haqi mavjud mijozlariga yanada qulayroq stavkada kreditlar taklif qiladilar. Ba'zi banklarda boshqa banklar tomonidan berilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish uchun maxsus kredit dasturlari mavjud: ularning stavkalari manfaatli bo‘lishi mumkin. Yodda tutingki, agar qarz oluvchi yuqori qarz yukiga, ya'ni mavjud kreditlarni to‘lashga ketadigan daromadning ulushiga ega bo‘lsa, bank yangi kredit berishdan bosh tortishi mumkin. Soliqlar to‘lanadigan rasmiy daromad hisobga olinadi. Hozirgi kunda qarz yuki 50 foizdan ortiq bo‘lsa, mikrokreditlar berilmaydi. 2024-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Markaziy bankining me‘yoriy hujjatlariga muvofiq, kreditlar berishda qarz yuki ko‘rsatkichi hisobga olinadi. 2024-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha ko‘rsatkich 60 foizdan oshmasa, kredit yoki mikrokredit tasdiqlanishi mumkin. Ya'ni, barcha kreditlar bo‘yicha to‘lovlar qarz oluvchi daromadining 60 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. 2025-yildan boshlab qarz yukining chegarasi 50% ni tashkil qiladi. Ayrim hollarda kredit yoki mikrokredit qarz yuki hisobga olinmagan holda berilishi mumkin – Markaziy bank banklarga jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar va mikrokreditlar umumiy miqdoridan 15 foizgacha mablag‘ ajratishga ruxsat beradi.

Qiyin moliyaviy vaziyatda kreditni qayta tuzish uchun ariza bering

Bu oilaning moliyaviy ahvoli o‘zgargani bois, oylik to‘lovlari juda yuqori bo‘lgan kreditlar uchun mos keladi. Misol uchun, agar siz hamma qarzlaringizni muntazam ravishda to‘lab kelgansiz, lekin keyin jiddiy holatlar yuzaga kelib qoldi, masalan, oila a'zolaridan biri og‘ir kasal bo‘lib, nogironlikka chiqdi va endi u ishlay olmaydi. Bunday holda, siz kreditni qayta tuzish, ya'ni uning shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida so‘rov bilan bankka murojaat qilishingiz mumkin. Bank kelishuvga borishi va masalan, oylik to‘lovni kamaytirish orqali kredit muddatini uzaytirishi mumkin. Agar bank buni rad etsa, sud orqali urinib ko‘rish mumkin. 2022-yilda qabul qilingan "To‘lovga layoqatsizlik to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, qarzdor, agar to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar ular paydo bo‘lgan kundan boshlab uch oy ichida bajarilmagan bo‘lsa (aslida uch oylik kechikish bilan) va agar uning qarzlari 200 bazaviy hisoblash miqdoridan oshsa, uni to‘lovga layoqatsiz deb topish to‘g‘risida sudga murojaat qilishi mumkin.  (BHM, 2023-yil dekabr oyidan boshlab 1 BHM = 340 ming so‘m). Ammo siz barcha holatlarni diqqat bilan ko‘rib chiqishingiz kerak, shuningdek, yaxshi advokat bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Sud qarzni qayta tuzish tartibini joriy etish, ya'ni bankni bunga majburlash yoki qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bunday holda, qarzni to‘lash uchun uning mulkini sotish tartibi boshlanadi.

Barcha qarzlaringizni to‘lamaguningizcha boshqa qarz olmang

 Bu kreditlar (qayta moliyalashtirish bundan mustasno) va oylik maosh tushgunga qadar do‘st yoki qarindoshlardan olinadigan kichik qarzlarga ham tegishli. Faqatgina o‘z byudjetingizdagi mablag‘dan foydalanishga harakat qiling. Agar ular yetmasa, pul topish yo‘llarini qidiring.

Pulga bo‘lgan munosabatingizni qayta ko‘rib chiqing

Mavjud qarzlaringizni yoki hech bo‘lmaganda ularning ko‘p qismini to‘lab bo‘lganingizdan so‘ng, o‘z mablag‘laringiz asosida oqilona byudjet rejalashtirish yangi qarzlar botqog‘iga tushib qolishdan saqlanishga yordam beradi. Moliyaviy vaziyat yaxshilanganda, moliyaviy xavfsizlik yostig‘ini yaratishni boshlang. Agar fors major holatlari uchun ajratilgan mablag‘ingiz bo‘lsa, qarz olishga hojat ham qolmaydi.

Xulosa: Qarzlarni qanday to‘lash kerak

  • Ayniqsa, qarzlar juda ko‘p bo‘lsa, ulardan qutulish qiyin bo‘lishi mumkin. Biroq, agar o‘z oldingizga maqsad qo‘yib, aniq harakatlar rejasini tuzib, unga rioya qilsangiz, hammasini uddalaysiz.
  • Eng avvalo, mavjud qarzlaringizni, shuningdek, oilangizning daromad va xarajatlarini tahlil qiling. Qarzlarni tezroq to‘lash uchun byudjetingizni qanday optimallashtirish, xarajatlarni kamaytirish va daromadlarni oshirish yo‘llarini aniqlang.
  • Qarzlaringizni to‘lash rejasini tuzing. Tezda to‘lanishi kerak bo‘lgan asosiy qarzni aniqlang. Qolganlari uchun majburiy to‘lovlarni amalga oshirishni unutmang. Bir qarzdan qutulganingizdan so‘ng, ikkinchisiga o‘ting.
  • Katta qarz uchun qayta moliyalashtirish, qiyin moliyaviy vaziyatda esa qayta strukturalash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishingiz mumkin.
  • Yangi qarzlarga duch kelmaslik uchun moliyaviy xatolaringizni tahlil qilib, ularni tuzating. Imkoniyatlaringiz doirasida hayot kechiring va moliyaviy xavfsizlik yostig‘ini yarating, shunda qarz olishga hojat ham qolmaydi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
3 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Ozodbek
Ozodbek
7 months ago

🤣🤣🤣😂😂😂😂😂😂🤣🤣🤣😂

Feruzza Erkinova
Feruzza Erkinova
7 months ago

♡♡♡♡♡

Rovshan
Rovshan
6 months ago

Maqola juayam foydali yozilibti, mualifga a'lo baho