
Shoshilinch moliyaviy zaxira: u nimaga kerak va pulni qanday yig‘ish mumkin
Moliya bilan bog‘liq kutilmagan vaziyatlar har bir oilada paydo bo‘lishi mumkin. Kutilmaganda ishni yo‘qotish, surunkali kasallik, mashina yoki katta maishiy texnikaning buzilishi, smartfon yo‘qolishi — bularning bari kunda bo‘lmasa-da, lekin uchrab turadigan holatlar. Vahimaga tushmaslik, barcha muammolarni tezroq hal qilish, qarz va kreditlarga kirmaslik uchun to‘plagan jamg‘armangiz yordam beradi.
Nimaga kutilmagan holatlar uchun jamg‘armaga ega bo‘lish kerak?
Jamg‘arib qo‘yilgan pullar o‘zingizni ishonchliroq his qilishga, stress holatida kamroq tashvishlanishga yordam beradi. Ertaga qaysi pulga ro‘zg‘or qilishni o‘ylash o‘rniga, moliyaviy muammolaringizni hal qilish bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Zaxirangiz bor ekan, ishdan bo‘shash xavfi ostida qolsangiz ham, maoshni vaqtida berishmasa ham, xullas, shunga o‘xshash holatlarda kamroq tashvishlanasiz. Shuningdek, o‘z vaqtida jamg‘arilgan moliyaviy zaxira kutilmagan xarajatlarni bezarar qoplashga yordam beradi — avtomobil ta'miri, davolanish to‘lovi, buzilgan texnika o‘rniga yangisini xarid qilish.
Qachon jamg‘arishni boshlash kerak?
Hoqirning o‘zida. Ko‘pchilikning katta xatosi - pul yig‘ish uchun qulay fursatni kutish (maosh kuni, dushanba, oyning birinchi kuni va hokazo). Biroq, shu fursat kelganida, to‘sqinlik qiluvchi omillar topiladi. Kutilmagan xarajatlar paydo bo‘ladi yoki jamg‘arishni kechiktirish istagi yengib bo‘lmas darajada kuchayadi. Natijada, moliyaviy zaxira rejasi rejaligicha qolaveradi.
Qancha jamg‘arish kerak?
Bu og‘ir moliyaviy vaziyatda sizning oilaviy daromadingiz va turmush darajangizga bog‘liq. Kimdir eng zarur narsalar bilan cheklanishi mumkin (uy-joy kommunal xizmatlari, uyali aloqa va Internet uchun to‘lov, oziq-ovqat sotib olish), boshqalarda bunga kredit to‘lovlari, yana kimdadir — bolalarning o‘qishi uchun to‘lov, avtomobilni ta'mirlash, qimmat dori-darmonlarga oylik xarajatlar, pulli shifokorlar va boshqa xarajatlar qo‘shiladi.
Avvalo bir oyda oilaga kerakli minimal moliyaviy zaxirani hisoblang.
Buning uchun oddiy formula bor:
- Z (zaxira) = MX (majburiy xarajatlar) + DX (doimiy xarajatlar).
- Majburiy xarajatlar — voz kechib bo‘lmaydigan xarajatlar va moliyaviy majburiyatlar: uy-joy kommunal xizmatlari to‘lovi, kredit to‘lovlari, soliqlar, shaxsiy o‘qish yoki bolalarning o‘qishi uchun to‘lov va boshqalar).
- Doimiy xarajatlar — rad qilinmaydigan, lekin ko‘p hollarda kamaytirish yoki optimallashtirish mumkin bo‘lgan muhim kundalik maishiy xarajatlar: oziq-ovqat va maishiy ehtiyojlar, telefon va Internet to‘lovlari, transport xarajatlari va hokazo.
Oylik xarajatlarni aniqlashtirish uchun barcha xarajatlarni yozib, 2-3 oy davomida byudjetni yuritish foydalidir. Bir yo‘la qaysi xarajatlar shart emasligini tushunib olamiz.
Misol
Abdullohning oilasi (o‘zi, xotini va ikki farzandi) Toshkentda yashaydi. Uning kreditlari, mashinasi yo‘q, farzandlari bepul bolalar bog‘chasiga boradi.
Oila uy-joy kommunal xizmati uchun yozda - 468 120 so‘m, qishda - 595 920 so‘m to‘laydi. Hisob-kitob uchun maksimal miqdorni - 595 920 so‘mni olamiz.
Abdullohning hisob-kitoblariga ko‘ra, oziq-ovqat uchun oyiga taxminan 3 700 000 so‘m sarflanadi.
Minimal maishiy xarajatlar uchun (maishiy kimyo vositalari, gigiyena vositalari va boshqalar) 200 000 so‘m mablag‘ ajratadi.
Xotini uyning yonida ishlaydi. Abdulloh metroda ishga boradi. Unda transport kartasi bor, shuning uchun borish-kelish unga 3400 so‘mga (1700 x 2) tushadi. Jami bir oy ichida u o‘rtacha 85 000 so‘m (23 - oyiga o‘rtacha ish kuni x 3400) sarflaydi.
Abdulloh ham, xotini ham ish bo‘yicha mobil telefonlardan ko‘p foydalanadi, shuning uchun ularda qimmatroq tarif — oyiga 40 000 so‘m. Ikki kishiga 80 000 so‘m to‘g‘ri keladi. Yana oyiga 200 000 so‘m ular uy interneti uchun pul to‘laydilar.
Abdulloh oylik kutilmagan xarajatlar uchun qo‘shimcha 500 000 so‘m ajratadi: o‘g‘illarining poyabzallari tez eskiradi, kiyimlari yirtilishi mumkin. Bundan tashqari, agar oilada kimdir kasal bo‘lib qolsa, dori kerak bo‘ladi.
Demak, uning rejalashtirgan minimal oylik zaxirasi 595 920 + 3 700 000 + 200 000 + 85 000 + 80 000 + 200 000 + 500 000 = 5 360 920 so‘mni tashkil etadi.
Bir oylik pul miqdorini zaxirada saqlash yetarlimi?
Yo‘qdan ko‘ra yaxshiroq, albatta. Biroq, moliyaviy tahlilchilar kutilmagan vaziyatlar uchun kamida 3 oylik zaxiraga ega bo‘lishni maslahat beradilar. Ushbu mablag‘ ishdan bo‘shash, yangi ish qidirish yoki uzoq muddatli kasallik ta'tili paytida eng zarur narsalarda tejamaslikka imkon beradi. Ushbu jamg‘arma yordamida oilaviy byudjetda uzilishlar paydo bo‘lishining oldini olish mumkin bo‘ladi, masalan, kir yuvish mashinasi yoki boshqa qimmatbaho maishiy texnika buzilib qolganida.
Shunday qilib, Abdulloh kutilmagan moliyaviy holatlar uchun kamida 3 oylik zaxirani — 16 082 760 so‘mni to‘plashi kerak bo‘ladi.
Lekin bu miqdor har bir oilaning individual moliyaviy holatiga bog‘liq. Agar oilada faqat bir kishi ishlasa; kredit yoki ipoteka to‘lash kerak bo‘lsa; keksa ota-onaga moliyaviy yordam berish kerak bo‘lsa; mutaxassisligingiz shundayki, yangi ishni tez topish qiyin bo‘lsa — kamida 6 oy yoki undan ham ko‘proq muddatga yetarli zaxiraga ega bo‘lgan ma'qul.
Kutilmagan holatlar uchun pulni qanday to‘plash kerak: bosqichma-bosqich ko‘rsatma
Pul jamg‘arishning turli usullari bor. Eng qulay va osonlari haqida aytib beramiz. Tezroq jamg‘arish uchun shulardan birini yoki hammasini ishlatish mumkin.
Belgilangan foizni aniqlang
Daromad va xarajatlarni tahlil qilgandan so‘ng, har maoshdan ro‘zg‘orga zarar yetkazmasdan tejashingiz mumkin bo‘lgan foizni aniqlang. Aytaylik, 10%. Agar daromad imkon bersa, kattaroq qismini jamg‘arish ham mumkin. Agar pulingiz maoshdan maoshgacha etsa — xarajatlarni tahlil qiling. voz kechish yoki hech bo‘lmaganda kamaytirish mumkin bo‘lgan xarajatlarni tanlang. Hech bo‘lmaganda 5% dan jamg‘aring, umuman jamg‘armagandan ko‘rashunisu yaxshi.
Agar qo‘shimcha daromad bo‘lsa (mukofot, bonuslar, qo‘shimcha ish uchun haq va hokazo), asosiy daromad foizidan ko‘prog‘ini, hatto qo‘shincha daromadning hammasini jamg‘arishga odatlaning. Shunda pul tezroq yig‘iladi.
Mablag‘ miqdorini har kuni yaxlitlang
Masalan, to‘rtta nolgacha. Aytaylik, do‘konda xarid qilganingizdan so‘ng kartangizda 4 508 000 so‘m, bozorda xarid qilganingizdan so‘ng naqd pulingiz — 208 000 so‘m qoladi. Kartadan 8 000 so‘mni jamg‘arma hisob raqamiga o‘tkazing va 8 000 so‘m naqd pulni aqchadonga solib qo‘ying. Mayda pul, lekin agar har kuni ushbu qoidaga amal qilinsa, vaqt o‘tishi bilan yaxshigina mablag‘ to‘planishi mumkin.
Tejalgan pullarni yig‘ing
Masalan, 50 000 so‘mlik chegirma bilan biron mahsulot sotib oldingiz — tejagan pulingizni yig‘ib qo‘ying. Kartaga keshbek to‘landi, soliq chegirmasini oldingiz — bu pullarni ham to‘plang. Yana mayda xarid qilmoqchi bo‘lgansiz-u, ammo fikringizdan qaytdingiz. Bu pulni ham olib qo‘ysangiz, foydadan holi bo‘lmaydi.
Ko‘zda tutilmagan vaziyatlar uchun moliyaviy zaxirani qayerda va qanday saqlash kerak?
Uyda pulni ushlab turish xavfli va noqulay: pulni o‘g‘irlatish mumkin, to‘plagan pulingizni yo‘qotishingiz mumkin, yong‘in sodir bo‘lishi mumkin va hokazo. Shuning uchun bankda hisob raqami ochgan ma'qul. Vaqti-vaqti bilan aqchadondan unga naqd pul o‘tkazishni unutmang. To‘lovlarni amalga oshiradigan bank kartasida pulni to‘plash yaramaydi — uni ishlatib qo‘yish ehtimoli bor. Omonat ochish uchun minimal mablag‘ yig‘ilganida, bank omonatini oching. Shunda foizlarini ham olasiz, ya'ni ishtirokingizsiz jamg‘armalar ko‘payib boradi. Omonatni to‘ldirish va yechib olish imkoniyati bilan tanlang — kutilmaganda zudlik bilan pul kerak bo‘ladigan og‘ir vaziyat paydo bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, oila a'zolari bilan ushbu moliyaviy zaxira daxlsizligini kelishib oling. Uni dam olish, o‘yin-kulgi, xarid qilish (zarur xarid yoki yaxshi chegirma bilan bo‘lsa ham) va shunga o‘xshash jarayonlarga sarflash mumkin emas.
Xulosa: kutilmagan vaziyatlar uchun pul yig‘ishni hoziroq boshlang
- Ko‘zda tutilmagan vaziyatlar uchun moliyaviy zaxira — zaruratdir. Har bir oila uchun u juda kerak.
- Oila xarajatlariga ko‘ra, sizga kerak bo‘ladigan oylik mablag‘ni hisoblang. Unga majburiy (uy-joy kommunal xizmatlari to‘lovi, kredit to‘lovlari, bolalarning o‘qishi uchun to‘lov va boshqalar) va zaruriy (oziq-ovqat, gigiyena vositalari, uyali aloqa, Internet va boshqa zarur xizmatlar uchun to‘lov) xarajatlarni kiriting.
- Oilaning kamida 3 oylik hayoti uchun kerak bo‘ladigan pulni to‘plashni maqsad qiling. Asta-sekin moliyaviy zaxirangizni 6 oylik oilaviy hayotni qoplaydigan darajagacha oshiring.
- Pul to‘plashni boshlang. Bu jarayon sekin davom etishiga tayyor turing.
- To‘plangan pullarni o‘tkazish uchun alohida hisob raqami oching. Bankda omonat ochish uchun yetarli pul miqdori to‘planganda, uni rasmiylashtiring. Optimal variant — to‘ldirish va yechib olish imkoniyatiga ega omonat.
- Yig‘ilgan pullarni sarflashni qanchalik xohlasangiz ham, bu pullar kutilmagan vaziyat uchun ajratilganini unutmang.
- Agar shunday holat to‘satdan paydo bo‘lsa — moliyaviy zaxirani to‘ldirish kerakligini unutmang.
Izoh qo‘shish
Rahmat kattakon, juda xam zo'r maqolalar chiqarayabsiz!
Ajoyib maqola boʻlgan. Men avval pul jamgʻarmasdim. Endi albatta jamgʻarib boraman