
Pul, bank kartalari va qimmatli qog‘ozlar emissiyasi nima
Emissiya — pul, qimmatli qog‘ozlar va bank kartalari kabi moliyaviy vositalarni bozorga chiqarish. Emissiya bilan shug‘ullanadiganlar emitentlar deb ataladi. Emissiya nima ekanligi, nima uchun muhimligi va bu uchun kim javobgar ekanligini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Pul emissiyasi nima
Pul emissiyasi — bu mamlakat muomalasiga yangi pul mablag‘larini chiqarish jarayoni. Pul emissiyasi aholining kundalik ehtiyojlari uchun naqd puli yetarli bo'lmaganida amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda milliy valyuta OʻzR Markaziy banki tomonidan muomalaga chiqariladi.
Pul ikki shaklda chiqariladi:
- Naqd pul. Bu kundalik xaridlar uchun yangi banknotalar va tangalarni chiqarishdir. Pullar avval banklarga, u yerdan esa fuqarolar va yuridik shaxslarga taqdim etiladi.
- Naqdsiz pul. Bu biz bank kartalari yoki Internet-banking orqali foydalanadigan bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lar. Naqdsiz pul emissiyasi bank operatsiyalari orqali amalga oshiriladi — Markaziy bank tijorat banklarining hisobvaraqlariga qo‘shimcha mablag‘lar kiritadi.
Nima uchun pul emissiyasi amalga oshiriladi
Yangi pul chiqarilishining bir qator sabablari bor:
- Iqtisodiyotni rag‘batlantirish. Muomalada pul kam bo‘lsa, davlat kompaniyalarning kengayishiga va iste'molchilarning ko‘proq pul sarflashi1ga yordam berish uchun ko‘proq pul chiqarishi mumkin. Bu mamlakatning monetar siyosatiga muvofiq amalga oshiriladi va milliy valyutaning ichki va tashqi bozordagi talab va taklifiga, narx darajasiga, inflyatsiyaga, xarid qilish qobiliyatiga, muomaladagi pul miqdoriga, shuningdek, zaxira valyutasi va oltin zaxirasining hajmiga bog‘liq. Davlat bu barcha ma'lumotlarni tahlil qiladi va yangi pul chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
- Davlat xarajatlarini moliyalashtirish. Hukumat yangi chiqarilgan pulni o‘z xarajatlari, masalan, yo‘llar yoki maktablarni qurish uchun ishlatishi mumkin. Bu davlat qarzi — davlat aholiga, yuridik shaxslarga yoki boshqa davlatga qaytarishi kerak bo‘lgan pul miqdorining ko‘payishini oldini oladi.
- Inflyatsiyani tartibga solish. Iqtisodiyot uchun foyda keltirishiga qaramay, ortiqcha pul emissiyasi yuqori inflyatsiyaga — narxlarning tez o‘sishiga olib kelishi mumkin. Davlat ko‘p pul chiqarganda, muomalada ko‘proq pul bo‘ladi. Agar tovarlar va xizmatlar miqdori ham shu nisbatda ko‘paymasa, narxlar ko‘tarila boshlaydi. Inflyatsiya pulning xarid qilish qobiliyatini pasaytiradi, ya'ni bugun xuddi shu pulga kechagidan kamroq tovar sotib olish mumkin. Shuning uchun Markaziy bank buni nazorat qilishi shart. Inflyatsiyani to‘xtatish uchun u yangi pullarni chiqarishni sekinlashtiradi.
Pul emissiyasining oddiy sabablari ham bor:
- Biz har kuni ishlatadigan banknotalar vaqt o‘tishi bilan eskiradi va yangi banknotalar bilan almashtirilishi kerak.
- Odamlar naqd pullarining bir qismini uyda saqlaydilar va shu sababli muomalada kamroq pul bo‘ladi.
- Ba'zi kichik nominaldagi tangalar va banknotalar foydalanishda noqulay bo‘lganligi sababli muomaladan chiqarilib, ularning o‘rniga yangi, yirikroq nominaldagilari bosiladi. Masalan, 2022 yilda O‘zR Markaziy banki nominal qiymati 200 ming so‘m bo‘lgan banknotni muomalaga chiqardi.
Bank kartasini mohirona boshqarish boʻyicha kurs
Bank kartalari emissiyasi
Bank kartalari emissiyasi — bu bank o‘z mijozlari uchun plastik kartalarni chiqarishi. Masalan, “Kapitalbank” bank kartalari emitenti hisoblanadi. Ammo bu bank yangi pul yaratadi degani emas. Bank kartasi — bu yangi elektron hamyon bo‘lib, uning yordamida biz hisobdagi mavjud pullardan foydalanamiz.
Karta emissiyasi jarayoni mijoz bankka uni chiqarish uchun ariza bilan murojaat qilishi bilan boshlanadi. Bank mijozning ma'lumotlarini tekshiradi va kartani ochish uchun ariza to'‘diradi. Tayyor bo‘lgach, karta faollashtiriladi va mijozga topshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi — bu davlat va tijorat tashkilotlari tomonidan yangi aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar yoki boshqa turdagi qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi. Ularni chiqarganlar uchun bunday emissiyaning maqsadi biznesni rivojlantirish yoki eski qarzlarni qayta moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilishdir. Qimmatli qog‘ozlar egalari uchun esa — ularga egalik qilishdan olinadigan daromad.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi quyidagicha bo‘lishi mumkin:
- Ommaviy — qimmatli qog‘ozlar fond birjasiga chiqariladi, har kim sotib olishi mumkin. Ommaviy emissiya quyidagilarga bo‘linadi: birlamchi — qimmatli qog‘ozlar birjaga birinchi marta chiqarilganda va ikkilamchi — yangi savdo doirasiga chiqish.
- Xususiy — faqat ma'lum investorlar sotib olish huquqiga ega. Bu usul kompaniyaga zarur mablag‘larni birjaga chiqishdan ko‘ra tezroq olish imkonini beradi.
Emissiyadan qanday pul ishlash mumkin
Emissiyadan olinadigan daromad — bu davlat yoki kompaniyalar yangi moliyaviy vositalarni chiqarishdan oladigan daromadi.
Pul emissiyasidan olinadigan daromad
Senyoraj — bu davlat yangi pul chiqarishdan oladigan daromadi. Buning sababi shundaki, yangi banknotalarni ishlab chiqarish qiymati odatda ularning nominal narxidan past bo‘ladi.
Bu daromad mamlakat uchun juda muhim bo‘lib, turli davlat ehtiyojlarini moliyalashtirishga yordam beradi:
- Davlat loyihalari: maktablar, shifoxonalar, yo‘llar va boshqa muhim obyektlarni qurish va ta'mirlash, davlat muassasalari uchun yangi jihozlar sotib olish.
- Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash: ijtimoiy dasturlarni, masalan, muhtojlarga pensiya va nafaqalarni moliyalashtirish.
- Iqtisodiyotni rivojlantirish: mamlakatning o‘sishi va rivojlanishi uchun turli iqtisodiy loyihalarga investitsiyalar. Masalan, yuqori texnologiyali sohalarda startaplarni qo‘llab-quvvatlash yoki temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish.
- Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash: mablag‘larning bir qismi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi mumkin.
Bank kartalaridan olinadigan daromad
Mijozlar bank kartalari bilan qancha ko‘p to‘lov qilsalar, bank sotuvchilardan shunchalik ko‘p komissiya oladi.
Demak, bank mijozlarga qancha ko‘p yangi kartalar chiqarsa, shuncha ko‘p daromad oladi. Buning uchun banklar mijozlarni turli usullar, masalan, keshbek bilan jalb qiladi: Uzum Bank UJKX to‘lovi uchun 0,3%, jamoat transportida yo‘l haqi uchun 20% qaytaradi va hokazo.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasidan olinadigan daromad
O‘zbekistonda davlat ham, xususiy kompaniyalar ham qimmatli qog‘ozlar emitentlari bo‘lishi mumkin. Emissiya uchun eng ommaviy qimmatli qog‘ozlar aksiyalar va obligatsiyalar hisoblanadi.
- Aksiyalar — bu kompaniya yoki davlat korxonasidagi mulk ulushlari. Emitentlar loyihalarni moliyalashtirish yoki qarzlarni boshqarish maqsadida pul yig‘ish uchun aksiyalarni sotadilar.
- Obligatsiyalar — pul mablag‘larini jalb qilish uchun chiqarilgan qarz qimmatli qog‘ozlari. Sotilgan obligatsiyalardan yig‘ilgan kapital obligatsiya emitentining daromadi hisoblanadi.
Emissiya haqida asosiy jihatlar
- Emissiya — bu mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va barqarorligini ta'minlash uchun turli moliyaviy vositalarning muomalaga chiqarilishi. Yangi moliyaviy vositalarni chiqaradiganlar emitentlar deb ataladi.
- Yangi pul O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan muomalaga chiqariladi. Ular davlat qarzini oshirmasdan davlat xarajatlari va loyihalarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Pul emissiyasi inflyatsiyani nazorat qiladi, narxlarni barqarorlashtiradi va kreditlashni rag‘batlantiradi. Davlat yangi banknotalarni chiqarish orqali daromad oladi, chunki banknotaning narxi odatda uning qiymatidan past bo‘ladi.
- Yangi qimmatli qog‘ozlar davlat yoki tijorat tashkilotlari tomonidan chiqariladi. Ularning yordami bilan yangi loyihalar yoki biznesni rivojlantirish uchun kapital yig‘iladi. Qimmatli qog‘ozlar emitentlarining daromadlari shu tarzda shakllanadi.
- Bank kartalari tijorat banklari tomonidan chiqariladi. Bu yangi pul chiqarishga tegishli bo‘lmaydi, balki hisoblardagi mavjud mablag‘larni boshqarish uchun yangi vosita hisoblanadi.
Izoh qo‘shish