
Passiv daromad uchun 9 ta g‘oya: strategiya va maslahatlar
Ishlamasdan pul topishning qonuniy usullari haqida aytib beramiz.
Ishga borganimizda, maosh yoki ishbay haq kabi boshqa to‘lov turini olamiz. Bu aktiv, ya'ni doimiy bo‘lishi kerak bo‘lgan va mehnat faoliyati bilan bog‘liq daromad hisoblanadi. Agar ishdan bo‘shatilsangiz yoki o‘z xohishingiz ko‘ra bo‘shasangiz, to‘lovlar to‘xtatiladi. Aktiv daromaddan farqli o‘laroq, passiv daromad ishlash-ishlamasligingizdan qat'i nazar, pul olib kelishi mumkin.
Passiv daromad nima
Bu muntazam mehnat faoliyatingiz bilan bog‘liq bo‘lmagan daromad. Ya'ni, ishlamay muntazam ravishda pul olishingiz mumkin. Daromad manbaiga qarab, u kundalik mayda xarajatlar uchun juda oz, shuningdek oilaviy byudjetga yaxshigina ko‘mak yoki umuman ishlamaslikka imkon beradigan katta summa ham bo‘lishi mumkin. Passiv daromad olish variantlaridan biri nafaqa hisoblanadi. Biroq, uni olish uchun uzoq yillar davomida ishlash kerak. Bundan tashqari, nafaqa to‘lovlari yashash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Har qanday yoshda mavjud bo‘lgan yana qanday variantlar bor?
G‘oya №1: bank omonati
Passiv daromad olishning eng oson usuli — bank hisob raqamiga pul qo‘yish va foizlar olish. Daromad summasi omonat miqdori, muddati va boshqa shartlarga bog‘liq. Odatda, to‘ldirish va yechib olish imkoniyatisiz 2-3 yilga ochilgan omonatlar uchun eng yuqori foiz stavkalari belgilanadi.
Afzalliklari: ishonchlilik, barqarorlik, xavfsizlik. “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tijorat banklaridagi barcha omonatlar sug‘urtalangan. Ya'ni, bank, masalan, bankrot bo‘lsa ham, pulingizni yo‘qotmaysiz.
Kamchiliklari: kam daromad. Yuqori foizlarni olish uchun katta miqdor kiritishingiz kerak. Masalan, milliondan bir yilda taxminan 300 ming so‘m daromad olish mumkin (2024-yil boshida O‘zbekiston banklaridagi milliy valyutadagi depozitlar uchun maksimal stavka 27 foizni tashkil etgan). Agar pul zarur bo‘lib, omonatni muddatidan oldin yopishingiz kerak bo‘lsa, foizlarni yo‘qotishingiz yoki sezilarli darajada kamroq olishingiz mumkin (turli banklarda shartlar farqlanadi).
G‘oya №2: aksiya va obligatsiyalar sotib olish
Passiv daromad keltirishi mumkin bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning bir nechta turlari bor. O‘zbekiston fond birjasida fuqarolar milliy kompaniyalar aksiyalari va obligatsiyalarini yoki davlat obligatsiyalarini sotib olishlari mumkin.
- Obligatsiyalar — bu qarz munosabatlarini ifodalovchi qimmatli qog‘oz. Ma'lum bir muddatga chiqariladi — bir yoki ikki yil, besh yil va hokazo. Ularni sotib olib, shaxs obligatsiyalarni chiqargan tashkilot yoki davlatga qarz beradi va evaziga obligatsiyalarning muomala davri davomida foiz oladi. Muomala davri tugagandan so‘ng ular so‘ndiriladi — kompaniya qaytarib sotib oladi.
- Aksiyalar — bu muddatsiz ulushli qimmatli qog‘oz. Ularni sotib olish orqali aksiyalarni chiqargan kompaniyaning ulushini sotib olasiz. Aksiyalarning ikkita turi bor — oddiy va imtiyozli. Birinchisining qiymati kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan bevosita bog‘liq: yaxshi bo‘lsa, aksiyalar qimmatlashadi, biznes bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa — arzonlashadi. Kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, oddiy aksiya egalari, direktorlar kengashining qaroriga binoan, odatda yiliga bir marta foydadan foiz olishlari mumkin. Imtiyozli aksiyalar obligatsiyalarga yaqinroq – ular bo‘yicha foiz olish kafolatlangan.
Afzalliklari: qimmatli qog‘ozlarni sotib olish bank omonati bo‘yicha foizlardan ko‘ra ko‘proq daromad keltirishi mumkin. Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha yiliga o‘rtacha 25-40% daromad olishingiz mumkin. Obligatsiyalarning daromadliligi biroz pastroq.
Kamchiliklari: aksariyat qimmatli qog‘oz xatarli aktiv hisoblanadi. O‘rtacha foizdan yuqori daromad olishga imkon beradigan kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish odatda katta xatar bilan bog‘liq: qiymati oshishi ham, tushib ketishi ham mumkin. Kompaniya bankrot bo‘lsa, oddiy aksiya egalari tovon pulini oxirgi navbatda oladilar. Ya'ni, butunlay pulingizni yo‘qotishingiz mumkin. Davlat obligatsiyalari mutlaqo ishonchli bo‘lsa-da, daromadliligi bank depozitlaridan pastroq. 2023-yil oxirida so‘ndirish muddati bir yilgacha bo‘lgan davlat obligatsiyalari bo‘yicha o‘rtacha stavka 17 foizni tashkil etdi. Bank omonatdan farqli o‘laroq, aksiya va obligatsiyalar sug‘urta qilinmaydi. Shuningdek, nima sotib olish va olmaslikni tushunish uchun bozorni yaxshilab o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi.
G‘oya №3: Mulkni ijaraga berish
Ijaraga nafaqat kvartirani, balki xonadon, garaj, avtomobil, musiqa va boshqa uskunalar, professional jihozlar va hokazolarni berish mumkin. Boshqalarga pul evaziga foydalanish uchun bera oladigan mulkingiz bo‘lsa, bu passiv daromadning yaxshi manbai bo‘lishi mumkin. Masalan, 2024-yil boshida Toshkent shahrida ta'mirlangan bir xonali kvartiralar o‘rtacha ijara narxi $395, ikki xonali kvartiralar – $442, bir xonali xususiy uy – $477, ikki yotoqxonali – $654 tashkil etdi.
Afzalliklari: bu sizda bor, lekin biron sababga ko‘ra foydalanmayotgan mulkingizdan pul ishlashning oddiy va qulay varianti.
Kamchiliklari: bundan oladigan daromadingiz mulkka bo‘lgan talab va holatiga bog‘liq. Uzoq muddatli yoki ehtiyotsiz foydalanishdan keyin uni ta'mirlash kerak bo‘lishi mumkin, bu esa xarajatlarni talab qiladi. Bundan tashqari, ijarachilar biror narsani buzishi yoki insofsiz bo‘lishi mumkin. Mulkni ijaraga berish, odatda, faol ishtirok etishni talab qiladi: hech bo‘lmaganda vaqti-vaqti bilan yangi ijarachilarni izlashingiz va ta'mirlashingiz kerak bo‘ladi. Bu masalani agent yoki boshqaruv kompaniyasiga topshirishingiz mumkin, ammo daromadning bir qismini berishingiz kerak bo‘ladi. Ko‘chmas mulkni ijaraga berish va passiv daromad olish maqsadida sotib olishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, olishingiz mumkin bo‘lgan daromadlarni va mulkni ta'minlash bilan bog‘liq xarajatlar hamda turli fors-major xarajatlarni (ta'mirlash, ijarachilarni qidirish, eski ijarachilarni ko‘chirish va yangilarining ko‘chib kelishi o‘rtasidagi uzilishlar va hokazo) diqqat bilan hisoblab chiqing. Amalda, daromad kutganingizdan sezilarli darajada kam bo‘lishi mumkin.
G‘oya №4: Intellektual mulk obyektlarini yaratish
Bunday variant ijodkorlar — yozuvchi, shoir, rassom, fotograf, ssenarist, rejissor, bastakor va shu kabilar uchun mos keladi. O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasiga muvofiq, muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega. Asarlar mualliflari — mualliflik huquqi obyektlari uchun — foizlar shaklida mualliflik haqi belgilangan. Ularning miqdori “Adabiyot va sanʼat asarlaridan foydalanganlikning ayrim turlari uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari toʻgʻrisida”gi qonun bilan belgilanadi. Masalan, pyesa muallifi chipta sotuvidan olingan summaning 2,5 foizidan olishi mumkin.
Rassom, dizayner, fotograf va san'at sohasining boshqa vakillari ham o‘z ishlarini onlayn birjalarga joylashtirish orqali passiv daromad va har foydalanish uchun pul olishlari mumkin. Masalan, ommaviy axborot vositalarida chop etish uchun fotosurat sotib olish yoki otkritka, plakat chiqarish, matoga bosma tarzda tushirish va shunga o‘xshash maqsadlarda foydalanish uchun rasm xarid qilish.
Afzalliklari: mualliflik huquqini muallif farzandlari va hatto nabiralari olishlari mumkin: mualliflik huquqi muallif vafotidan so‘ng 50 yil davomida amal qiladi.
Kamchiliklari: bunday daromad olish hammaga ham mos kelmaydi. Mualliflik huquqi buzilishi mumkin — qonunbuzarlar bilan kelishuvga erisha olmasangiz, haq to‘lashni sud orqali talab qilishingiz kerak bo‘ladi.
G‘oya №5: shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ini shakllantirish
Bunday variant nafaqaga chiqqanidan keyin qo‘shimcha passiv daromad olishni istaganlar uchun mos keladi. Ish beruvchi tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan badallarga qo‘shimcha ravishda, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘z mablag‘ingizni ham kiritishingiz mumkin — o‘zingiz uchun qulay grafikda istalgan summa. Buni Xalq bankining istalgan filialida amalga oshirish mumkin. Nafaqaga chiqqaningizda, bu pullarni qanchalik tez-tez olishni xohlayotganingizni aniqlay olasiz: oyda bir marta, chorakda bir marta va hokazo.
Afzalliklari: pensiyaga yaxshigina qo‘shimcha pul olish mumkin. Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga kiritiladigan ixtiyoriy badallar JShDSdan ozod qilinadi — ya'ni har bir kiritilgan summadan 12% qaytariladi. Toʻlovni qaytarish uchun arizani Elektron soliq xizmatlari portalida pul o‘tkazmasini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda topshirish mumkin.
Kamchiliklari: nafaqaga chiqqunga qadar bu pullardan foydalana ololmaysiz.
G‘oya №6: biznes
O'z biznesingizni ochish shart emas — yangi loyiha yoki kengayib borayotgan kompaniyaga sarmoya kiritishingiz mumkin. Biznes muvaffaqiyatli bo‘lsa, barqaror daromad olasiz. Bu kompaniyaning muvaffaqiyatiga ham, unda qanday ulushga ega ekanligingizga ham bog‘liq bo‘ladi. U qanchalik katta bo‘lsa, shuncha ko‘p pul olasiz.
Afzalliklari: biznesga muvaffaqiyatli sarmoya kiritish umuman ishlamaslikka va muhtojlik ko‘rmasdan yashashga imkon beradi.
Kamchiliklari: sarmoya kiritish uchun katta mablag‘ kerak. Xatarlar juda katta: biznes muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin. Masalan, hamkorlar yetarlicha bilimga ega bo‘lmaganligi, pandemiya yoki turli xil tashqi omillar kabi fors-major holatlari tufayli. Hatto hamma narsani oldindan sinchiklab mo‘ljallaydigan tajribali tadbirkorlar ham pullarini yo‘qotishlari mumkin. Shuningdek, bozordagi vaziyatni va sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan biznesni yaxshi bilishingiz kerak.
G‘oya №7, 8: JShDS va QQSni qaytarish
Rasmiy ravishda ishlaydiganlar bir qator xarajatlardan 12% — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (JShDS) qaytarishlari mumkin. Jumladan, farzandning xususiy bolalar bog‘chasi yoki xususiy maktabi uchun to‘lovidan har oyda 3 mln so‘mgacha. Ya'ni, JShDS to‘lanadigan ish haqi miqdori kamayadi. Masalan, maoshi 8 million so‘m bo‘lgan va farzandining xususiy bog‘chasiga har oy 1 million so‘m to‘layotgan otadan JShDS faqat 7 million so‘mdan ushlab qolinadi. Shunday qilib, har oy daromad 120 ming so‘mga oshadi. Ishxonaning buxgalteriya bo‘limiga pulni qaytarish uchun ariza topshirish mumkin.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan kam taʼminlangan fuqarolar tibbiy xizmatlar uchun haq toʻlash, dori-darmon va bir qator mahsulotlarni sotib olishda QQSni (12%) qaytarishlari mumkin. Bular:
- qoʻy goʻshti;
- mol goʻshti;
- tovuq, kurka va boshqa parranda goʻshti;
- tovuq tuxumlari;
- oʻsimlik yogʻi;
- un;
- shakar.
Soliq mobil ilovasida chekning QR kodini skanerlash orqali pulni qaytarib olish mumkin.
Afzalliklari: bu oddiy va qulay usul
Kamchiliklari: fuqarolarning ayrim toifalari uchun mos keladi. QQSni qaytarish faqat 10 BHM (bazaviy hisoblash miqdori, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab, 1 BHM 340 ming so‘mga teng) doirasida cheklangan xaridlar summasidan mumkin. Ya'ni, bir oy ichida QQSni maksimal 3,4 million so‘mdan qaytarish mumkin: maksimal qaytarish summasi 3,4 million so‘mdan 12 foiz — 408 ming so‘mni tashkil qiladi.
G‘oya №9: keshbek
Tovar va xizmatlarni bank kartasi bilan to‘lash orqali keshbek olish — sarflangan summaning ma'lum foizini qaytarib olishingiz mumkin. Foiz miqdori bank shartlariga bog‘liq bo‘lib, 20% gacha tashkil etishi mumkin. Shuningdek, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida amalga oshirilgan xaridlar uchun bank keshbekidan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasidan 1% keshbek olish mumkin. Buning uchun QR-kodli chekni Soliq ilovasida o‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi. 2024-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, soliqdan keshbek olish mumkin bo‘lgan xaridlarning maksimal miqdori oyiga 60 BHMni tashkil etadi. 2024-yil iyun oyida bu miqdor 20,4 mln so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, soliq qo‘mitasidan olinadigan maksimal oylik keshbek 204 ming so‘mni tashkil qiladi.
Afzalliklari: oddiy va qulay, pul avtomatik ravishda bank hisob raqamingizga yoki kartangizga qaytariladi.
Kamchiliklari: bu usul orqali katta daromad ololmaysiz. Naqd pul bilan, masalan, bozorda amalga oshirilgan xaridlar uchun mos kelmaydi.
To‘g‘ri passiv daromad strategiyasini qanday tuzish mumkin
- Passiv daromadning qaysi asosiy varianti sizga mos kelishini hal qiling.
- Qo‘shimcha daromad olish uchun pul kiritishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, qancha sarflashingiz mumkinligini aniqlang.
- Sabrli bo‘ling: ko‘p hollarda darhol katta passiv daromad ololmaysiz.
- Aksiyalar va biznesga sarmoya kiritish kabi passiv daromad manbalari bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni hisobga oling.
- Mumkin bo‘lgan sarf — moliyaviy, masalan, mulkni ijaraga berishda, va vaqtinchalik xarajatlarni hisoblang.
- Faqat bitta variant bilan cheklanmang — barcha mavjud variantlarni ko‘rib chiqing va qo‘shimchalarini e'tiborsiz qoldirmang. Keshbek, JShDS va QQSni qaytarish kabi kichik passiv daromad ham bir yilda oila uchun foydali bo‘ladigan miqdorni keltirishi mumkin.
Izoh qo‘shish
ortgatin
Rahmat kattakon
Yana shunday foydali maqolalar kutib qolamiz:)