
Passiv daromad: bu nima va uni qanday olish mumkin
Hech narsa qilmasdan, pul topish - ko'pchilikning orzusi shu emasmi? Uni qanday amalga oshirish, ya'ni passiv daromad olishni maqolamizda aytib beramiz.
Aktiv va passiv daromad o'rtasidagi farq nimada? Birinchi holda, bajarilgan ish uchun pul olasiz. Garchi siz tadbirkor bo'lib, o'zingizga ishlasangiz ham, baribir mehnat qilishingiz kerak bo‘ladi.
Passiv daromad - bu siz tomondan hech qanday harakatsiz pul olishdir. Siz ularni hech narsa qilmasdan olishingiz mumkin. Quloqqa zo‘r eshitiladi, lekin aslida hamma narsa unchalik oson emas.
Passiv daromadni olish qiyinmi va uning qanday turlari mavjud?
Bank depoziti
Ishlamasdan pul ishlashning eng oson yo'li. Xatarlar minimal darajada: barcha banklardagi, shu jumladan tijorat banklaridagi depozitlar davlat tomonidan sug'urtalangan bo‘ladi. Agar pul kerak bo‘lsa, uni hohlagan vaqtingiz yechib olishingiz mumkin – to‘g‘ri, ba'zan o'sha passiv daromadni, ya'ni foizni yo'qotish mumkin.
Depozitdan qancha pul topishingiz mumkin? Milliy valyutadagi depozitlar uchun o'rtacha yillik 17 %, xoriji valyutalarga qo‘ysangiz, 3%. Misol uchun, agar 50 mln. so‘mingizni yillik 17% dan depozitga joylashtirsangiz, bir yildan so‘ng taxminan 58 mln. so‘m olasiz. Ya'ni, passiv daromadingiz 8 mln bo'ladi. Depozitlarni odatda 3 oydan 2 yilgacha turli muddatlarga qo‘yish mumkin.
Aksiya va obligatsiyalarga investitsiya qilish
Qimmatli qog'ozlar bozori ko'pincha depozitlardan ko'ra ko'proq daromad olish imkonini beradi. Ya'ni, o'zingiz uchun eng qiziq bo'lgan sohani tanlaysiz (masalan, oltin qazib olish) va bu sohadagi ma'lum bir kompaniyaning aksiyalarini sotib olasiz. Uning narxi vaqt o‘tishi bilan oshishi mumkin, ba'zan esa hatto sezilarli darajada - keyin ularni qimmatroq narxda sotasiz va shu orqali daromad olasiz.
Shuningdek, aksiyalar bo'yicha to'lanadigan dividendlar (aksiyadorlarga to'lanadigan kompaniya foydasining bir qismi) va bu daromad ideal sharoitda muntazam bo'ladi.
Aksiyalarning narxi oshishi yoki tushib ketishini hech kim kafolat bermaydi. Tavakkal qilmasdan ilojingiz yo‘q. Kompaniya bankrot bo'lishi mumkin, bu esa aksiyalaringizni qadrsizlanishiga olib keladi. Shuni ham inobatga olingki, agar sizda yirik xoldingning aksiyalari bo'lsa ham, u sizga boshqaruvda ishtirok etish imkonini bermaydi. Buning uchun juda ko'p aksiyalaringiz bo‘lishi kerak (barcha chiqarilganlarning 50% dan ortig'i). Shuncha aktsiyasi bor odamlar, misol uchun dividend bermaslik haqida qaror qilishi mumkin, va bu holatda bunga ko‘nishingizga to‘g‘ri keladi.
Agar ko'p tavakkal qilishni xohlamasangiz, obligatsiyalarni tanlashingiz mumkin. Obligatsiyalar - daromadlari kafolatlangan qarzdorlikni anglatuvchi qimmatli qog'ozlardir. Davlat obligatsiyalari eng ishonchli hisoblanadi. Ularning rentabellik darajasi yuqori emas, lekin to'lovlar davlat tomonidan kafolatlanadi. Obligatsiyalar tijorat tashkilotlari tomonidan ham chiqarilishi mumkin.
Obligatsiyalarning o'ziga xos xususiyati ularning amal qilish muddatining cheklanganligidir. Masalan, bir necha oy yoki yil. Shu davrdan keyin barcha daromadlarni olasiz va yangi daromad manbayini izlashingizga to‘g‘ri keladi.
Xatarlar va daromadlarni muvozanatlash nuqtai nazaridan murosaviy varianti investitsiya fondlariga investitsiya kiritishdir.
Ular investorlardan (jumladan, jismoniy shaxslardan) pul olib, aksiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlarga joylaydigan tashkilot hisoblanadi. O'zingiz sotib olishingizdan farqi shundaki, investitsiya fondlari mutaxassislar tomonidan boshqariladi, shuning uchun ularning investitsiyalari samaraliroq bo'ladi. Bunda siz birjani kuzatmasligingiz, qimmatli qog'ozlar qanday ishlashini umuman bilmasligingiz mumkin, lekin baribir undan daromad olasiz.
Shuni unutmaslik kerakki, aksiya va obligatsiyalarni mutaxassis bilan maslahatlashmay turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetdan sotib olish yaramaydi. Shunda pul yo‘qotish va boshqa xavf-xatarlar bo‘lmaydi.
Mulkni ijaraga berish
Ko'char yoki ko'chmas mulkni ijaraga berish - bu passiv daromadning ommalashgan manbai hisoblanadi. Asosan honadonlar yoki uylar ijaraga beriladi. Bunday holda, ikkinchi tomon bilan shartnoma tuzish va uni ijara.soliq.uz veb-saytida ro'yxatdan o'tkazish kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, daromadning 12% miqdorida soliq to'lashingiz kerak, qolgani sizning daromadingiz.
Quloqqa yoqimli eshitiladi, lekin quyidagilarni inobatga oling: nafaqat daromad, balki joriy xarajatlaringiz ham bor. Xonadon yoki uyda mebel va santexnika buzilishi mumkin va ertami-kechmi ta'mirlashni talab qiladi. Bu uy egasining ishi va u (ya'ni siz) mana shu xarajatlarni bo'yniga olishi kerak.
Noturar binolarni ijaraga berish ancha osonroq – misol uchun, ombor yoki garajlarni. Ularda qo'shimcha xarajatlar ehtimoli minimal va agar bo'lsa ham, kam bo'ladi. Ko'char mulk bilan - xususan, avtomobil bilan masala qiyinroq. Uni ham ijaraga berish mumkin, lekin agar ijaraga oluvchi mas'uliyatsiz bo'lsa, ijaradan olingan daromad ta'mirlash xarajatlarini qoplashi mumkin.
Intellektual mulk mahsulotlaridan olingan daromadlar
Bunday daromad olish hammaga ham mos kelmaydi. Mabodo, aytaylik, yozuvchi yoki musiqachi bo'lsangiz, nashr etib bo‘lingan asarlardan ham passiv daromad olishingiz mumkin. Buning uchun nashriyot bilan shartnoma tuziladi, bunda foydaning bir qismi foiz sifatida belgilanadi. Kitoblaringiz yoki kuylaringizni sotishdan kompaniya qancha ko'p daromad olsa, u sizga shuncha ko'p beradi.
Shuni unutmaslik kerakki, asosiy ish vaqtingizda yaratilgan mahsulot va xizmatlarni sotish ta'qiqlanadi, shu sabab sotmoqchi bo‘lgan intellektual mahsulotingiz ishdan tashqari vaqtdagi ijod mahsulingiz bo‘lishi kerak.
Ismingiz yoki brendingizdan foydalanishga ruxsat berish – daromad olishning yana bir usulidir. Agar taniqli shaxs bo'lsangiz, mahsulot ishlab chiqaruvchi yoki xizmatlar ko'rsatuvchi kompaniya bilan shartnoma tuzishingiz mumkin. Aytaylik, ular mahsulot qadog‘ida tavsiya qilayotganingizni yoki xizmatlaridan foydalanayotganingizni ko'rsatadilar. Bu holatda sifatli mahsulotni reklama qilayotganingizga ishonchingiz komil bo'lishi kerak - aks holda 6 obro'ingizga salbiy tasir ko‘rsatadi.
Passiv daromad olishni istaganlar uchun bir nechta maslahatlar
- Depozit qo‘yishda uning shartlarini diqqat bilan o‘rganib chiqing. Depozitlar muddatidan oldin pul echib olish imkoniyati bor va bo‘lmagan, uzaytirish mumkin bo‘lgan va bo‘lmagan va turli muddatli bo‘ladi.
- Qimmatli qog'ozlarga sarmoya kiritayotganda, xavflarni baholang. Oxirgi pulingizni yuqori xavfli aktivlarga sarmoya qilmasligingiz kerak.
- Agar siz honadon, uy yoki mashinani ijaraga bermoqchi bo'lsangiz, ularni saqlash va ta'mirlash harajatlari qilishingiz kerakligini inobatga oling. Ular ijara narxiga kiritilishi mumkin (narxni biroz yuqoriroq qo‘ying).
- Inflyatsiyani hisobga oling. Agar sizning pulingiz daromad keltirsa-yu, lekin u inflyatsiyani qoplay olmasa, demak ular qadrsizlanmoqda. Bunday investitsiyalarning ma'nosi yo'q.
Izoh qo‘shish
Жуда зор инфолар бунданда яхшиларини кутиб коламан ❤️