
Meros huquqi: odamning o‘limidan keyin hisobidagi pul nima bo‘ladi?
Ertami-kechmi, yaqinlarimizning o‘limiga duch kelishimiz tayin. Qarindoshi vafot etganidan keyin uning bankdagi omonatlari va hisobvaraqlari merosning bir qismiga aylanadi. Vorislikning aniq belgilangan tartibi mavjud bo‘lib, u vasiyatnomaning mavjudligi yoki yo‘qligiga qarab sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
O‘zbekistonda meros huquqining xususiyatlari
Bu huquqlar O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining V bo‘limida belgilangan. 1112-moddaga ko‘ra, meros ikki shaklda amalga oshirilishi mumkin: qonunga muvofiq yoki vasiyatnoma bo‘yicha. Ikkala usul ham qonuniydir. Biroq bular orasida potensial merosxo‘rlar uchun ahamiyatli bo‘lgan muhim farqlar mavjud.
Vasiyatnoma bo‘yicha meros
Marhum vasiyatnoma qoldirgan bo‘lsa, bu meros tartibini: kim merosxo‘r bo‘ladi, merosxo‘rlarning har biri qanday mulk olishini belgilaydi. Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan shaxsan tuzilishi va notarius tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Agar biron sababga ko‘ra shaxs vasiyatnomani mustaqil yoza olmasa, notarius buni amalga oshirishi, masalan, og‘zaki aytib turganida matnni kompyuterga kiritishi mumkin. Keyin notarius vasiyatnoma matnini o‘qiydi va vasiyat qiluvchi unga imzo chekadi.
Vasiyat qiluvchi hujjatni o‘zi imzolay olmasa, masalan, og‘ir kasalligi tufayli, u boshqa shaxsdan notarius ishtirokida buni amalga oshirishni so‘rashi mumkin. Biroq hamma ham vasiyat qiluvchining o‘rniga imzo chekishi mumkin emas. Fuqarolik kodeksining 1124-moddasida kim buni qila olmasligi belgilangan. Ular orasida yaqin qarindoshlar ham bor:
- turmush o‘rtog‘i;
- farzandlari;
- ota-onasi;
- nabira yoki chevaralari;
- vasiyatnoma kimning foydasiga qilingan bo‘lsa;
- notariusning o‘zi.
Shuningdek, vasiyatnomada sana (kun, oy, yil) va uning tuzilgan joyi (yashash joyi) ko‘rsatilishi kerak.
Ba‘zi hollarda notariussiz vasiyatnoma tuzish mumkin. Lekin uni albatta tasdiqlash shart. Masalan, notariusni chaqirish mumkin bo‘lmagan hollarda kasalxonada yotgan shaxsning vasiyatnomasi bosh shifokor tomonidan tasdiqlanish huquqiga ega. Bunday holatlar Fuqarolik kodeksining 1126-moddasida batafsil ko‘rsatilgan.
Vasiyat qiluvchi mulkini qarindosh bo‘lmagan shaxslarga - masalan, do‘sti yoki qo‘shnisiga qoldirishi yoki hatto davlatga topshirishi mumkin. Bu - uning huquqi.
Agar vasiyat qiluvchi o‘z fikrini o‘zgartirsa, u boshqa vasiyatnoma yozishi yoki ilgari tuzilgan vasiyatnomaga o‘zgartishlar kiritishi, shuningdek ularni notarius tomonidan tasdiqlatishi mumkin. Bunday hollarda har bir yangi hujjat eskisini bekor qiladi. Ya‘ni, agar merosxo‘rlar bir nechta vasiyatnoma topishsa, so‘nggi yozilgani haqiqiy bo‘ladi.
Qonun bo‘yicha meros
Agar vasiyatnoma bo‘lmasa, marhumning mol-mulki, shu jumladan uning bankdagi hisobvaraqlari va omonatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi. Bunday holat O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 68-bobida belgilangan.
- Farzandlar (shu jumladan, asrab olingan yoki meros qoldirgan shaxs vafotidan keyin tug‘ilganlar), er yoki xotin, shuningdek ota-ona (yoki farzandlikka olgan shaxslar) birinchi bo‘lib meros oladilar. Bular - birinchi bosqich vorislari.
- Agar birinchi bosqich merosxo‘rlaridan hech kim bo‘lmasa, borlari ham merosni qabul qilishni istamasa yoki undan voz kechish to‘g‘risida ariza yozishsa, ikkinchi bosqichdagi vorislar mulkni meros qilib olishlari mumkin. Bular - aka-uka, bobo va buvilardir.
- Agar bu qarindoshlardan hech kim bo‘lmasa yoki ular merosni qabul qilmay rad etsa, uchinchi bosqichdagi merosxo‘rlar unga ega bo‘ladi. Bularga amaki va xolalar kiradi.
- Agar bular ham bo‘lmasa, oltinchi darajagacha bo‘lgan boshqa uzoq qarindoshlar merosxo‘r bo‘ladilar (bular – amakivachcha, xolavachchalardir). Ular to‘rtinchi bosqich merosxo‘rlariga kiradi.
Qanday o‘ziga xos holatlar mavjud?
Qonun bo‘yicha merosni taqsimlashning o‘ziga xos jihatlari. Dastlabki uch bosqich merosxo‘rlari uchun qoida quyidagicha: mulk ular o‘rtasida teng taqsimlanadi. Misol uchun, agar marhumning ikkita o‘g‘li bo‘lib, boshqa birinchi bosqich merosxo‘rlari bo‘lmasa, o‘g'illarning har biri mulkning 50 foizini oladi. Qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan biri ixtiyoriy ravishda boshqalar foydasiga o‘z ulushidan voz kechishi mumkin. Agar yaqin qarindoshlari bo‘lmasa va mulk to‘rtinchi bosqich merosxo‘rlari o‘rtasida taqsimlanayotgan bo‘lsa, u holda ustunlik qarindoshligi yaqinroq bo‘lganlar tomonida bo‘ladi. Masalan, eng yaqin qarindoshi amakivachcha bo‘lsa (O‘zbekiston Oila kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, to‘rtinchi bosqich qarindoshligi), u holda meros qonuniy ravishda unga o‘tadi. Uzoqroq qarindoshlar merosdan mahrum bo‘ladi.
Merosdagi majburiy ulushga bo‘lgan huquq. Vasiyatnomada nima yozilganidan qat'iy nazar, qonun ayrim toifa fuqarolairning huquqlarini himoya qiladi. Bu:
- voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz farzandlar, asrab olinganlar;
- mehnatga layoqatsiz turmush o‘rtog‘i;
- mehnatga layoqatsiz ota-ona (farzand qilib olganlar).
O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 1142-moddasiga ko‘ra, ular merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega. Agar bunday holat vasiyatnomada belgilangan bo‘lsa, ulush qonun asosida merosning ularga tegishli bo‘lgan qismining kamida yarmiga teng bo‘lishi kerak. Tasavvur qilaylik, marhum vasiyatnoma qoldirmagan, merosini barcha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlash kerak. Har bir merosxo‘rning ulushini yarmiga bo‘ling. Bu - merosda minimal talab qilinadigan ulush bo‘ladi.
Oliy sud o‘z ajrimida bu holatda kim mehnatga layoqatsiz ekanini belgilaydi. Bular:
- nafaqaxo‘rlar — meros taqsimlash vaqtida (vasiyat qoldiruvchining vafotidan so‘ng) 55 yoshga to‘lgan ayollar va 60 yoshga to‘lgan erkaklar;
- I va II guruh nogironlari - meros taqsimlash paytiga qadar nogironlik belgilanishi kerak;
- meros taqsimlash vaqtida 16 yoshga to‘lmagan yoki o‘qiyotgan 18 yoshga to‘lmagan o‘smirlar.
Majburiy ulush huquqiga ega shaxslar notarius tomonidan meros guvohnomasini berishdan oldin aniqlanishi kerak. Shu kabi muammolarga duch kelmaslik uchun ushbu jihatlarni hisobga olgan holda vasiyatnomani oldindan tuzish maqsadga muvofiqdir.
"Unutilgan" mulk. Agar biron shaxs vasiyatnoma yozgan bo‘lsa-yu, lekin unutibmi yoki ataylabmi, o‘zining ba‘zi bank hisoblarini ko‘rsatmagan bo‘lsa, nima qilish kerak? Vasiyatnomada ko‘rsatilmagan mulkka nisbatan merosxo‘rlik qoidalari qo‘llaniladi. Bunday holat O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 1112-moddasida ko‘rsatilgan.
Birgalikda mulk. Agar depozit yoki hisobvaraq nikoh davrida ochilgan bo‘lsa, u er-xotinning umumiy mulki hisoblanadi (O‘zbekiston Oila kodeksining 23-moddasi). Turmush o‘rtog‘ining huquqlarini buzmaslik uchun vasiyatchi faqat o‘zining ulushini vasiyat qilishi mumkin. Kamdan-kam holatlarda istisnolar bo‘lishi mumkin. Masalan, agar tegishli nikoh shartnomasi tuzilgan bo‘lsa. Yoki marhum ushbu omonatga birgalikda sotib olingan mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan (masalan, ota-ona uyini sotishdan olingan) pul qiymatini qo‘ygan bo‘lsa.
Merosxo‘rlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar. Agar kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ular sudda hal qilinadi. Fuqarolik kodeksining 1150-moddasiga ko‘ra, vorislarning har biri merosning bo‘linishini talab qilishga haqli. Qonun bo‘yicha meros olishda bunday bo‘linish vorislarning har biriga ajratilgan ulushga muvofiq amalga oshiriladi. Agar vasiyatnomada mulkning qaysi qismi kimga tegishi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shunday holat yuzaga kelishi mumkin. Agar kelishuvga erishilmasa, masala sudda hal qilinadi. Shu kabi muammolarning oldini olish uchun imkon qadar vasiyatnomani batafsil tuzish kerak.
Merosxo‘rlarning yo‘qligi. Agar shaxs vasiyatnoma qoldirmagan bo‘lsa, uning merosxo‘rlari bo‘lmasa yoki ular merosdan voz kechgan, uni qabul qilmagan bo‘lsa, vasiyatchining mol-mulki, Fuqarolik Kodeksining 1157-moddasiga muvofiq, o‘zini o‘zi boshqarish organining yoki davlatning mulkiga aylanadi. Ammo bunday holatlar - hatto uzoq qarindosh-merosxo‘rlar bo‘lmagan holatlar juda kam uchraydi.
Marhumning hisobvarag‘idan yoki bank depozitidan qachon pul olishingiz mumkin?
Bunday holat meros huquqiga ega bo‘lganingizdan keyin amalga oshiriladi.
- Avval notariusga tashrif buyurib, merosni qabul qilishingizni e‘lon qilish kerak. Buning uchun vasiyat qiluvchining vafotidan keyin olti oy vaqt o‘tishi mumkin. Buni keyinroq qilish ham mumkin, lekin buning uchun sudga borib, nima uchun muddatni o‘tkazib yuborganingizni tushuntirish kerak bo‘ladi. Odatda meros marhumning yashash joyida ochiladi. Birinchi qabulga o‘zingiz bilan pasport, vasiyatchining o‘limi haqidagi guvohnoma, marhumning yashagan joyi to‘g‘risidagi hujjat (masalan, uy kitobidan ko‘chirma), agar mavjud bo‘lsa, vasiyatnomani olib boring. Agar merosxo‘r bir nechta bo‘lib, ular o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lmasa, meros haqida bir kishi ma‘lum qilishi mumkin - qolganlar esa merosga ega bo‘layotganlarida notariusga kelishlari mumkin.
- Olti oy o‘tgach, merosga ega bo‘lish va unga egalik sertifikatini olish mumkin. Boshqa merosxo‘rlar paydo bo‘lishi mumkin, degan maqsadda ushbu muddat beriladi. Agar notarius boshqa merosxo‘rlar yo‘qligiga ishonch hosil qilsa, ba‘zi hollarda meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma olti oylik muddatdan oldin berilishi mumkin. Zarur holatlarda notarius har bir merosxo‘rga alohida guvohnoma beradi.
Shundan so‘ng meros qilib olingan hisobvaraq yoki depozitdan pul olish mumkin.
Meros qolgan depozitni yoki hisobvaraqqa kirish huquqini qanday olish mumkin
Meros guvohnomasi qo‘lga tekkanidan keyin bankka borish mumkin. O‘zingiz bilan quyidagilarni olib boring:
- pasport;
- vasiyat qiluvchining vafot etganligi haqidagi guvohnoma;
- meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma;
- agar mavjud bo‘lsa, omonat yoki hisobvaraq ochish to‘g‘risidagi shartnoma, marhumning omonat daftarchasi.
Vasiyatnoma, agar marhum qoldirgan bo‘lsa, kerak bo‘lishi mumkin.
Shu kuni oz miqdorda naqd pul olishingiz mumkin. Katta miqdori bank hisobingizga o‘tkaziladi. Naqd olmoqchi bo‘lsangiz, oldindan bankka qo‘ng‘iroq qilib, buyurtma berishingiz kerak. Chunki kassada katta miqdorda naqd pul bo‘lmasligi mumkin.
Xulosa: bank hisobvaraqlari va omonatlarini meros qilib olish tartibi
- Bank depozitlari va hisobvaraqlari boshqa mulk singari meros bo‘la oladi.
- Agar vasiyatnoma tuzilmagan bo‘lsa, u holda qonun bo‘yicha meros tartibi kuchga kiradi. Unga ko‘ra, birinchi bosqich merosxo‘rlari - farzandlar, turmush o‘rtog‘i va ota-onadir.
- Vasiyatnoma tuzishda merosda majburiy ulushga ega shaxslar borligini hisobga oling. Bular - voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz farzandlar, mehnatga layoqatsiz turmush o‘rtog‘i va ota-onadir.
- Agar bankdagi hisobvaraq yoki omonat nikoh paytida ochilgan bo‘lsa, faqat o‘z ulushingizni vasiyat qilishingiz mumkin, chunki bu ham birgalikda sotib olingan mulk hisoblanadi.
- Merosga ega bo‘lib, notariusdan unga egalik huquqi guvohnomasini olganingizdan so‘ng, marhumning bankdagi hisobvarag‘idan yoki depozitidan pul olishingiz mumkin.
Izoh qo‘shish