
Mikroqarzni qanday olish va o‘z vaqtida to‘lash mumkin: bosqichma - bosqich ko‘rsatmalar va foydali maslahatlar
Nima uchun mikroqarz olish uchun ariza topshirishga shoshilmaslikni, shartnomada qaysi bandlarni diqqat bilan o‘qib chiqish kerakligini va qo‘lingizda pul bo‘lganda, nimani yodda tutishingiz muhimligini tushuntirib beramiz.
Mikroqarzlar zarur bo‘lganda tezda pul olish imkonini beradi. Masalan, shoshilinch katta xarid uchun, davolanish yoki boshqa xizmatlar uchun to‘lov yoki shunchaki ish haqi olgunga qadar. O‘zbekistonda ular banklar, mikromoliya tashkilotlari (MMT) va lombardlar tomonidan beriladi. MMT va ba'zi banklarda mikroqarzni shunchaki pasport evaziga berishlari mumkin — agar siz barqaror yaxshi daromadga, benuqson kredit tarixga ega bo‘lsangiz yoki aytaylik, ushbu bankdagi hisob raqamiga ish haqi olsangiz. Ammo ko‘pincha moliyaviy kafolatlar talab qilinadi. Masalan, kreditni qaytarmaslik bo‘yicha sug‘urta polisi, garov sifatida ko‘chmas mulk yoki avtomobil, kafil. Lombardda oltin zargarlik buyumlari va boshqa qimmatbaho buyumlarni garov sifatida qoldirib, qarz olish mumkin. Mikroqarzlarning asosiy afzalligi — ularni tez, odatda, bir kunda olish mumkin. Ariza va kerakli hujjatlar topshirilgandan boshlab, pul olish uchun bir necha daqiqadan ikki-uch soatgacha vaqt ketishi mumkin. Biroq, pul zudlik bilan kerak bo‘lsa ham shoshilmang. Ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘rib chiqing, yaxshilab o‘ylab ko‘ring va barcha nyuanslarni o‘rganing.
Shartlarni baholang
Avvaliga mikroqarzni qaysi tashkilotdan olishingizni tanlang. Faqat internet yoki boshqa joylardagi reklamaga tayanmang va nomi taniqli bo‘lgani yoki yaqinda u yerdan qo‘shni, qarindosh yoki hamkasbingiz mikroqarz olgani uchun birinchi uchragan tashkilotga murojaat qilmang. Tashkilotlarning saytlarida foiz stavkalari, shartlar va kerakli hujjatlar to‘g‘risida ma'lumot topishingiz mumkin. Ularni solishtiring va eng yaxshi variantni tanlang.
Bank takliflarini o‘rganayotganda, alohida shartlarga e'tibor bering. Misol uchun, ish haqi loyihasi mijozlari, ma'lum sohalar yoki mutaxassislik xodimlari uchun foiz stavkasi biroz pastroq bo‘lishi mumkin.
MMTga murojaat qilishdan oldin uning amaldagi litsenziyasi borligini tekshiring. Bu firibgarlarga duch kelmasligingizni kafolatlaydi. Mikromoliya tashkilotlarining aktual roʻyxati, ularning STIR, litsenziya raqamlari va rekvizitlari bilan Markaziy bankning saytida tanishish mumkin. Shuningdek, MB saytida lombardlarning ham shunday ro‘yxati mavjud.
Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!
Haqiqiy ortiqcha to‘lovni hisoblang
Bu nafaqat foiz, balki qoʻshimcha xarajatlar hamdir. Masalan, kreditni qaytarmaslik boʻyicha sugʻurta polisini sotib olish yoki garov sifatida xizmat qiluvchi mulkni baholash uchun. Bundan tashqari, har qanday holatda, kechiktirilgan toʻlovlar uchun jarima miqdorini oʻrganib chiqing. Kreditni toʻlash usuli qanday boʻlishiga e'tibor bering. Ikkita variant mavjud:
- differensial — bunda har oyda teng miqdor to‘lanadi va qarz bo‘yicha foizlar mikroqarzning to‘lanmagan summasi kamayishi bilan birga kamayib boradi;
- annuitet — bunda har oyda to‘lov teng qismlarda amalga oshiriladi. Kredit muddatining boshida annuitet to‘lovining katta qismi kredit bo‘yicha foizlarni to‘lashga, kichik qismi esa asosiy qarzni so‘ndirishga ketadi.
Tanlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, differensial usulni tanlagan ma'qul: annuitet bilan bir xil shartlarda u bo‘yicha yakuniy ortiqcha to‘lov kamroq bo‘ladi.
Hujjatlarni tayyorlang
Agar bankka yoki MMTga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashrif buyurib, mikroqarz olishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, avval u yerga qo‘ng‘iroq qilganingiz ma'qul. Sizga navbat kutmaslik uchun vaqt belgilashlari mumkin. Shuningdek, telefon orqali hujjatlar haqidagi ma'lumotlarni aniqlashtirish mumkin.
Muayyan bank yoki MMTda mikroqarz berish shartlariga qarab, quyidagilar kerak bo‘lishi mumkin:
- so‘nggi 12 oylik daromadlar to‘g‘risidagi guvohnoma;
- sug‘urta — mikroqarz sug‘urta polisi;
- kafilning pasporti;
- ko‘chmas mulk yoki avtomobil qiymatini baholash to‘g‘risidagi hujjatlar, avtomobil texpasporti, kvartiraga egalik to‘g‘risidagi guvohnoma;
- nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma.
Onlayn kredit olishda bank hujjatlarni onlayn tarzda qabul qiladi, ariza va shartnoma elektron shaklda tuziladi.
Mikroqarz olish uchun ariza bering
Buni ofisda yoki, bunday imkoniyat ko‘zda tutilgan bo‘lsa, onlayn tarzda amalga oshirish mumkin. Ariza formasini kredit tashkiloti taqdim etadi. Ariza tasdiqlangandan so‘ng keyingi bosqichga, ya'ni shartnoma tuzishga o‘tish mumkin.
Shartnoma tuzing
Shartnomaning barcha shartlarini diqqat bilan o‘qib chiqing. Ayniqsa, foizlar miqdori va ularni to‘lash muddati, shuningdek jarimalar bilan bog‘liq bo‘lgan bandlarni. Agar biror narsa tushunarsiz bo‘lsa, ofis menejeridan tushuntirib berishini so‘rashdan tortinmang yoki shartnoma elektron shaklda yuborilgan bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash chatiga yozing.Qarornu shu zahoti qabul qilish shart emas. Agar shubhalanayotgan bo‘lsangiz, bir-ikki kun o‘ylab ko‘ring, oilangiz bilan maslahatlashing.
MMTda shartnoma tuzish xususiyatlari
Shartnomada MMTning barcha rekvizitlari ko‘rsatilganligiga va ular Markaziy bank reestridagilarga mos kelishiga e'tibor bering.
“Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyat to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasiga ko‘ra, unda mikroqarzning barcha shartlari belgilanishi shart. Shu jumladan:
- mikroqarz summasi yoki limiti va uni o‘zgartirish tartibi;
- foiz stavkasi — oylik emas, balki yillik foizlarda ko'rsatilishi kerak, o‘zgaruvchan foiz stavkasi qo‘llanilganda, uni aniqlash tartibi belgilanishi lozim;
- mikroqarzni qaytarish muddati;
- mikroqarz to‘lovlarining soni, miqdori va davriyligi (muddatlari), shuningdek, muddatidan oldin qaytarilganda, ularning o‘zgarishi;
- mikroqarzning summasini hamda u bo‘yicha foizlarni to‘lash usuli — differensial yoki annuitet;
- mikroqarz garov sifatida mulk evaziga berilgan bo‘lsa, shartnomada garov turi va unga qo‘yiladigan talablar ko‘rsatilishi kerak;
- har ikki tomonning shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi, shu jumladan jarimalar miqdori va ularni belgilash tartibi.
Mikroqarz olgandan so‘ng, nimani yodda tutish kerak
- Iloji boricha qarzni muddatidan oldin so‘ndirishga harakat qiling. Shunday kamroq foiz to‘laysiz.
- Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar shartnoma shartlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli emas, bundan bir qator hollar mustasno. Ularga quyidagilar kiradi:
- foiz stavkasini kamaytirish;
- neustoyka yoki boshqa jarimalar miqdorini kamaytirish yoki uni to‘liq yoki qisman bekor qilish;
- basharti qarz oluvchining qarzi oshishiga olib kelmasa, shartnomaning boshqa shartlarini o‘zgartirish. Ya'ni, shartnomaga kiritilgan o‘zgartirishlar uning ahvolini faqat yaxshilashi mumkin, ammo yomonlashtirishi emas.
- Kredit tashkiloti qarz oluvchiga shartnoma shartlari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi xabarnomani va kelgusi to‘lovlar haqidagi axborotni yuborishi shart. Biroq, qonunda buni qanday amalga oshirish kerakligi aniq belgilanmagan. Shuning uchun elektron pochta va oddiy pochta qutisini tekshirish, telefonda SMS xabarlarni o‘qish, ya'ni barcha aloqa kanallaridan foydalangan ma'qul.
- Kredit tashkiloti keyingi to‘lov muddati kelganligi to‘g‘risida eslatmaydi. Kredit tarixini buzmaslik va qarzdor bo‘lib qolmaslik uchun buni o‘zingiz yodda tutishingiz kerak. Buni eng oson yo‘li — telefoningizga eslatma o‘rnatish.
- To‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, kechiktirilgan miqdori bo‘yicha jarimalar undiriladi va qarz o‘sib boradi. To‘lovlar uzoq vaqt davomida (uch oydan ortiq) amalga oshirilmagan taqdirda va mijoz qarzni qaytarishni istamasa, kredit tashkiloti sudga murojaat qilishga haqli. Bunday holda, qarz oluvchi nafaqat qarzni, balki kredit tashkilotining barcha jarimalari va sud jarayoni bilan bog‘liq xarajatlarni ham to‘lashi kerak. Ushbu summalarni so‘ndirish uchun mol-mulk xatlanishi va kimoshdi savdosiga qo‘yilishi mumkin.
- Lombardga garovga qo‘yilgan mulk o‘z vaqtida qaytarib olinmasa, lombard uni sotishga haqli. Ammo qonunga ko‘ra, lombard bir oy kutishi va shundan keyingina jarayonni boshlashi kerak. Bu oy kechiktirishning birinchi kunidan boshlab hisoblanadi.
- Qayta moliyalashtirish, ya'ni eski qarzni so‘ndirish uchun yangi mikroqarz olish mumkin emas. Mavjud kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzlar bo‘lsa, yangisini olish uchun ariza tasdiqlanmaydi.
- Mikroqarzni to‘lashda vaqtinchalik qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda va u bankdan olingan bo‘lsa, to‘lovlarni vaqtincha kechiktirish — kredit ta'tili to‘g‘risida kelishishga urinib ko‘rish mumkin. Ular bank tomonidan yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan mijozga taqdim etilishi mumkin, ammo faqat bir marta. MMTda shartnomani uzaytirish to‘g‘risida kelishib olishga harakat qilish mumkin. Ba'zan, bunday hollarda, faqat foizlarni to‘lash talab qilinadi, kreditning asosiy summasi bo‘yicha to‘lovlar esa kechiktirishni hisobga olgan holda keyingi muddatga o‘tkaziladi. Lombardda garov muddatini uzaytirish uchun o‘tgan oy foizlarni to‘lash kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, tashkilot o‘z cheklovlariga ega bo‘lishi mumkin — masalan, bunday uzaytirishlar soni bo‘yicha.
Xulosa: muammolarni oldini olish uchun mikroqarzni qanday olish kerak
- Mikroqarz olishga shoshilmang. Barcha takliflarni solishtiring va eng yaxshisini tanlang. Faqat foiz stavkasini emas, balki umumiy ortiqcha to‘lovni ham hisobga oling.
- Mikroqarz olish uchun ishonchli kredit tashkilotiga murojaat qilayotganingizga ishonch hosil qiling. MMT yoki lombard Markaziy bankning amaldagi litsenziyasiga ega ekanligini tekshiring
- Shartnomani diqqat bilan o‘qib chiqing. Mikroqarz olish shartlari, qanday to‘lovlar bo‘lishi va qanday jarimalar qo‘llanilishi mumkinligini batafsil o‘rganing. Biror narsa tushunarsiz bo‘lsa, menejerdan tushuntirib berishini so‘rang. Shubhalanayotgan bo‘lsangiz, kamida bir kun o‘ylab ko‘ring.
- Jarimalarni to‘lamaslik va kredit tarixingiz buzilmasligi uchun to‘lovlarni vaqtida amalga oshiring.
- Qarzni muddatidan oldin so‘ndirishga harakat qiling — shunda foizlar kamroq bo‘ladi.
Izoh qo‘shish
Zor tafsiya qilama