
MChJ nima: mas’uliyati cheklangan jamiyat to‘g‘risida bilish kerak bo‘lgan barcha narsalar
Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) — biznes yuritish shakllaridan biri. MChJ har qanday qonuniy faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin. MChJ nimasiz ishlay olmasligi, qanday soliqlar to‘lashi va bunday yuridik maqomda qanday hisobot topshirish kerakligini aytib beramiz.
MChJ nima
MChJ — bu foyda olish uchun tuziladigan tijorat tashkiloti. O‘zbekiston Respublikasida MChJning ikki turi mavjud:
- Mas'uliyati cheklangan jamiyat (MChJ). Bunday kompaniyada uning muassislari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulki bilan javobgar emas.
- Qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyat (QMJ). Bunday kompaniya muassislari jamiyat faoliyatidan zararlarni o‘z mol-mulki bilan qoplaydi.
MChJni kim ochishi mumkin
O‘zRda MChJni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin:
- jismoniy shaxslar — O‘zR fuqarolari yoki chet elliklar. Ishtirokchilarning umumiy soni qonun bilan cheklangan — 50 kishidan ko‘p emas;
- yuridik shaxslar — boshqa kompaniyalar, masalan, MChJ yoki aktsiyadorlik jamiyati. Yangi MChJ, agar uning tarkibida bir nechta ishtirokchi bo‘lsa, boshqa jamiyatni ta'sis qilishi mumkin. AJ uchun, aksincha, — MChJni ta'sis qilish uchun tarkibida faqat bitta aksiyador bo‘lishi kerak.
Qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga MChJ ishtirokchisi bo‘lishni taqiqlaydi.
Jamiyatning umumiy yig‘ilishi
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi — bu MChJni tashkil etadigan va boshqaradigan shaxslar guruhi, ular muassislar deb ataladi. Ular kompaniyani qanday yaratish va u qanday ishlashini hal qiladilar. MChJ joriy faoliyatini boshqa shaxs — direktor boshqaradi. U jamiyatning ijro etuvchi organi.
Jamiyat ishtirokchilari hech bo‘lmaganda bir yilda bitta yig‘ilish — navbatdagi yig‘ilish o‘tkazishlari shart. Muassislar bunday yig‘ilishlar qachon o‘tkazilishini MChJ ustavida yozib o‘tadi. Masalan, yillik yig‘ilish moliyaviy yil natijalariga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin, lekin u tugaganidan keyin olti oydan kechiktirilmagan holda. Yig‘ilishni jamiyat direktori tashkil qiladi.
Majburiy navbatdagi yig‘ilishdan tashqari, MChJ navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazishi mumkin. Buni revizorlar, kuzatuv kengashi va muassislarning o‘zlari talab qilishi mumkin. Agar bunday yig‘ilishni o‘tkazish kerak bo‘lsa, MChJ direktori uch kun davomida o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligini hal qiladi. U yig‘ilishni faqat ikkita holatda bekor qilishi mumkin: muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masalani jamiyat ishtirokchilari hal qila olmaydi, agar yig‘ilish o‘tkazilishi belgilangan qoidalarga muvofiq talab qilinmasa.
MChJ ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
Har bir muassis MChJ ishiga ta'sir o‘tkazish huquqiga ega, aynan:
- kompaniya joriy faoliyatini boshqarish;
- foyda ulushini olish;
- jamiyat kapitalida o‘z qismini sotish yoki o‘tkazish;
- boshqa ishtirochilar qarshi bo‘lsa ham, istalgan vaqtda muassislar tarkibidan chiqish;
- biznesni tugatishda kreditorlar bilan hisob-kitoblardan keyin qolgan o‘z ulushini qaytarish.
Umumiy kapital ulushi 10% dan ortiq bo‘lgan MChJ ishtirokchilari guruhi, agar ular kompaniya ustavini buzsa, boshqa muassislarni chiqarib tashlashlari mumkin. Biroq, buni sudda isbotlash kerak bo‘ladi.
Jamiyat ishtirokchilarining vazifalari ham bor:
- MChJ ustav kapitaliga o‘z ulushlarini kiritish;
- kompaniya to‘g‘risida maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilmaslik;
- ustavda ko‘rsatilgan boshqa majburiyatlar. Masalan, ishtirokchi o‘z chiqishi to‘g‘risida umumiy yig‘ilishni oldindan xabardor qilishi kerak.
MChJ ustavi
MChJ ochish uchun ta'sis hujjatlari to‘plamini to‘plashingiz kerak:
- kompaniya ustavi — bu MChJ nima ekanligi va kompaniya qanday qilib faoliyat yuritishini belgilaydigan asosiy hujjat. Ustavsiz jamiyat tuzish mumkin emas;
- agar jamiyat tarkibida ikki yoki undan ortiq ishtirokchi bo‘lsa, ta'sis shartnomasi tuziladi. Agar MChJni bitta ishtirokchi tuzgan bo‘lsa, unda ta'sis shartnomasi bo‘lmaydi.
Agar ushbu ikki hujjat o‘rtasida ziddiyatlar mavjud bo‘lsa, unda ustav asosiy hisoblanadi.
Ustavda nima bo‘lishi kerak:
- MChJ to‘liq va qisqartirilgan nomi;
- ustav kapitali miqdori, unga har bir ishtirokchi ulushlarini qanday kiritish kerak, masalan, qaysi muddatlarda, qismlarga bo‘libmi yoki birdaniga to‘liq;
- ishtirokchilar va kompaniya rahbarining qanday huquqlari bor, ularning tarkibiga kim kiradi, MChJ umumiy yig‘ilishining qanday mutlaq vakolatlari bor, masalan, qaror qabul qilish to‘g‘risida;
- jamiyat muassislari undan qanday va qanday tartibda chiqib ketishlari mumkin;
- jamiyat ishtirokchilari kompaniyadagi o‘z ulushlarini qanday sotishlari yoki o‘zgartirishlari mumkin;
- kompaniyaning haqiqiy va pochta manzili;
- foyda muassislar o‘rtasida qanday taqsimlanadi;
- jamiyatning ta'sis va uning faoliyati bilan bog‘liq boshqa hujjatlari qanday saqlanadi, boshqa shaxslar, masalan, soliq yoki sheriklar u bilan qanday tanishishlari mumkin.
Ustav kapitali
Ustav kapitali (UK) yoki ustav fondi — bu muassislar kompaniyaning umumiy kapitaliga qo‘shadigan pul summasi.
O‘zRda qonun minimal ustav kapitali miqdorini belgilamaydi. Ammo cheklovlar muayyan faoliyat turlarida bo‘lishi mumkin. Masalan, spirtli ichimliklarni ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar uchun 2024 yilda eng kam UK 1000 BRV yoki 340 million so‘mdan boshlanadi.
MChJ uchun ustav fondi asosiy vazifalari:
- obro‘- e'tiborli. UK miqdori qancha yuqori bo‘lsa, hamkorlarda bunday kompaniyaga bo‘lgan ishonch shunchalik yuqori bo‘ladi;
- kafolatli. Agar yuridik shaxs bankrot bo‘lsa, ustav kapitalidagi pullar kreditorlar bilan hisob-kitoblarga yo‘naltiriladi. Shuning uchun kapital qancha ko‘p bo‘lsa, kompaniya bankrot bo‘lmaslik ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi, aks holda esa qarzlarni to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi;
- taqsimlovchi. Har bir ishtirokchi ustav kapitalida kiritilgan ulushga mutanosib ravishda ulushga ega bo‘ladi. Masalan, kompaniyada ikkita muassis bor, biri 100 million so‘m, ikkinchisi 400 million so‘m kiritgan — kompaniya jami UK 500 million so‘m. Ko‘rinib turibdiki, birinchi muassisning ulushi 20%, ikkinchisining ulushi 80%ni tashkil qiladi. Demak, ular 20/80 daromad olishadi. UKga o‘z pullarining bir qismini bir vaqtning o‘zida emas, balki jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab bir yil mobaynida kiritish joiz.
MChJ yuridik manzili
Jamiyat ikkita manzilga ega bo‘lishi kerak: pochta va joylashuv. Bu bir xil yoki ikki xil manzil bo‘lishi mumkin. Masalan, pochta manzili muassis propiskasi yoki boshqa har qanday manzil bo‘yicha bo‘lishi mumkin. Joylashuv manzili esa biznesni yuritish joyi yoki uning boshqaruv organlari joylashgan joyi bo‘yicha bo‘lishi mumkin.
MChJ hisob raqami va muhri
Qonun chiqaruvchi hisob raqami ochish va muhr qilishni majburiy talab qilmaydi. MChJ muhrsiz ishlashi mumkin. Ammo bank hisobi bilan bunday bo‘lmaydi. Kontragentlar bilan hisob-kitoblar yoki soliqlarni to‘lash odatda naqd pulsiz amalga oshiriladi, shuning uchun bank hisob raqamini ochish kerak bo‘ladi. Qonun buni masofadan turib amalga oshirishga ruxsat beradi.
MChJ soliqlari
MChJ qanday soliqlarni to‘lashi — foyda miqdoriga va yuridik shaxs shug‘ullanadigan faoliyatga bog‘liq.
QQS
Barcha yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashi shart. Stavka — 12%.
Ammo QQS to‘lamaydigan kompaniyalar ham bor, masalan, aeroport hududidagi bojsiz savdo do‘konlari yoki xalqaro yuklarni tashish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar.
Daromad solig‘i
Barcha yuridik shaxslar to‘laydi, stavka faoliyat turiga bog‘liq — 0–20%. Masalan, uyali aloqa operatori soliqni 20% stavka bo‘yicha to‘laydi, tovarlar elektron savdosi bilan shug‘ullanadigan kompaniya esa — 7,5%.
Aylanmadan olinadigan soliq
Bunday soliqni daromadi yiliga 1 mlrd so‘mdan oshmaydigan yuridik shaxslar to‘laydi. Bu bo‘yicha stavka faoliyat turi va kompaniyaning joylashgan joyiga qarab o‘zgaradi — 0–4%.
JShODS
Yuridik shaxslar o‘z xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘laydi. Stavka — asosiy daromadlar uchun 12%. Dividendlar uchun — 10%, transport xizmatlarini taqdim etish uchun daromadlar bo‘yicha esa undan ham past — 6%.
Ijtimoiy soliq
Bu hamma uchun majburiy soliq. Stavka 4,7% dan 25% gacha o‘zgarishi mumkin — bu ish beruvchining turiga bog‘liq. Eng yuqori stavkani — 25% — budjet tashkilotlari to‘laydi.
Boshqa soliqlar
Bunday soliq to‘lovlari orasida:
- yuridik shaxs mulki bo‘lgan mol-mulk solig‘i, stavka — 0,6% dan 3% gacha. Masalan, kompaniyalar qurilishi tugallanmagan obyektlar bo‘yicha maksimal soliq 3% to‘laydi.
- agar kompaniyalar o‘z faoliyatida yer uchastkalaridan foydalansa, yer solig‘ini to‘laydi. Stavka uchastkaning joylashgan joyiga qarab shakllantiriladi va 1 gektardan hisoblanadi — 1 gektar uchun 36 dan 271 million so‘mgacha.
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq ishlatilgan suv uchun to‘lanadi. Stavka kompaniya faoliyat turiga bog‘liq va bir kubometr uchun 100 dan 34 160 so‘mgacha o‘zgaradi;
- yer osti boyliklaridan foydalanish solig‘ini foydali qazilmalarni qazib olish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar kub hajmidan 2 dan 10% gacha bo‘lgan stavka bo‘yicha to‘laydi.
MChJ hisobotlari
Yuridik shaxslar nafaqat soliq to‘lashlari, balki hisobotlarni o‘z vaqtida topshirishlari kerak.
Nol hisoboti
Agar kompaniya hisobot davrida faoliyat yuritmagan bo‘lsa, unda u nol yillik balans va nol moliyaviy hisobotni topshiradi.
Statistik hisobot
2024-yildan boshlab davlat statistik hisobotlar sonini soddalashtirdi. Prezident Qarori yuridik shaxslar topshirishi kerak bo‘lgan hisobotlar va statistik ma'lumotlar yagona ro‘yxatini tasdiqladi.
Kompaniya statistik hisobotlarining aksariyati yil oxiri bo‘yicha topshiriladi. O‘zR statistika agentligi saytida kompaniya qanday hisobot shakllarini topshirishi kerakligini bilib olish mumkin. “Interaktiv xizmatlar” menusida rahbar “Taqdim etiladigan hisobotlar ro‘yxati” bandini tanlaydi. Keyinchalik, xizmat foydalanuvchini tashkilot STIRini kiritish kerak bo‘lgan keyingi sahifaga yo‘naltiradi. Shundan so‘ng, dastur kompaniya topshirishi kerak bo‘lgan hisobotlarni ko‘rsatadi.
Buxgalteriya hisoboti
Buxgalteriya yoki moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi asosida MChJ tomonidan yuritiladi. Bunday hisobotlar topshirish muddatlarini O‘zR Moliya vazirligi belgilaydi:
- chorak hisobot — kvartal tugashidan keyingi oyning 25-kunigacha;
- yillik — keyingi yilning 15-fevraligacha.
Mikrotashkilotlar — umumiy yillik daromadi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kompaniyalar faqatgina yillik moliyaviy hisobotlarni topshiradi.
Soliq hisoboti
Yuridik shaxslar ular to‘lovchi deb hisoblangan soliqlar bo‘yicha soliqqa hisobotlarni topshiradi:
Soliq | Muddati |
QQS | Har oy hisobotdan keyingi 10-kunidan kechiktirmay |
Daromad solig‘i | Hisobot oyidan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa — 1-martgacha |
Aylanmadan olinadigan soliq | Oy yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay, yillik 15-fevraldan kechiktirmay |
Mol-mulk solig‘i | Bir yilda bir marta — 1-martgacha |
Ijtimoiy soliq | Har oyda keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa — 15-fevralgacha |
MChJ foydasini qanday chiqarish
Kompaniya foydani har xil: har chorakda, yarim yilda bir yoki yilda bir qilib chiqarishi mumkin. Olingan foydani taqsimlash to‘g‘risidagi qarorni jamiyat umumiy yig‘ilishi qabul qiladi. Ammo MChJ foydani chiqara olmaydigan holatlar mavjud:
- ishtirokchilar UKdagi ulushlarni to‘liq to‘lamagan;
- kompaniya sof aktivlar qiymati ustav fondidan kam;
- kompaniya bankrot bo‘lishi belgilari mavjud.
MChJ to‘g‘risida qisqacha
- Mas'uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) — tijorat tashkiloti bo‘lib, uning asosiy maqsadi — foyda olish. Uninng ikki turi mavjud: MChJ va QMJ — qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyat.
- Kompaniyani 50 tagacha ishtirokchi, shuningdek boshqa yuridik shaxs ochishi mumkin.
- Kompaniya ochilishidan oldin muassislar umumiy yig‘ilish o‘tkazadi va ustav tuzadi. Kompaniya faoliyati, ustav kapitalini shakllantirish va foydani taqsimlash bo‘yicha eng muhim qarorlarni ishtirokchilar umumiy yig‘ilishi qabul qiladi, shuning uchun kompaniyani hamfikrlar bilan ochish eng yaxshisidir. MChJ rahbari muassislardan biri ham begona shaxs ham bo‘lishi mumkin.
- MChJ, to‘lanadigan soliq turlariga qarab, har oy, har chorak va yil yakunlari bo‘yicha soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishi kerak.
Izoh qo‘shish