bosh sahifa / Sarflash va tejash / Monetizatsiya nima va kontentni qanday monetizatsiya qilish mumkin
Что такое монетизация и как она работает
Yangilanish sanasi: 24.07.2024

Monetizatsiya nima va kontentni qanday monetizatsiya qilish mumkin

Monetizatsiya — bu ilgari zavq uchun shug‘ullangan xobbi, ko‘nikmalar, iste’dodlar yoki onlayn faoliyatdan daromad olishning bir usuli. Maqolamizda monetizatsiya qanday ishlashini, undan kim daromad olishi va qanday to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish mumkinligini aytib beramiz.

Monetizatsiya nima

Monetizatsiya mahsulot, xizmat yoki kontentni daromad manbaiga aylantiradi.

Masalan, Asmira mazali shirinliklar pishiradi. Do‘stlari tez-tez ular uchun pishirib berishini iltimos qiladilar. Asmira qarindoshlari va tanishlari uchun bayramlarda pishirishni boshlaydi. Ular Asmiraning mahorati haqida boshqalarga aytib beradilar. Buyurtmalar soni ko‘payib, Asmira shirinliklarni buyurtma asosida pishirishga va internetda blog yuritishga qaror qiladi. Shunday qilib, zavq uchun boshlangan sevimli mashg‘ulot biznesga aylanadi va pul olib keladi — monetizatsiya shunday ishlaydi.

Monetizatsiya faqat jismoniy tovarlar bilan cheklanmaydi. Agar Asmiradan ko‘pchilik pishiriq retseptlarini so‘rasa, uni ham sotishi mumkin: pishirish bo‘yicha video darslar yozish, mahorat darslarini o‘tkazish, retseptlar to‘plamini nashr etish.

Monetizatsiyaga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak

Internetda kontent, mahsulot yoki sevimli mashg‘ulotingizdan pul ishlashni boshlashdan oldin, tayyorgarlik ko‘rish muhimdir. Bu keng tarqalgan xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka va pul ishlashni boshlashga yordam beradi.

Nima qilish kerak:

  • Maqsadli auditoriyangizni aniqlang: ularning yoshi, jinsi, qiziqishlari va joylashuvi. Ko‘pincha qanday savollar berishadi, qaysi post yoki videolar eng ko‘p ko‘rish va sharhlarni to‘plashini baholang. Obunachilar o‘rtasida muntazam so‘rovlar o‘tkazing. Auditoriyangizni qanchalik yaxshi o'rgansangiz, , shunchalik foydali mahsulot yaratasiz. Tomoshabinlar o'zlariga foyda keltiradigan narsalarni sotib olishga ko'proq tayyor. Masalan, misolimizdagi Asmiraning blogini ko'plab yangi boshlovchi qandolatchilar kuzatadi. Ularga yangi boshlanuvchilar uchun maslahatlar va oddiy mahorat darslari qiziqdir. Demak, Asmira shu auditoriyaga yo‘naltirilgan blog qurishi  va yangi boshlanuvchilarga ko‘proq o‘quv videolar olishi kerak.
  • Sifatli kontent yarating. Muntazam ravishda obunachilarning sharhlari va fikr-mulohazalarini tahlil qiling, kelgusi postlarda nima haqida bilishni xohlashlarini so‘rang. Sohangizdagi raqobatchilar nima joylashayotganini ko‘ring. Masalan, Asmira retseptlar bilan birga o‘quv kontenti va biznesini qanday boshlagani va monetizatsiyani qanday yo‘lga qo‘ygani haqidagi shaxsiy hikoyalarni joylashtirishi mumkin.
  • Auditoriyangizni oshiring. Yangi mijozlarni jalb qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalaning, boshqa bloggerlar bilan hamkorlik qiling, bepul vebinarlar o‘tkazing yoki obuna uchun sovg‘alar bering. Auditoriyangiz qanchalik katta bo‘lsa, reklama yoki savdodan pul ishlash imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.
  • Foydalanuvchilar haqida o‘ylang. Qulay veb-sayt yarating, heshteglar yordamida navigatsiya va  ma'lumot qidirishni soddalashtiring, sifatli fotosuratlar va videolar yarating. Reklama ma'lumotlarni to‘sib qo‘ymasligiga va to‘satdan paydo bo‘lishi bilan bezovta qilmasligiga ishonch hosil qiling. Shunda, foydalanuvchilar manbangizda uzoqroq ushlanib qolishadi va u bilan ishlashga tayyor bo‘ladi.
  • Turli xil to‘lov usullarini taklif qiling. Foydalanuvchi uchun to‘lash qanchalik oson bo‘lsa, u mahsulotingizni sotib olish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Masalan, pul o‘tkazishlari uchun “Kapitalbank” plastik kartasini oching.
  • Turli daromad manbalariga ega bo‘ling. Faqat bitta monetizatsiya usuliga tayanmang, turli usullarning kombinatsiyasidan foydalaning. Masalan, Asmira nafaqat shirinliklar sotadi, balki kattalar uchun kapkeykalr tayyorlash yoki bolalar uchun zanjabil pryaniklarini bezash bo‘yicha mahorat darslarini ham o‘tkazadi. Bu, daromadni yanada barqaror qilishga va agar usullardan biri to‘satdan daromad keltirmay qolsa,  xavflarni kamaytirishga yordam beradi.

Agar sevimli mashg‘ulotingizni internetda monetizatsiya qilmasangiz ham bu tavsiyalar yordam beradi. Mahsulotingiz yoki xizmatingiz kimga foydali bo‘lishini va nima uchun odamlar uzoqdan kelishlari yoki yetkazib berishni rasmiylashtirishga tayyor ekanligini tushuning. Mijozlardan messenjerlarda, ijtimoiy tarmoqlarda va elektron pochtada sharhlar yozib qoldirishlarini so‘rang, ularni o‘rganing. Tomoshabinlaringizdan ular uchun yana qanday mahsulot tayyorlashingiz mumkinligini so‘rang. To‘lovlarni naqd va karta orqali qabul qiling.

Faoliyatni qanday monetizatsiya qilish mumkin

Monetizatsiya kontent yaratadigan, xizmatlarni taklif qiladigan va sevimli mashg‘ulotidan pul ishlashni istagan har bir kishi uchun mos keladi.

Monetizatsiya turi nima bilan shug‘ullannishingizga bog‘liq:

  • Tovar yoki xizmatlarni sotish. Bu ko‘pchilik uchun mos bo‘lgan bevosita monetizatsiya usuli. Masalan, misolimizdagi Asmira shirinliklarni do‘konda sotishi, individual pishirish darslarini o‘tkazishi yoki yangi boshlanuvchi qandolatchilarni onlayn o‘qitishi mumkin.
  • Obuna. Foydalanuvchilar muntazam ravishda kontent yoki mahsulot uchun pul to‘laydilar. Bu tur ko‘pincha bloggerlar, onlayn kurs yaratuvchilari va veb-sayt egalari tomonidan qo‘llaniladi. Misol uchun, Asmira obunachilarning elektron pochtalariga har oy yangi retseptlar yuborishi mumkin.
  • Reklama. Bu monetizatsiyaning eng mashhur va eng sodda turlaridan biridir. Undan bloger va inflyuenserlardan tortib ilova ishlab chiquvchilari va frilanserlargacha foydalanadi. Sayt yoki blog mashhur bo‘lsa,  reklama joylashtirish va har bir ko‘rish yoki klik uchun daromad olish mumkin. Misol uchun, Asmira pazandalik blogiga oziq-ovqat bo‘yoqlari yoki pishiriq qoliplarini targ‘ib qiluvchi kompaniyalarni jalb etishi va ularni reklama qilishi mumkin.
  • Hamkorlik dasturlari. Daromad boshqa kompaniyalarning mahsulot yoki xizmatlarini sotishdan olinadigan komissiyalardan tushadi. Har bir kontent yaratuvchisi hamkorlik havolasidan foydalanishi mumkin. Misol uchun, Asmira video retsept yozib, unda auditoriyasiga ma'lum bir ishlab chiqaruvchining elektr pechini tavsiya qiladi. Pechni Asmira havolasi orqali sotib olsa, xaridor chegirma olishi mumkin. Asmira esa sotuvdan foiz oladi.
  • Huquqlarni litsenziyalash va sotish. Bu tur ko‘proq ijodiy shaxslar uchun mos keladi. Agar siz noyob narsa yaratsangiz, mahsulotingizdan foydalanish uchun litsenziyalarni sotishingiz mumkin. Masalan, Asmira shirinliklarini suratga olishi va fotostoklarda sotishi mumkin. Yoki restoran va qandolatchilik do‘konlariga mualliflik shirinliklari retseptini sotib olishni taklif qilishi mumkin.

Monetizatsiyadan olingan daromadni qanday qonuniylashtirish kerak

Agar sevimli mashg‘ulotingizni daromad manbaiga aylantirishga qaror qilsangiz, buni qonuniy ravishda amalga oshirish muhim — birinchi navbatda, o‘zini o‘z band qilgan shaxs yoki tadbirkorlik (YTT) sifatida ro‘yxatdan o‘tish.

Agar rejalashtirilgan faoliyat o‘zini o‘z band qilgan shaxslar uchun ruxsat etilganlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, o‘zini o‘z band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Bunday shakl oddiy soliqqa tortiladi — o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yiliga 1 BHM to‘laydi (2024-yilda 340 000 so‘m).Bunday shaklda buxgalteriya hisobi mavjud emas, lekin xodimlarni yollash ham taqiqlanadi.

Faoliyatingizni kengaytirish yoki xodimlarni yollash kerak bo‘lsa, YYT maqomi foydali bo‘lishi mumkin. Tadbirkorlar uchun ham qonun bilan belgilangan faoliyat turlari ro‘yxati mavjud. YTT  o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga qaraganda ko‘proq soliq to‘laydi va hisobot yuritadi.

Asosiysi haqida qisqacha

  • Monetizatsiya — bu jismoniy yaratgan yoki onlayn taklif qiladigan har qanday narsadan daromad olish. Bu ko‘pchilik uchun mos keladi, masalan, blogerlar, ishlab chiquvchilar, onlayn kurs o‘qituvchilari.
  • Kontentni monetizatsiya qilishning ko‘plab usullari mavjud: mahsulotlarni sotish, pullik obunalarni taklif qilish, reklamalar joylashtirish yoki hamkorlik dasturlarida ishtirok etish. Asosiysi, sizga va auditoriyangizga mos keladigan usulni tanlash.
  • Muvaffaqiyatli monetizatsiya qilish uchun maqsadli auditoriyangiz kimligini va uning qiziqishlarini bilishingiz kerak. Shuningdek, e'tiborni jalb qilishi va auditoriyangiz uzoq vaqt davomida sizni kuzatishi uchun foydali kontent yaratishingiz kerak. Texnik tomon haqida unutmang: resurs kompyuter yoki smartfonda yaxshi ishlashi va foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lishi kerak.
  • Muvaffaqiyatli monetizatsiya qilish uchun vaqt va sabr talab qilinishini unutmang. Daromad keltiradigan strategiyani topishdan oldin bir nechta strategiyalarni sinab ko‘rishingiz kerak bo‘lishi mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments