
Ish haqi kartasi: foydalanuvchilar nimani bilishi kerak
Ish haqi kartasining xususiyatlari nimalardan iboratligi va ishdan bo‘shagandan keyin uni nima qilish kerakligini ko‘rib chiqamiz.
Aksariyat ish beruvchilar xodimlarning ish haqini bank kartasiga to'lashni afzal ko'rishadi. Bu kompaniya uchun ham, xodim uchun ham qulay. Mehnat shartnomasi bo'yicha pul mablag'lari olinadigan karta ish haqi kartasi deb ataladi. U maxsus xizmat shartlariga ega va o'z egasiga ba'zi imtiyozlar yaratadi. Bugun ish haqi kartasi nima ekanligini, shuningdek uning afzalliklari va kamchiliklarini tahlil qilamiz.
Ish haqi kartasi o‘zi nima
Ish haqi kartasi — bu alohida maqom va xizmat ko'rsatish shartlariga ega debet karta hisoblanadi. Kartaning chiqarilishi ish beruvchi va ma'lum bir bank o'rtasidagi, ish haqi loyihasi doirasidagi erishilgan kelishuv natijasida yuzaga keladi. Odatda, ish beruvchi bitta bank bilan ish haqi bo'yicha bank shartnomasini imzolaydi.
Kartani chiqarish uchun ish beruvchining o'zi ariza beradi, xodimdan hech qanday harakat talab etilmaydi. Kompaniya kartani chiqarish va saqlash uchun barcha xarajatlarni amalga oshiradi — xodim uchun mutlaqo bepul bo'ladi.
Karta nol balans bilan chiqariladi. Ish beruvchi unga xodimga tegishli barcha to'lovlarni o'tkazadi – ish haqi, ta'til puli, kasallik ta'tilli, ishdan bo'shash vaqtidagi va boshqa barcha to'lovlar.
Ish jarayonida ish haqi kartasi debet kartasidan farq qilmaydi – uning egasi bir xil funksiyalar va imkoniyatlarga ega. Karta ish haqi kartasi sifatida chiqarilganligini ko'rsatadigan eslatma faqat uni chiqargan bankning ma'lumotlar bazalarida bo‘ladi.
Bank kartasi qanday ishlaydi: miridan sirigacha ekspert bilan ko'rib chiqamiz
Ish haqi kartasi debet kartasidan nimasi bilan farq qiladi?
Ko‘pchilik bank mijozlari oddiy debet va ish haqi kartalarini bir-biridan farqlay olmaydilar. Ular butunlay bir xil deb o'ylashadi. Ammo aslida unday emas. Debet karta va ish haqi kartasi o'rtasidagi asosiy farqlarni ko'rib chiqamiz.
Asosiy farq shundaki, mehnat shartnomasi bo‘lmay turib, ish haqi kartasini chiqarishning ilojisi yo‘q. Shuningdek, ish haqi kartalari voyaga yetmagan fuqarolarga berilmaydi – debet kartasini esa hatto bola ham ma'lum yoshga etganidan so'ng olishi mumkin.
Mijoz debet kartasini ro'yxatdan o'tkazishda uning barcha parametrlarini tanlash huquqiga ega – bank, to'lov tizimi va boshqa qo'shimcha funksiyalarni. Shu bilan birga, ish haqi kartasi uchun barcha shartlar ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
To'ldirish usuli ham farq qiladi. Debet kartaga karta egasining o'zi barcha mablag'larni o'tkazadi. Ish haqi kartasining hisob raqamini to‘ldirishning asosiy usuli esa ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlarni o‘tkazishdir. Shu bilan birga, karta egasi ham o'z mablag'larini ish haqi kartasiga o'tkazishi mumkin.
Ish haqi kartasining afzalliklari
Ish haqi kartasining afzalliklarini qisqacha sanab o'tamiz.
Brinchidan, ish haqi kartasi egasi uchun kartani chiqarish va unga xizmat ko'rsatish mutlaqo bepul bo'ladi, ba'zi banklar esa oddiy debet kartasini chiqarish va unga xizmat ko'rsatish uchun komissiya oladi. Agar ish haqi kartasining amal qilish muddati tugasa, karta egasidan to‘lov olinmagan holda qayta chiqariladi.
Ikkinchidan, banklar ish haqi kartalari egalari uchun maxsus shartlarni taklif qiladi – masalan, yanada jozibador kredit stavkasi va hamkor do'konlarda qo'shimcha chegirmalar. Bundan tashqari, bank ish haqi kartalariga yuqori baho beradi va egasini ishonchli mijoz deb hisoblaydi.
Bank kredit va ipoteka uchun ariza berishda qo'shimcha hujjatlarni talab qilishi shart bo‘lmaydi, chunki u mijozning daromadidan xabardor bo'ladi. Bundan tashqari, ish haqi kartasiga ega mijozlarning moliyaviy mahsulotlar uchun berilgan arizalarni ko'rib chiqish muddati qisqaroq bo‘ladi.
Bank shuningdek, ish haqi kartasi egasiga bankomatlar va filiallar orqali naqd pul olish uchun maxsus shartlarni taklif etishi mumkin – ya'ni limitni sezilarli darajada oshirishi yoki komissiyani butunlay yo'q qilishi.
Ish haqi kartasining kamchiliklari
Shu bilan birga, ish haqi kartasi egasi uchun noqulay bo'lishi mumkin bo'lgan kamchiliklar ham yo‘q emas. Ish beruvchi kompaniya o'z xodimlariga ish haqi kartalarini chiqarish to'g'risida qaror qabul qilganligi sababli, kartaning barcha parametrlari xodimning xohishidan kelib chiqilmaydi. Misol uchun to'lov tizimi va karta darajasi. Ba'zi ish beruvchilar pulni tejashni va eng past darajadagi ish haqi kartalarini chiqarishni afzal ko'rishadi — Visa Electron va Maestro. Bu karta egasining moliyaviy harakatlarini sezilarli darajada cheklaydi — onlayn xaridlarni amalga oshirish yoki komissiyasiz naqd pul olish imkonini bermaydi.
Shuningdek, kompaniya bo‘linmalari va bankomatlari soni juda cheklangan bank bilan maoshli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzishi mumkin. Bunday holda, xodim naqd pul olishda muammolarga duch kelishi mumkin.
Ko‘pchilik banklar ish haqi kartasiga avtomatik ravishda overdraft xizmati – operatsiyalarni bajarishda minusga kirish imkoniyatini ulaydi. Ba'zan bu funksiya karta egasi uchun foydali bo'lishi mumkin – masalan, xarid uchun shaxsiy mablag'lar yetarli bo'lmagan taqdirda. Lekin har qanday holatda ham, bank limitdan oshib ketgan mablag'larni qaytarishni talab qiladi va ulardan foydalanganlik uchun foizlar ham undiradi. Agar o'z vaqtida qaytarmasangiz, qarzga botib, kredit tarixingizni buzishingiz mumkin.
Ishdan bo'shatilgandan keyin, ish haqi kartasini nima qilish kerak
Ishdan bo'shatilgandan keyin xodimlar orasida keng tarqalgan savol – ularning ish haqi kartasiga nima bo'ladi? Uni topshirib yuborish kerakmi yoki o‘zida qoldirish mumkinmi?
Ishdan bo'shatilgandan so'ng, ish haqi kartasidan voz kechish va bank hisobini yopish shart emas. Mijoz ish haqi shartnomasida ishtirok etishni to'xtatgandan so'ng, bank ish haqi kartasini oddiy debet kartasi holatiga o'tkazadi. Bank hisobingizni va kartangizni yopishingizni talab qilmaydi.
Ish beruvchi bankni xodimning ishdan bo'shatilganligi to'g'risida xabardor qilishi mumkin – bunda karta maqomi darhol o'zgartiriladi — yoki hech qanday chora ko'rmasligi mumkin. Bunday holda, karta egasiga bepul xizmat ko'rsatish va maxsus shartlar mavjudligicha qoladi.
Ishdan bo'shatilgandan so'ng, albatta, kartaning xizmat ko'rsatish shartlarini diqqat bilan o'rganib chiqing. Agar kartaga xizmat ko'rsatish uchun komissiya mavjud bo'lsa, unda mehnat shartnomasi tugagandan so'ng, barcha xarajatlar karta egasiga tushadi.
Agar sobiq xodim endi kartadan foydalanmasa, lekin xizmat haqi uning hisobidan yechib olinsa, ayniqsa yoqimsiz holat bo'ladi.
Agar karta kerak bo'lmasa, ariza bilan bank filialiga hisobni yopish bo‘yicha murojaat qilishingiz mumkin.
Izoh qo‘shish