
Sodda qilib aytganda investitsiya nima va sarmoya kiritishni qanday boshlash kerak
Investitsiya — bu ma’lum vaqt: oy, chorak, yil yoki bir necha yildan keyin foyda olish maqsadida pul tikish. Investitsiyalar bilan minimal kapitalga ega endi boshlagan odam ham, tajribali tadbirkor ham shug‘ullanishi mumkin. Turli aktivlarga, masalan, bank mahsulotlari, qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulkka sarmoya kiritsa bo‘ladi. Investitsiya nima uchun kerakligini va endi boshlaganlar undan qanday qilib pul ishlashi mumkinligini aytib beramiz.
Nima uchun investitsiya qilish kerak
Investitsiya qilishning asosiy afzalliklarini ko‘rib chiqamiz.
Jamg‘armalarni inflyatsiyadan himoya qilish. Inflyatsiya — bu narxlar darajasining doimiy o‘sishi. Agar kapitalni hech qayerga investitsiya qilinmasa, u har yili qadrsizlanib boradi. Masalan, bir yil oldin 1 litr sutni 7500 so‘mga sotib olish mumkin edi, bu yil esa xuddi shu sut 8000 so‘mga teng. Ya'ni, bir xil miqdordagi pulga har yili tobora kamroq tovarlar sotib olish mumkin. Inflyatsiya qanchalik yuqori bo‘lsa, pulning qadri tezroq tushadi. Lekin mablag‘ni investitsiya qilib, daromad olsangiz, unda foyda kapitalning mumkin bo‘lgan qadrsizlanishini qoplaydi.
Kapitalni oshirish. Investitsiya — bu kapitalni ko‘paytirish usuli. Daromadli aktivlarga kiritilgan pullar boshlang‘ich kapitalni oshiradi. Masalan, siz 1 million so‘mga qimmatli qog‘ozlar sotib oldingiz. Bir yil o‘tgach, qimmatli qog‘ozlar narxi 20% ga oshdi. Ularni sotib, 1 200 000 so‘m oldingiz. Demak, boshlang‘ich kapitalingiz 200 000 so‘mga oshdi.
Passiv daromad olish. Passiv daromad — bu investorning faol ishlamay turib oladigan daromadi. Masalan, siz kompaniya aksiyalarini sotib oldingiz. Ushbu aksiyalarga egalik qilganingiz uchun sizga mukofot — dividendlar beriladi. Hisobot davri oxirida siz aksiyalarini sotib olgan kompaniya barcha aktiv egalariga dividendlar to‘laydi. Ya'ni, bir marta aksiyalarni sotib olasiz va foyda olish uchun ishlamay, shunchaki kapitalni investitsiya qilishdan daromad olasiz.
Shuni unutmaslik kerakki, aksiyalarga investitsiya qilishning o‘ziga yarasha xavflari bo‘ladi. Bu xavflarni kamaytirish uchun investorlar quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:
- Portfelni diversifikatsiya qilish. Turli kompaniyalar va tarmoqlarning aksiyalariga investitsiya qilish bitta aksiyaning qiymati pasayishining umumiy portfelga ta'sirini kamaytirishi mumkin.
- Tahlil o'tkazish: kompaniyalarning va umuman bozorning moliyaviy holatini to'liq tahlil qilish yanada oqilona investitsiya qarorlarini qabul qilishga yordam beradi.
- Uzoq muddatli strategiyaga rioya qilish: Uzoq muddatli investitsiya bozordagi vaqtinchalik tebranishlarni yumshatishga yordam beradi.
Muhim joyi: dividendlarni to'lash ma'lum bir kompaniyaning siyosatiga bog'liq. Ba'zi kompaniyalar dividendlarni muntazam ravishda to'laydilar, boshqalari esa umuman dividendlar to'lamasliklari yoki muntazam ravishda to'lamasligi mumkin. Pulni investitsiya qilishni boshlashdan oldin bu haqda bilib qo‘yish kerak.
Xatarlarni taqsimlash. Bitta investitsiyada barcha kapitalni yo‘qotmaslik uchun uni turli aktivlarga tikish oqilona bo‘ladi, masalan, kvartira sotib olish va depozitga qo‘yish. Agar ko'chmas mulk narxi tushib ketsa, bank depozitidan kafolatlangan foyda kapitaldagi yo‘qotishning bir qismini qoplaydi. Masalan, “Kapitalbank” yiliga 26 foizgacha foyda keltiradigan omonatlarni taklif qiladi. Bank yopilgan taqdirda ham omonatchilarning zararini davlat qoplaydi.
Kim investor bo‘lishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasida har kim investitsiyalar bilan shug‘ullanishi mumkin:
- jismoniy yoki yuridik shaxs;
- O‘zR fuqarosi, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs.
O‘zR fuqarosi nafaqat o‘z davlatida, balki boshqa mamlakatlarda, masalan, Rossiya yoki AQShda ham investitsiyalar bilan shug‘ullanishi mumkin.
Qayerga sarmoya kiritish mumkin
Endi boshlagan investor quyidagi investitsiya variantlarini ko‘rib chiqishi mumkin.
Bank omonati
Bu eng oddiy va ishonchli variant. Investitsiya qilish uchun shunchaki bankni tanlash, shartnoma tuzish va hisob raqamiga pul kiritish kifoya. Shartnomaning amal qilish muddati oxirida esa hisoblangan foizlar bilan birga kiritilgan mablag‘larni qaytarib olish yoki yangi omonat ochish kerak. Depozitda pullarni foyda bilan qanday saqlash kerakligini “Murakkab foiz nima – oddiygina qilib tushuntiramiz: formula va hisob-kitoblari” maqolasida aytib berganmiz.
Masalan, Farrux 2023-yilda yillik 20% stavkada depozitga 1 million so‘m qo‘ydi. 2024-yilda depozit bo‘yicha 1 000 000 x 20% = 200 000 so‘m daromad oldi. Dastlab Farux million sarmoya kiritdi va bir yildan so‘ng hech qanday harakatsiz yana 200 ming so‘m oldi – bank depoziti shunday ishlaydi.
Ko‘chmas mulk
Ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish klassik investitsiya hisoblanadi. Biroq bu holda, katta boshlang‘ich kapital talab qilinadi. Masalan, Toshkent shahridan bir xonali kvartira sotib olish uchun 200–400 million so‘m kerak.
Ko'chmas mulkka investitsiya qilishning yana bir varianti — imorat quruvchining aksiyalarini sotib olish va dividendlar olishdir.
PIFlar
Pay investitsiya fondi (PIF) boshqaruv kompaniyalari tomonidan tashkil etiladi. Ular bank aksiyalari va metallurgiya kabi turli xil vositalardan investitsiya portfelini yig‘adilar. So‘ng bu portfelni qismlarga (paylarga) bo‘lib sotadilar. Investorlar ushbu portfeldan sotib olgan ulushlariga ko‘ra foyda oladilar.
Qimmatli qog‘ozlar
Aksiyalar — bu “Toshkent” Respublika fond birjasida sotiladigan eng tanish va keng tarqalgan vositadir. Ular yordamida ikki yo‘l bilan daromad olish mumkin: narx farqi yoki dividendlardan.
Masalan, 2024-yil 13-martda investor “Kvarts” kompaniyasining 1 dona qimmatli qog‘ozi uchun 1 621 so‘m bo‘yicha 100 ta aksiyasini 162 100 so‘mga sotib oldi. 9-aprelda esa kotirovkalar har bir aksiya uchun 1700 so‘mga yetganida yoki 170 000 so‘mga ularni sotdi. Natijada investor farqdan 7900 so‘m foyda ko‘rdi.
Dividendlar — investor aksiyalarga egalik qilganligi uchun oladigan mukofotidir. Kompaniya belgilangan muddat oxirida aksiyadorlarga foyda to‘laydi. Ularning har biri sotib olingan aksiyalar soniga mutanosib ravishda mablag‘larning ulushini oladi. Dividendlar miqdori har doim turlicha. Agar kompaniya daromad ko‘rmasdan davrni yopsa, dividendlar to‘lanmaydi.
Qimmatbaho metallar
Oltin har doim barqaror aktiv hisoblangan. Unga turli yo‘llar bilan sarmoya kiritish mumkin: oltin qazib oluvchi kompaniyalarning aksiyalarini yoki oltin quymalarini sotib olish orqali. O‘zR Markaziy banki 2020-yil noyabr oyidan oltinni quyma orqali sotishni boshladi. O‘zbekistondagi ko‘plab yirik banklari oltin quymalarini sotib olishni taklif qiladi.
Valyuta
Chet el valyutasiga pul kiritish universal investitsiyalar hisoblanadi. Odatda, investorlar yevro yoki dollarni, oxirgi vaqtda esa Xitoy yuanini tanlamoqdalar. Valyutani bank filiallarida sotib olgan ishonchliroq, ammo bundan oldin esa narxlarni solishtirgan ma'qul — ular turli banklarda ancha farq qilishi mumkin.
Investitsiya turlari
Investitsiyaning har xil turlari bor: ba'zilari qisqa vaqt ichida — bir necha oyda yuqori daromad keltiradi, boshqalari esa faqat 1-2 yildan keyin foyda keltiradi. Investitsiyalar qanday parametrlarga ko‘ra bo‘linishini ko‘rib chiqamiz.
Xavf darajasiga ko‘ra
Investor tomonidan sotib olingan barcha qimmatli qog‘ozlar yig‘indisi investitsiya portfeli deb ataladi.
Portfellarni bir necha turlarga bo‘lish mumkin:
- konservativ — bunday investitsiya egasi daromad keltirishi kafolatlangan, masalan, bank omonatlari kabi tasdiqlangan va barqaror vositalar bilan ishlashni afzal ko‘radi;
- o‘rtacha — xavf darajasi o‘rtacha, qimmatli qog‘ozlar bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarzda yig‘iladi: ba'zi aktivlar arzonlashganda, boshqalarining narxi aksincha, oshadi va yo‘qotishni qoplaydi;
- agressiv — bunday investitsiyalar eng yuqori xavfga ega, ammo mumkin bo‘lgan foyda ham yuqori bo‘lishi mumkin. Masalan, birjaga endigina chiqqan kompaniyalar aksiyalari. Ularning narxi keskin ko‘tarilishi ham, tushib ketishi ham mumkin.
Investitsiya muddatiga ko‘ra
Investitsiyalar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
- qisqa muddatli — bir yilgacha. Bu olti oylik bank omonati yoki investor bir yil ichida sotadigan aksiyalar bo‘lishi mumkin.
- o‘rta muddatli — 1–5 yil. Bunday muddatga qimmatli qog‘ozlar kapitalni saqlash va ko‘paytirish maqsadida sotib olinadi.
- uzoq muddatli — 3–5 yil va undan yuqori. Bunday muddatga keyinchalik, masalan, ijaraga berish uchun ko‘chmas mulkka sarmoya kiritiladi.
Investitsiya obyektlariga ko‘ra
Investor sotib olayotgan obyektiga qarab, investitsiyalar quyidagilarga bo‘linadi:
- real — moddiy yoki jismoniy buyumlarga investitsiya qilish, masalan, tijorat ko‘chmas mulk yoki oltin quymalarini sotib olish;
- moliyaviy — moliya bilan bog‘liq har qanday operatsiyalar, masalan, aksiya yoki obligatsiyalarni sotib olish, bank depoziti;
- moliyaviy bo‘lmagan — har qanday texnologiya yoki ilmiy ishlanmalarga investitsiya qilish, patentni ro‘yxatdan o‘tkazish;
- venchur — muntazam ravishda daromad olish yoki kompaniya narxi ko‘tarilganda ulushni sotish uchun investorning pullarini boshlang‘ich biznesga investitsiya qilish.
Investitsiya daromadliligi va xatarlar
Investitsiyalar ikkita asosiy qonuniyatga ega:
- Xatar qanchalik past bo‘lsa, daromad ham shunchalik past bo‘ladi.
- Xatar qanchalik yuqori bo‘lsa, daromad ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Masalan, bank omonatlari eng past xatarli investitsiya hisoblanadi. Bank tugatilgan taqdirda ham omonatchiga pulni davlat qaytarib beradi. Ammo omonat bo‘yicha daromad o‘rtacha 20% ni tashkil qiladi.
Xuddi shu pulni aksiyalarga investitsiya qilish mumkin. Zararlarni qaytarish kafolatlari va minimal daromadlilik yo‘q. Bunday aktivdan daromad olish uchun fond bozorini tahlil qilish va uning ishini tushunish kerak.
Investitsiyalardan olinadigan daromad solig‘i
Soliqlar investitsiya qilingan aktivga bog‘liq. Agar investor fond birjasida savdo qilsa, bitim summasining 0,01% miqdorida yig‘im to‘laydi. U g‘aznaga soliqni o‘zi o‘tkazmaydi, o‘rniga investor va fond bozori o‘rtasidagi vositachi, ya'ni broker amalga oshiradi. U soliq agenti deb ham ataladi.
Investor, shuningdek, aksiyalardan olingan dividendlar bo‘yicha soliq to‘laydi. O‘zR rezidentlari uchun 5% va norezidentlari uchun 10% stavka bo‘yicha. 2024-yilda imtiyozlar mavjud: davlat yil oxirigacha investorlarni aksiyalardan olingan dividendlar bo‘yicha soliq to‘lashdan ozod qildi.
Agar investor ko'chmas mulkni ijaraga berish orqali daromad olsa, olingan daromad summasining 12% miqdorida JShDS va obyekt qiymatining 1,5% miqdorida mulk solig‘ini to‘laydi.
Yangi boshlagan odam qanday xavfsiz investitsiya qilishi mumkin
Foydali investitsiya qilish uchun quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
- Qarzga olingan pulni emas, erkin mablagʻlarni investitsiya qilish. Har qanday investitsiyaning xatari bor, agar daromad bo‘lmasa, qarzni shaxsiy mablag‘lar bilan to‘lash kerak bo‘ladi.
- Barcha jamgʻarmalarni investitsiya qilmaslik. Boshlangʻich summadan tashqari, har doim moliyaviy yostiqcha — masalan, investor ishidan ayrilgan taqdirda kerak boʻladigan mablagʻlar boʻlishi kerak. Bunday jamgʻarmalar joriy hisoblar va majburiyatlarni toʻlashga yordam beradi.
- Doimo o‘rganish. Investitsiyalar nima ekanligini va qanday ishlashini tushunmasdan, muvaffaqiyatli investitsiya qilish qiyin. Bu, ayniqsa, fond bozori aktivlari: aksiyalar, obligatsiyalar va boshqalar uchun juda muhimdir.
- Investitsiyalar uchun tushunarli va xavfi past bo‘lgan vositalarni tanlash. Yangi boshlovchi investor birinchi eng konservativ vositaga — bank omonatiga sarmoya kiritgani ma'qul. Boshqa vositalarni o‘rgangani sayin, aksiyalar bilan ishlashni boshlashi mumkin. Keyinchalik, kapital o‘sib, ko‘chmas mulk sotib olishga yetarli bo‘lganda, bunday investitsiyalar bilan ishlash variantlarini ham ko‘rib chiqishi mumkin.
- Hamma pullarni bitta vositaga tikmaslik. Investitsiyalarni turli xil aktivlarga taqsimlash kerak — bu portfelni diversifikatsiya qilish deb ataladi. Masalan, kapitalning bir qismini aksiyalar sotib olishga sarflash, ikkinchisini esa depozitga qo‘yish mumkin.
Izoh qo‘shish