bosh sahifa / Sarflash va tejash / Pul juda zarur bo‘lganda, qayerdan qarz olgan yaxshiroq
Yangilanish sanasi: 19.08.2024

Pul juda zarur bo‘lganda, qayerdan qarz olgan yaxshiroq

Deyarli barcha pul juda zarur vaqtda ular yo‘q bo‘lgan yoki yetishmagan vaziyatga duch kelgan. Muammoni qanday hal qilishni aytib beramiz.

Temurning sovutgichi buzilib qoldi, usta uni ta'mirlab bo‘lmasligini aytdi – yangisini sotib olishi kerak. Biroq, bunday rejalashtirilmagan xarid uchun pul yo‘q: Timur va uning rafiqasi bu oyda do‘stlari va qarindoshlariga Yangi yil sovg‘alarini sotib olish uchun ko‘p pul sarflashdi. Yaxshi sovutgich kamida 10-11 million so‘m turadi, maosh esa yaqin orada berilmaydi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak?

Zudlik bilan pul kerak bo‘lsa, nima qilish kerak: qayerdan qarz olish mumkin 

Bularning barchasi qancha miqdorda, qanday maqsadda va qanchalik shoshilinch zarurligiga bog‘liq. Agar gap odatdagi maishiy xarajatlar (oziq-ovqat va boshqalar) va maoshgacha bir necha kun yetkazib turish kerakligi haqida bo‘lsa, bu bir vaziyat. Ammo Temurda bo‘lgani kabi vaziyat yuzaga kelgan bo‘lsa — katta maishiy texnika buzilib qoldi yoki avtomobilni zudlik bilan ta'mirlash zarur yoxud tezlik bilan qimmat davolanish uchun pul to‘lash kerak va shunga o‘xshash holatlarda gap katta miqdorlar haqida boryapti. Qanday variantlar mavjud:

  • bankdan kredit olish;
  • mikroqarz olish;
  • ba'zi ko‘char mulkni (masalan, zargarlik buyumlari, maishiy yoki ofis jihozlari) garovga qo‘yib, lombarddan pul olish;
  • do‘stlar yoki qarindoshlardan qarz so‘rash.

Har bir variantning ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘rib chiqamiz va qaysi holatlarda qay biri yaxshiroq bo‘lishini aniqlaymiz..

Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!

Qo‘shilish

Bank krediti

Katta miqdor kerak bo‘lsa, ushbu variant mos kelishi mumkin. Banklarda iste'mol kreditini olish mumkin (masalan, o‘sha sovutgich va boshqa maishiy texnika sotib olish uchun). Bugungi kunda o‘rtacha stavka 26-27% ni tashkil qiladi. Bu kredit muddati, miqdori, kredit ta'minotiga bog‘liq. Shuningdek, O‘zbekiston banklarida ta‘lim yoki avtokredit olish mumkin.

Biroq, pul zudlik bilan, deyarli ertaga kerak bo‘lsa, unda bu variant to‘g‘ri kelmaydi. Ishdan daromatlar haqida ma'lumotnoma taqdim etish, kafillar topish kerak bo‘ladi, bank boshqa kredit ta'minotini talab qilishi mumkin (masalan, mulk garovi), ariza ma'qullanishini kutish kerak. Bularning barchasi vaqt talab etadi

Bundan tashqari, iste'mol kreditlari ma'lum maqsadlar uchun - tovarlar yoki xizmatlar uchun beriladi. 2023 yildan boshlab u nafaqat mahalliy, balki import qilinadigan tovarlarga ham berilishi mumkin. Biroq, siz naqd pulni olmaysiz. Bank mablag‘larni ishlab chiqaruvchi, ularni sotuvchi yuridik yoki jismoniy shaxsning hisob raqamiga o‘tkazadi. Shu kabi qoidalar ta'lim va avtokreditlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Mikroqarz

Aslida, bu ham kredit, ammo har qanday maqsadlar uchun, nisbatan kichik miqdorga va oddiy kreditga qaraganda qisqaroq muddatga beriladi. Mikroqarzlar banklar, mikromoliya tashkilotlari (MMT) va lombardlar (ular haqida alohida gaplashamiz) tomonidan berilishi mumkin. Berish shartlari miqdor, qarz oluvchining kredit tarixi va moliyaviy holatiga bog‘liq. Ammo, odatda, mikroqarzni bankdan iste'mol kreditini olishga qaraganda tez, ariza berilgan kuni va  kamroq hujjatlar bilan olishingiz mumkin.

Ba'zi hollarda (masalan, katta miqdor kerak bo‘lsa yoki qarz oluvchining salbiy kredit tarixi bo‘lsa), biror qimmatli mulk yoki kafolat ko‘rinishida mikroqarz ta'minoti kerak bo‘lishi mumkin. Agar ijobiy kredit tarixi, doimiy ish joy mavjud bo‘lsa va kichik miqdor kerak bo‘lsa, unda mikroqarzni minimal hujjatlar to‘plami, masalan, pasport va sug‘urta polisi bilan olish mumkin. Mikroqarzni kartada ham, naqd pulda ham olish mumkin (turli kredit tashkilotlarida turli shartlar bo‘lishi mumkin).

Jismoniy shaxslar uchun MMT berishi mumkin bo‘lgan maksimal qarz miqdori 50 million so‘mni tashkil qiladi. Mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari iste'mol va boshqa kreditlarga nisbatan yuqori. O‘rtacha, ular 35% dan boshlanadi. Bunday qarz, kredit kabi, muddatidan oldin to‘lanishi mumkin, MMTga muddatidan oldin to‘lash uchun jarima undirish taqiqlanadi.

Shartnomani diqqat bilan o‘qib chiqish va mikroqarz olishdan oldin tashkilotning ishonchliligiga amin bo‘lish muhimdir.

Mikroqarzlar bozorida faoliyat yurituvchi kompaniyalar roʻyxati bilan Markaziy bank veb-saytida tanishish mumkin. Shuningdek, regulyatorning veb-saytida ularning soliq identifikatsiya raqami va litsenziya raqamini  tekshirish mumkin (uning amalda bo‘lishi muhim).

Shuni yodda tutingki, MMT tomonidan ilgar olingan mikroqarzlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarga ega bo‘lgan shaxslarga kreditlar berish taqiqlangan. Shuningdek, shaxsning qarz yuki (qarz oluvchining kreditlar yoki mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlarining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati) 50% dan oshmasligi kerak.

Lombard

Bunday holda, qarz ta'minoti sifatida lombardga olib kelingan qimmatli mol-mulk hisoblanadi. U yerda ular baholanadi (bu bepul xizmatdir) va shu miqdor doirasida shartnoma tuzilganidan so‘ng pulni —  naqd yoki kartada olish mumkin. Garovga quyidagilar qo‘yilishi mumkin:

  • tilla zargarlik buyumlari-sirg‘alar, marjonlar, bilaguzuklar, uzuklar va boshqalar;
  • antiqa buyumlar;
  • kumush idishlar;
  • maishiy texnika;
  • turli xil raqamli ofis jihozlari — kompyuter, noutbuk va boshqalar.

Turli xil lombardlarda garov evaziga nimani qabul qilishlari va nima qilmasliklari qoidalari farq qilishi mumkin. Ba'zilar faqat ma'lum bir probadagi tillani olishadi.

Garovga qo‘yilgan buyumni qaytarib olish uchun olingan qarz miqdorini va foizlarni lombardga qaytarishingiz kerak bo‘ladi. Shartlar ikki nusxada tuzilgan shartnomada, garov chiptasida va kredit kvitansiyasida ko‘rsatilgan.

Ushbu variantning afzalligi shundaki, pulni bir necha daqiqada, kafillarni qidirmasdan, ma'lumotnomalar va turli xil qo‘shimcha hujjatlarni to‘plamasdan olish mumkin. Faqat pasport kerak bo‘ladi va soliq identifikatsiya raqam talab qilinishi mumkin. Ammo lombardda tilla yoki boshqa buyumlar baholanadigan miqdor siz to‘lagan miqdordan ancha past bo‘lishini hisobga olin..

Lombardlardagi mikroqarzlarning asosiy kamchiligi yuqori foizdir. Oylik kredit stavkasi qarz miqdoriga bog‘liq. O‘rtacha, u 8% dan boshlanadi. Shunday qilib, yillik stavka taxminan 100% yoki undan ham ko‘proq bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu variant qarz bir necha kunga kerak bo‘lsa, mos keladi.

Lombardlar qarzlarni qisqa muddatga berishadi - odatda 30-90 kun, kechiktirilgan har bir kun uchun jarima undiriladi. Qarz  berishda mikromoliya tashkilotlariga  maksimal qarz yuki bo‘yicha  qo‘yilgan qoidalari qo‘llaniladi.

MTTdan qarz olishda bo‘lgani kabi, ishonchli tashkilot bilan bog‘lanish muhimdir. Markaziy bankning sayti orqali litsenziya va boshqa tegishli maʼlumotlarni tekshirish, shuningdek, lombardlar roʻyxati bilan tanishish mumkin.

Do‘stlar yoki qarindoshlardan qarz olish.

Agar uyda hamyoningiz ham,  bank kartangizni ham unutgan bo‘lsangiz, unda tushliksiz qolmaslik va kechqurun rejalashtirilganingizdek uyga oziq-ovqat sotib olish uchun  hamkasblaringizdan ertagacha qarz olishingiz mumkin. Yoki maosh olishdan bir necha kun avval do‘stingiz, qarindoshingiz yoki hamkasbingizdan kichik miqdorni so‘rab turishingiz mumkin.

Asosiysi, qarzni o‘z vaqtida qaytarish —  bu odat bo‘lib qolmasligidir. Hatto eng yaxshi do‘stlar va mehribon qarindoshlar ham, doimiy ravishda pul so‘rasangiz (hatto o‘z vaqtida qaytarib bersangiz ham) vaqt o‘tishi bilan zardalanadilar. Munosabatlar yomonlashishi mumkin. Shuningdek, doimo rad javobini eshitishga  tayyor bo‘lish kerak. Insonning puli bo‘lmasligi yoki qarz berishni xohlamasligi mumkin. Kerak bo‘lgan miqdor qanchalik katta bo‘lsa, uni qarzga berishni istaganlar bo‘lmasligi xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi.

Har ehtimolga qarshi, qarz olganingiz va keyin uni qaytarib berganligingiz haqida hujjatli dalillar bo‘lgani yaxshiroqdir. Eng ishonchli variant - bankdan kerakli miqdorni onlayn o‘tkazma orqali kartangizga o‘tkazishni so‘rash va keyin uni xuddi shu tarzda qaytarishdir.

Agar katta miqdor haqida gapiradigan bo‘lsak, sizdan tilxat so‘rashligi mumkin. Tilxatda, albatta, quyidagilarni yozing:

  • to‘liq familiya, ism, otasining ismi, shuningdek barcha pasport ma'lumotlari—o‘zingiznikini ham, siz qarz olayotgan shaxsnikini ham;
  • miqdo r— so‘z va raqamlar bilan;
  • tilxat imzolangan joy va sana.

Shuningdek, unda barcha qo‘shimcha shartlar ko‘rsatilishi kerak: qarzni qaytarish sanasi, shartlar (shaxs qarz bo‘yicha foizlarni to‘lashi kerakmi va qancha, qarzni o‘z vaqtida to‘lamagan taqdirda jarimalar va boshqa tafsilotlar).

Tilxat nafaqat qarz beruvchiga, balki qarz oluvchiga ham kafolat bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, pulni kutilmaganda kelishilganidan oldin qaytarish talab qilinadigan vaziyatdan saqlash uchun.

Qarzni qaytarib berganingizda, bufaktni tasdiqlovchi tilxatni qaytarib olish muhimdir. Agar tilxat yo‘qolsa, qarz beruvchidan shunga o‘xshash shaklda yangisini berishni so‘rashingiz kerak. Ushbu tilxatda siz ma'lum miqdorni qaytarib berganingiz, qarz to‘liq qaytarilganligi va qarz beruvchida hech qanday da'vo qolmaganligi ko‘rsatilishi kerak.

Pulni olish va berish, shuningdek,  tilxatni tuzish guvohlar ishtirokida bo‘lgani yaxshiroqdir. Agar siz va sizning kreditoringiz o‘rtasida nizo kelib chiqsa - masalan, u tilxatni qaytarishni istamasa — ularning ko‘rsatmalari, agar ish ungacha borsa,  sudda kerakli bo‘ladi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, agar pul kredit tashkilotidan qarzga olingan bo‘lsa, barcha shartlar shartnoma bilan qat'iy tartibga solinadi. Agar xususiy shaxsdan qarz olinsa, har doim inson omili aralashishi mumkin.

Xulosa: qayerdan va qanday qilib qarz olish yaxshiroq

  1. Muayyan vaziyatga asoslaning: miqdor, sizga pul kerak bo‘lgan maqsad, shoshilinchlikga.
  2. Agar 10 million so‘mdan katta miqdorda ma'lum tovar yoki xizmat kerak bo‘lsa, hujjatlarni to‘plash va eng qulay kredit shartlarini tanlashga vaqtingiz bo‘lsa, bankdan kredit olganingiz ma'qul.
  3. Agar zudlik bilan pul kerak bo‘lsa, miqdori unchalik katta bo‘lmasa va bir necha hafta yoki oy ichida qarzni qaytarishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, mikroqars ma'qul bo‘lishi mumkin. Uni har qanday maqsadda, shu jumladan naqd pulda olish mumkin.
  4. Tez qarzt olishning yana bir varianti lombardda tilla yoki boshqa qimmatbaho mol-mulkni garovga qo‘yishdir. Qarzt miqdori mulkingiz qanchaga baholanishiga bog‘liq bo‘ladi. Foiz stavkalari juda yuqori bo‘ladi. Ushbuvariant faqat pul zudlik bilan va bir necha kunga kerak bo‘lganda ko‘rib chiqilishi mumkin.
  5. Qarindoshlaringiz, do‘stlaringiz va hamkasblaringizdan maosh berilishidan bir necha kun oldin oz miqdorda qarz olishingiz mumkin. Ammo rad javobini eshitishga, pulni avvalroq qaytarib berishingizni so‘rashlariga va boshqa inson omillariga tayyor bo‘ling. Agar siz katta miqdorda qarz olsangiz, tilxat tuzganingiz ma'qul.

Temurga omad kulib boqdi. U sinfdoshi sovutgich ta'mirchisi bo‘lib ishlashini esladi va har ehtimolga qarshi maslahatlashishga qaror qildi. Ma'lum bo‘lishicha, sovutgich ta'mirlanishi mumkin ekan. Biroq, uning uzoq vaqt ishlashiga kafolat yo‘q edi. Kerakli qismlarni sotib olish va ta'mirlash uchun yetarli pul bor edi. Ammo, keyin maoshgacha oila tejamkorlik rejimida yashadi. Timur esa rafiqasi bilan bunday favqulodda vaziyatlar uchun, albatta, har bir maoshdan pul ajratishga qaror qilishdi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
4 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Umirbek
Umirbek
10 months ago

Yomon ekan

Xayrulla
Xayrulla
8 months ago

Pul kerak lekin kridit tarixi yamon

Gayratjon
Gayratjon
8 months ago

Olsak bilamiz

Obidjon
Obidjon
8 months ago

Zur