bosh sahifa / Sarflash va tejash / Grafik dizayner rezyumesini tahlili: ijobiy, salbiy tomonlari va yollovchilar maslahatlari
Разбор резюме графического дизайнера: плюсы, минусы и советы от рекрутеров

Grafik dizayner rezyumesini tahlili: ijobiy, salbiy tomonlari va yollovchilar maslahatlari

“Rezyume tahlili” ruknida HR-mutaxassislari bilan birgalikda turli lavozimlarga ish izlovchilar o‘zlarini qanday taqdim qilishlarini tahlil qilamiz. Nimalarni yaxshilash mumkin, rezyumeda nimalar a’lo darajada bajarilgan va amalda qanday maoshga umid qilish mumkinligini ekspertlar tushuntiradi.

Bugun mutaxassislar bilan grafik dizayneri lavozimiga da'vogar qizning rezyumesini tahlil qilamiz. Quyida CV'ning hamma bandlarini batafsil ko‘rib chiqamiz, biroq avval ekspertlarning umumiy taassurotlari bilan bo‘lishamiz.

“Umuman olganda, rezyume menga yoqdi. U strukturasiga e'tibor berilgan, aniq bloklarga bo‘linganligi juda yaxshi. Shu tariqa yollovchi ish tajribasi borligini, agar lavozim uchun kerak bo‘lsa, ta’lim, chet tillari haqidagi ma’lumotlarni qayerdan topishini darhol ko‘radi. Bu rezyume tanishish uchun juda qulay”.

Tatyana
HR mutaxassisi, rekrutmentda 4,5 yil ishlaydi. So‘nggi tajriba — marketing va mahsulot yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni yollash: dizaynerlar, mahsulot menejerlari, tadqiqotchilarni izlash

“Sarlavhasi va tashqi ko‘rinishidan bu grafik dizaynerning rezyumesi ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Qiz xuddi suhbat chog‘idagi kabi o‘zi, qaysi kompaniyada ishlagani haqida aytib beryapti, ya’ni barcha asosiy ma’lumotlarga aniqlik kirityapti. Shuningdek, qo‘shimcha ta’lim olayotgani, kurslarda o‘qiyotganini ham aytib o‘tyapti. Uzluksiz o‘qish har qanday sohada, ayniqsa grafik dizayner uchun zaruriy talabdir. Bu jihatga e’tibor qaratgani juda yaxshi”.

Lana
yollovchi, bek-ofis va IT sohasida xodimlar izlaydi

Rezyumeni bloklar bo‘yicha batafsil tahlil qilishga o‘tamiz — kirish qismi, portfolio, ish tajribasi, malaka va ma'lumotini tahlil qilamiz.

Bio (kirish qismi)

Rezyumening birinchi bloki — bu sarlavha (izlayotgan lavozim) va umuman ish izlovchining profili, ya'ni biosi. Bu yerda qahramonimiz o‘z tajribasi, qanday vazifalar bilan ishlashi va qo‘shimcha ma'lumoti haqida qisqacha ma'lumot beradi. Mutaxassislarning fikricha, mazmunli bio — rezyumening zaruriy qismidir.

Tatyana: “Nomzod o‘zini qisqacha tanishtirishi, yollovchiga dastlabki ma'lumotlarni bera olishi juda yaxshi. Bu yerda nimalarni o‘zgartirgan bo‘lardim. Kirish qismi uchun nomzodimiz ko‘p yozgan, uchta abzasni qisqartirish mumkin. Rezyumeni ko‘rib chiqish uchun rekruterga 10 soniyadan kamroq vaqt talab etiladi. Shuning uchun bio qisqa, ammo shu bilan birga mazmunli va to‘liq bo‘lishi muhim — 3-4 ta jumla yetarli bo‘ladi.

Dizayn va poligrafiya sohasida uch yildan ortiq tajribaga ega ekanligi, qiz kataloglar, logotiplar va shu kabilar bilan ishlagani, bundan tashqari ko‘rgazma tashkil etgani, shuningdek, hozirgi ta'lim olayotgani to‘g‘risida ham yozish mumkin. Batafsil ma'lumotni barcha ish joylari, vazifalari sanab o‘tilgan rezyumedan topish mumkin.

Bioda ism va kontakt ma'lumotlarini rezyumening yuqori qismiga, shapkaga ko‘chirishni taklif qilgan bo‘lardim. Ya'ni, nomzod darhol o‘zini tanishtiradi: “Men falonchiman, mana mening kontaktlarim” — so‘ng qisqacha bio”.

Lana: “Qiz o‘zining ish tajribasini bayon qilgan, tug‘ruq ta'tilida bo‘lganini va bu davrda nima bilan shug‘ullanganini, hozirda grafik dizayn kursini o‘tayotganini aytib o‘tgan. Menimcha, bu yerda hammasi joyida, faqat fotosurat qo‘shish mumkin. Bu unchalik muhim emas, ish beruvchilar fotosuratga turlicha qaraydilar. Agar menga bunday rezyume tushganida, o‘ylaymanki, uni suratsiz ham ko‘rib chiqqan bo‘lardim. Ammo u bilan rezyume boshqalardan ko‘proq ajralib turardi”.

Lana ta'kidlaganidek, fotosurat — HR-mutaxasisslari aniq tavsiya bera olmaydigan tafsilotdir. Tatyana ham shu fikrga qo‘shiladi: “Mening rezyumeimda fotosurat ham ,yoshim ham  ko‘rsatilgan. Lekin turli vaziyatlarga duch kelganman, shuning uchun fotosurat kerak yoki kerak emas deb qat'iy fikr bildira olmayman — bu nomzodning ixtiyoriga havola”.

"Hammaga mos ish": qanday qilib sizni firibgarlik o‘yinlariga qo‘shib qo‘yishlari mumkin

Ma'lumot olish

Portfolio

Tanishuvdan so‘ng portfolio: nomzod yaratgan ishlarning ko‘rgazmali namunalari ko‘rsatiladi. Mutaxassislarimiz bu blokni ijobiy baholab, rezyumening afzalligi — portfolioning mavjudligi va uning ko‘rinishi ta'kidlashdi.

Lana: “Porfolio menga yoqdi. Hammasi strukturalashtirilgan, alohida bloklar uchun kartochkalar qilinib, ularda nima borligini aks ettirilgan: flayerlar, lifletlar va boshqalar. Portfolio juda yaxshi tuzilgan, hatto kartochkalar ichiga ta'riflar — bu qanday bukletlar, qanday formatda, ular ustida qanday ishlagani ham qo‘shilgan. Juda yaxshi. Ba'zan ish izlovchilarda rezyume va portfolio alohida bo‘ladi. Bu yerda esa hammasi birga, bu juda qulay”.

Tatyana: “Porfolio borligi juda ham yaxshi. Agar mazmun jihatidan bizga ma'qul bo‘lsa, bunday rezyumeni darhol yollayotgan mutaxassisga yuborishimiz mumkin. Eng katta afzallik shundaki, nomzoddan ishlarini qo‘shimcha so‘rashning, u bilan bog‘lanishning, javob kutishning hojati yo‘q.

Portfolio qulay tuzilgan va guruhlangan. Ba'zida nomzodlar katta xatoga yo‘l qo‘yadilar — ishlarini arxivlangan faylda yuboradilar. Rekruter esa ularni 10 ta papkani ochishga vaqti bo‘lmagan yollovchi mutaxassisga tezda ko‘rsatishi kerak.

Bu yerda kichik bir taklifim bor: iloji bo‘lsa, portfolioni rezyumening eng quyi qismiga ko‘chiring. Sababini tushuntirib beraman. Qoidaga ko‘ra, rezyumeni birinchi navbatda yollovchi menejer emas — masalan, bosh dizayner bo‘lishi mumkin — avval rekruter ko‘rib chiqadi. Kamdan-kam hollarda portfolioni rekruterning o‘zi baholaydi, shuning uchun bu ma'lumot unga ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘ladi. Ma'lumotni ko‘rib chiqish va ish tajribasiga o‘tishda vaqt ketmasligi uchun ish namunalarini pastroqqa joylashtirgan ma'qul”.

Ish tajribasi

Qahramonimiz deyarli besh yil davomida stomatologiya firmasida marketing masalalari bilan shug‘ullangan. So‘nggi paytlarda esa frilanser sifatida dizayner va illyustrator bo‘lib ishlaydi. Mutaxassislarga so‘z beramiz — rezyumeda tajriba haqida qanchalik batafsil, aniq va ishonchli aytib bera olgan?

Lana: “Qiz shug‘ullangan vazifalarini tavsiflab bergan: poligrafiya mahsulotlari, veb-sayt, tarqatma xabarlarni yaratish, tadbirlarni tashkil etish. Shuningdek, ishlab chiqqan va tashkil etgan ishlarini ham yoritgan. Umuman olganda, bu yaxshi to‘ldirilgan ish tajribasi. Ba'zilar shunchaki vazifalarini ko‘rsatib o‘tadi, lekin qahramonimiz qo‘shimcha ravishda nima qilganini ham ta'kidlagan — bu juda yaxshi.

Frilansda ham hammasi joyida: buning tavsifi bor, shuningdek, portfolioda marketpleyslar uchun qanday kartochkalar tayyorlaganini ko‘rsatgan”.

Tatyana: “Nomzodning karyera yo‘li mantiqiy va tushunarli tarzda tuzilganligi juda yaxshi: qayerda ishlaganini, nimadan boshlaganini tushunamiz. Bullit-nuqtalar qo‘llanilgani yaxshi, bunday ma'lumotlarni o‘zlashtirish osonroq.

Ammo dastlab qahramonimiz bullitlar orqali nima bilan ishlaganini ko‘rsatadi, keyin esa to‘liq matn keladi. Bu matnni ham xuddi shunday nuqtali bandlarga ajratsak bo‘ladi. Bundan tashqari, matn katta, uni yaxshilab o‘qish kerak, bu unchalik qulay emas va ko‘proq vaqt talab qilinadi. Mening taklifim — mantiq va matnni uch abzasda saqlab qolish, lekin ularni strukturalangan ko‘rinishga keltirish”.

Nima qilish mumkin? Tatyananing fikricha, ikkita variant bor.

  • Quyida tavsiflangan vazifalar va yutuqlarni bullitlar bilan bitta ro‘yxatga birlashtirish. Masalan, “tadbirlarni tashkil etish” vazifasini belgilash. Keyin esa shu bandda bu vazifa bilan bog‘liq natijalar va yutuqlarni sanab o‘tish mumkin: “Italiyada kurs tashkil qilgan, kompaniya ko‘rgazmalarda ishtirok etgan” va hokazo.
  • Ikkinchi variant — vazifalar tavsifini shu ko‘rinishda saqlab qolish. Ulardan keyin “natijalar” yoki “yutuqlar” bandini qo‘shish. “Vazifalar” bo‘limidagi ma'lumotlarni takrorlamasdan, muhim, aniq va muayyan ish natijalarini nuqtalar bilan sanab o‘tish.

Tatyana: “Ikkinchi ish joyiga, ya'ni nomzodning frilansda ishlaganiga kelsak, bu yerda hech qanday savollar yo‘q. Avvaliga nima bilan shug‘ullanganini qisqacha bayon qilgan, so‘ng nima va qancha ishlab chiqqanini raqamlarda ko‘rsatgan. Hammasi yaxshi”.

Ko‘nikmalar va ma'lumot

Nomzod bilan tanishuvni yakunlovchi bandlar — ma'lumoti, biladigan tillari va ko‘nikmalari, shu jumladan qahramonimiz dizayner sifatida ishlaydigan instrumentlari. Tatyana va Lananing bu bloklarga ham e'tirozlari yo‘q — faqat yaxshilash bo‘yicha kichik takliflar.

Tatyana: “Ko‘nikmalarda hammasi yaxshi. Bu yerda ham tizim bor. Bu blokni topish va lavozim uchun zarur bo‘lgan soft bilan ishlaganmi-yo‘qmi — tushunish oson.

Tillar blokidan ispan tilini olib tashlagan bo‘lardim, chunki u beginner darajasida. Odatda, ishda o‘rtacha darajadan past bo‘lmagan daraja talab qilinadi, boshlang‘ich bilimlar amaliy ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Bu ma'lumotlar mutlaqo zarar qilmaydi, shuning uchun bu nomzodning ixtiyorda. Yoki, ispan tili hali o‘rganilayotgan bo‘lsa, buni qo‘shimcha qilish mumkin.

Ma'lumoti to‘g‘ri ko‘rsatilgan, bunga savollar yo‘q. Bu yerga yoki alohida “kurslar” qatoriga grafik dizayn va Figma bo‘yicha o‘quv kurslarni qo‘shish mumkin, shunda rekruter inson kasbiy jihatdan rivojlanayotganini ko‘radi. Bu haqida Bio'da ham aytib o‘tish kerak. Dizaynerlar ko‘pincha Figma bilan ishlaydilar, nomzod esa hozir o‘qish jarayonida, demak, soft muammo bo‘lmaydi — bu jihatni boshida ham, ma'lumotida ham ko‘rsatish muhim”.

Lana: “Nomzod ishlay oladigan barcha instrumentlarni ko‘rsatish muhim: butun Adobe to‘plamimi yoki ayrim instrumentlarmi. Shuningdek, hozirda qiz Figma bilan ishlash bo‘yicha o‘qimoqda, bu grafik dizayner uchun zarur. Figma'ni ko‘nikmalarga “jarayonda” yoki shunga o‘xshash belgi bilan qo‘shishni tavsiya qilaman.

Ma'lumoti va tillar bo‘limida hammasi yaxshi. Boshlang‘ich darajadagi ispan tilidan, ehtimol nomzod ish jarayonida foydalana olmas, lekin rezyumeda qoldirish mumkin, ortiqcha bo‘lmaydi”.

Qo‘shimcha maslahatlar

Bu bo‘limda rekruterlarning fikricha, nomzod o‘zini taqdim qilish uchun hujjatga qo‘shishi mumkin bo‘lgan bir nechta jihatlar keltirilgan.

Rezyume PDF formatida va ingliz tilida

Tatyana: “Kompaniyalar odatda nomzodlarni hisobga oladigan ichki tizimlar bilan ishlaydi. Misolda ko‘rib chiqilayotgan rezyume alohida sahifada e'lon qilingan va uni tizimga kiritish qiyin. Rekruter rezyumeni ma'lumotlar bazasiga kiritish uchun taqdimotni PDF formatida so‘raydi. Shu sababli, qo‘shimcha ravishda klassik PDF formatidagi rezyume tayyorlashni  ham tavsiya qilaman.

Nomzod xorijiy kompaniyalar bilan ishlamoqchi bo‘lsa, ingliz tilidagi rezyume ham tayyorlash mumkin”.

Soft skills va “O‘zim haqimda” bloki

Lana: “O‘ylaymanki, “o‘zim haqimda” bandining oxiriga soft-skillarni qo‘shish mumkin. Hozir hech kim “muloqotga kirishuvchanlik”, “stressga chidamlilik” deb yozmaydi, aniqlik kerak. Aytaylik, kimdir rahbarlik lavozimiga da'vogar bo‘lsa,  besh kishilik jamoani boshqarish tajribasini ko‘rsatishi mumkin. Yana bir misol — agar inson ma'ruzachi bo‘lishi kerak bo‘lsa, ommaviy nutq ko‘nikmalari.

Xizmat safarlariga, ko‘chib o‘tishga tayyorlikni ham shu yerda yozish mumkin. Istagan ish formati: masofaviy, gibrid yoki ofisda. Yana bir masala — nomzodning qayerda yashashi. Ko‘rib turganimdek, Moskvada ishlagan, lekin hozir boshqa shaharda yashab, ish qidirayotgan bo‘lishi mumkin, buni ham ko‘rsatib o‘tish kerak.

Istayotgan maosh miqdorini ko‘rsatmasangiz ham bo‘ladi: so‘nggi paytlarda buni hech kim yozmayapti, suhbatda alohida muhokama qilinadi”.

Ishchi ijtimoiy tarmoqlarga havola

Tatyana: “Yana bir ixtiyoriy tavsiya — bu inson nomzodlik qilayotgan lavozimga bog‘liq. IT sohasida LinkedIn sahifasiagi aloqa ma'lumotariga havola qo‘shish odatiy holdir. Bu o‘ziga xos professional ijtimoiy tarmoqlar bo‘lib, unda tajriba haqida batafsilroq ma'lumot berish mumkin”.

Maosh to‘g‘risida

Yuqoridagi rezyume va tajriba bilan ish izlovchi qanday daromadga umid qilishi mumkin? Rezyumeni yaxshilash yuqori maosh olish imkoniyatini oshirishga yordam beradimi? Mutaxassislarning fikrlari bilan bo‘lishamiz.

Tatyana: “Nomzodni suhbatga taklif qilishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar bir-biridan farq qiladi. Bu yirik ekotizimlar yoki kichik agentliklar bo‘lishi mumkin — byudjet va imkoniyatlari turlicha bo‘ladi.

Umuman olganda, nomzodning tajribasi unchalik katta emas. Qolaversa, frilanserlik tajribasining bir qismi kompaniyalar uchun har doim ham qiziq emas. Chunki frilansda odam aniq, muayyan vazifalarga jalb qilinadi. Odatda, u o‘z yangiliklari muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz bo‘lganligining keyingi tahlilida ishtirok etmaydi — mas'uliyat doirasi kompaniyada doimiy asosda ishlaydigan odamnikiga qaraganda unchalik katta emas. Bu ko‘p sohalarga taalluqli va ko‘p jihatdan frilansning turiga bog‘liq. Potensial ish beruvchilar nomzodning tajribasini turlicha baholaydilar, shu bois bunday nomzod ular uchun qancha turishini aniq aytib bo‘lmaydi.

Men (portfolio a'lo darajada bo‘lsa — professional sifatida uni baholay olmayman) oyiga o‘rtacha 8-12 million so‘mga mo‘ljal qilish mumkin deb o‘ylayman.

Rezyume ochiqchasiga yomon, tushunarsiz bo‘lsa — bu misol haqida gapirmayapman, bu yerda hammasi yaxshi — puxta ishlangan tuzilma rekruterlarda ko‘rinarliligini oshirishi mumkin. Biroq rezyumeni yaxshilash talabgorning ish haqiga ta'sir qilmaydi — faqat e'tiborga tushish va kompaniya bilan birinchi aloqaga chiqish imkoniyatini oshiradi. Chekni ko‘nikmalar, portfolio, ish tajribasi oshiradi. Ko‘p narsa nomzodning o‘zini qanday “sotishiga” bog‘liq. Ba'zida yaxshi nomzodlar o‘zlariga shunchalik ishonchsiz bo‘ladilarki, kutayotgan maoshlarini past qilib aytadilar”.

Lana: “Grafik dizaynerni aynan portfolio bo‘yicha baholash kerak — men bu sohada mutaxassis emasman. Men uchun barchasi chiroyli, lekin dizaynerlar jamoasi uchun bu portfolio yetarli darajada bo‘lmasligi mumkin. Biror summani aytmayman, buni alohida va texnik suhbatdan keyin muhokama qilish kerak. Ammo mening fikrimcha, qahramonimiz o‘rta darajadagi lavozim va maoshga da'vogar bo‘lishi mumkin”.

Xulosa

Mutaxassislar nomzodning rezyumesi to‘liq, tushunarli, strukturalashtirilgan va tanishish uchun qulay degan fikrga kelishdi. Quyida Lana va Tatyana bergan tafsilotlar va maslahatlarni umumlashtiramiz — nimalarni qo‘shish yoki o‘zgartirish mumkin:

  • fotosurat qo‘shish — xohishga ko‘ra;
  • ism va aloqa ma'lumotlarini biroz yuqoriga ko‘chirib, istalgan ish sarlavhasi ostiga qo‘yish;
  • Bio'ni biroz qisqartirib, mazmunli qilish;
  • portfolioni rezyumening yakuniy qismiga ko‘chirish;
  • o‘qish yanada qulay bo‘lishi uchun nafaqat ish tajribasidagi vazifalar, balki yutuqlar ro‘yxatini ham bullitlar bilan to‘ldirish;
  • qo‘shimcha kasbiy ta'limga urg‘u berish: ta'limda o‘quv kurslari va ko‘nikmalarda Figma bilan ishlashni (“jarayonda” belgisi bilan) ko‘rsating;
  • mavjud bo‘lsa va xohishga ko‘ra — soft-skillarni qo‘shish, PDF formatida va ingliz tilida rezyume tayyorlash, LinkedIn'ga havola berish

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
gafurovmaxmud4@gmail.com
gafurovmaxmud4@gmail.com
7 months ago

Meni iwga olinglar