
Fitr zakoti: 2024 yilda to‘lov shartlari va miqdori
Fitr zakoti (Zakotul-Fitr, Sadaqatul-Fitr, Fitr-sadaqa, iftor sadaqasi, ro‘zani buzish ehsoni, ro‘za tutmaslik solig'i) - musulmonlar uchun eng muhim to'lovlardan biri va zakot turlaridan biri - kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlar foydasiga, shuningdek, islomiy loyihalarni rivojlantirish uchun yillik majburiy xayriyalar hisoblanadi.
Uning nomi Ramazon oyi fitrga kirganda to‘lanishi bilan bog‘liq (arab tilidan “ro‘zani ochish” deb tarjima qilinadi). Bu barcha muhtojlar uchun xayriya hisoblanib, buning natijasida ular ham bayramni munosib nishonlashlari mumkin.
Fitr zakoti ro‘za vaqtida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatolar, kichik gunohlar va turli kamchiliklarni kafforat qilish uchun ham zarurdir.
Hadislarda ta'kidlanganidek, fitr zakotini berish ro'zadorni aytilgan "ortiqcha" so'zlardan – behuda gaplardan va qo'pollikdan tozalaydi.
Fitr zakotini kimlar berishi kerak
Agar zakot – yillik farz sadaqa – badavlat musulmonlar tomonidan to‘lanadigan bo‘lsa, fitr zakotini barcha ro‘zadorlar to‘lashi kerak.
Mazkur to‘lov hijratning ikkinchi yilida - 622 yilda musulmonlarning Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tgan yili qonuniylashtirilgan.
Hanafiy mazhabiga koʻra, har bir nisobga ega boʻlgan oila aʼzolari Fitr zakotini toʻlashi kerak (zakot to‘lash uchun eng kam boylik miqdori 84,8 gramm oltin qiymatiga teng). Agar oilada nisob bo‘lmasa, bu farz olib tashlanadi. Biroq, kerakli mablag' topib, sadaqa berish tavsiya etiladi.
Qisqa qilib aytganda, fitr sadaqasi imkoni bo‘lgan barcha musulmonlar uchun farzdir.
Islom ulamolari ta'kidlaydilarki: agar insonda oziq-ovqat, oilasi uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bo‘lsa, bayram dasturxonini yozish imkoniyatiga ega bo‘lsa va shu bilan birga u fitr zakotini to‘lash yoki muhtojlarga oziq-ovqat berish uchun moliyaviy imkoniyatga ega bo'lsa – u albatta buni qilishi kerak.
Fitr zakotini berish vojib bo'lgan kishilarning toifalari
Hadislarda Fitr zakoti barchaga – erkak, ayol, bolalarga farz ekanligi aytilgan. Ushbu xayriya har bir oila a'zosi tomonidan to'lanadi, ayrim hollarda ba'zilar uchun oila boshlig'i to'lov qilishi ham mumkin. Islom ulamosi Ibn Umar ta'kidlaganidek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) musulmonlarni qaramog‘ida bo‘lgan kishilarning o‘rniga ham fitr zakotini berishni buyurganlar. Bular birinchi navbatda qaramo‘idagi xotin va bolalardir. Ammo yoshi yoki sog‘lig‘idan kelib chiqqan holda oila boshlig‘ining qaramog‘ida bo‘lgan boshqa qarindoshlar ham bo‘lishi mumkin.
Voyaga yetmaganlar nomidan to'lovlarni yoki mahsulotlar etkazib betishni ularning ota-onalari amalga oshiradilar. Ayol kishi o'z jamg'armasidan to'lov qilishi ham mumkin.
Musulmon kishi, agar xohlasa, ishlaydigan turmush o'rtog'i, voyaga etgan farzandlari va ota-onasi uchun fitr zakotini berishi mumkin. Lekin bu haqda ular bilan kelishib olishi kerak bo'ladi.
Fitr zakoti kimlarga beriladi
Bu muhtoj musulmonlar uchun maqsadli yordamdir. Hanafiy mazhabiga ko'ra, bunday kishilar nisobga va unga teng qiymatdagi mulkka ega bo'lmagan kishilar hisoblanadi. Asosiy mezon - bu oilaning moliyaviy ehtiyojidir. Masalan, nogiron insonning moddiy ahvoli yaxshi bo‘lsa, unga fitr sadaqasi berilmaydi.
Siz mahsulotlarni yoki pulni bir kishiga berishingiz yoki bir nechta muhtoj odamlarga tarqatishingiz mumkin. Shu bilan birga, ko'pchilik musulmon ulamolar Ramazon oyi oxirida fitr zakotini berayotgan inson qaysi shahar yoki qishloqda bo‘lsa, o‘sha yerdagi muhtoj odamlarga yordam berish kerak degan fikrni bildirdilar. Yagona istisno – bu joyda muhtoj musulmonlar bo'lmasligi. U holda boshqa shahardagilarga sadaqa berish mumkin.
Fitr zakotining miqdorini belgilash
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) davrida fitr-sadaka so (sā, arabchadan "kichik idish" deb tarjima qilinadi) bilan hisoblangan. Bu qadimiy islomiy hajm o'lchovidir, uni an'anaviy ravishda sochma moddalarni o‘lchash uchun ishlatishgan. Fitr zakotini o‘lchash uchun maxsus idishlardan foydalanilgan. U bo‘lmasa, mahsulotlar hovuchlab o'lchangan. Bir so - katta yoshli odamning to'rt hovuchi hisobida bo‘lgan. Fitr sadaqasi bugʻdoy yoki mayizdan 1/2 so (taxminan 2 kg), arpa va xurmodan 1 so (taxminan 4 kg) ekanligi belgilangan edi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda fitr zakoti miqdori har yili bozorlardagi mahsulotlarning o‘rtacha yillik narxlarini hisobga olgan holda belgilanadi:
- bug'doy (2 kg hisobida);
- arpa (4 kg hisobida);
- mayiz (2 kg hisobida);
- xurmo (4 kg hisobida).
Qiymati O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan belgilanadi. 2024 yil (1445 hijriy) uchun quyidagi parametrlar belgilandi:
- bug‘doy - 14 ming so'm;
- arpa - 20 ming so‘m;
- mayiz - 110 ming so'm;
- xurmo - 180 ming so'm.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo kengashi har kim ushbu mahsulotlardan birining narxida o‘zining moliyaviy imkoniyatlari va oilaviy sharoitidan kelib chiqqan holda fitr sadaqasini berishi mumkinligini ta'kidlaydi. Agar sizning moliyaviy ahvolingiz yahshi bo‘masa, minimal miqdor bilan cheklanishingiz mumkin. Agar badavlat bo'lsangiz, unda 180 ming so'mdan ko'proq pul berish maqsadga muvofiq hisoblanadi va eng yuqori miqdor esa tartibga solinmaydi.
Fitr sadaqasi qanday shaklda beriladi
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) davrlarida pul keng tarqalmagan edi. Shuning uchun fitr zakoti asosan bug‘doy, arpa, mayiz, xurmo, sut mahsulotlari hisobida berilganligi hadislarda zikr qilingan. Bu borada Osiyoda eng ko‘p guruch hisobida berilgan. Sadaqalar muhtojlarga shaxsan topshirilgan. Bugungi kunda ham fitr zakotini mahsulotlar bilan berish mumkin. Bunda hadislarda tilga olinmagan, lekin iste'mol savatiga kiritilgan eng keng tarqalgan va ommabop mahsulotlarga e'tibor qaratish kerak.
Tez buziladigan mahsulotlarni tanlamaslik kerak. Shakarni fitr sadaqasi sifatida berish tavsiya etilmaydi – chunki u oziq-ovqat emas, balki xushbo‘y ta'mli qo'shimchadir. Shu bilan birga, har bir mahsulotning narxi qanday bo‘lishi muhim emas, u ham qimmat, ham arzon bo'lishi mumkin.
Fitr zakotini pul bilan berishingiz mumkin. Har holda, bu muhtoj oilaning kunlik oziq-ovqat talabini ta'minlashi muhim.
To'lov usullari
Muhtoj odamga shaxsan pul o'tkazishingiz, masjidga xayr-ehson qilishingiz yoki xayriya jamg'armasiga topshirishingiz mumkin. Masjidga va xayriya jamg‘armalariga onlayn, masalan Uzum Bank ilovasi orqali o‘tkazib berishingiz ham mumkin.
Fitr zakotini qachon berish kerak
Hadislarda Fitr zakotini hayit namozidan oldin berish kerakligi aytilgan. Muhimi, muhtojlar Ramazon hayit (Iyd al-Fitr) bayrami oldidan pul yoki oziq-ovqat qabul qilib olishlari kerak - shunda ular bayram dasturxonini yozish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 2024 yilda Ramazon Hayiti 10 aprelga to'g'ri kelmoqda.
Fitr sadaqasini oldindan berish imkoniyatiga kelsak, bu borada aniq fikr yo‘q. Ba'zi islom ulamolari to'lovlarni Ramazon oyining boshidanoq berish mumkinligini ta'kidlaydilar. Ularning muxoliflari esa buni ma'qullamaydilar, chunki sadaqani berishdan maqsad – kambag'allar insonlar bayram kunlari kundalik nonga muhtoj bo'masliklari kerak. Agar ular oldindan pul yoki oziq-ovqatlarni olsalar, bayramga qadar yana pul va oziq-ovqatsiz qolishlari ehtimoli tug'iladi. Shuning uchun, ko'plab mutaxassislar ro'za tutishning oxirgi kunida quyosh botganidan keyin va Ramazon hayiti kuni ertalabki bayram namozi boshlanishidan oldin sadaqa yoki oziq-ovqat berish eng to'g'risi deb hisoblaydilar.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda ya'ni, 9 aprel kuni kechqurundan erta tonggacha, yoki bayramdan 1-2 kun oldin, 7-8 aprel kunlari berish ham joiz bo‘ladi.
Fitr zakotini kimlarga berishi mumkin emas: istisnolar
Fitr zakotini berishda bir qator omillarni hisobga olish kerak bo‘ladi. Muhtojlik yagona sabab bo'lmaydi. Fitr zakotini to'g'ridan-to'g'ri yaqin qarindoshlarga berish mumkin emas. Bular:
- ota-onalar, bobo-buvilar, katta buvi-buvalar va boshqalar;
- bolalar, nevaralar, chevaralar va boshqalar;
Ammo fitr zakotini aka-uka yoki opa-singilga berish mumkin.
Zakot al-Fitr haqida tez-tez beriladigan savollarga javoblar
Ro'za tutmaydiganlar-chi?
Ramazon oyida ro‘za tutmaganlar (masalan, sog‘lig‘i sababli tutolmaganlar) ham fitr zakotini berishlari tavsiya etiladi.
Qarzi borlarga fitr zakotini berish kerakmi?
Fitr zakotini berishda qarz borligi hisobga olinmaydi. Agar qarzdor qarzni toʻlash vaqtida kerakli miqdorni undirib boʻlishiga ishonchi komil boʻlsa, qarzni toʻlash uchun ajratilgan miqdordan fitr zakotini berish man qilinmaydi. Ammo oilaning moddiy ahvoli juda og‘ir bo‘lsa va zakot berish uchun qarz olish kerak bo‘lsa, musulmon kishi uni berishdan bosh tortsa, gunoh hisoblanmaydi.
Fitr zakotini namozdan keyin berish mumkinmi?
Imom Abu Dovud hadislar to'plamida ta'kidlanganidek, fitr zakotini bayram namozidan keyin bersangiz, u "sadaqalar orasidagi yana bir sadaqa", ya'ni oddiy sadaqa bo'lib qoladi. Biroq, agar biron arzigulik sababga ko'ra namozdan oldin bera olmasangiz, uni namozdan keyin ham berishingiz mumkin. Bu holda bayramning birinchi kuni berish tavsiya etiladi.
Boshqa din vakillariga zakot berish mumkinmi?
Hech narsa sizga boshqa dindagi kambag'al va nochor odamlarga - pul, oziq-ovqat, boshqa narsalar bilan yordam berishingizga to'sqinlik qilmaydi. Holbuki, Islom qoidalariga ko‘ra, fitr zakotini aynan musulmonlarga berish kerak.
Men fitr sadaqasini bermoqchi bo‘lgan kishilar soniga cheklovlar bormi?
Hech qanday cheklovlar yo'q, lekin sog'lom fikrga va sadaqaning ma'nosiga e'tibor qaratgan holda berish tavsiya etiladi. Ya'ni, bu sadaqa kambag'allarga Ramazon hayiti dasturxonini yozish imkoniyatini yaratish hisoblanadi, shu orqali boshqa odamlarga va Allohga yordam so'rab murojaat qilmasliklarini nazarda tutadi. Agar siz ozgina miqdorni bir necha kishiga ajratsangiz, ular bunday imkoniyatga ega bo'lmay qolshlari mumkin.
Xulosa: Fitr zakotining qoidalari
- Fitr zakoti musulmonlar uchun majburiy to‘lov bo‘lib, u kambag‘al va nochorlarga Ramazon hayiti bayramini nishonlashda yordam beradi. Shuningdek, iftorlik sadaqasi ro‘za vaqtida qilingan gunohlarga kafforat bo‘ladi.
- Bu zakotni bolalar ham, kattalar ham to‘lashlari shart, qaramog‘idagilar uchun to‘lovni oila boshlig‘i amalga oshirishi mumkin.
- Muhtojlarga oziq-ovqat yoki pul ko‘rinishida berishingiz mumkin. Bundan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri masjidga olib borishingiz yoki xayriya tashkilotiga o‘tkazib berishingiz mumkin.
- Fitr zakotining miqdori uni hisoblashda har yili an'anaviy ravishda foydalaniladigan mahsulotlarning bozorlardagi o‘rtacha yillik narxlarini hisobga olgan holda belgilanadi. 2024 yilda eng kam miqdor kishi boshiga 14 ming so‘mni tashkil etmoqda.
- Fitr zakoti bomdod namozi boshlanishidan oldin berilishi kerak. Ro‘za tutishning oxirgi kunida quyosh botganidan keyin berish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi.
Izoh qo‘shish