bosh sahifa / Sarflash va tejash / Faktoring nima: Sodda qilib tushuntiramiz
Yangilanish sanasi: 17.05.2024

Faktoring nima: Sodda qilib tushuntiramiz

Kredit va qarzlardan tashqari, kompaniyalarda ayni paytda pul yo‘qligida tovarlar olishning yana bir usuli bor. Faktoring nima va nimasi bilan kreditlardan yaxshiroq ekanligini aytib beramiz.

Biznesda kassa uzilishi tushunchasi mavjud. Bu nazariy jihatdan kompaniyada pul bor (masalan, katta tovar partiyasini sotdingiz), lekin amaliy jihatdan ular hisobda yo‘q (xaridor hali to‘lovni amalga oshirmagan). Davr uchun xarajatlar va daromadlar o‘rtasida debitorlik qarzdorligi yuzaga keladi.

Faktoring yordamida bunday uzilishni bartaraf etish yoki minimallashtirish mumkin.

Faktoring nima

Faktoring — bu uchinchi tomon (faktor)ni jalb qiluvchi bitim bo‘lib, bunda uchinchi tomon kichik komissiya uchun sotuvchiga darhol pul to‘laydi. Keyin esa ularni xaridordan bir qancha vaqt o‘tgach oladi. Har qanday tijorat kompaniyasi faktor bo‘lishi mumkin, biroq odatda bu banklar bo‘ladi.

Faktoring qanday ishlaydi

Keling, ishni aniq misol bilan tushuntiramiz. “Agrofirma” MChJ 100 mln so‘mlik hosil yig‘di va uni chakana savdo do‘koniga sotish uchun topshirdi. Do‘kon birdaniga 100 million so‘m to‘lay olmaydi, shuning uchun kompaniyalar to‘lovni 2 oyga kechiktirishni kelishib oladi. Shunda do‘kon hosilni 130 millionga sotishga, MChJga 100 millionni o‘tkazishga ulguradi, 30 millioni esa foyda sifatida qoladi.

Ammo “Agrofirma”ga pullar imkon qadar tez kerak. Aslida esa 2 oylik kassa uzilishi xavfi bor. Uni bartaraf etish uchun kompaniyalar moliyaviy agentga (faktorga) murojaat qiladi. Kerakli hujjatlarni rasmiylashtirgandan so‘ng, faktor darhol “Agrofirma”ga o‘z komissiyasini (masalan, 10%) olib tashlagan holda 100 million so‘m o‘tkazadi. Bunda agent 2 oydan keyin chakana do‘kondan to‘lovni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

MChJ darhol pul oldi va uni yana biznesga sarfladi — bunda foyda bor. Chakana savdo do‘koni 2 oyga muhlat oldi, tovarlarni 130 million so‘mga sotdi, 100 million to‘ladi va foyda bilan qoldi — bunda ham foyda bor. Moliyaviy agent komissiyadan pul ishladi. Har uch tomon ham mamnun bo‘ldi.

Faktoring kreditdan qanday farq qiladi

Agar do‘kon MChJ bilan darhol hisob-kitob qilish uchun kredit olishni istaganda, u mol-mulkni garovga qo‘yishi kerak bo‘lar edi. Ammo hammada ham bunday narsa yo‘q: masalan, chakana sotuvchi shunchaki savdo markazida joy ijaraga olishi va hech qanday mulkka ega bo‘lmasligi mumkin. Bunday sharoitda kredit olish qiyin bo‘ladi.

Faktoringda ikkita emas, balki uchta tomon ishtirok etadi. Aslini olganda, bu tovar yetkazib berish sharti bilan kreditlash sanaladi — uning uchun esa garov kerak emas.

Faktoring yana nimasi bilan qulay

Sotuvchi uchun

Xaridorning to‘lashga qodirligini o‘rganish shart emas. MChJ uchun uning to‘lashga qodirliligi mutlaqo muhim emas — axir u pullarini darhol bankdan oladi.

To‘lovni nazorat qilishning hojati yo‘q. Agar do‘kon tovarni sotishga ulgurmagan bo‘lsa va pulni o‘z vaqtida o‘tkazmasa, bu sotuvchi emas, balki bankning muammosi. Bank uchun to‘lovni undirish ancha osonroq: bu maqsadlar uchun u yuristlar shtatiga ega. “Agrofirma” ham yurist yollab, harakatlar algoritmini o‘ylab chiqishi kerak bo‘lardi.

Xaridor uchun

Faktoring kredit sifatida ko‘rsatilmaydi. Agar do‘kon aynan kredit olishni rejalashtirsa (masalan, yangi filial ochish uchun), uning kredit tarixida to‘lanmagan qarz bo‘lmaydi.

Mahsulotlarni sotib olish osonlashadi. Har bir sotuvchi ham bir necha oyga kechiktirilgan mahsulotni yetkazib berishga tayyor emas. Ammo faktoring bilan ular darhol pullarini oladi, shuning uchun mumkin bo‘lgan yetkazib beruvchilar doirasi kengayadi.

Faktoringda kamchiliklar bormi

Albatta, asosiy kamchilik — faktor komissiyasi. Agar sotuvchiga pullar unchalik kerak bo‘lmasa (masalan, unda mavsumiy biznes, sotuv esa mavsumda bo‘lmaydi), komissiya to‘lashdan foyda yo‘q. Vaziyatlar optimal to‘g‘ri kelganda, ya'ni bir muncha vaqt o‘tgach, barcha xaridorlardan to‘liq to‘lov amalga oshirilganda, sotuvchi to‘liq miqdorda foyda ko‘radi.

Xaridor nuqtai nazaridan faktoringning qisqa davri kamchilik bo‘lishi mumkin (odatda yarim yildan ko‘p emas). Kredit ancha uzoq muddatlarga taqdim etiladi, bundan tashqari, summa bitim summasi bilan cheklanmaydi. Ko‘proq pul olish mumkin, bir qismi bilan bitimni moliyalashtirish, bir qismini esa boshqa ehtiyojlarga sarflash mumkin.

Bundan tashqari, faktoring naqd pulsiz to‘lovni nazarda tutadi. Ko‘pgina xususiy fermerlar naqdni afzal ko‘radi, ana shunda “jonli” pullar qidirishingiz kerak bo‘ladi.

Faktoring xizmatlaridan kim foydalanishi mumkin

Faktorlarda ikkala tomon uchun ham o‘zining talablari mavjud. Ular pul bilan tavakkal qiladi, shuning uchun bitim soxta emasligiga, tomonlar esa kredit to‘lashga qodirligiga ishonch hosil qilishi kerak.

Sotuvchi

Odatda, moliya agenti uchun banklar oldida moliyaviy qarzning yo‘qligi muhim. Yana bir klassik shart — kompaniya kamida bir yil oldin ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. “Yangilar” uchun faktoring deyarli mavjud emas.

Xaridor

Moliyaviy faoliyat bo‘yicha belgilangan talablar mavjud. Misol uchun, so‘nggi yil bo‘yicha o‘rtacha oylik tushumlar hajmiga: agar ular kelajakdagi bitim summasi yarmini ham qoplamasa, faktoring rad etilishi mumkin. Shuningdek, xaridor past kredit reytingiga ega bo‘lsa, rad etilishi mumkin. Reytingni ko‘pincha moliyaviy agentning o‘zi skoring modeli asosida baholaydi: bu ko‘plab dastlabki ma'lumotlarni hisobga oladigan murakkab algoritm.

Faktoring haqida bilishingiz kerak bo‘lgan asosiy narsa

  • Faktoring — bu uch tomon o‘rtasidagi bitim. Sotuvchi va xaridordan tashqari, unda o‘z mablag‘lari hisobidan kassa uzilishini bartaraf etadigan agent ishtirok etadi.
  • Faktoringdan faqat ma'lum bitimda foydalanish mumkin. Unda yetkazib berish va to‘lovlar barcha shartlari, shu jumladan muddatlari ko‘rsatilishi kerak. Faktoring summasi bitim summasidan katta bo‘lishi mumkin emas.
  • Faktoring stavkasi (foiz) kreditga qaraganda kattaroq bo‘lsa-da, u odatda qulayroq, chunki ta'minotni izlash (kredit uchun bo‘lgani kabi) va uni garovga qo‘yish shart emas.
  • Faktoringning asosiy qo‘llanilish sohasi — to‘lovni kechiktirib yetkazib berish. Sotuvchi pulni qaytarib bermaslik xavfini baholashi shart emas: bu endi faktor muammosi. Demak, kechiktirish bilan faolroq sotish mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments