
Eng yirik bank jinoyatlari qanday fosh qilingan: 5 ta mashhur hikoya
Banklar qadim zamonlardan beri talonchilik nishoni bo‘lib kelgan. Ilgari o‘g‘rilar arava yoki otlarda, keyinroq esa mashinalarda bosqin qilishgan. Hozirda, ko‘p sohalarda bo‘lgani kabi, jinoyatchilik ham kibermakonda sodir bo‘lmoqda. Zamonaviy bank o‘g‘rilari Internetda harakatlanib, banklardan ba’zi davlatlarning byudjeti bilan taqqoslanadigan summalarni o‘g‘irlaydilar. Bugun eng yirik banklarda sodir etilgan jinoyat va firibgarliklar hamda ular qanday fosh qilinganligi haqida bilib olamiz.
2016-yilda Bangladesh bankiga kiberhujum
G‘oya va ijrosi bo‘yicha eng dadil hujumlardan biri 2016-yilda Shimoliy Koreyalik Lazarus Group xakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Xakerlarning maqsadi Bangladesh Markaziy banki edi. Hujumchilar AQSh Federal rezerv bankidagi hisob raqamlaridan 1 milliard dollarni o‘g‘irlab, ularni ko‘plab soxta hisoblar orqali olib chiqmoqchi edilar. Buning uchun guruh Bangladesh banki xodimlaridan birining kompyuteriga virus kiritdi. Shu orqali asta-sekin xakerlar moliyaviy tashkilotning barcha qurilmalariga kirish huquqiga ega bo‘ldilar.
Dam olish kunlari arafasiga rejalashtirib qo‘yilgan talonchilik kuni ular xodimlarni chalg‘itish uchun bankdagi printerlardan birini ishdan chiqardilar. Shundan so‘ng Bangladesh banki nomidan AQSh federal rezerv bankining hisob raqamlaridan 1 milliard dollar yechib olish uchun so‘rov yubordilar.
Faqatgina omad tufayli xakerlar atigi 81 million dollarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lishdi. Gap shundaki, mablag‘ni qabul qiluvchi bank Filippinning Manila shahridagi Yupiter ko‘chasida joylashgan edi. Ko‘cha nomi AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan Eron kemasi nomiga o‘xshaydi. Shu sababli operatsiya to‘xtatildi va Bangladesh banki rahbariyati bu haqida tezda xabardor bo‘ldi.
Ma'lum bo‘lishicha, xakerlar bank tizimlariga chuqur kirib borgan va uning nomidan mablag‘larni boshqara olganlar. Dasturchilar yordamida tizimning zaifligi bartaraf etildi va xakerlar bank mablag‘lariga kirish huquqini yo‘qotdilar. Bangladesh banki hamon o‘g‘irlangan mablag‘larni qaytarishga harakat qilmoqda.
2019 yilda Xitoyda kriptovalyuta bilan bog‘liq PlusToken firibgarligi
2018-yilda Xitoyda yirik kriptovalyuta kompaniyasi PlusToken tashkil etildi. Asoschilar ishtirokchilarga kriptovalyuta mablag‘larini tikish, ular bilan investitsiya qilishni o‘rganish va oyiga taxminan 10-30% daromad olish imkonini beruvchi moliyaviy loyiha sifatida taqdim etdilar. Aslida, yangi ishtirokchilar sarmoya kiritgandan so‘ng, ularga kriptovalyutani maxsus Plus tokenlariga o‘tkazish taklif qilindi. Shunday qilib, ular 2 milliondan ortiq omonatchidan raqamli valyutada 40 milliard yuandan (taxminan 6 milliard dollar) ko‘proq mablag‘ jalb qila oldilar.
Kompaniya asoschilari asta-sekin valyutani o‘z hisoblariga o‘tkazib borishardi. Shu sababli tokenlarning qiymati pasayib ketdi. Omonatchilar endi mablag‘larini to‘liq qaytarib olisholmasdi. Bunday sxemalar moliyaviy piramidalar deb ataladi.
Maxsus xizmatlar 12 oy davomida loyiha rahbarlarini kuzatib, sxemaning 27 ta tashkilotchisi va 82 ta asosiy ishtirokchisini hibsga oldilar. Ular, shuningdek, 2019 yilda Bitcoin kursining qulashiga ta'sir qilganlikda ayblangan.
2015-yilda Carbanak virusi
2013-yilda Rossiya, Xitoy va bir nechta Yevropa davlatlarining xalqaro xakerlar jamoasi Carbanak guruhini tuzdilar. Jinoyatchilar soxta hisoblardan foydalanib, bank mijozlarining hisob raqamlaridan katta mablag‘larni masofadan yechib olardilar. Ularning harakatlaridan AQSh, Yaponiya, Rossiya, Shveytsariya va Niderlandiya kabi 30 ta davlatning 100 dan ortiq banklari mijozlari zarar ko‘rdilar.
Xakerlar bank xodimlarining kompyuterlariga josus-dasturlarini kiritishlar. Barcha bank tizimlariga tobora kirib borib, operatsiya va harakatlar tarixiga kirish huquqiga ega bo‘lganlar. Xakerlar hatto kuzatuv tizimlarini ham nazorat qilardilar. Bu ularga pul mablagʻlarini soxta hisob raqamlariga oʻtkazish yoki bankomatlardan naqd pul yechib olish boʻyicha soʻrovlarni masofadan yuborish imkonini berardi. Bularning barchasini amalga oshirih uchun taxminan 2-4 oy kerak bo‘ldi.
Oʻgʻirlik sodir etilgandan soʻng, xakerlar izlarini yashirib, bank tizimlarini tark etardilar. Guruhning harakatlarini Interpol va Rossiyaning “Kasperskiy laboratoriyasi” xodimlari fosh etdi. Ular Carbanakning ikki yillik faoliyati davomida kamida 300 million dollar oʻgʻirlanishiga aloqadorligini isbotlay oldilar. Biroq, aslida, Carbanak bu miqdorning uch barobarini oʻgʻirlagan boʻlishi mumkin.
2012-yilda xakerlar va AQSh fond bozori
2012-yilda xakerlar hujumining nishoni AQSh fond bozori boʻldi. Hujumchilar qoʻllagan sxema sodda, ammo puxta oʻylab chiqilgan edi. Xakerlar axborot agentliklaridan birining serverini buzib, ma'lum kompaniyalarning aksiya va aktivlari qiymatidagi o‘zgarishlar bayon qilingan birja yangiliklari va press-relizlarga kirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Yangiliklar va press-relizlar e'lon qilinishi arafasida anonim treyderlar yirik savdolarni amalga oshirar edilar: aktivlarni eng yuqori qiymatda sotardilar yoki ularni minimal narxda xarid qilardilar. Natijada, xabar e'lon qilinishidan oldin ham xakerlar operatsiyalardan foyda ko‘rib, daromad olardilar. Yangilik e'lon qilingandan so‘ng, ular aktivlarini sotib, daromad ko‘rar edi. Bunday spekulyatsiyalardan xakerlar kuniga 300 ming dollargacha pul ishlashardi.
Shubhali faoliyat bilan AQSh Federal prokuraturasi qiziqib qoldi. FQB mutaxassislari tekshiruv o‘tkazib, axborot agentligi saytini buzib kirgan qurilmaning IP-manzilini aniqladilar. Xakerlar ikki Ukraina fuqarosi ekanligi ma'lum bo‘ldi: ularning qurilmalarida o‘g‘irlangan ma'lumotlarga ega yuzlab hujjatlar topildi. Ulardan AQShda yashagan yana bir ukrainalik shaxs ma'lumot sotib olgan. Insayder ma'lumotlari yordamida u bitimlardan pul ishlagan, shuningdek, pul uchun mijozlari bilan ma'lumot almashgan.
Xakerlardan farqli o‘laroq, Amerika hukumati xaridorni hibsga olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo Ukraina o‘z fuqarolarini AQShga ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi.
2011 va 2013-yillarda Mt. Gox buzib kirish
2010-yilda tashkil etilgan yapon bitkoin birjasi Mt. Gox 2013 yilga kelib kriptovalyuta operatsiyalari sohasida yetakchi o‘rinni egalladi. Butun dunyo bo‘ylab bitkoin operatsiyalarining taxminan 70 foizini ushbu birja amalga oshirar edi. Uning rivojlanishiga Mt.Goxni ikki marta buzib kirib, birjaga qo‘yilgan mablag‘larni o‘g‘irlagan kiberfiribgarlar nuqta qo‘yishdi.
Birinchi marta kiberhujum 2011-yilda sodir bo‘ldi. Xakerlar birja hisoblaridan taxminan 9 million dollar o‘mardilar. Ular birjaning xavfsizlik tizimidagi zaiflikdan foydalanib, himoya tizimini buzib kirishdi.
Ikkinchi marta firibgarlar ikki yildan so‘ng, 2013-yilda birja hisoblarini buzib kirdilar. Natijada, 50 baravar ko‘proq — kriptovalyutada taxminan 450 million dollar o‘g‘irlandi. Ushbu hujum birja uchun halokatli bo‘ldi: MT. Gox zarbadan tiklanib, faoliyatini davom ettira olmadi va 2014-yilda birja bankrotlikka uchradi. Soxta sxema faqat 2015 yilda fosh etildi.
Izoh qo‘shish