Bank kartasini avaylash

Ushbu bobda – kartadan uning amal qilish muddati davomida qulay va toʻsqinliksiz foydalanishga yordam beradigan qoidalar mavjud. Shuningdek, kartani yoʻqotish va qayta chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar ham koʻrsatilgan.
Kartaga xizmat koʻrsatish va karta egasini qoʻllab-quvvatlash
Xizmat koʻrsatish – bu bank mijozga taqdim etadigan xizmatlar toʻplami: plastik kartani chiqarishdan tortib pul oʻtkazish yoki toʻlovni amalga oshirish imkoniyatigacha. Baʻzi hollarda xizmat koʻrsatish bepul boʻlishi mumkin, premium-kartalar va qulay shartlarga ega kartalar uchun koʻpincha foydalanuvchidan komissiya olinadi. Tariflar bankning saytida koʻrsatiladi – mijoz mahsulotni tanlash orqali ularni erkin oʻrganishi mumkin.
Kartaga xizmat koʻrsatish karta egasini qoʻllab-quvvatlashni – ya'ni savollar va qiyinchiliklar yuzaga kelganda, bank tomonidan foydalanuvchiga yordam berishni ham oʻz ichiga oladi. Qoʻllab-quvvatlash xizmatidan onlayn yoki kartani tezda bloklash, toʻlov nima uchun oʻtmaganligini bilish va boshqa javoblarni olish uchun telefon orqali foydalanish qulay.
Uzum Bank qoʻllab-quvvatlash markazi bilan quyidagicha bogʻlanish mumkin:
- call-markaz — +998 78 777 07 99 telefoni orqali
- ijtimoiy tarmoqlar — Telegramda @uzumbank_support orqali
- mobil ilovadagi "chat" yorligʻida.
Kartaga xizmat koʻrsatish – nafaqat bankning, balki foydalanuvchining ham ishidir. Bu yerda biz operatsiyalarning xavfsizligi haqida emas (biz ular haqida batafsil gaplashdik), balki plastikning jismoniy xavfsizligi haqida gapiramiz. Notoʻgʻri foydalanish paytida karta tirnalishi, sinishi, egilishi mumkin. Shuningdek, u jismoniy ta'sir yoki magnit maydon tufayli magnitlik xususiyatini yoʻqotishga qodir.
"Ha, bank kartasi magnitlik xususiyatini yoʻqotishi mumkin. Shu bilan birga, u operatsiyalarni amalga oshirish uchun magnit tasma emas, balki chip yoki kontaktsiz texnologiya qoʻllaniladigan koʻpgina terminallar va bankomatlarda ishlashni davom ettiradi.
Ammo shunga qaramay, chipga yoki magnit tasmaga zarar bermaslik, plastikning oʻzini va uning ichidagi kontaktsiz antennani buzmaslik uchun, – kartani ehtiyotkorlik bilan ishlating.
Karta sizga koʻp yillar davomida toʻgʻri xizmat qilishi uchun bir nechta oddiy qoidalarga rioya qilish kifoya.
- Agar siz kartani choʻntagingizda yoki sumkangizda hamyonsiz olib yursangiz, unda juda ehtiyot bo‘ling. Uni kalitlar, tangalar va boshqa metall buyumlar bilan bir joyga qoʻymang va sumkani yuvishdan oldin kartani olib tashlashni unutmang.
- Kartani isitish moslamalari yonida va ochiq olovda, toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurida yoki sovuqda qoldirmang.
- Kartaga haddan tashqari ko‘p mexanik ta’sir ko‘rsatmang, uni egishga yoki kesishga urinmang.
- Uni doimiy ravishda elektr jihozlari, shu jumladan uyali telefon yonida saqlamang.
Ammo hamyoningizda bir nechta kartalarni yonma-yon saqlash – mutlaqo xavfsizdir."
Svetlana IglinskayaKarta mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha direktor, Mastercard kompaniyasi
Kartani yoʻqotish va bloklash
Bank kartasini boshqa odamlar qoʻli yetmaydigan joyda saqlash va olib yurish muhimdir. Hamyonda, sumka yoki ryukzakning ichki choʻntagida, kiyimning tugmachali choʻntagida – sizga qulay boʻlishi uchun, lekin ayni paytda plastik tushib ketmasligi yoki begonalarning qoʻliga tushib qolmasligi kerak.
Ammo shunday boʻladiki, karta yoʻqoladi – va bu holda siz tezda harakat qilishingiz kerak. Har bir holat uchun ikkita asosiy variant va koʻrsatmalarni koʻrib chiqaylik.
Siz kartani topa olmayapsiz, lekin u xavfsiz joyda deb oʻylaysiz
Masalan, kartani uyda unutib qoldirganingizga ishonchingiz komil yoki yaqindagina plastikni ishlatgan boʻlsangiz ham, uni uydan topa olmayapsiz. Bunday holda kartani qidirib ko'rishingiz mumkin — lekin undan oldin undagi mablagʻlarni himoya qiling (mabodo karta topilmaydigan bo‘lsa). Nima qilish kerak:
- Kartani vaqtincha bloklang. Vaqtincha bloklash kartani himoya qiladi, chunki u faollashtirilsa, pul olish, pul oʻtkazish, toʻlash kabi har qanday operatsiyalarni bajarish mumkin boʻlmaydi. Ilova yoki qoʻllab-quvvatlash markazi orqali vaqtincha bloklashni yoqishingiz mumkin. Karta topilganda, uni faqat blokdan chiqarish qoladi — yuqorida koʻrsatilgandek, mobil banking, chat-bot yoki call-markaz orqali. Shu bilan birga, plastikka uchinchi shaxslarning koʻzi tushmaganligiga, rekvizitlar hali ham faqat sizga ma'lum ekanligiga amin boʻlishingiz kerak.
- Limitlarni belgilang. Biz ular haqida yuqorida gaplashdik. Ilovada siz kartadan oʻtkazmalar va hisobdan pul yechishni cheklashingiz — ularni nolga qoʻyishingiz mumkin. Ushbu operatsiyalar rad etiladi va sizning pulingiz xavfsiz boʻlib qoladi.
Agar bank yuqoridagi imkoniyatlardan birini taklif qilmasa, karta jamoat joyida (kafeda yoki ish stolida) topilgan yoki umuman topilmagan boʻlsa, demak, quyidagi koʻrsatmalardan foydalanish vaqti keldi.
Karta oʻgʻirlangan yoki yoʻqolgan
Bunday holda yagona yechim – kartani bloklash. Vaqtincha emas, balki butunlay. Keyinchalik, kartani yangi rekvizitlar bilan chiqarishingiz kerak boʻladi — bu yoʻqolgan karta bogʻlangan hisobdagi mablagʻlarning xavfsizligi uchun zarurdir. Oldingi rekvizitlar sizning plastikingizni topib olib, undan foydalanishga qaror qilganlar uchun nofaol va foydasiz boʻladi.
Kartani bloklash uchun qulay usulni tanlang, — asosiysi, buni iloji boricha tezroq qilishdir. Mavjud variantlar:
- mobil ilovada – eng tezkor usul; "Kartani bloklash" yoki nomi shunga oʻxshash boʻlimini topishingiz kerak;
- bankning qaynoq liniya telefoni orqali yoki qoʻllab-quvvatlash chati orqali;
- internet-bank orqali, buning uchun bank saytida shaxsiy kabinetingizga kirishingiz kerak;
- SMS orqali – lekin bloklash uchun bank raqamiga xabarda yuborilishi kerak boʻlgan komandani oldindan bilishingiz kerak;
- bank boʻlimida – eng uzoq usul; agar boʻlim juda yaqin boʻlsa va onlayn yoki telefon orqali bloklash imkoniyati boʻlmasa, murojaat qilishga arziydi.
Bloklagandan soʻng, plastik yordamida to‘lash yoki karta rekvizitlaridan foydalanib, operatsiyalarni bajarish mumkin boʻlmaydi — yangi kartani chiqarishingiz kerak. Ammo bank hisobvaragʻi siz uchun hali ham mavjud boʻladi. Agar zarur bo'lsa, boshqa kartaga pul o'tkazing yoki pasportingiz bilan filialga borib, bank kassasidan pul oling.
Kartani tiklash
Bu – kartani bloklashdan keyingi qadam. Yoʻqotilgan karta oʻrniga yangi kartani quyidagicha chiqarishingiz mumkin:
- Onlayn – ilovada "Qayta chiqarish", "Kartaga buyurtma berish" yoki shunga oʻxshash nomdagi komandani toping. Uzum Bank uchun yoʻli quyidagicha: "Mening kartalarim" — sizga kerakli kartani tanlang – "Kartani qayta chiqarish". Keyin siz plastikni olishingiz mumkin boʻlgan boʻlimni tanlashingiz kerak.
- Oflayn – bank boʻlimiga kelib, kartani qayta chiqarish uchun ariza yozing.
Kartani qayta chiqarish foydalanuvchi uchun pullik yoki bepul boʻlishi, 1-3 kungacha davom etishi mumkin. Agar bankda kuryer orqali yetkazib berish imkoniyati mavjud boʻlsa, kartani uyingizga ham yetkazib berish mumkin.
Karta nafaqat yoʻqolgan taqdirda, balki uning amal qilish muddati tugaganda ham yuqoridagi koʻrsatmalarga muvofiq qayta chiqarilishi kerak. Sanani plastikning old tomonida topishingiz mumkin. Agar 10/25 deb koʻrsatilgan boʻlsa, – demak, karta 2025-yil 31-oktyabrgacha ishlaydi, keyin esa faol boʻlmaydi.
Qayta tiklangandan yoki qayta chiqarilgandan soʻng, sizning (joriy) karta hisobingiz bir xil boʻlib qoladi. Masalan, agar siz kartaga ish haqini olgan boʻlsangiz, ish beruvchiga yangi hisob maʻlumotlarini taqdim etishning hojati yoʻq. Ammo rekvizitlar – raqam, amal qilish muddati va boshqalar – boshqacha boʻladi. Agar siz karta raqami boʻyicha pul oʻtkazmalarini olgan boʻlsangiz yoki karta onlayn-servislarga ulangan boʻlsa, maʻlumotlarni yangilashingiz kerak boʻladi: ularni yaqinlaringizga aytib qo‘ying yoki xizmat koʻrsatuvchi saytida yangi raqamlarni kiriting.

Innovatsiyalar va bank kartalarining kelajagi
- Kontaktsiz texnologiyalar
- Mobil banking
- Kelajakdagi toʻlov texnologiyalari
Izoh qo‘shish