Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin
Bob 3 / 8

Onlayn firibgarlik

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2023 yilda O‘zbekistonda 5,5 ming kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, ularning 70 foizi firibgarlik yo‘li bilan kartalardan pul o‘g‘irlash jinoyatlari hisoblanadi. Bu bank xizmatlaridan foydalanish xavfli degani emas – kartadagi pul banklar va Mastercard kabi to'lov tizimlari tomonidan himoyalangan bo‘ladi. Agar raqamli iqtisodiyot qoidalariga rioya qilib, firibgarlarning hiyla-nayranglarini aniqlashni o‘rgansangiz, pullarning xavfsiz saqlanishi ta'minlanadi. Hozir aynan shuni o‘rganamiz.

Fishing, farming va Internetdagi firibgarlikning boshqa turlari

Onlayn firibgarlik turlarining yagona tasnifi mavjud emas – ammo asosiy ssenariylar ma'lum. Internetda nimaga duch kelishingiz mumkinligi va mablag'laringiz xavfsizligini qanday qilib saqlashni ko'rib chiqamiz.

Fishing

Internetdagi firibgarlikning bir turi hisoblanadi, uning maqsadi foydalanuvchilarni manipulyatsiya va aldov yo'li bilan shaxsiy ma'lumotlariga, natijada esa pullariga egalik qilish. Ko‘p hollarda bu ma'lumotlarni o‘g‘irlaydigan soxta sayt havolasi va o‘ziga jalb qiluvchi mahsulot – foydalanuvchini sahifaga o'tishga undovchi xabar yordamida amalga oshiriladi.

"Fishing" nomi ingliz tilidagi fishing – "baliq ovlash" so‘zidan olingan – va bu firibgarlikni haqiqatan ham baliq ovlash bilan solishtirish mumkin, xo‘rak ilinadi, qarmoq tashlanadi va o‘lja qo‘lga kiritiladi.

 

Masalan, Soliha davlatdan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi haqidagi xabarni elektron pochta orqali oldi – havolaga o‘tib, to‘lov amalga oshiriladigan karta ma'lumotlarini kiritish kifoya. Soliha veb-saytga kirib, karta raqamini, egasining ismini, berilgan sanasini, SMS kodini kiritdi – lekin pulni olmadi. Aksincha, firibgarlar aldov yo‘li bilan karta ma'lumotlarini qo‘lga kiritishdi va u fishing qurboniga aylangani uchun pullarini yo‘qotdi.

Fishing xo‘ragi turlicha bo‘lishi mumkin – qo'rqitishdan tortib, foyda olish va'dasigacha. Quyida Soliha haqidagi hikoyada bo'lganidek, davlat tomonidan to'lanadigan moddiy to'lovlardan tashqari bir nechta misollar keltirilgan.

Ijobiy xo‘rak Salbiy xo‘rak
Barcha narsalarga – 90% yopiq chegirma
bo‘lgan savdolarga kirish uchun ruhsat oling
Jarimani to‘lamadingizmi, zudlik bilan to‘lovni amalga oshiring – aks holda yana bir jarimaga duch kelasiz
Siz millioninchi mijozga aylandingiz,
super sovriningizni oling
Shaxsiy hisobingiz ma'lumotlarini tasdiqlang,
aks holda u bloklanadi
Orzuingizdagi katta daromadli ishga ega bo‘ling Maʼlumotlar tarqalishi yuz berdi,
pulingizni himoya qilmoqchimiz
Agar firibgarlar tufayli pul yo'qotgan bo'lsangiz,
biz muammolaringizni hal qilamiz
Shaxsiy hisobingizga kirishga urinib ko‘rishdi.

Bunday fishing xabarlarni elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar, SMS orqali olish yoki Telegram kanalida ko'rish mumkin (bunday holatlarda firibgarlik SMS-fishing yoki smishing deb ataladi). Ko'pincha xabarda saytga havola bo'ladi va unda shaxsiy ma'lumotlarni kiritish uchun shakl beriladi. Agar uni to'ldirsangiz, shaxsiy ma'lumotlaringiz firibgarlarning qo'liga tushadi.

Bu tarzda nimani o'g'irlashga harakat qilishlari mumkin:

  • telefon raqami, pasport raqami va boshqa shaxsiy ma'lumotlar;
  • pochta va internet resurslariga kirish uchun login va parollar: onlayn bozorlar, onlayn banklar, rasmiy muassasalarning veb-saytlari;
  • karta rekvizitlari: raqam, ism, amal qilish muddati, uch xonali kod va ularning yordami bilan pulga ega bo'lish.

Qanday himoyalanish kerak? Ma'lumot jo'natuvchini va kelgan xat mazmunini tekshiring, tahdidlarga yoki va'da qilingan imtiyozlarga ishonmang. Shubhali havolalarga o‘tmang va ayniqsa, ishonchingiz komil bo'lmagan saytga ma'lumotlarni kiritmang. Bu haqda modulning yakuniy qismida batafsilroq ma'lumot beramiz.

Viruslar va soxta ilovalar

Shubhali saytlar va xatlar har doim ham aldangan odam o'z ixtiyori bilan to'ldirib, shu bilan jamg'armalarini yo'qotadigan maxsus shaklda bo‘lmaydi. Firibgarlar havolaga kirish yoki faylni yuklab olishda kompyuter yoki smartfonga virus yuborishlari mumkin – bunday virus esa ma'lumotni o'g'irlaydi. Yana bir xavf – bu soxta ilovalarni yuklab olib, unga ma'lumotlaringizni kiritish hisoblanadi (bunday firibgarlikning so'nggi misollardan biri 2024 yil fevral oyida sodir bo'lgan).

“Virus - katta xavf hisoblanadi, agar qurilmaga virus tushsa, u mijozga sezilmasdan harakat qiladi. Virus yordamida ma'lumotlar o'g'irlanadi va firibgarlarga mijozlarning hisoblari va ilovalariga kirish imkoni tug‘iladi”.

Yevgeniy Balezin
Firibgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori

Qanday himoyalanish kerak? Birinchi tavsiya kiberxavfsizlik va kibergigiyena qoidalariga rioya qilish: kompyuteringizni tozalang, dasturiy ta'minotni yangilang, imkon qadar qurilmalaringizni viruslardan tekshirib turing. Bundan tashqari, ma'lum bo‘lgan harakatlar: notanish havolalarga kirmang, juda jozibali takliflar berayotgan saytlarga ishonch bildirmang. "Bir balosi bo‘lmasa…" degan ibora bor – u har bir insonning qulog‘ida jaranglab turishi kerak. Agar inson shunday pozitsiyadan qarasa, u odatda "xavf signaliga", ya'ni firibgarlik harakatlariga to'g'ri reaksiya bildiradi: hech narsani yuklab olmaydi va begona saytlarga kirmaydi."

Xizmat uchun «Аванс»

Firibgarlikning bu turini shartli ravishda "nigeriya xatlari" deb atash mumkin. Butun boyligini sizga meros qoldirgan noma'lum boyvachcha amakidan kelgan elektron xatlar haqida eshitganmisiz? Hamma pullar sizniki – xarajatlarni qoplash uchun ma'lum miqdorda pul o'tkazsangiz bo‘lgani. Bunday xabarlar "nigeriya xatlari" deb ataladi – ular shu mamlakatda Internet ommalashishidan ancha avval paydo bo'lgan.

Hozirgi kunda bunday ertaklarga hech kim ishonmaydi. Ammo internetdagi firibgarlar tomonidan "katta xizmat uchun kichik to'lov" tamoyili niqobi hali ham qo'llanilib kelmoqda.

Masalan:

  • internetda ishga joylashish to'g'risidagi e'lon – faqat lavozimga rasmiylashtirish xizmatlari uchun to'lov qilish kerak;
  • yutuq haqida xabar – faqat soliq yoki yetkazib berish xizmati uchun to‘lov qilish kerak;
  • firibgarlar tomonidan o‘g‘irlangan pullarni qaytarishda yordam beradigan “advokatlar” sayti – xizmatlar uchun oldindan to‘lovni amalga oshirish kifoya.

Qanday himoyalanish kerak? Yuqoridagilar kabi, oson daromadlarga va o'ta jozibali takliflarga ishonmang. Notanish shaxslarga pul o'tkazib bermang. Sayt yoki jo'natuvchi haqidagi sharhlarni Internetda qidiring – ehtimol firibgarlik haqidagi xabarni uchratib qolasiz.

Farming

Internetda firibgarlikning eng keng tarqalgan turiga kirmaydi, lekin bu haqida ham aytib o‘tish joiz. Farming fishingga o'xshaydi – foydalanuvchi soxta saytga kirish orqali undagi shakllarga shaxsiy ma'lumotlarni kiritish xavfi uyg‘onadi. Faqat bu holatda, odam o'zi shubhali havolaga kirmaydi. U haqiqiy veb-saytni ochishga harakat qiladi, lekin xakerlik harakatlari (gadjet zararli dastur yoki server firibgarligi bilan to‘qnashadi) tufayli u avtomatik tarzda soxta veb-saytga yo'naltiriladi.

Qisqasini aytadigan bo‘lsak, farmingni o'ljasiz fishing bilan solishtirish mumkin – bu psixologik hiylalarni talab qilmaydi. Ammo undan ham himoya mavjud.

Qanday himoyalanish kerak? Internetdan uyda foydalanish uchun ishonchli provayderni tanlash, virusga qarshi dasturlardan foydalanish va dasturiy ta'minotni yangilab turish kerak. Uy Wi-Fi routeri uchun parol qo‘ying va iloji boricha dasturiy ta'minotini yangilab turing. Bundan tashqari, fishingdan himoya qilishning asosiy qoidalariga amal qiling.

Xizmat ko‘rsatuvchilarning dasturiy ta'minotini buzib kirish

Banklar, onlayn kinoteatrlar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilarning dasturiy ta'minoti to'lovlar xavfsiz amalga oshirilishi uchun sertifikatsiyadan o'tadi va ularni buzib kirish unchalik oson emas. Ammo eng yomon ssenariyni tasavvur qilib ko‘ramiz: xakerlar foydalanuvchilarning bank kartalari ma'lumotlari saqlanadigan internet-platformaga muvaffaqiyatli hujum qilishdi. Firibgarlar ularni qo‘lga kiritishlari va kartadagi verifikatsiya kodi (CVC/CVV) va SMS orqali parol kodi talab etilmagan to'lovlarni amalga oshirishga harakat qilishlari mumkin.

“Afsuski, mijozlarning akkauntlarini buzib kirish yana bir xavf turidir. Ularni qanday qilib buzib kirilganini o‘rganar  ekanmiz, avvalambor mijoz parollar va loginlarni yaratish va saqlash haqida unchalik bosh qotirmagan, degan xulosaga kelamiz. Agar bu ma'lumotlar  firibgar qo‘liga tushsa – xuddi shu fishing yoki viruslardan foydalangan holda – akkauntingizni bemalol qo‘lga kiritishadi."

Yevgeniy Balezin
Firibgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori

Qanday himoyalanish kerak? Murakkab parollardan foydalaning, ularni vaqti-vaqti bilan o'zgartirib turing, ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalaning. Minimal ochiq qoldiq yoki pulsiz kartani shaxsiy xizmatlar hisobingizga ulang va kerak bo‘lganda unga pul o'tkazing.

Agar bank ilovalarida mavjud bo‘lsa, limitlardan foydalaning (bu haqda batafsil ma'lumot bobning oxirgi xatboshida beriladi).

Eng zamonaviy usul – bank kartasidan tokenizatsiya bilan foydalanish. Tokenizatsiyada kartaning asl raqami onlayn xizmat tomonida boshqa raqamlar – surrogat, rasman token bilan almashtiriladi. Ya'ni, shartli raqami 1234 5678 bo'lgan karta Internet-saytda 0987 6543 sifatida saqlanadi – asl raqam esa o‘zingizda bo'ladi.

Banklar hozirda saytlarda saqlanadigan kartalarni shifrlangan shaklda tokenizatsiya qilish yo‘lidan bormoqda. Tokenni ham qo‘lga kiritish mumkin, lekin uni buzish hisobvaraqqa bog'langan kartani buzishdan ko'ra xavfsizdir. Shu sababli, kartaning haqiqiy ma’lumotlari tarmoqlarda boshqa “aylanib yurmaydi”.

Yevgeniy Balezin
Firibgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori

Soxta xayriya 

Xayriya - bu ezgu ish, lekin, afsuski, firibgarlar tufayli yordamga bo‘lgan undovlardan ehtiyot bo'lish kerak. Buzg'unchilar tomonidan turli voqealar o'ylab topilib, mablag‘lar yig'ishga chaqiriladi, jamlangan pullarni esa o'z hisoblariga o'zlashtirganliklari bo‘yicha holatlar bir necha bor qayd etilgan.

Bunga teskari vaziyatlar ham mavjud. Jinoyatchilar yordam ko'rsatadigan (misol) yoki davolanish uchun mablag' to'playdigan shaxs bilan bog'lanishadi (misol). Ular moliyaviy qo'llab-quvvatlab, pul o'tkazib berish bahonasida karta ma'lumotlarini qo‘lga kiritishga harakat qiladilar.

Qanday himoyalanish kerak? Mavjud bo‘lgan xayriya fondlariga yoki ishonchingiz komil bo‘lgan tanishlar xabarlariga ishonch bildiring.

Agar post sizga notanish shaxs tomonidan chop etilgan bo'lsa, karta ma'lumotlarini tekshirishingiz yoki e'longa biriktirilgan fotosuratlarni Internetdan bu rasm va ma'lumotlar e'lon qilingan voqea bilan bog'liq bo'lmagan boshqa manbalarda ham borligini tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Agar tanishingiz moliyaviy yordam so‘rayotgan bo‘lsa, unga qo‘ng‘iroq qilib, yordamni haqiqatan ham u so‘rayaptimi yoki uning nomidan boshqa birovmi – aniqlik kiriting.

Onlayn xaridlar va elektron savdo xavfsizligi

Onlayn xaridlar paytida firibgarlarning yuqorida aytib o'tgan hiyla-nayranglariga duch kelishingiz mumkin: fishing saytlari va ularga pul o'tkazilgandan so'ng "yo'qolib ketadigan" odamlar. Onlayn xarid qilish uchun odatiy bo'lgan bir nechta ssenariylarni ma'lum qilamiz.

To'lov yoki yetkazib berish bo‘yicha fishing saytlari

Bunday aldov bo‘yicha o'nlab holatlar qayd etilgan bo‘lsa ham, bu dolzarbligicha qoladigan sxema hisoblanadi. Soxta xaridor reklama orqali sotuvchi bilan bog'lanib, xarid qilishga tayyorligi va "to‘lov qilish" bo‘yicha havola yuborishi mumkin. Havoladan keyingi sayt karta ma'lumotlarini va SMS orqali kelgan kodni so'raydi – natijada pul kelib tushish o‘rniga yechib olinadi. Xuddi shu sxema tovarlarni yetkazib berish xizmatida ham amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Internet-resurs ishonchli ko'rinishi mumkin: tashqi tomondan to'lov tizimiga yoki yetkazib berish xizmatiga o'xshaydi. Unda xarid tafsilotlari, summa va “maʼlumotlaringiz himoyalangan” kabi iboralar koʻrsatiladi. Shunga qaramasdan xavfsizlikga jiddiy qarang.

Qanday himoyalanish kerak? Haqiqiy saytlar manzillarini diqqatlik bilan tekshiring, noma'lum saytlarga ma'lumotlarni kiritmang va xaridlar amalga oshiriladigan sayt qonun qoidalarini unutmang. Masalan, olx-dostavka resursi haqiqiy bo‘lishi mumkin emas – sababi mazkur xizmatning o'z kuryerlari mavjud emas.

 

Original do'konlarning soxta dublikat saytlari

Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat soxta onlayn-do'konlarga havolalarni ko‘rish mumkin. Ular mahsulotlarni juda past narxda, yopiq savdolarda, jozibador imtiyozlarda va'da qiladilar - bundan tashqari, ular siz oldin xarid qilgan onlayn platformalarga juda ham o'xshab ketadi.

Bunday saytlarda to‘ldirishingiz kerak bo‘lgan to'lov shakli bo‘ladi. Kartangiz ma'lumotlarini kiritasiz va tanlangan mahsulotni yetkazib berishlarini kutasiz. Lekin xarid qilgan mahsulotingiz yetkazib berilmaydi – ammo dublikat veb-saytini yaratgan firibgarlar tomonidan pulingiz echib olinadi.

Qanday himoyalanish kerak? Yuqorida ta'kidlaganimizdek, xarid qilayotgan saytni tekshirib ko‘rishingiz kerak. To'lovni amalga oshirishdan oldin uning haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qiling.

Skam sxemalari va soxta takliflar 

Skam — bu turli mavzular va usullarga asoslangan aldash sxemasi hisoblanib, maqsadi jabrlanuvchilarning mablag‘larini aldov yo‘li bilan tortib olish. Misol uchun – firibgarlar tomonidan yangidan-yangi takliflar, mahsulotlar, do'konlar yaratiladi (yuqorida aytib o‘tilganlardan farqli o'laroq, bunday saytlar haqiqatan mavjud saytlarning nusxasi  bo‘lmaydi) va foydalanuvchilarni tovarlarni yetkazib bermaslik va va'dalarni bajarmaslik yo‘li bilan aldashadi.

“Onlayn savdoda, yuqorida aytib o‘tilganlarga qo'shimcha tarzda asosiy xavf skamlardan keladi – qonuniy xizmatlar qiyofasida, yuqori daromadli investitsiya shartlari yoki foydali sarmoyalar ochiq taklif etilishi – bu firibgarlik sxemalarining turli xildagi ko‘rinishi hisoblanadi.

Hozirda kriptovalyuta va elektron tijorat platformalari bilan bog‘liq soxta takliflarni yaratuvchi skamlar keng tarqalgan. Tijorat platformalari sizga ma’qul bo‘lgan narxlarda elektrotexnika mahsulotlari, sumkalar, oyoq kiyimlar, xullas barcha mahsulotlarni taklif etadilar. Natijada, xaridor yo umuman hech narsa olmaydi yoki buyurtma qilganidan butunlay boshqa narsa yetkazib beriladi: misol uchun oyoq kiyim o‘rniga bolalar o'yinchog'i bo‘lishi mumkin.

Qanday himoyalanish kerak? Erinchoqlik qilmasdan, sotuvchi va sayt haqida sharhlarni topib, o‘qib chiqing. Odatda, kam sonli ijobiy sharhlar va ma’lum miqdorda salbiylarini ham o‘qishingiz mumkin. O‘ylagan va odatdagidan ko‘p miqdorda foyda keltiradigan investitsiyalar yoki xaridlarni taklif qiluvchi reklamalarga aldanib qolmang, hushyor bo'ling”.

Yevgeniy Balezin
Firibgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori

Yana bir usul – oldindan to'lov, to'lovni amalga oshirganingizdan keyin sotuvchi pul bilan birga g‘oyib bo‘ladi. Xaridorning hushyorligini kamaytirish maqsadida sotuvchi bir vaqtning o'zida barcha pullarni o'tkazishni so'ramaydi, hozircha oz miqdordagi pullar kifoya qilishini bildiradi. So'nggi vaqtlarda odamlar ijtimoiy tarmoq sotuvchilarini tekshirmasdan, dacha, kvartiralarni bron qilish, elektronika uchun aksessuarlar, hayvonlar uchun oziq-ovqat «sotib olish» kabi turli aldov va bahonalarga duch kelib, mablag‘larini yo'qotishgan.

Kiberfiribgarlikdan himoyalanish

Firibgarlik turlaridan himoyalanish usullarini qisman ko'rib chiqdik. Tavsiyalarni umumlashtiramiz va kengaytiramiz. Shunday qilib, messenjerlar, pochta, onlayn-do'konlar va reklamalarda aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Xabar jo'natuvchini tekshirish

Pochta, SMS yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali kim xabar yuborganligini tekshirishdan boshlashingiz mumkin.

Nimadan ehtiyot bo'lishingiz kerak:

  • Yuboruvchi nomi va elektron pochta o'rtasidagi farq. Misol uchun, deylik Mastercarddan xat oldingiz va elektron pochta manzili qyubduybe4@ va hokazo – xullas, harflar to'plami. Bunday xatni ochmasligingiz kerak.
  • Bepul elektron pochta xizmatidan foydalanish. Agar siz davlat organi, do'kon yoki bankdan xat olgan bo'lsangiz, xat rasmiy elektron pochta manzili orqali yuborilgan bo‘lishi kerak. @ belgisidan keyingi harflarga e'tibor bering. Ya'ni, Uzum Marketdan xatlar pochta orqali @uzum.com bilan tugallangan holda yuboriladi. Agar xatning manzili gmail.com yoki hotmail.com bilan tugasa, bilingki, bu bepul elektron pochta xizmatlari – firibgarlar har qanday bo‘sh nom bilan pochtani ro'yxatdan o'tkazishi va do'konlar yoki boshqa yuridik shaxslar nomidan foydalangan holda harakat qilishi mumkin.
  • Soxta akkaunt. Bu usul bundan avvalgilariga o‘xshash, lekin u aynan ijtimoiy tarmoqlarga tegishli. Firibgarlar haqiqiy kompaniyalarga tegishli bo'lib ko'rinadigan guruhlar yaratishi mumkin. Bunday tuzoqqa tushib qolmaslik uchun Telegramdagi kanal manzilini internetdagi qidiruv satriga yozib tekshiring. Yoki ushbu guruh do'konning rasmiy veb-saytida ijtimoiy tarmoqda ro'yxatga olinganligini tekshirib ko‘ring.

Misol uchun Uzum veb-saytida rasmiy Telegramga yo‘naltiruvchi havola mavjud. Uni bosganingizda, @uzumbank_support qo'llab-quvvatlash kanali ochiladi. Agar sizga @uzumuzsupportbank kabi jo'natuvchidan xabar kelsa, demak u haqiqiy kanal emas. Foto: https://uzumbank.uz/uz

Havolani tekshirish 

Nimadan ehtiyot bo'lish kerak:

  • Yashirin havola. Agar havola yashirin bo'lsa – ya'ni "Sovriningizni hoziroq oling" so‘zi ustiga bosish mumkin bo‘lsa – uni bosishga shoshilmang. Kursorni yozuv ustiga olib boring – kompyuter ekranining pastki qismida u olib boradigan saytning Internet manzili paydo bo'ladi. Agar g'alati harflar to'plami yoki notanish sayt bo'lsa, havolaga kirmang.
  • Sayt ma'lumotlaridagi xatolar. O‘zingizga tanish bo‘lgan do‘kon nomini kiriting, misol uchun magazin.uz. Sinchkovlik bilan yana bir bor tekshirib ko‘ring. Agar bitta raqam yoki harf haqiqiy veb-saytdan farq qilsa – haqiqiy “magazin” shartli ravishda magassin.uz ga aylanib qolsa – bunga also ishonmaslik lozim.
  • Himoyalanmagan protokol. To‘lov amalga oshirish xavfsiz bo‘lgan himoyalangan saytlarni (manzilda xatoliklar yoʻqligi va xizmatga ishonchingiz komil boʻlgan boshqa shartlar) manzil satrining boshidagi https va qulf belgisi orqali aniqlash mumkin. Ishonchsiz va xavfli saytlar http bilan boshlanadi.

 Xabar mazmunini tekshirish

Nimadan ehtiyot bo'lish kerak:

  • Ortiqcha harakat qilmasdan oson daromad olish – 50 dollarlik sarmoya evaziga 1000 dollar foyda.
  • Hech qanday shartlarsiz pul, qimmatbaho sovrinlar, katta bonuslarning tarqatilishi.
  • Maktublarning “qichqiriq” sarlavhalari: “shoshilinch va faqat siz uchun”, “yilning asosiy sovrini”, “boyib ketishingiz kafolatlanadi”.
  • Matndagi xatolar: firibgarlar ko‘pincha noto‘g‘ri tinish belgilari bilan yozishadi, matnda  xatolarga yo‘l qo‘yishadi – yirik kompaniyalar esa matnlar sifatini doimiy nazorat qilib borishadi.
  • Juda past narxlar – arzimagan 5 million so‘mga yangi iPhone yoki shunga o‘xshash.

Internet tarmog‘ida va onlayn xaridlar chog‘i xavfsizlikni kuchaytirish 

Internet resurslaridan xavfsiz foydalanish va himoyalangan to'lovlarni amalga oshirish uchun bir nechta qo'shimcha ko‘rsatmalar.

  • Antivirusdan foydalanish. Undan nafaqat kompyuterda, balki telefonda ham foydalanish lozim. Antivirus dasturlari spam xabarlardan, shuningdek, firibgarlar tomonidan yuborilgan xatlar orqali yuklanishi mumkin bo‘lgan zararli dasturlardan himoya qiladi.
  • Murakkab parol o'ylab topish. Qiyin va turli xizmatlar uchun har xil parollardan foydalanish. Qwerty, 123456, parol, tug'ilgan yil kabi oddiy kombinatsiyalardan foydalanmang. Qiyin parol katta va kichik harflar, maxsus belgilar, raqamlar va tinish belgilaridan iborat bo‘ladi.
  • Ikki-faktorli autentifikatsiyadan foydalanish - agar uni aniq bir xizmat bilan amalga oshirish mumkin bo‘lsa. Faqat ism/login va parol kombinatsiyasi bitta faktorli identifikatsiyadir, xizmat yoki operatsiyalarga kiritish uchun bitta "kalit" hisoblanadi. Xavfsizlik va buzg'unchilikdan qo'shimcha kalitlar – SMS kod, push-bildirishnomalar, biometrik ma'lumotlar himoya qiladi.
  • Ommaviy Wi-Fi-dan foydalanmang, agar biron-bir veb-saytga shaxsiy ma'lumotlarni kiritishingiz talab qilinsa. Ushbu umumiy tarmoqlarning xavfsizlik darajasi past bo'lishi mumkin, bu esa firibgarlarga siz yuborgan ma'lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi.

Kartadan yechib olish mumkin bo'lgan miqdorni cheklash. Buni karta yordamida amalga oshirishingiz mumkin, uning rekvizitlari faqat onlayn xaridlar uchun ishlatiladi va xarid qilishdan oldin kerakli miqdorda to'ldiriladi. Mutaxassis bu borada kartadan yechib olish mumkin bo'lgan miqdorni cheklash yaxshiroq ekanligini ta'kidlaydi.

Xavfni minimallashtirishning asosiy usuli – muayyan segmentdagi tranzaksiyalar bo'yicha limitni boshqarish, bu holda elektron tijoratda ma'lum bir kun, soat, daqiqada Internet tranzaksiya opsiyasini ochish va yopish imkoniyatidir.

Hozir xarid qilishim kerakligini bilaman, shuning uchun ruxsat etilgan limitni million so‘m deb belgilayman. Xarid qilib bo‘lganimdan so‘ng, limitni nolga qo'yaman. Buni cheksiz marta amalga oshirish mumkin. Bu eng ishonchli himoya usuli. Agar bank bunday xizmatni taklif qilsa, mijoz bu amaliyotni sinab ko‘rishi, o‘zida shunga mos xatti-harakatni shakllantirishi kerak”.

Yevgeniy Balezin
Firibgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori

Mastercard bilan xavfsiz va qulay to‘lovlar olamini oching

Ma'lumot olish

Telefon orqali firibgarliklar va skam qo'ng'iroqlari

  • Telefon va SMS orqali firibgarlik: sxemalar
  • Telefon firibgarlarini qanday aniqlash mumkin
  • Soxta qo'ng'iroqlar va xabarlardan himoyalanish: qanday qilib ularning qurboni bo'lmaslik

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments