
Bankomatlardan qanday qilib pul yechish kerak: foydali maslahatlar
Bank xizmatlari uchun komissiya to‘lash kimga ham yoqadi, deysiz, lekin ko‘pincha shunday qilishimiz kerak bo‘ladi — masalan, bankomatdan naqd pul yechib olishda. Komissiyalar — bu banklar uchun o‘z xarajatlarini kamaytirish va pul ishlashning bir usuli. Bugun O‘zbekiston moliya tashkilotlari bankomatlar orqali naqd pul yechib olish uchun nega haq olishini va boshqa mamlakatlarda bu holat qandayligini bilib olamiz.
Nega naqd pul yechib olish uchun komissiya olinadi
O‘zbekistonda naqd pul yechib olish uchun komissiyalar anchadan buyon joriy qilingan. Bugungi kunda uning hajmi bankka qarab, milliy yoki xorijiy valyutadagi operatsiya summasining 0,5% dan 1% gacha o‘zgarib turadi. Ammo shuni ta'kidlash joizki, ba'zi banklar o‘z terminallari orqali naqd pul yechib olish uchun mijozlardan komissiya olmaydilar.
Banklar komissiyani turli sabablarga ko‘ra belgilaydilar. Shunday qilib, ular mijozlarni bank kartalari va boshqa elektron pul o‘tkazmalari va to‘lov usullaridan foydalangan holda ko‘proq xaridlarni amalga oshirishga undaydilar. Bu banklarga kartalar bo‘yicha operatsiyalarni kuzatish va shubhalilarini tezda aniqlash, shuningdek, bankomat va ofislarga xizmat ko‘rsatishda tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, banklar uchun pul mablag‘larini o‘zlarida saqlash hamda o‘z bankomatlari va kassalaridan naqd pul oqimini kamaytirish foydaliroqdir.
2022-yilda e'lon qilingan naqd pul yechib olish komissiyasini joriy etishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri — naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish. Bu xorijiy kartalardan valyutani naqd qilgan moliyaviy spekulyantlarga qarshi kurashish uchun qilingan. Komissiya joriy etilgunga qadar ulardan valyutani bepulga yechib olish mumkin edi.
Bank tomonidan olingan pullar nimaga sarflanadi
Banklar, o‘z navbatida, protsessing — bank kartalari bilan moliyaviy operatsiyalarni qayta ishlash uchun to‘lov tizimlari foydasiga to‘lovlarni amalga oshiradilar. O‘zbekistonda barcha kartalar protsessingi banklar tomonidan emas, HUMO va Uzcard to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu karta va bankomat qaysi bankka tegishli ekanligiga bog‘liq emas, har qanday holatda naqd pul yechib olish uchun komissiya olinadi. Bundan so‘ng bankning tanlovi bor: komissiyani o‘zi to‘lash yoki bu xarajatlarni mijozlarga o‘tkazish. O‘zbekistonda banklar ikkinchi variantni tanlaydilar.
Bank tomonidan olingan komissiya pullari nafaqat to‘lov tizimlari tranzaksiyalariga, balki operatsion xarajatlarni qoplashga ham sarflanadi. Bank, har qanday yirik tuzilma singari, xodimlar shtatini ta'minlaydi, ofis maydoniga ega yoki uni ijaraga oladi, jihozlarni sotib oladi va ularga xizmat ko‘rsatadi. Inkassatsiya xizmatlariga bankomat va bank kassalariga xizmat ko‘rsatishi uchun to‘lash kerak. Bundan tashqari, bank daromadlari davlat solig‘iga tortiladi. Shunday qilib, komissiyalardan, masalan, naqd pul yechib olish va bank operatsiyalaridan, tushgan mablag‘ bank xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi, shuningdek, daromadning bir qismini tashkil qiladi.
Bunday vaziyat, masalan, Rossiyada mavjud bo‘lganidan sezilarli darajada farq qiladi. Ushbu mamlakatda mijoz kartani chiqargan bankning bankomatlaridan naqd pul yechib olish uchun to‘lamaydi, chunki bankning o‘zi ham to‘lov tizimlariga komissiya to‘lamaydi.
Komissiya miqdori nimaga bog‘liq
Avvalo, naqd pul yechib olish uchun komissiya miqdori ma'lum bir bankning siyosatiga bog‘liq. Ayrim banklar, masalan, “Kapitalbank” naqd pul yechib olish uchun komissiya olmaydi, boshqa moliyaviy tashkilotlarda esa u yechib olingan summaning 3 foizigacha tashkil qilishi mumkin.
Uning miqdori, shuningdek, mablag‘ olinadigan karta turiga bog‘liq. Ba'zi hollarda standart kartalardan naqd pul yechib olish uchun komissiya to‘lash kerak, ammo premium kartalardan naqd pul olish uchun — yo‘q. Naqd pul yechib olish limiti va komissiya miqdori turli banklarning bankomatlarida farq qilishi mumkin. Muayyan shartlarni odatda muassasaning rasmiy saytida bilib olish mumkin.
Omonat hisobidan yoki depozitidan naqd pul yechib olish uchun komissiya shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga bog‘liq bo‘ladi. Komissiya to‘lamaslik uchun bank bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan muddat tugashidan oldin hisobdan mablag‘ yechib olmaslik tavsiya etiladi.
Boshqa mamlakatlarda qanday
Bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya olish amaliyoti ko‘plab mamlakatlarda mavjud:
- Gruziyada—odatda har bir operatsiya uchun taxminan 3–5 lari (14 000-23 000 so‘m);
- Armanistonda (summaning 1%);
- Qozogʻistonda (1–2%);
- Tojikistonda (1%);
- Turkiyada (1,5–3%).
Boshqa bankning bankomatlaridan, ya'ni mijoz foydalanadigan karta bankomatidan emas, naqd pul yechib olish uchun komissiya sanab o‘tilgan mamlakatlarda bundan ham yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, ushbu mamlakatlarning bir qator banklarida mijozlar uchun komissiyasiz naqd pul yechib olish lamiti mavjud.
Rossiyada, yuqorida aytib o‘tilganidek, o‘z banklarining bankomatlari orqali naqd pul yechish uchun komissiya to‘lanmaydi. Biroq, Rossiya banklarining karta egalari har qanday holatda ham boshqa bankning bankomatlari va ofislari orqali naqd pul olish uchun komissiya to‘lashlari kerak.
Qanday qilib pul yechish uchun komissiya to‘lamaslik mumkin
Pul yechib olish uchun komissiya to‘lamaslik usullari mavjud. Iloji boricha naqdsiz shaklda to‘lashga harakat qiling. Bank kartasi orqali to‘lovlar uchun uning egasidan komissiya olinmaydi. Agar siz do‘stingizga qarzni qaytarishingiz yoki biror kimga to‘lashingiz kerak bo‘lsa, pulni bank hisobiga o‘tkazishga kelishing.
Ushbu operatsiyani amalga oshirmoqchi bo‘lgan karta bankining bankomatlari va kassalari orqali pulni yechib oling, shunda komissiya olinmaydi yoki minimal bo‘ladi. Agar kartangizdan boshqa bankning ofisi yoki bankomati orqali pul yechib olsangiz, komissiya yuqori bo‘ladi. Shuningdek, operatsiyadan oldin bankingizning komissiya miqdorini belgilovchi qoidalarini diqqat bilan o‘rganib chiqing. Ba'zi banklar, agar mablag‘ hisobda ma'lum muddatdan ko‘proq vaqt davomida bo‘lsa, komissiya undirmaydi.
Agar siz bankomatlardan pul yechib olishingiz kerak bo‘lsa— ayniqsa har oy katta miqdorda — premium kartalarni ko‘rib chiqing. Masalan, “Kapitalbank” Visa Platinum kartasi bilan bankning kassasi va bankomatlari orqali komissiyasiz naqd pul yechib olish mumkin.
Izoh qo‘shish