
Bank yacheykasi nima uchun kerak va undan qanday foydalanamiz?
O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati naqd pul, muhim hujjatlar va qimmatbaho narsalarni uyda saqlashni ma’qul ko‘radi. Shunda istagan vaqtda ularni ishlatish imkoni bo‘ladi. Lekin o'g'rilik, yong'in yoki boshqa favqulodda vaziyatlarda bor mol-mulkingizni yo'qotish xavfi ortadi. Qimmatbaho narsalarni bank yacheykasiga joylashtirish bilan o'zingizni bunday xavflardan himoya qilishingiz mumkin. Ko‘pchilikning fikricha, bu - qimmatbaho narsalarni saqlashning eng ishonchli usuli. Chindan ham shundaymi – aniqlab ko‘ramiz va bir yo’‘la bank yacheykasidan qanday foydalanishni aytib beramiz.
Bank yacheykasi nima?
Bank yacheykasi - pul va qimmatbaho buyumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan shaxsiy seyf. Turli o'lchamdagi yacheykalar mavjud - standarti 34 sm chuqurlikda, 21 sm kengligida va 5 sm balandlikda. Agar mijoz kattaroq narsalarni joylashtirishni xohlasa, bank kattaroq yacheykani taklif qilishi mumkin. Bunday holda, yacheykaning chuqurligi va kengligi bir xil bo'lib qoladi, balandligi esa kattalashadi. Katta yacheykalar 10, 20, 40 va hatto 80 sm o‘lchamida bo'lishi mumkin. Bank yacheykalari odatda bank omborining maxsus xonasida kuchaytirilgan qo‘riqlash rejimida saqlanadi. Bunday xonada o'nlab yacheykalar joylashtirilishi mumkin.
Sizga nega yacheyka kerak?
Bank yacheykasi ikki holatda kerak bo‘ladi: qimmatbaho narsalarni saqlash uchun hamda ko'chmas mulk bilan bog'liq operatsiyalar uchun.
Birinchi holatda yacheyka ijarachisi hujjatlar, qimmatbaho va hashamdor buyumlarni joylashtirishi mumkin, portlovchi va giyohvand moddalar, qurol va tez buziladigan oziq-ovqatdan tashqari. Naqd pulni ham yacheykaga joylashtirish mumkin. Ammo bunday holda pul inflyatsiya tufayli qadrsizlanib, daromad keltirmaydi. Mavjud mablag'ingizni foiz stavkasi bo'yicha bankka omonatga qo'yganingiz ma'qul.
Standart o'lchamdagi yacheykalar hujjatlar, naqd pul, zargarlik buyumlari, umunan, kichik hajmdagi narsalarni saqlashga mo‘ljallangan. O'rta o'lchamdagi yacheykalarda qimmatbaho metall quymalari, katta zargarlik buyumlari va katta hajmdagi hujjatlar saqlanadi. Katta va juda katta yacheykalarda hashamatli narsalar - san'at asarlari, qimmatbaho kiyimlar, sumkalar saqlanishi mumkin.
Ko'chmas mulk bilan bog'liq operatsiyalarda yacheykaga xarid pulini qo‘yish pul saqlashning eng ishonchli, eng behavotir usuli hisoblanadi. Xaridor kelishuvgacha ko'chmas mulkni sotib olish uchun mo'ljallangan pul mablag'ini yacheykaga joylashtiradi. Bitim rasmiylashtirilganidan so'ng sotuvchi yacheykaga kira oladi. Har ikkala tomon xavfsizligi uchun odatda bank ishtirokida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unda har bir tomonning huquq va majburiyatlari batafsil bayon etiladi. Odatda yacheyka ijarasi haqini sotuvchi tomon to'laydi.
Bank yacheykasini ijaraga qanday olish mumkin?
Bank yacheykasini ijaraga olish uchun bank bilan shartnoma tuzishingiz kerak. Ijara muddati muayyan moliya tashkilotiga qarab, bir kundan bir necha yilgacha cho‘zilishi mumkin. Ba'zi banklar shartnomaga ijara muddatini avtomatik tarzda uzaytirish to'g'risidagi bandni kiritadi. Agar ijarachi yacheykaning ijara muddatini bekor qilishi haqida bankni oldindan xabardor qilmasa, bu muddat o‘z-o‘zidan uzaytiriladi. Shartnomada yacheykada saqlash ta'qiqlangan narsalar ro'yxati ham ko'rsatiladi.
Agar ijara muddati tugagan bo'lsa va ijarachi narsalarini olib ketmasa, bank yacheykadagi narsalarni bank omboriga o'tkazadi. Bunday holda ijarachi narsalari omborda saqlangani uchun pul to'lashi; shuningdek, jarima to'lashi; kamerani ochish va narsalarni ko'chirish jarayonida bank ko‘rgan zararni qoplashi kerak.
Shartnomaning ikki turi mavjud. Birinchisi ijarachiga yacheykadan foydalanish huquqini beradi. Demak, mijoz qimmatbaho buyumlarini yacheykaga o‘zi qo'ymaydi, balki ularni bank xodimiga topshiradi. Bunday holda yacheykada saqlanadigan barcha narsalarning batafsil ro‘yxati tuziladi. Agar ular yo‘qolsa, bank javobgarlikka tortiladi va egasiga to'liq tovon to'lashi kerak bo'ladi.
Shartnomaning ikkinchi turiga ko'ra, bank ijarachiga yacheykani taqdim etadi. Bunda bank mijozi narsalarini mustaqil ravishda yacheykaga joylashtiradi va o‘zi yacheykadan oladi. Qo‘yiladigan narsalar ro‘yxati tuzilmaydi va yacheykaga nima qo‘yilgani sir bo'lib qoladi. Bunday holda agar yacheykadagi narsalarga biron nima bo'lsa, bank javobgarlikdan ozod qilinadi.
Voyaga etgan har bir fuqaro bank bilan yacheykani ijaraga olish shartnomasini tuzishi mumkin. Buning uchun bank filialiga murojaat qilishingiz va shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishingiz kerak. Yacheyka o'lchamini tanlab, ijara muddatini kelishib olgandan so'ng, bank shartnoma imzolashni va ma'lum muddat uchun yoki to‘liq muddat uchun to'lovni amalga oshirishni taklif qiladi. Ijara muddati qanchalik uzoq bo'lsa, oylik ijara haqi shunchalik past bo'ladi.
Bank yacheykasidan qanday foydalaniladi?
Bank bilan shartnoma imzolanganidan so'ng, ijarachi yacheykaning maxsus kalitini yoki kirish kartasini oladi. Yacheykadan faqat bankning ish soatlarida foydalanish mumkin. Odatda, yacheyka ikkita qulf bilan qulflanadi. Biri bankda, ikkinchisi ijarachida saqlanadi. Ijarachi yacheykani ochmoqchi bo‘lganida, bank xodimi uni o‘z kaliti bilan, ijarachi esa o‘zining kaliti bilan ochadi. Shartnoma turiga qarab, bank xodimi mijozning harakatlarini qayd etadi yoki uni yacheyka yonida yolg'iz qoldiradi.
Agar bank va ijarachi o'rtasida yacheykadan foydalanish huquqi to'g'risida shartnoma tuzilgan bo'lsa, u holda bank har safar mijoz saqlashga qo‘ygan va olayotgan narsa va pul mablag'ini tekshiradi. Agar tomonlar o'rtasida yacheykani taqdim etish to'g'risida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, bank hech qanday tekshiruv o'tkazmaydi.
Faqat shartnomani imzolagan shaxs yacheykani ochish huquqiga ega. Agar ijarachi bu huquqni boshqa shaxsga o'tkazmoqchi bo'lsa, notarius orqali ishonchnoma rasmiylashtirishi kerak.
Qimmatbaho narsalarni yacheykada saqlash xavfsizmi?
Yacheykalar ishonchli va yuqori darajada himoyalangan bo‘lgani uchun, bank mijozlari o‘z mablag‘lari va qimmatbaho narsalarini shularda saqlashni ma'qul ko‘radilar. Keling, yacheyka haqiqatan ham qimmatbaho narsalarni saqlash uchun eng xavfsiz joymi, aniqlab ko‘ramiz.
Avvalo, yacheykalar muhofaza qilinadigan binoda, bankning maxsus omborida joylashganligini aytib o‘tamiz. Bino 24 soat davomida videokuzatuvda va xavfsizlik xizmati himoyasida. Bank yacheykasidan faqat uning ijarachisi vakolatli bank xodimi ishtirokida foydalanishi mumkin.
Bank maxsus asoslarsiz - sud qarori, ijarachining o'limi yoki, masalan, yong'in paytida qimmatbaho narsalarni saqlab qolish maqsadidan tashqari yacheykani ochishga haqli emas. Yacheykada saqlanadigan narsalar o'g'irlik yoki zararlanishdan shu tariqa himoyalangan.
Shuningdek, yacheykaga qo‘yilgan narsalarning egasi bankrotlik yoki bankning yopilishidan xavfsiramasa ham bo‘ladi. Agar shunday holat sodir bo'lsa, ijarachi istalgan paytida yacheykadan narsa va mablag'ni olib ketishi mumkin.
Xullas, yacheykadagi pul va qimmatbaho buyumlar uchun yagona xavf - bu inflyatsiya, metallar va qimmatbaho buyumlar qiymatining pasayishidir. Shuning uchun yacheykada inflyatsiyaning ta'siri bo‘lmaydigan narsalarni saqlagan ma'qul.
Izoh qo‘shish