
Bank kartasidan foydalanayotganda nimani noto'g'ri qilyapsiz: 10 ta xato
Bank kartasi katta erkinlik beradi. Shunga qaramay, ko'pchiligimiz, ko'pincha o'zimiz sezmagan holda, undan foydalanishda xato qilamiz. Bu moliyaviy muammolarga va hatto pul yo'qotishiga olib kelishi mumkin. Keling, bank kartasidan foydalanishda yo'l qo'ymaslik kerak bo'lgan 10 ta xatoni ko'rib chiqamiz.
Balansni tekshirmaysiz
Do'konda naqd pul bilan xaridlarni to'lashda qaytimlarni tekshirasizmi? Karta bilan to'lov qilganingizdan keyin ham xuddi shunday qilishga harakat qiling, hisobingizdagi qoldiqni tekshiring. Har hafta haqiqiy xarajatlaringizni Internet-bank operatsiyalarida ko'rsatilganlari bilan taqqoslashga odatlaning.
Kichik xarajatlar sizning balansingizni asta-sekin kamaytirishi mumkin: vaqti-vaqti bilan ilova sotib olish, unutilgan obunalar va boshqa kichik muntazam xarajatlar. Ushbu miqdorlar ahamiyatsiz bo'lib tuyulganligi sababli, biz ko'pincha ularni nazorat qilishni e'tiborsiz qoldiramiz. Biroq, yil oxiriga kelib, ular sezilarli miqdorni tashkil qilishi mumkin.
Bank ilovasidagi barcha moliyaviy operatsiyalaringizni muntazam tekshirib turing va tahlil qiling.Kichik oylik to'lovlarga e'tibor bering-ehtimol siz ulardan voz kechishingiz mumkindir.
Onlayn to'lovlar uchun umumiy Wi-Fi tarmog'idan foydalanasiz
Vaziyatni tasavvur qiling: siz kafeda do'stingizni kutib o'tirasiz. Telefoningizda trafikni sarflamaslik uchun bepul Wi-fi-ga ulanasiz. Marketpleysda qiziqarli mahsulotni ko'rganingizdan so'ng, uni Savatga qo'shasiz va bank kartangiz ma'lumotlarini kiritish orqali xarid qilishni boshlaysiz.
Biroq, unutmang: jamoat joylarida ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish sizning maxfiy ma'lumotlaringiz, shu jumladan bank kartalari ma'lumotlaringizni oshkor bo'lish xavfini tug'diradi. Shunday qilib, tajovuzkorlarning hiyla-nayranglariga qarshi himoyasiz bo'lasiz. Shu sababli kutib, ishonchli joyda xarid qilgan yaxshiroqdir: masalan, uyda.
Hech qachon karta ma'lumotlarini umumiy kompyuterlarda yoki umumiy Wi-Fi tarmoqlariga ulanganda kiritmang.
Keshbek ortidan quvasiz
Xaridlar uchun keshbek — bank kartasidan foydalanishning yoqimli bonusidir. Ammo ko'pincha biz uning garoviga aylanamiz.
Ko'proq keshbek olish uchun biz ba'zida narxlar raqobatchilardan yuqori bo'lgan do'konlarda xarid qilamiz. Biroq, agar mahsulot narxi juda yuqori bo'lsa, keshbekdan foyda xayoliy bo'lishi mumkinligini esda tutish kerak.
Do'konni tanlashda bonuslar yoki keshbekning mavjudligi hal qiluvchi omil bo'lmasligi kerak. Xarid qilishdan oldin, taklif haqiqatan ham foydali ekanligiga ishonch hosil qilish uchun barcha afzallik va kamchiliklarni baholang.
Bonus dasturlarini kuzatmaysiz
Bank kartasidan foydalanganda, bank tomonidan taqdim etilgan keshbek yoki bonus dasturlari kabi imtiyozlar haqida unutmang. Bu funksiyalardan to‘g‘ri foydalanish budjetni tejash va optimallashtirishga yordam beradi.
Samarali tejash va budjetingizni optimallashtirish uchun bankingizdan keshbek va bonuslardan oqilona foydalaning.
Bankni sayohatlar haqida xabardor qilmaysiz
Qisqa vaqt ichida turli mamlakatlarda tez-tez xarid qilish bankingizda shubha tug'dirishi va bank kartasining bloklanishiga olib kelishi mumkin. Misol uchun, agar ertalab aeroportda qahva sotib olsangiz, tushdan keyin qo'ngan mamlakatda tamaddi qilsangiz va oqshomda boradigan joyingizda transport uchun pul to'lasangiz, bank kartangizni bloklashi mumkin.
Sayohat qilishdan oldin, boshqa mamlakatlarda kartadan foydalanish niyati to'g'risida xabardor qilish uchun bankka murojaat qiling. Bu kartani bloklanishini oldini olishga yordam beradi.
Begona bankomatlardan naqd pul yechasiz
Boshqa moliya institutlarining bankomatlaridan naqd pul yechish komissiyalar tufayli foydasiz bo'lishi mumkin. Bankomat egasi bo'lgan bank komissiyalaridan tashqari, o'zingizning bankingiz boshqa bankning bankomatlaridan foydalanganlik uchun qo'shimcha yig'imlarni ham olishi mumkin.
Qo'shimcha xarajatlarning oldini olish uchun naqd pul olish tariflari va shartlari bilan oldindan tanishish foydalidir. Ehtimol, sizning bankingiz oyiga bir necha marta komissiyasiz pul olishga imkon beradi yoki komissiyalarni kamaytirish mumkin bo'lgan ba'zi banklar bilan shartnomalar tuzadi.
Chet elga sayohat qilayotganda, kartangiz mahalliy valyutada naqd pul olishga imkon berishiga ishonch hosil qiling. Bu ikki martalik konvertatsiyani oldini olishga yordam beradi va qo'shimcha to'lovlarnda tejashga yordam beradi.
Boshqa moliya muassasalarining bankomatlaridan naqd pul yechayotganda, komissiyalarga e'tibor bering. Pulni tejash uchun bankingizga yoki uning hamkorlariga tegishli bankomatlarni tanlang.
PIN-kodni karta bilan birga saqlaysiz
Vaziyatni ko'rib chiqamiz: Otabek dam olish kunlarida do'stlari bilan baliq ovlashga qaror qildi. U o'zi bilan boshqa narsalar qatori bank kartasi va agar unutib qo'ysa PIN-kodli qog'ozni ham o'z ichiga olgan ryukzakni oldi. Otabek baliq ovlash bilan band bo'lganida, ryukzak qirg'oqda qarovsiz qoldi.Afsuski, u yo'qligida kimdir ryukzakni o'g'riladi. O'g'ri nafaqat kartani, balki PIN-kodli qog'ozni ham topib, Otabekning bank hisob raqamidan hech qanday muammosiz pul yechib oldi.
Otabek bilan bog'liq vaziyat, agar PIN-kodni bank kartasi bilan saqlasangiz, mablag'lar qanday xavf ostida ekanligini aniq ko'rsatib beradi. Ushbu amaliyot nafaqat firibgarlik operatsiyalari xavfini oshiradi, balki hisobdagi pulni to'liq yo'qotishiga olib kelishi mumkin. Eng ishonchlisi — PIN-kodni yodlab olish va uni hech qayerga yozmaslik.
Hech qachon PIN-kodni karta bilan saqlamang. Agar kartangiz o'g'irlansa va PIN-kodni olish imkoni bo'lsa, operatsiyalarga e'tiroz bildirish qiyin bo'ladi.
SMS xabarnomalarini e'tiborsiz qoldirasiz
Hisobdagi barcha operatsiyalar to'g'risida real vaqt rejimida bilish uchun bankdan xabarnomalarni ulang. Bu sizni doimiy ravishda bankka borish va to'lovlarni tekshirish muammosidan xalos qiladi. Agar tajovuzkorlar hisobingizga kirish imkoniyatiga ega bo'lsa va undan foydalanishga qaror qilsa, darhol xabarnoma olasiz va darhol kartani bloklashingiz mumkin bo'ladi. Uzum Bank ilovasida bloklash bir marta bosish orqali amalga oshiriladi. Agar bloklash noto'g'ri bo'lib chiqsa, kartani onlayn ravishda blokdan chiqarishingiz mumkin.
Konvertatsiya uchun komissiyani hisobga olmaysiz
Naqd pul olish yoki xaridlarga chet el valyutasida to'lov qilish ko'pincha konvertatsiya komissiyalari shaklida qo'shimcha xarajatlar bilan birga keladi. Ushbu to'lovlar banklar va to'lov tizimlari tomonidan belgilanadi va xarajatlaringizni sezilarli darajada oshirishi mumkin. Shuning uchun, boshqa valyutada operatsiyalarni amalga oshirishdan oldin, yoqimsiz kutilmagan hodisalarni oldini olish uchun bankingizning komissiya stavkalari bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi.
Ba'zan chet elda kartadan foydalanganda valyutani ikki marta konvertatsiya qilish sodir bo'ladi: avval do'kon yoki bankomat valyutasi AQSh dollariga, so'ngra kartangiz valyutasiga aylantiriladi. Har bir bosqich komissiyalar bilan birga keladi, bu esa operatsiyani ancha qimmat qilishi mumkin.
Valyuta ayirboshlash to'lovlari bo'yicha ortiqcha xarajatlarning oldini olish uchun avvalo bank kartangizdan chet elda foydalanish shartlari va qoidalari bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Sizning bankingizda qanday to'lovlar va valyuta konvertatsiyasi uchun qanday stavkalar qo'llanilishini bilib oling. Shuningdek, xalqaro sayohatlar uchun maxsus ishlab chiqilgan bank kartasidan foydalanishni ham ko'rib chiqishingiz mumkin, bu esa yaxshiroq shartlarni taklif qilishi mumkin.
Shubhali saytlarda xaridlar uchun to'lov qilasiz
Esda tutish kerakki: bank qaysi saytlarda xaridlar qilayotganimiz uchun javobgar emas. Agar karta ma'lumotlarini onlayn-do'konlarga bersak, u holda faqat o'zimiz pulimiz va shaxsiy ma'lumotlarimiz xavfsizligi uchun javobgarmiz.
Agar sayt taniqli do'kon bilan bir xil ko'rinishga ega bo'lsa ham, bu uning haqiqiy ekanligini anglatmaydi. Firibgarlar mijozlarning shaxsiy ma'lumotlari va karta ma'lumotlarini o'g'irlash uchun dizayn va logotiplarni nusxalash orqali osongina soxta sayt yaratishi mumkin.
Shuning uchun, ma'lumotlaringizni kiritishdan oldin, har doim brauzeringizdagi sayt manzilini tekshiring. U biror narsa sotib olmoqchi bo'lgan do'kon yoki xizmatning rasmiy sayti manziliga to'liq mos kelishiga ishonch hosil qiling. Bunday oddiy tekshirish firibgarlik va shaxsiy ma'lumotlaringizning oshkor bo'lishi bilan bog'liq ko'plab muammolarni oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, brauzerning manzil satrida qulf belgisi yoki "https://" mavjudligiga e'tibor bering. Bu sayt xavfsiz ulanishdan foydalanayotganining belgisidir va siz saytga yuborgan barcha ma'lumotlar shifrlangan. Bu saytdan foydalanishni xavfsizroq qiladi.
Izoh qo‘shish