
2024-yilda O‘zbekistondagi daromad solig‘i haqida nimalarni bilish muhim
Daromad solig‘i — bu yuridik shaxslar soliq to‘lovchining holatiga ko‘ra o‘z daromadlaridan davlatga 0-20% stavka bo‘yicha o‘tkazadigan summadir. 2024-yilda u bo‘yicha 2020 va 2022 yillarda qabul qilingan imtiyozlar amal qilishni davom etadi. 2024-yilda daromad solig‘i haqida nimalarni bilish kerak, qanday o‘zgarishlar borligini aytib beramiz.
Daromad solig‘i bo‘yicha amaldagi imtiyozlar
2024-yilda quyidagi kompaniyalar daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarga ega:
- 2020-yildan boshlab soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun, masalan, byudjet tashkilotlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va baliqchilik xo‘jaliklari uchun nol darajali stavka amal qilishda davom etmoqda;
- 2025-yilgacha baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan kompaniyalar daromad solig‘ini to‘lamaydi;
- 2026-yilgacha daromadining 90 foizi va undan ortig‘i chiqindilarni yig‘ish, olib chiqish, saralash va qayta ishlashdan shakllanadigan kompaniyalar 1% miqdorda daromad solig‘ini to‘laydilar;
- 2026-yilgacha kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida berilgan kreditlar uchun foizlar sifatida olingan bank daromadlari bunday soliqqa tortilmaydi;
- 2026-yilgacha mo‘yna yoki charm buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar foyda solig‘ini to‘lamaydi;
- 2031-yilgacha Mo‘ynoq tumani qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar 1% stavka bo‘yicha daromad solig‘i to‘laydi.
Ayrim turdagi kompaniyalar uchun mavjud bo‘lgan imtiyozlarning to‘liq ro‘yxati bilan lex.uz saytida tanishish mumkin.
O'zbekistonda nimani ochgan ma’qulroq: MChJ, YTT, XK, OK yoki o‘zini o‘zi band qilishmi
Daromadlar bo‘yicha imtiyozlarni uzaytirish
2024-yilda avval qabul qilingan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar amal qilishda davom etmoqda.
Masalan, daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyoz 2024-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi:
- turistik zonalardagi kompaniyalar xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha foizlardan oladigan daromadlariga kengashlar va vazirliklarning ruxsati bilan daromad solig‘i solinmaydi. Bu rezidentlarga ham, norezidentlarga ham tegishli;
- norezident yuridik shaxslar uchun dividend solig‘i stavkasi 10% emas, balki 5% ni tashkil etadi;
Soliq bo‘nak to‘lovlarini to‘lashdagi o‘zgarishlar
2024-yilda daromadning cheklangan qiymatiga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirishlar kiritildi, unga ko‘ra biznes daromad solig‘i bo‘yicha oylik bo‘nak to‘lovlarini amalga oshirishi kerak. Bo‘nak to‘lovlari — soliq davri har bir oyining 23-kuniga qadar qismlarga bo‘lib to‘lanadigan mablag‘lar.
Endi bunday to‘lovlarni 2023-yil yakunlariga ko‘ra, tuzatishlar kiritilgandan so‘ng daromadi 10 milliard so‘mdan oshgan kompaniyalar to‘laydi.
“Daromadga tuzatishlar kiritishda quyidagilar nazarda tutiladi: tovar yuklab jo‘natilgandan keyin chegirma berilganda, tovarlar qaytarilgan yoki aslida hujjatlarda ko‘rsatilgan miqdorda jo‘natilmagan bo‘lsa”.
Anna Ufimseva20 yillik tajribaga ega buxgalter
Shuningdek, joriy soliq davri davomida daromadi 5 mlrd so‘mdan oshgan amaldagi va yangi kompaniyalar bo‘nak to‘lovlarini to‘laydi. To‘lovni bunday oshib ketish sodir bo‘lgan chorakdan keyingi chorakda o‘tkazishlari kerak.
Daromad solig‘ini qanday hisoblash kerak
Soliq soliq davri — kalendar yili yakunlari bo‘yicha hisoblanadi. Hisobga har bir hisobot choragi yakunlari olinib, qo‘shiladi, so‘ngra hujjatlar bilan tasdiqlangan barcha daromadlar ayirib tashlanadi va daromad solig‘i stavkasiga ko‘paytiriladi. U faoliyat turiga bog‘liq. Daromad solig‘i stavkalarining to‘liq ro‘yxatini lex.uz saytida ko‘rish mumkin.
Daromad solig‘i = (yillik jami daromad - xarajatlar) x 1-20% (faoliyatga bog‘liq).
Jami daromadga quyidagilar kiradi:
- tovarlarni yoki xizmatlarni realizatsiya qilishdan;
- sug‘urta shartnomalari bo‘yicha;
- berilgan kredit yoki qarzlar bo‘yicha;
- lizing — transport vositalarini ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha;
- qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha;
- ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan va hokazolardan tushgan daromadlar.
Shu bilan birga, jami daromadda hisobga olish kerak bo‘lmagan alohida daromad turlari ham mavjud. Bularga, masalan, sug‘urta tovoni yoki garov tarzidagi mablag‘lar kiradi. To‘liq ro‘yxat bilan lex.uz saytida tanishish mumkin.
Xarajatlar jumlasiga korxonaning faoliyat yuritishi va daromad olishi uchun zarur bo‘lgan xarajatlari, masalan, ish haqi va kommunal to‘lovlar kiradi.
Masalan, kompaniya poyabzal ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi. 2023-yil yakuni bo‘yicha tovar sotishdan olingan umumiy foyda 50 mlrd so‘mni tashkil etdi. Material sotib olish xarajatlari — 10 mlrd so‘m, xodimlarning ish haqini to‘lash xarajatlari — 10 mlrd so‘m, bino ijarasi va reklama xarajatlari — 8 mlrd so‘m. Jami to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi: 50 mlrd - 10 mlrd - 10 mlrd - 8 mlrd = 22 mlrd. Bu holatda stavka 15%, demak, daromad solig‘i summasi: 22 mlrd x 15% = kalendar yil uchun 3,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
O‘zbekistonda daromad solig‘i hisobot yilidan keyingi yilning 1-martiga qadar yoki hisobot davri yakunlari bo‘yicha o‘tgan chorakdan keyingi oyning 20-kuniga qadar to‘lanadi.
Daromad solig‘i bo‘yicha hisobot har chorak yakuni bo‘yicha taqdim etilishi kerak. Masalan, I chorak uchun — 20-aprelgacha, II chorak uchun — 20-iyulgacha, III chorak uchun — 20-oktyabrgacha va IV chorak uchun — 1-martgacha.
2024-yilda daromad solig‘i haqida qisqacha
- Soliq to‘lash bazasi jami yillik daromad va hujjatlar bilan tasdiqlangan va ularsiz kompaniya daromad ololmaydigan xarajatlar o‘rtasidagi farq sifatida hisoblanadi.
- Daromad solig‘i har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 20-kunigacha va yil yakunlari bo‘yicha 1-martgacha to‘lanadi.
- 2024-yilda bo‘nak to‘lovlarini barcha kompaniyalar emas, balki 2023-yil yakunlari bo‘yicha daromadi 10 milliard so‘mdan yoki chorak uchun 5 milliard so‘mdan oshgan kompaniyalar to‘lashlari kerak.
- Daromad solig‘ini to‘lamaydigan bir qator faoliyat yo‘nalishlari mavjud.
Izoh qo‘shish