O‘zbekiston xalq yozuvchisi, bolalarning sevimli adibi X.To‘xtaboyevning asarlari nafaqat respublikamizda, balki chet ellarda ham maʼlum va mashhurdir. "Sariq devni minib" sarguzasht romani bolalar hayotidan olib yozilgan bo‘lib, ularning sevimli kitoblaridan hisoblanadi. Bu asarda orzu-havasga eltadigan chinakam yo‘l halol mehnat, yaxshi xulq-odob va qunt bilan o‘qishda ekanligi taʼkidlanadi.
1932-yil 17-dekabrda Farg'ona viloyatining Katta Tagob qishlog'ida tug'ilgan. 1949-yilda Qo'qon pedagogika bilim yurtini, 1955-yil Toshkent Davlat universitetini (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlagan. Ish faoliyatini Farg'ona viloyati tumanlaridagi maktablarda o'qituvchilikdan boshlab, keyinchalik ilmiy boʻlim mudiri, maktab direktori boʻlib ishlagan. 1958-yilda o'z jurnalistik faoliyatini boshlagan ijodkor 300 dan ortiq felyetonlarini e'lon qilgan. Qator nashriyot va jurnallarda faoliyat koʻrsatgan. 1958-yilda badiiy ijodga kirib kelgan X. To'xtaboyevning "Omonboy va Davronboy", "Sariq devni minib", "Sariq devning o'limi", "Qasoskorning oltin boshi", "Yo'llar va yillar", "Shirin qovunlar mamlakati yoki sehrgarlar jangi", "Quyonlar saltanati" va boshqa asarlarini bugun kitobxonlarimiz sevib o'qimoqdalar. Sevimli bolalar yozuvchisi 1982-yilda O'zbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, 1989-yili O'zbekiston Davlat mukofotining sovrindori, 1991-yilda O'zbekiston xalq yozuvchisi unvonlari bilan taqdirlangan. Asarlari rus, ingliz, fransuz, nemis tillariga tarjima qilinib, dunyoning 28 ta mamlakatida nashr etilgan.

