Hiylagar shakar
Miyaga shakar kiritilganda zavqlanish markazlari "yoqiladi". Ular ovqat iste’mol qilganimizda kuchli ijobiy tuyg‘u beradi. Shakarning miyaga ta’siri tadqiqotlarda shunchalik yorqin va barqaror namoyon bo‘ladiki, ba’zi olimlar shunday xulosaga kelishgan: Bir qator mahsulotlar giyohvandlikka olib kelishi mumkin.
Aniq hisob-kitob
Ishtahani qo‘zg‘atadigan va o‘ta kuchli ishtiyoq uyg‘otadigan yangi turdagi shirin gazlangan ichimlik yaratish uchun kompaniyalar murakkab tahlil o‘tkazadi. Bu "saodatli nuqta"ni aniqlashga yordam beradi - sodda qilib aytganda, iste’molchilarni hayajonga soladigan shakar, yog‘ yoki tuz miqdorini aniqlash.
Aldamchi jozibadorlik
Giyohvand moddalar bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, shakar miyaga tez ta’sir etuvchi metamfetaminga, yog‘ esa opiatga o‘xshaydi. Yog‘ tufayli ta’msiz chipslar qarsildoq mo‘jizaga, qovurilgan non bo‘laklari ipakdek mayin bo‘laklarga, iflos-kulrang arzon go‘sht esa nafis delikateslarga aylanadi.
Me’yorni bilmaslik oqibatida
Oziq-ovqat tarkibida yog‘ qancha ko‘p bo‘lsa, organizm undan keyingi foydalanish uchun shuncha ko‘p yoqilg‘i to‘plashi mumkin. Organizm yog‘larni shunchalik tez to‘playdiki, ortiqcha ovqatlanishdan saqlanishga yordam beradigan mexanizmni sekinlashtiradi (miya bizga yetarli darajada ovqatlanganimizni bildiruvchi signal).
Semizlikning sababchilari
AQShda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, vazn ortishiga qizil go‘sht va tayyor mahsulotlar, shakar qo‘shilgan ichimliklar hamda kartoshka mahsulotlari, jumladan, kartoshka pyuresi va fri kartoshkasi eng katta hissa qo‘shadi. Ammo semirishning asosiy "aybdori" - chipslar. Ular to‘rt yil davomida vaznning 770 grammga oshishiga olib keladi.
Bizga majburlab singdirilgan narsalar
Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, 6 oylikkacha bo‘lgan bolalar tuzni yoqtirmaydi. Keyinchalik tuzga bo‘lgan mehr faqat sho‘r ovqat bilan oziqlantirilgan bolalarda paydo bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, sho‘r mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar iste’molchilarning xohish-istaklarini qondirmay, aksincha, ularni yaratib, zararli ovqatlanish odatlarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

