Ko‘pincha tarixni o‘rganganimizda — yoki tarixga ta’sir ko‘rsatgan ayollar haqida biror narsa bilib olganimizda — ular yoqimtoy, odobli va zerikarli "yaxshi qizlar" sifatida tasvirlanadi. Go‘yo ular butun umrini faqat yorqin kelajakka orzumand nigohlar bilan tikilib o‘tkazgandek taassurot uyg‘onadi. Ammo bu kitobda siz hech qanday "yaxshi qizlar"ni uchratmaysiz.
Bu yerda qoidalar va o‘zgalarning fikr-qarashlariga tupurib, dunyoni o‘zgartirgan 100 nafar haqiqiy isyonkor ayol haqida so‘z boradi. Ularning ba’zilarini, ehtimol, allaqachon tanirsiz (garchi ular haqida hali bilmagan ko‘p narsalaringiz bo‘lsa-da), boshqalari esa hali tarix kitoblaridan joy olmagan.

