• Muallif: Yorqinjon qori Fozilov
• Nashriyot: «Hilol-nashr» nashriyoti
• Sana: (2023) 2024 yil
• Hajmi: 88 bet
• O‘lchami: 13.5x21.0 sm
• Muqovasi: yumshoq
• Alifbosi: kirill
• Tili: o‘zbek
«Sajdai sahv masalalari»
Barcha holatimiz uchun kifoya qiluvchi Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Tanlab olgan bandalariga, xususan, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotga ergashganlarga salomlar bo‘lsin! Hech shak-shubhasiz, namoz Islomning eng katta ruknidir. U har bir aqlli va balog‘at yoshiga yetgan musulmon kishiga kunda besh marotaba farz qilingan. Lekin afsuski, dinga nisbatan g‘ofillik va beparvolik sababli odamlar kunda besh marotaba ado qilinadigan namozday buyuk ibodatning masalalaridan ham mukammal tarzda voqif emaslar. Ilmsizligimiz tufayli ko‘pincha namozimizning savobidan mahrum bo‘lib qolamiz. Goho namozimiz fosid bo‘ladi, lekin biz uning fosid bo‘lganini ham bilmaymiz..
Inson har holda bashardir. Binobarin, juda ko‘p dunyoviy ishlarida undan sahv, yanglishish sodir bo‘lganidek, ibodatlarni ado qilishda ham goh-gohida sahvga yo‘l qo‘yishi tabiiydir. Inson goho bilmasdan yoki esdan chiqarib namozning farz yoki vojiblaridan birortasini tark qiladi. Gohida farz yoki vojiblarning tartiblarini buzadi. Goho farz va vojiblarni ikki- uch martadan bajaradi. Ba’zan esa namozning sunnat yoki mustahablaridan birini qoldiradi. Goho rakatlarning sanog‘i esdan chiqadi. Goho qiroatda yanglishadi. Xullas, shu kabi holatlar sodir bo‘lib turadi. Ba’zida namoz umuman buzilgan bo‘lsa ham, ya’ni uni qayta o‘qishdan boshqa chora qolmagan suratda ham, masalani bilmasligimiz sababli sajdai sahv qilishning o‘zi bilan namoz durust bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Shuningdek, shar’an sajdai sahv vojib bo‘ladigan ko‘pgina xolatlarga duch kelsakda, sajda qilmaymiz. Sajdai sahv vojib bo‘lmagan ko‘pgina suratlarda esa sajda qilamiz. Ba’zi kishilar har qanday xato uchun ham sajdai sahv qilish bilan namoz durustga aylanaveradi, deb o‘ylashadi. Ba’zilar esa sajdai sahv qilish kasaliga duchor bo‘lib qoladilar, ya’ni salgina shubha paydo bo‘lishi bilan sajda qilaveradilar. Shariatga rioya qiluvchi deb hisoblanadigan va bir necha masalalardan xabardor bo‘lgan kishilarning ko‘plari ham sajdai sahvning uch-to‘rt suratidan voqiflar, xolos. Shu kabi holatlar turtki bo‘lib, sajdai sahv masalalarini bir risola shaklida jamlashni iroda qildik. Bu bilan ko‘pgina musulmonlar, xususan, masjid imomlari o‘z namozlarini isloh qiladilar va namozlarini fosid yoki noqis bo‘lishining oldini oladilar, degan umiddamiz.
Ushbu kitobda sajdai sahvning aksar masalalarini jamlashga harakat qilindi va lozim topilgan o‘rinda boshqa bir necha foydali masalalar ham yozib o‘tildi. Kitob ishonchli bo‘lishi uchun undagi masalalarni mo‘tabar fiqh va fatvo kitoblaridan naql qilish bilan birga, naql qilingan manbaaning nomi hamda sahifa raqamini keltirdik. Alloh taologa duo qilamizki, ushbu kitobchani o‘quvchilar uchun foydali va to‘plovchi uchun oxirat zaxirasi qilsin. Omin!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha ko‘mitaning 2022 yil 9 dekabrdagi 03-07/9318-raqamli xulosasi asosida tayyorlandi.
Mundarija

