• ISBN: 978-9943-5982-0-1
• Muallif: Hakim Termiziy
• Tarjimon: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
• Nashriyot: «Hilol-Nashr»
• Sana: 2023
• Sahifalar soni: 360
• O‘lchami: 84 * 108 1/32
• Muqova: qattiq
«Rasul sollallohu alayhi vasallam hadislaridagi nodir asllar»
(Muxtasar)
Alloh taologa jaloliga va jamoliga yarasha hamdu sanolar bo‘lsin!
Alloh taoloning eng afzal Rasuli, eng oxirgi Nabiysi Muhammad Mustafoga eng tugal va eng barkamol salavotlar va salomlar bo‘lsin!
Alloh taoloning dini Islomni va U Zotning kalomi Qur’oni Karimni, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, hadislarini, shariatimiz ta’limotlarini musulmonlarga yetkazib berishda xizmat qilgan ulamolarga Alloh taoloning rahmati va mag‘firati bo‘lsin!
Har bir xalq, millat va qavmning o‘zini, o‘zligini bilishi o‘ta muhim omillardan biridir. Zotan, o‘zini bilmagan, o‘zligini bilmagan, na o‘ziga va na o‘zgaga foyda keltira oladi. O‘zini va o‘zligini yaxshi bilish uchun esa, tarixini, o‘tgan ajdodlarini va ular qoldirgan ilmlarni, ilmiy meroslarni yaxshilab o‘rganish kerak bo‘ladi.
Mazkur narsalarni o‘rganishdan hosil bo‘lgan ilm va ma’rifat hozirgi va kelajak avlodlar uchun juda ham ahamiyatli va foydalidir. O‘sha ilm va ma’rifatlar ularni ko‘p narsadan xabardor qiladi. Ifodali qilib aytganda, umrlarini uzaytiradi, ota-bobolari bilan birga yashagandek bo‘ladilar. Ular mazkur ilm va ma’rifatlardan foydalanib otalari asrlar davomida erishgan yutuqlarga osongina erishadilar. Ularning xatolarini takrorlashdan saqlanadilar.
Bu borada ota-bobolar u yoqda tursin, kezi kelganda millat va elatlardan iborat bo‘lgan butun boshli qit’alar aholisi o‘zlariga begona bo‘lgan xalqlarning qoldirgan ilmi va ma’rifatidan foydalanib ulkan yutuqlarga erishganlari ma’lum va mashhur. Misol uchun, Yevropa xalqlarini olaylik. Ularning o‘zlari boshliq butun dun¬yoga mashhur haqiqatlardan biri Yevropada o‘rta asrlar zulmat, ilmsizlik va qoloqlik asrlari bo‘lgani ma’lum va mashhur. Yevropaliklarning ushbu jaholat va zulmatdan qutulishlari oson bo‘lmagan. Ular bu ulkan ishni amalga oshirish uchun juda ham katta mehnatlar va harakatlar qilishgan. Boshqa xalqlarning, jumladan, musulmonlarning ilm va ma’rifatlaridan keng ko‘lamda foydalanishgan.
Hozirgi Ispaniya, Portugaliya va ularga qo‘shni bo‘lgan davlatlarning ba’zi hududlarida sakkiz yuz yilga yaqin davr mobaynida Andalusiya nomli Islom davlati hukm surgan. Bu davlatda ilm-fan, madaniyat gullab-yashnagan. Musulmonlarning turli ilmiy o‘quv yurtlarida boshqa dinlarga mansub kishilar ham bemalol ta’lim olishgan, ilmiy tajribalarda ishtirok etishgan.
Avval ham ko‘p marta takrorlanganidek, Yevropa Islom olimlari va faylasuflarining ovozidan uyg‘ondi. Ular yevropaliklarga bu ilmlarni Ishbiliyya (Sevilya), Qurtuba (Kordova), G‘arnota (Granada) va boshqa shaharlardagi masjidlarda o‘rgatdilar. G‘arbning ilk yo‘lboshchilari madrasalarimizga qattiq qiziqish va qizg‘in muhabbat bilan qarar edilar. Bu madrasalarda ilmlar shu darajada erkin muhitda o‘rgatilar ediki, bunday holatni ular o‘z mamlakatlarida aslo ko‘rmasdilar. Ulamolarimiz o‘z ilmiy davralarida, muallafotlarida yerning aylanishi, uning yumaloqligi, falak va samoviy jismlarning harakatlanishi haqida so‘zlab turgan bir vaqtda yevropaliklarning aqllari ana shu haqiqatlarning barchasi to‘g‘risida xurofot va vahimalarga limmo-lim to‘lgan edi.
Shu tufayli g‘arbliklar orasida arabchadan lotinchaga tarjima qilish harakati boshlandi. G‘arb universitetlarida Islom ulamolarining kitoblari o‘qitila boshladi. Ibn Sinoning tib to‘g‘risidagi «Al-Qonun» kitobi XII asrda tarjima qilingan edi. Shuningdek, Ar-Roziyning «Al-Hoviy» nomli kitobi ham XIII asr nihoyasida lotinchaga o‘girildi. Bu ikki kitob Yevropa universitetlarida tibbiyot fanidan asosiy darslik sifatida XVI asrgacha o‘qitib kelindi.
Ammo falsafa kitoblari bundan ham uzoq o‘rganildi. G‘arb yunon falsafasini faqatgina islomiy muallafot va tarjimalardan tanidi. Shu bois ko‘pchilik insofli g‘arbliklar o‘rta asrlarda, olti yuz yildan kam bo‘lmagan muddat mobaynida musulmonlar Yevropaning ustozi bo‘lib kelganini e’tirof etishadi.
Alloma Gustav Lebon aytadi: «Arab kitoblarining tarjimasi, xususan, ilmiy kitoblar o‘qitish uchun yagona manba bo‘lib, qariyb besh yoki olti asr xizmat qildi. Aytishimiz mumkinki, tib ilmi kabi, ba’zi ilmlarda musulmonlarning ta’siri bugungi kunimizga yetib keldi. Ibn Sinoning kitoblari Monbiliyada o‘tgan asrning oxirlarida tarjima qilindi».
Bu olim yana shunday yozadi: «Rojer Bekon, Leonard Albezi, Arno Alfifufi, Remon Lol, San Toma, Katta Albert va boshqalar faqat musulmon olimlarining kitoblariga ishonganlar».
Mse Renon deydi: «Albatta, Katta Albert Ibn Sinodan, San Toma esa o‘z falsafasida Ibn Rushddan qarzdor».
Sharqshunos alloma L.A.Sediyo aytadi: «O‘rta asr hazorasi bayrog‘ini musulmonlarning o‘zlari ko‘tarib, shimol qabilalarining Yevropani titratgan varvarligini mag‘lub etdi. Ular «barhayot yunon falsafasining manbalari» bo‘lib qoldilar. Ular o‘zlari erishgan ma’rifat xazinalari oldida to‘xtab qolmadilar, balki uni kengaytirdilar, tabiatni o‘rganish uchun yangi eshiklar ochdilar».
Yana aytadi: «Musulmonlar astronomiya bilan shug‘ullangan paytda barcha riyoziyot ilmiga o‘zgacha e’tibor berdilar. Ular bu borada uloqni ilib ketdilar. Musulmonlar bu borada chinakam ustoz edilar».
U yana deydi: «Agar biz lotinning arabdan o‘zlashtirgan narsasini o‘rganadigan bo‘lsak, boshlanishidayoq quyidagilarni topamiz: «Silvestr ikkinchi» nomi bilan pop bo‘lgan Gerbert 970 – 980 yillar mobaynida Andalusda o‘rgangan riyoziy bilimlarini bizga o‘rgatdi. Asli ingliz bo‘lgan Uillard 1100 – 1128 yillar mobaynida Andalus va Misrni kezib chiqdi. Arablarning o‘zlari bilmagan Iqlidisning «Al-Arkon» kitobini tarjima qildi. Aflotun Attequli Tozusiyusning «Al-Ukar» kitobini, Rudolf Albert esa Batlamiusning «Ma’mur yer jug‘rofiyasi» kitobini tarjima qildi. Leonard esa 1200 yilda «Al-Jabr» to‘g‘risida risola yozdi. XIII asrda Kaynonus Annabri Iqlidisning kitobini sharhlagan holda tarjima qildi. Qiytaleon Poloni Hasan ibn Haysamning «Basariyot» («Optika») nomli kitobini ham mana shu asrda o‘z tiliga o‘girdi».
Yana shu asrda Jerar de Kremona haqiqiy, mustahkam falak ilmini Batlamiusning (Ptolomey) «Almagest» va Jobirning unga yozgan sharhini tarjima qilib, nashr ettirdi. Agar Rojer I Sitsiliyada arab ilmlarini tahsil olishga, xususan, Idrisning kitoblarini o‘qishga targ‘ib qilgan bo‘lsa, imperator Frederik II esa musulmon ilmi va adabiyotiga tashviq etishda undan ortda qolmagan edi. Ibn Rushdning avlodlari ana shu imperatorning saroyida yashashar, unga o‘simlik va hayvonot tarixini o‘rgatishardi».
Humbold o‘zining koinot haqidagi kitobida shunday deydi:
«Kimyoviy dorishunoslikni topganlar musulmonlardir. «Solirim» madrasasi qabul qilib, keyinchalik Janubiy Yevropaga yoyilgan ilk hikmatli tavsiyalar ham arablardan kelgan. Shifo fanining asoslari bo‘lgan dorishunoslik va tib bir vaqtning o‘zida, lekin ikki xil yo‘l bilan nabotot va kimyo ilmini o‘rganishga yo‘l ochdi. Musulmonlar sabab bo‘lib, bu ilmning yangi zamoni boshlandi. Ularning nabotot olamidagi tajribasi Zelforides o‘t-o‘lanlariga yana ikki ming o‘simlikning qo‘shilishiga va dorixonalarning yunonlar umuman bilmagan bir necha o‘t-o‘lan bilan boyishiga sabab bo‘ldi».
Sediyo Movarounnahrning ikki ulug‘ olimi Roziy va Ibn Sino haqida shunday deydi:
«Ular o‘z kitoblari bilan G‘arb ta’lim muassasalarida juda uzoq muddat hukm surishdi. Ibn Sino Yevropada tabib sifatida tanildi. U Yevropa madrasalariga taqriban olti asr mobaynida ustozlik qildi. Ibn Sinoning besh qismdan iborat «Al-Qonun» kitobi tarjima qilindi va bir necha bor chop etildi. U kitob Fransiya va Italiya universitetlarida izlanishlar asosi hisoblanadi».
G‘arblik salbchilar musulmon olamiga qarshi ikki yuz yil to‘xtovsiz urush qildilar. Ushbu ikki yuz yillik muloqot Yevropa tamadduni taraqqiyotining eng qudratli omillaridan biri bo‘ldi.
Sharq va G‘arbning o‘zaro ta’siri haqida aniqroq tasavvur hosil qilish uchun avvalo o‘zaro muloqotga kirishgan ushbu xalqlarning taraqqiyot darajasidagi tafovutini unutmaslik lozim. Bizga ma’lumki, o‘sha paytda Sharq tamadduni musulmonlar tufayli gullab-yashnagan, G‘arb esa johiliyat zulmatiga cho‘mgan edi.
Yuqorida zikri kelgan barcha fikrlardan xulosa qilib aytish mumkinki, salib yurishlari tufayli Sharqning G‘arbga ma’rifiy ta’siri katta bo‘lgan, biroq bu ta’sir ilm-fan va adabiyot sohasiga emas, balki ko‘proq san’at, sanoat va savdo sohasiga taalluqli bo‘lgan. Salibchilarning Sharq xalqlari bilan muloqoti natijasida savdo munosabatlarining kengaygani, savdo va san’at sohalaridagi yutuqlarning ahamiyatini tahlil qilar ekanmiz, G‘arb tamaddunining yovvoyilikdan xalos bo‘lishiga aynan mana shu yutuqlar sabab bo‘lgan degan xulosaga kelamiz.
Aynan mana shu omil tufayli Sharqning ilmiy va adabiy g‘oyalari ta’siri ostida fikriy harakat jonlanib, Yevropa universitetlari tomonidan tarqatildi va Uyg‘onish davri uchun zamin yaratildi».
Endi esa Buyuk Britaniyada Jon Fozergel (John Fothergill) rejissyorligida, «Es De Media» kompaniyasi tomonidan tayyorlangan «Sharq va G‘arb», deb nomlangan yetti qismdan iborat filmning to‘rtinchi qismidan olingan iqtibosni e’tiboringizga havola etishga ijozat bergaysiz:
«Londondagi Viktoriya va Albert muzeyi. Bu muzeyga XIX asrda, Yevropaning mustamlakachilik davrida asos solingan. Uning bir galereyasi yevropacha san’at asarlari bilan to‘lib-toshgan bo‘lib, Yevropaning o‘z global madaniy ustuvorlik yo‘liga munosabatini aks ettiradi. Bu san’at asarlari G‘arb tamadduni deb ataluvchi taraqqiyot bosqichini ifodalagan bo‘lib, san’at va hayotga bo‘lgan insoniy va oqilona yondashuv bu bosqichga xos xususiyat sanaladi. Ushbu yondashuv qadimgi Yunoniston va Rimda g‘oyatda ommabop bo‘lib, keyinchalik unutilib ketgan. G‘arbdagi naqllarga ko‘ra, hozirgi yevropaliklar uni Renessans, ya’ni Uyg‘onish davrida qayta kashf etgan.
G‘arbda g‘oyat sevimli bo‘lgan bu tarix Renessans san’atining eng mashhur asarlaridan birida aks ettirilgan.

