"Qasr" — Frans Kafkaning eng mashhur asarlaridan biri va XX asrning eng chuqur falsafiy romanlaridan biri hisoblanadi. Muallif tomonidan tugallanmay qolgan ushbu asar ilk bor 1926-yilda, ya’ni yozuvchi vafotidan so‘ng uning do‘sti Maks Brod tomonidan nashr etilgan. "Qasr" syujeti absurd, biroq ayni paytda hayotiy haqiqatga yaqin: K. ismli yer o‘lchovchi qishloqqa keladi va Qasrga kirishga urinadi, ammo bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Murakkab byurokratik tizim yechimi topib bo‘lmaydigan chigal tugunga aylanadi — ya’ni qanday aylanma yo‘llardan yurilmasin, Qasrga yetib borishning hech qanday iloji yo‘q. Biroq byurokratik tizimga qaratilgan satira — bu asarning zamirida yotgan mavzulardan faqat bittasi, xolos.

