Oisha Roziyallohu anho
Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anho mo‘minlarning onalari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suyukli ayollari, juda ko‘plab hadislar rivoyat qilgan muhaddisa edilar. Xadicha roziyallohu anho onamiz kabi ularga ham Alloh taoloning farishtasi Jabroil alayhissalom Parvadigorning salomini keltirgan. Jabroil alayhissalom bir necha bor Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushlariga kirib, «Bu sizning dunyo va oxiratdagi juftingizdir», deya xabar bergan. Qolaversa, Oisha roziyallohu anho onamizning pokligi haqida Alloh taolo Qurʼoni karimda oyatlar nozil qilgan. Mana shunday fozila ayolning bu hayotda yashab o‘tgan umr yo‘llarini, axloqu fazilatlarini o‘rganish, namuna olish va boshqalarga yetkazish sizu biz uchun ham farz, ham qarzdir. Barchamizga ushbu yo‘lda Parvardigorning o‘zi madadkor bo‘lishini so‘raymiz.
Hadicha Roziyallohu anho
Alloh taborak va taolo bandalariga yana-da oson bo‘lmog‘i uchun insonlarning orasidan chiqqan eng sevimli quli va rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayot yo‘llarini sizu biz uchun ibrat maktabi qilib qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilaviy shoista hayotlari, u kishining zavjai muhtaramalari bilan bo‘lgan munosabatlari ummatlari uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi. Allohning Kalomi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashgan kishining ikki dunyosi ham obod bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ilk uylangan ayoli Xadicha roziyallohu anho onamizning yaxshiliklari, feʼl-atvorlari haqida qancha gapirmaylik, oz bo‘lib qolaveradi. Ul muhtaramaning xulqlarini o‘rganganimiz sari dinimiz va turmushimizdagi baʼzi masalalarga ham o‘z-o‘zidan yechim topib boraveramiz. Chunki payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam yaqinlarining xulqlari dinda aytilgan xayrli xulq sifatlariga mutanosibdir. Xadicha roziyallohu anho onamizning tutum va xulqlari Alloh taolo va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam xohlaganlari kabi edi. Ushbu risola Payg‘ambarimizning ayollari, u zotga ilk iymon keltirgan zoti sharifa, barcha mo‘minlarning onasi - Hadicha roziyallohu anho hayotiga bag‘ishlangan. Unda Xadicha onamizning bolaliklari, oilalari, Payg‘ambarimizga qanday turmushga chiqqanlari, Islom dini yo‘lida chekkan mashaqqatlari hikoya qilingan. Asar Islom dini tarixi bilan qiziquvchi kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Fotima Roziyallohu anho
Bizlarni yo‘qdan bor etgan, bor ekanligidan xabardor qilgan Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin! O‘ziga qul bo‘lishdek sharafga biz faqirlarni loyiq ko‘rgani kabi, bizlarga Islom dinini mukammal qilib bergan va uni haq din deya rozi bo‘lgan Robbimizga azaliy va abadiy hamdu shukrlarimiz bo‘lsin.O‘z hayotlari bilan biz ummatlariga eng mukammal bandalik qanday bo‘lishini taʼlim bergan Muallim Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga cheksiz salavotu salomlarimiz yetsin.Ul zot sollallohu alayhi vasallamning pok va toza ahli baytlari, avlodlari va asʼhobi kiromlariga va ulardan keyingi haq yo‘ldagi barcha ulamoyu fuzalolarga Parvardigorning rahmatlari yog‘ilsin.

