Kitob haqida
"Garri Kvebert ishi haqidagi haqiqat" 2012-yilda nashr etilgan va darhol bestsellerga aylangan. Kitob do‘kon peshtaxtalariga chiqishi bilanoq, faqat Fransiyaning o‘zida katta tirajda sotilib ketdi va o‘ttiz tilga tarjima qilindi, uning muallifi, yigirma yetti yoshli shveysariyalik Joel Dikker esa eng yaxshi roman uchun Fransiya akademiyasi Gran-prisini va litsey o‘quvchilarining Gonkur mukofotini qo‘lga kiritdi.
Bu hayratlanarli syujet va kutilmagan yakunga ega hikoya AQShda bo‘lib o‘tadi. Yosh va muvaffaqiyatli yozuvchi Markus Goldman ilhom yetishmasligidan aziyat chekib, yordam so‘rab o‘z ustozi, mashhur yozuvchi Garri Kvebertga murojaat qiladi. Biroq kutilmaganda 33 yil oldin Amerikaning sokin shaharchasida sodir bo‘lgan qotillikda ayblanayotgan Garrining o‘ziga yordam zarurligi ma’lum bo‘ladi. Garrini elektr stuldan qutqarish uchun Markus o‘z tergovini boshlaydi va yolg‘on, uzoq vaqt davomida yashirib kelingan sirlar va fojiali tasodiflarning murakkab chigalini yechishga urinadi. U esa bestseller yozish bo‘yicha o‘ttiz bitta maslahat oladi.

