Mashhur amerikalik fantast yozuvchi Rey Bredberining «Farengeyt bo‘yicha 451 daraja» (*Fahrenheit 451*) qissasi bundan yarim asrdan ko‘proq vaqt oldin yozilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Asarning asosiy mavzusi — kelajakdagi ma’naviy holatdan xavotir. Bredberi tasavvur qilgan kelajak manzarasi ancha ayanchli: bu yerda har qanday e’tiroz yoki o‘zgacha fikr shafqatsizlik bilan bostiriladigan totalitar tuzum hukm suradi. Reklamalar va cheksiz teleko‘rsatuvlar — insonning to‘liq baxtga erishuvi uchun shularning o‘zi kifoya. Davlat siyosati shunday va u o‘z fuqarolarini o‘ziga xos mantiq asosida himoya qiladi: suhbatlashish — bu fikrlash demakdir, kitoblar esa fikrlashga undaydi; shu bois, aholi osoyishtaligini buzmaslik uchun ularni yoqib yuborish kerak. Farengeyt shkalasi bo‘yicha 451 daraja — bu qog‘oz yonadigan haroratdir.

