• Nashriyot: «Hilol-Nashr» nashriyot-matbaasi
• Sana: 2022 yil (2018)
• Ҳажми: 224 бет
• O‘lchami: 13.5x21 sm
• Muqovasi: qattiq
• Muallif: Shayx Muhammad Avvoma
• Tarjimon: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
• ISBN: 978-9943-5773-5-0
«Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o‘rni»
Muqaddima
Bismillahir Rohmanir Rohiym!
«Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin!
Allohning Nabiysi Muhammad Mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin!
Bir kitobning yozilishiga sabab bo‘lgan turli omillar bo‘lganidek, uning tarjima qilinishiga ham kitob va uning muallifi bilan bog‘liq biror hodisa turtki bo‘ladi. Siz muhtaram o‘quvchilarimizga taqdim qilinayotgan ushbu tarjimaning ham o‘ziga xos tarixi bor.
Xorijdagi ilmiy anjumanlardan birida ishtirok etayotganimda o‘g‘lim Ismoiljondan «Sizni ota-o‘g‘il Muhammad va Muhiddin Avvomalar so‘rashyapti» degan xabar kelib qoldi. So‘ng ular yuborgan maktub ham yetib keldi. Unda Muhiddin Avvoma otasi Muhammad Avvomaning salomini yo‘llab, ilmiy hamkorlikka taklif haqida xabar yuborgan edi.
Keyin yozishmalar davom etib, nihoyat, Janubiy Afrika jumhuriyatining Yoxannesburg shahrida o‘tkazilgan ilmiy anjumanda uchrashdik...»
Alloh taoloning qazoi qadari ekan, padari buzrukvorimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining mazkur kitobga yoza boshlagan muqaddimalari shu yerda uzilib qolgan.
Ko‘pchilikka ma’lumki, ustozimiz bir necha yillar davomida ahli ilmlar davrasida tafsir, hadis, aqoid, fiqh, tasavvuf kabi ilmlardan dars berib kelar edilar. U kishi mazkur darslar uchun mashhur ulamolarimizning mo‘tabar kitoblaridan birini asos qilib olib, uni o‘qib, tarjima qilib, sharhlab berar edilar. Ustozimizning ko‘rsatmalariga binoan biz shogirdlar har bir darsni yozib olib, to‘plab borar edik. Shu zaylda ba’zan bir necha oy, ba’zan bir necha yil davomida katta bir kitobning to‘liq matni oqqa ko‘chirilib, batafsil sharhlanib, nihoyasiga yetkazilar edi. Shundan so‘ng shayx hazratlari bu kitobni xalqimizga taqdim qilish uchun unga so‘zboshi yozib, kerakli izohlar, zarur ma’lumotlar bilan to‘ldirib, nashrga tayyorlashga kirishar edilar.
Padari buzrukvorimiz ilmiy safarlaridan biri haqidagi xotiralarini aytib berayotib, mazkur kitobning yozilish tarixi haqida shunday degan edilar:
«2014 yilning yanvarida Janubiy Afrika Respublikasining poytaxti Yoxannesburgda «Insoniyat xizmati uchun ilmiy islomiy anjuman»ning Ikkinchi xalqaro yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Anjumanda 80 dan ortiq mamlakatdan kelgan ulamolar qatnashishdi. Anjumandan maqsad Ahli sunna val jamoa hamda to‘rt mo‘tabar fiqhiy mazhablarga amal qiladigan, buyuk muhaddislarning, ruhiy tarbiya ustozlarining yo‘lini tutgan ulamolar va mo‘min-musulmonlarni birlashtirish, bugungi kunda yuzaga kelayotgan turli xuruj va hujumlarga raddiya berishdan iborat edi. Anjumanda dunyo musulmonlarining bugungi holati, Ahli sunna val jamoa mazhabidagi musulmonlarga yordam berish masalalari muhokama qilindi, shu mavzuda yozilgan yangi kitoblar taqdim qilindi, Janubiy Afrika Respublikasidagi turli islomiy tashkilotlarning faoliyati bilan tanishildi.
Muhaddislar va ularning shariatga qilgan xizmatlari, ilmiy faoliyatlari, bugungi kunda ularning asarlaridan foydalanish, ularga tosh otayotganlarning kelib chiqishi va maqsadlari, bu muammolarni bartaraf qilish yo‘llari haqida shayx Muhammad Avvoma ma’ruza qildi…»
Ushbu anjumandan so‘ng ustozimiz shayx Muhammad Avvomaning mazkur kitobini bizga tanishtirib, navbatdagi darslarni shu kitob asosida boshlashni taklif qildilar. Bir necha oydan so‘ng kitobning tarjimasi tugagach, yozib olingan matn oqqa ko‘chirib, oyat-hadislar matni qo‘yib chiqildi, zarur joylarga izohlar berildi.
Shayx hazratlari vafotlaridan biroz avval kitobda yoritilgan mavzuning dolzarbligini hisobga olib, uning nafaqat ahli ilmlarga, balki barchaga foydali bo‘lishidan umid qilib, nashrga tayyorlayotgan edilar...
Ustozimizning vafotidan so‘ng kitob muallifi shayx Muhammad Avvoma hazratlari bilan bog‘lanib, kitobning nashrga tayyorlanayotganini aytib, ustozimizning haqlariga duo so‘radik. Shayx Avvoma nihoyatda mamnun bo‘ldilar, keyinroq u kishini ziyorat qilganimizda esa ushbu nashrga so‘zboshi ham yozib berdilar.
Alhamdulillah, bugun ustozimiz, padari buzrukvorimiz so‘nggi nuqta qo‘yishga ulgurmagan ushbu xayrli ishni baholi qudrat nihoyasiga yetkazib, siz aziz o‘quvchilarimizga taqdim qilish nasib qildi. Ushbu kamtarona urinishni ustozimizdan navbatdagi tuhfa o‘laroq qabul qilishingizni, nimaiki manfaat topsangiz, Alloh taolodan, sahvu xatolari bo‘lsa, biz ojiz bandalardan deb bilishingizni so‘raymiz.
Robbimiz bu asarni ustozimiz uchun sadaqai joriya hamda manfaatli ilm o‘laroq husni qabul qilib, u zotni rahmatu mag‘firatiga burkasin, oxiratlarini obod aylasin!
Ismoil Muhammad Sodiq

