Suzish taxtasi — suzish uchun mo‘ljallangan moslama.
Suzish taxtalarining vazifasi
Basseynda suzish uchun mo‘ljallangan taxta tajribali suzuvchilarning texnikasini mukammallashtirish, tananing ayrim mushaklari va qismlarini chiniqtirish, ozish hamda jarohatdan keyingi reabilitatsiya uchun qo‘llaniladi. Masalan:
- Bolalar va kattalarni o‘qitish hamda mashq qildirish. Mashqlarni bajarish davomida tana holatini va qo‘llarning taxtaga nisbatan vaziyatini o‘zgartirib, siz turli suzish usullarini tezroq o‘rganasiz;
- Oyoqlarni chiniqtirish. Taxta yordamida tana va qo‘llar suv betida ushlab turiladi. Bu suvda tana muvozanatini saqlashga va oyoqlarni qulay tempda mashq qildirishga imkon beradi;
- Gavdaning yuqori qismi va qo‘llarni mashq qildirish. Kolabashka-taxtasi yordamida suvni eshish va qo‘l harakatlari texnikasini charxlasa bo‘ladi;
- Nafas olishni mashq qildirish. Tana va qo‘llaringizni cho‘zing, yuzingizni pastga qaratib suvga nafas chiqaring. Oyoqlar esa tanlangan suzish usuliga mos harakatlarni bajarishi kerak. Boshingizni ko‘taring va bir xil vaqt oralig‘ida nafas oling. Ushbu uslub suzish paytida nafas olishni avtomatizm darajasiga yetkazishga yordam beradi;
- Qorin mushaklari (press) tonusini oshirish. Orqa bilan yotgan holda boshingizni suv ustida, taxtani esa ko‘kragingizda tutib turing;
- Muvozanatni saqlashga qaratilgan mashqlar. Bu maqsadlar uchun ham kombinatsiyalangan kolabashka-taxtasidan foydalaniladi;
- Suzish orqali ozish. Taxta bilan suzganda doimiy tezlikni saqlab qolish uchun katta kuch talab etiladi. Taxtani teskari tomoni bilan oldinga qaratib, suv qarshiligini yanada oshirish mumkin;
- Operatsiyadan keyingi va jarohatdan keyingi tiklanish. Taxta bilan suzish — tayanch-harakat a’zolarida muammosi bor insonlar uchun munosib muqobildir.
Sizga suzish taxtalari nimadan tayyorlanishi, ularning shakli, turi va o‘lchamlari qanday bo‘lishi qiziqdir? Quyida bu haqda batafsil to‘xtalamiz.
Mos keladigan taxtani qanday tanlash kerak
Basseynda suzish uchun taxta tanlashda zamonaviy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan modellarning xilma-xilligiga e’tibor berish lozim. Taxtalar o‘lchami, turi, vazifasi hamda aksessuar tayyorlangan materiali bilan farqlanadi.
Taxta materiali — qaysi biri yaxshiroq?
Avvalo materialga e’tibor bering. Taxta ishlab chiqaruvchilari quyidagi talablarga javob beradigan material turlarini afzal ko‘radilar:
- Yengillik — katta vaznni suv ustida ushlab turish uchun;
- Gipoallergenlik — teri bilan aloqa qilganda qichishish yoki toshmalar keltirib chiqarmasligi uchun;
- Gigiyeniklik — qo‘ziqorin va bakteriyalar ta’siriga berilmasligi;
- Suv o‘tkazmaslik — xo‘l bo‘lganda taxta shishib ketmasligi;
- Chidamlilik — xlorli suv bilan aloqada bo‘lganda sifati buzilmasligi.
Ko‘pincha suzish taxtalari etilenvinilatsetat (savdo nomi — EVA), ko‘pikli polietilen (PPE yoki EPE), yuqori zichlikdagi polietilen (HDPE), shuningdek, takomillashtirilgan penoplast va plastikdan tayyorlanadi.