
Omonatlar va kreditlar uchun yillik foiz stavkasi: bu nima?
Banklar turli foiz stavkalari bo'yicha kreditlar va omonatlarni taklif qilishadi. Bu stavkalar nima, ularni kim belgilaydi va ular kutilmaganda o'zgarishi mumkinmi? Sizga eng muhim narsalarni aytib o’tamiz.
Yillik foiz stavkasi - olingan kredit pullaridan foydalanganlik uchun qo‘shimcha to'lanishi kerak bo'lgan summaning foiz ko‘rinishidagi miqdori bo‘lib, u asosiy to‘lovga qo‘shimcha tarzda to‘lanishi kerak. Agar siz omonat ochsangiz, bank sizning pulingizni mustaqil boshqaradi – va buning uchun u qo'shimcha haq to'laydi. Agar qarz haqida gapiradigan bo'lsak, siz bankdan pul olib bo‘lgansiz va siz unga "mukofot" pulini to'laysiz.
Misol uchun
Ilhan avtomashina olish uchun 50 000 000 so‘m kredit oldi. Shartnomaga asosan, yillik foiz stavkasi 32% tashkil etadi. Demak, yil uchun asosiy qarzga qo'shimcha ravishda, erkak foizlarni ham to'lashi kerak bo'ladi:
50 000 000 х 32 / 100 = 16 000 000.Ya'ni, bir yildan so'ng Ilhan bankka 66 000 000 so'm qaytarishi kerak bo'ladi.
Garchi stavka yillik deb atalsa ham, u bir necha oylik muddatdagi kreditlar yoki depozitlarda ham foydalaniladi. Shunchaki, bu holatda ular qayta hisob-kitob qilinadi – deylik, yuqoridagi misolda Ilhan olti oyga kredit olsa, 8 000 000 so‘m to‘laydi.
Yillik foiz stavkalarini kim belgilaydi?
Stavkalarni banklar o'rnatadi. Lekin ular shunchaki o'ylab topmaydilar, balki Markaziy Bankning asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda belgilaydilar. Ushbu maqola e'lon qilingan paytda u 14% ni tashkil qiladi. Bu degani, tijorat banklari Markaziy bankdan aynan 14 foizdan qarz olishlari mumkin.
Depozitlar (omonatlar) bo'yicha stavka asosiy stavkadan yuqori bo'lishi mumkin emas. Nima uchun bank aholidan pulni Markaziy bankdan ko'ra yuqoriroq foizda olishi kerak? Kredit stavkasi, aksincha, har doim bazaviy stavkadan yuqori bo‘ladi. Agar bank yillik 14% bilan pul olsa, uni "arzonroq" bera olmasligi tushunarli holat. Ammo raqamlar aynan qanday belgilanadi?
Yillik foiz stavkasi nimaga bog'liq?
Mijoz uchun nimaga bog‘liqligi har doim ham "shaffof" emas. Misol uchun, ba'zi banklar uzoq muddatga pul olishni xohlamaydilar - ba'zida bunday davr uchun prognoz qilish juda qiyin. Shunda ular bir necha yil davomida omonatlar uchun past stavkani maxsus belgilashlari mumkin. Boshqalarni, aksincha, qisqa muddatlar qiziqtirmaydi. Bunday holda, bir necha oylik omonatlar uchun stavka odatda past bo'ladi.
Omonatlarning yillik foiz stavkasiga hisobni yechib olish yoki to‘ldirish imkoniyati ham ta'sir qiladi. Agar siz bu imkoniyatni qoldirishni xohlasangiz, stavkangiz pastroq bo'lishi mumkin.
Shunchaki, banklar voqealarning rivojini bo‘yicha prognoz qilinadigan ssenariylarni yaxshi ko'radilar va mijoz bunday tanlov qilsa, hisobda qachon va qancha pul bo'lishini aniq bilib bo'lmaydi.
Kredit stavkalarining ishi yanada qiyinroq. Chunki bu yerda ko'plab omillar, jumladan, mijozlar pullarini qaytarib bermaslik xavfi hisobga olinadi. Shuning uchun mikromoliya tashkilotlari odatda kreditlarni bajonidil va tez, lekin yuqori foiz stavkasida beradilar.
Aynan shu foizlar ba'zi kreditlar ixtiyoriy ravishda qaytarilmasligi ehtimolini o'z ichiga oladi. Bunda sudga murojaat qilish kerak bo'ladi, bu esa tashkilot uchun qo'shimcha xarajatlardir.
Yana kredit stavkalariga ta'sir qiluvchi bir nechta omillar:
- Ta'minot. Agar siz mashina yoki ko‘chmas mulkni bankka garovga qo‘ysangiz, stavka pastroq bo‘ladi, chunki kreditni qaytarmasangiz, mulk sizdan olib qo‘yilishi mumkin. Shu sababli, ipoteka kreditlari har doim iste'mol kreditlariga qaraganda "arzonroq".
- Ish haqi hisobining mavjudligi. Ish haqi mijozlari uchun stavka har doim past bo'ladi: chunki bank sizning qancha olishingizni va qancha sarflashingizni aniq biladi. Unga sizning ishingiz barqarorligi va daromadingizning muntazamligi haqida qayg'urishi shart bo‘lmaydi.
- Kredit tarixi. Agar sizda kreditlar bo'lsa va to'lovlarni kechiktirgan bo'lsangiz, tarixingiz buzilgan bo'lishi mumkin. Bunday holatda foiz stavkasi katta ehtimol bilan bir necha pog'onaga ko'tariladi.
- Hujjatlar to'plami. Bank siz haqingizda qanchalik ko'p ma'lumotga ega bo'lsa, unga barcha xavflarni hisoblashga osonroq bo'ladi – va ularni umumiy tartibda qo'yishning hojati qolmaydi. Shuning uchun, agar bank daromadni tasdiqlovchi ma'lumotnoma yoki boshqa hujjatlarni so'rasa, ularni taqdim eting - ehtimol shu tarzda siz kredit stavkasini kamaytirishingiz mumkin.
Samarali foiz stavkasi nima
Kreditning asosiy stavkalarini reklama broshyuralarida va bank veb-saytlarida ko'rish mumkin. Ammo, aniqlaganimizdek, doim haqiqiy stavka har bir mijoz uchun individual bo‘ladi.
Samarali foiz stavkasi - bunda barcha ortib boruvchi va kamayuvchi omillar hisobga olinadi. U asosiy yillikdan muhimroqdir (garchi u bir xil bo'lishi mumkin bo'lsa-da), chunki siz aynan shu bo‘yicha to'lashingiz kerak bo'ladi.
Foiz stavkasi o'zgarishi mumkinmi?
Qoida bo‘yicha mumkin emas - u shartnomada belgilanadi va kredit olish yoki omonat qo'yishning butun muddati davomida o'zgarishsiz qoladi. Ammo stavka o'zgarishi mumkin bo'lgan ba'zi holatlar mavjud.
Omonatlar uchun
Agar siz pulni muddatidan oldin yechib olsangiz. Ko'pincha, depozit shartlari muddatidan oldin yechib olishga imkon bermaydi. Aniqroq qilib aytganda, siz omonatni yopishingiz mumkin, ammo stavka minimal darajada qayta hisoblab chiqiladi (talab qilib olinadigan omonatlar uchun amal qiladi). Bu odatda shartnomada ko'rsatilgan - uni diqqat bilan o'rganib chiqing.
Agar siz jamg'arma hisobraqamiga pul qo'ygan bo'lsangiz. Ko'pchilik jamg'arma hisobraqami va omonat o'rtasidagi farqni tushunmaydi. Hisob istalgan vaqtda yechib olish va to'ldirish imkonini beradi. Ammo shuning uchun stavka omonatlarga qaraganda pastroq bo‘ladi. Eng muhimi esa, pulni joylashtirish uchun hech qanday muddat yo'q va bank istalgan vaqtda stavkani o'zgartirish huquqiga ega.
Kreditlar uchun
Agar siz sug'urta qilishni to'xtatsangiz. Odatda, hayot va sog'liq sug'urtasi kredit bo'yicha foiz stavkasini kamaytirishi mumkin. Ammo bu sug'urtani har yilga uzaytirish kerak. Agar siz uzaytirmasangiz, bank stavkani qayta ko'rib chiqish huquqiga ega bo‘ladi.
Agar kredit qayta tuzilgan bo'lsa. Siz kredit shartlarini o'zgartirish so'rovi bilan bankka murojaat qilishingiz mumkin - masalan, stavkani kamaytirish va to'lov jadvalini o'zgartirish bo‘yicha. Ular sizning taklifingizni ko‘rib chiqishlari yoki rad etishlari mumkin; bunday hollarda moliya tashkilotlari hech qanday majburiyatlarga ega bo‘lmaydi.
Agar kredit qayta moliyalashtirilsa. Tasavvur qiling: siz 10 yilga 40 foizli kredit oldingiz, bir yildan keyin bank stavkasi 30 foizgacha tushib ketdi. Siz bundan keyin ham 40% dan to‘lashingiz shartmi? Shart emas. Bunda mantiqan eng to‘g‘ri yo‘l, birinchi to'lovning qoldig'ini qoplaydigan arzonroq kredit olish uchun boshqa bankka murojaat qilish bo'ladi. Ya'ni, siz 30% bilan pul olasiz, bir yil oldin olgan kreditingizni "yopib qo'yasiz" va yanada qulayroq stavkada to'lashni davom ettirasiz.
Yillik foiz stavkalari haqida asosiy malumotlar
- Yillik foiz stavkasi - pul mablag'laridan foydalanish "xarajati"ning foizdagi ko'rinishi.
- Banklar foiz stavkalarini Markaziy bank stavkasi, o‘z prognozlari va siyosatidan kelib chiqib o‘zlari belgilaydilar.
- Omonat va kreditlar bo'yicha stavkalar shartnoma tuzilgandan keyin ham o'zgarishi mumkin: bunday holatlar hujjatlashtirilgan.
Izoh qo‘shish