
Uzum nomidan firibgarlar pulingizni qanday o'g'irlaydi: 4 ta misol
Uzum Marketdan sovrin yutib oldingizmi? Xursand bo'lishga shoshilmang - ehtimol firibgarlar sizni aldashga urinayotgandir. Sizga eng mashhur qalloblik usullari haqida gapirib beramiz, shuningdek, firibgarlar brendimiz nomidan pul ishlashga harakat qilganlari xususida aniq misollar keltiramiz.
Firibgar pulingizni olib qo'yishi uchun kompyuteringizni buzib kirishi, parolni taxmin qilishi umuman shart emas. Omonatingizni o‘z xohishingiz bilan berishga sizni ishontirish nisbatan oson. Ushbu firibgarlik usulida ijtimoiy muhandislik tamoyillaridan, ya'ni odamlarni ixtiyoriy ravishda pulni tovlamachiga berishga rozi qiladigan manipulyatsiyadan foydalaniladi.
Biz Uzum Market nomi ostida faoliyat yuritayotgan firibgarlarning eng ommabop usullarini tahlil qildik va bunday “tuzoq”larga tushib qolmaslikka yordam beradigan bir qator maslahatlarni beramiz.
Muhim tafsilot! Uzum hech qachon kartaga pul oʻtkazishni va foydalanuvchilarning karta ma'lumotlarini so'ramaydi.
Lotereya sovrini
Ssenariy. Noma'lum shaxslar Uzum Market nomidan sizga xabar yozishadi yoki qo'ng'iroq qilishadi, internet-do'konda sovrinlar o'yini o'tkazilganligi va siz g'oliblar qatorida ekanligingizni aytishadi. Sovrinni olish uchun siz komissiya puli, soliq yoki yetkazib berish pulini to'lashingiz kerak ekan.
Aslida nima bo‘lgan? Ushbu "tanlov"ni firibgarlarning o'zlari o‘ylab topgani aniq. Endi ular yutuq zavqidan gangib qolgan “g‘olib” ularning hisobiga ozgina pul o'tkazib berishi uchun harakat qiladilar. Eng xavflisi shundaki, ular sizni bank kartangiz ma'lumotlarini kiritishingiz kerak bo'lgan veb-saytga yo'naltirishlari mumkin. Agar ma'lumotlarni kiritsangiz, firibgarlar ulardan bemalol foydalana oladilar.
Firibgarlikni qanday aniqlash mumkin? Odatda jinoyatchilar hayolingizni yig‘ishga qo‘ymasdan shoshiraveradilar. Pul o'tkazmasini amalga oshirish uchun odatda ular jismoniy shaxsning kartasini taqdim etadilar yoki notanish saytga yuboradilar. Barcha haqiqiy tanlovlar Uzum Market ilovasi va Uzum Market rasmiy telegram kanalida e'lon qilinadi: sizga aytilayotgan tanlov u yerda borligini tekshirishingiz mumkin.
Telegram kanali orqali takliflar
Ssenariy. Firibgarlar ko'pincha Uzum Marketning ramzlarini (avatarda yoki nomlanishda) nusxalab, telegram kanali yaratadilar. Shundan so‘ng ular onlayn-do'kon nomidan antiqa xizmatlarni taklif qilishadi. Sotuvchilar uchun mahsulotini reklama qilish yoki xaridorlar uchun yaxshi chegirmalar bo'lishi mumkin. Shuningdek, kanalda manzili uzum.uz ga juda o'xshash va shu kabi interfeysga ega veb-saytga havolani yuborishlari mumkin. Havoladagi mahsulot narxi bozordagi o'rtacha narxdan sezilarli darajada arzon bo‘ladi.
Aslida nima? Maqsad hamon o‘sha-o‘sha – sizdan pul o‘tkazmasini olib, g‘oyib bo‘lish. Haqiqiy Uzum Market xodimlari qiziqarli takliflar bilan sotuvchilarga shaxsiy xabar yozishmaydi. Soxta veb-saytlar - bank kartangiz ma'lumotlarini o'zlashtirishning ajoyib usulidir.
Firibgarlikni qanday aniqlash mumkin? +998781501115 ishonch telefoniga qo'ng'iroq qilib, ilovada yoki Uzum Marketning quyidagi rasmiy sahifalarida ma'lumotni tekshirishingiz mumkin:
Istagan paytda ushbu sahifalarga kirib, sizga haqiqiy kanaldan yozishganini tekshirishingiz mumkin. Original e'lonlarga havola uzum.uz.dan boshlanishi kerak.
Ishga qabul qilish
Ssenariy. Sizga zo‘r shartlar asosida Uzum Market jamoasi a'zosi bo'lish taklif etiladi. Tafsilotlarni muhokama qiladilar, keyin nomzodingiz tasdiqlanganligini aytadilar. Emishki, hisob ochish va unga depozit qo'yish qoladi, xolos.
Aslida nima? Agar kompaniya xodimni yollayotgan bo'lsa, undan hech qanday sarmoya talab qilmaydi. Ayniqsa depozit. Bu – firibgarlar pulingizga ega chiqishi uchun navbatdagi nayrang.
Firibgarlikni qanday aniqlash mumkin? Sizdan ma'lum miqdordagi mablag‘ni hisobga qo‘yish yoki pul o'tkazmasini amalga oshirishni so'rasalar, ishonch bilan taklifni rad eting va aloqani to'xtating. Uzum Marketdagi barcha joriy vakant ish o‘rinlari rasmiy saytning maxsus bo‘limida e'lon qilinadi.
Masofaviy daromad taklifi
Ssenariy. Avvalgi vaziyatga o'xshashib ketadi, faqat bu safar sizga Uzum Marketda masofaviy ish taklif etiladi. Ko'pincha bunday holat rasman ishga joylashishni nazarda tutmaydi, ish shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin. Ishning mohiyati turlicha bo'lishi mumkin. Misol uchun, telegram kanaliga obunachilarni qo'shish (albatta, soxta obunachilarni). Yoki ma'lum bir havolani iloji boricha ko'proq oluvchilarga yuborish.
Aslida nima? O‘zingiz bilmagan holda, firibgarlarga sherik bo'lib qolishingiz mumkin. Manzillar kitobingizdagi tanishlarni TG-kanaliga qo'shish yoki ularga yolg'on e'lonlar yuborish orqali siz firibgarlarga yordam berasiz. Rostini aytganda, buning uchun pul to'lashlari ham dargumon.
Firibgarlikni qanday aniqlash mumkin? Uzum Market “xodimi”dan o‘zini tanishtirishi va aloqa ma'lumotlarini qoldirishini so‘rang. Keyin +998781501115 ishonch telefoniga qo'ng'iroq qilib, Uzum Marketda shunday xodim ishlaydimi, u bilan bog'lanish mumkinmi, deb so‘rang. Shuningdek, sizga "ish" uchun taklif qilingan havola va kanallarning nomlarini diqqat bilan kuzatib boring. Ma'lum bo‘ladiki, ularning rasmiy saytlarga aloqasi yo'q (lekin ularga o'xshash bo'lishi mumkin).
Firibgarlar qurboni bo'lmaslik uchun beshta maslahat
- Agar sizga Uzum Market nomidan messenjer yoki ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilishsa, kanal nomini rasmiy nom bilan solishtiring (uni veb-saytdagi “Savol va javoblar” bo‘limida yoki Uzum Market ilovasida topish mumkin). Noma'lum shaxslarga hech qanday ma'lumot bermang, o'tkazmalarni amalga oshirmang.
- Taklif qanchalik maftunkor bo'lmasin (masalan, mukofotingizni kelib olish yoki ishga joylashish), shoshib qaror qabul qilmang. Firibgarlarning maqsadi – aldanayotganingizni anglab yetmasingizdan sizni hayajonda harakat qilishga undashdir.
- Uzum Marketda ishlash uchun qonuniy rasmiylashtirish talab qilinadi. Bunday ishni faqat og'zaki kelishuv asosida taklif qilganlarga ishonmang. Ayniqsa, pul o'tkazmalari yoki to'lovni amalga oshirishingizni so‘rashsa.
- Agar siz bilan Uzum Market xodimi bog‘langaniga shubhangiz bo‘lsa, +998781501115 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling yoki Telegramdagi botga yozing.
- Faqat rasmiy ilovalardan foydalaning. Ularni Play Market va AppStoreda topish mumkin. Uzum Marketda mahsulot va xizmatlar uchun toʻlov veb-sayt/ilovada yoki mahsulotni berish punktlarida amalga oshiriladi.
Izoh qo‘shish
Ha shunday bo'ldi telefon qilmadiyan pulimga kuydim