
Uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha qarzlar: qarz borligini qanday va qayerdan aniqlash mumkin
Uy-joy kommunal xizmatlarini o‘z vaqtida to‘lash — uy-joy mulkdorlari, arendaga, ijaraga oluvchilarining, ya’ni uy-joydan ijara shartnomasi, shu jumladan ijtimoiy shartnoma asosida foydalanadiganlarning majburiyatlaridan biri. Ular bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlarni amalga oshirishlari shart.
O‘zbekiston Uy-joy kodeksining 133-moddasiga muvofiq, ularga quyidagi to‘lovlar kiradi:
- sovuq va issiq suv ta'minoti, suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya);
- elektr ta'minoti;
- isitish (issiqlik ta'minoti);
- gaz ta'minoti;
- chiqindilarni olib chiqish.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari bunday uyning umumiy mol-mulkini saqlash xarajatlarni qoplash uchun majburiy badallar to‘laydilar. Bularga umumiy mulkni saqlash, ta'mirlash, u joylashgan yer uchastkasini saqlash va obodonlashtirish xarajatlari kiradi. Ularning hajmi uy-joy mulkdorlari yig‘ilishida aniqlanadi. Mulkdor, ijaraga yoki arendaga oluvchi bilan kelishilgan holda, bu mas'uliyatni ularga yuklashi mumkin. Biroq, u ushbu badallarni o‘z vaqtida to‘lash uchun javobgar bo‘lib qoladi.
UJKX uchun to‘lash muddatlari
Majburiy to‘lovlarni to‘lash qoidalari O‘zbekiston Uy-joy kodeksining 134-moddasida belgilangan. Uy-joy kommunal xizmatlari va umumiy mulkni saqlash xarajatlari uchun to‘lovlar o‘tgan oydan keyingi oyning o‘ninchi kunidan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.
Suv ta'minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari bundan mustasno. 2018-yildan boshlab Prezidentning PF-5241-sonli “Suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, fuqarolarga mazkur xizmatlarni ko‘rsatish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-noyabrdagi 950-son Qaroriga muvofiq, iste'molchilar keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar oldindan haq to‘lashni amalga oshirishlari lozim. Hisobga olish priborlari mavjud bo‘lganda summa oxirgi uch oyning o‘rtacha sarfi bo‘yicha belgilanadi. Hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmaganda oylik iste'mol normasi bo‘yicha amalga oshiriladi. Ular mintaqaga qarab farqlanadi. Toshkent shahrida 2024-yilda issiq suv tarifi bir kishi uchun oyiga 30 705 so‘m, sovuq suv uchun 43 647,90 so‘mni tashkil etadi.
Nimaga UJKX uchun qarzdorlik bo‘lishi mumkin
Eng oddiy variant — o‘z vaqtida to‘lashni unutdingiz. Yoki tariflar oshganidan bexabar qoldingiz. Misol uchun, to‘lov varaqidagi summaga e'tibor bermadingiz. Yoki hisobga olosh priborlarni tekshirish muddatini o‘tkazib yubordingiz — va natijada hisob-kitoblar iste'mol normasi bo‘yicha amalga oshirila boshladi.
To‘lovni amalga oshirishda xatolar yuz berishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Misol uchun, rekvizitlarni ko‘rsatishda xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishingiz yoki ular xizmat ko‘rsatuvchida o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Xizmat ko‘rsatuvchi o‘zgarishi mumkin — agar to‘lovni odatdagidek eskisiga yuborgan bo‘lsangiz, yangisi pulni olmaydi. Natijada sizda qarzdorlik paydo bo‘ladi. Tizimda xatolar ro‘y berishi mumkin, buning natijasida to‘lovni qayta ishlash jarayonida nosozlik yuzaga keladi — va pul xizmat ko‘rsatuvchiga tushmaydi yoki u tushgan pullarni ko‘rmaydi.
Kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini qanday aniqlash mumkin
Buning bir necha yo‘li mavjud bo‘lib, o‘zingizga eng qulay bo‘lganini tanlashingiz mumkin. Eng oson variant — barcha kerakli ma'lumotni onlayn aniqlash.
YIDX portalida
Buning uchun OneID orqali tizimda ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinetga kirish lozim. “Kommunal xizmatlar” davlat xizmatidan foydalanib, balanslarni bilib olish va qarzdorliklar mavjudligini tekshirish mumkin. Shuningdek, portalda “Boshqaruv servis kompaniyalaridan qarzdorlik holatini tekshirish (Mening uyim)” xizmati mavjud.
Kommunal xo‘jalik va uy-joy fondi e-kommunal.uz portalida
Buning uchun ID.uz identifikatsiya xizmati orqali tizimda ro‘yxatdan o‘tib, my.kommunal.uz portalidagi shaxsiy kabinetga kirish lozim (ro‘yxatdan o‘tmaganlar avval ro‘yxatdan o‘tishlari, shaxsiy kabinet yaratgandan so‘ng esa, shaxsiy ma'lumotlarni to‘ldirishlari kerak). So‘ng, kerakli xizmatni tanlash, uy-joy kommunal xizmatlari uchun kvitansiyalarda ko‘rsatilgan shaxsiy hisob raqamini, kerak bo‘lsa, tuman va xizmat ko‘rsatuvchini kiritish kifoya. Shundan so‘ng, har bir xizmat bo‘yicha balans shaxsiy kabinetda ko‘rsatiladi.
Mobil to‘lov ilovalarida
To‘lov ilovalari (U-Pay, Payme, Click va boshqalar) “Mening uyim” bo‘limiga ega. Ularga elektr, gaz, suv ta'minoti va suvni chiqarib yuborish, isitish, chiqindiqlarni olib chiqish uchun shaxsiy hisoblarni qo‘sh va balansni kuzatib borish mumkin. Hisob raqamlarni bir marta kiritish kifoya — ilova ularni eslab qoladi va keyinchalik qarzdorliklarni tekshirish mumkin bo‘ladi.
“Hududiy elektr tarmoqlar” saytida
“Hududiy elektr tarmoqlari” saytida elektr hisoblagich ko‘rsatkichlari, to‘lovlar tarixi va qarzdorlik mavjudligini tekshirishingiz mumkin. Ammo buning uchun uyali telefoningizni elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish “Elektrohisob” avtomatlashtirilgan tizimiga ulashingiz kerak. Xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyaning ofisiga yoki istalgan bankning kassasiga murojaat qilish va mobil telefoningizga“Shaxsiy kabinet”ga kirish uchun login bo‘lgan SMS-xabar olishingiz kerak.
CleanCity portalida
Cleancity.uz xizmati yordamida chiqindini olib chiqish uchun qarzdorlikni tekshirish mumkin. Buning uchun “Abonentlar” bo‘limini, so‘ng "Qarzdorlikni tekshirish”ni tanlash va shaxsiy kabinetga kirish lozim. Agar u mavjud bo‘lmasa, ro‘yxatdan o‘tish kerak. Buning uchun kvitansiyadan shaxsiy hisob raqamni kiritish kerak bo‘ladi
Majburiy ijro byurosi xizmatlari yordamida
Agar qarzdor to‘g‘risidagi ma'lumotlar majburiy ijro byurosiga kelib tushgan bo‘lsa, @mibuzbot Telegramboti orqali qarzdorlik va ijro hujjatlari haqida ma'lumot olish mumkin. Buning uchun unga mobil telefon raqamini kiritish lozim.
Shuningdek, byuro saytida “Xizmatlar” ro‘yxatidan “Qarzdorlikni tekshirish”ni tanlash mumkin. Buning uchun pasport ma'lumotlarini kiritish kerak.
Qarzdorlik mavjudligi va qarz miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar UJKX uchun to‘lov varaqalarida ko‘rsatiladi. Shuningdek, uning mavjudligini boshqaruv servis kompaniyasining ofisiga shaxsan kelib bilib olish mumkin. Bunday holda, mulk egasining manzili va ma'lumotlarini ko‘rsatish, shuningdek, pasport kerak bo‘lishi mumkin.
UJKX qayerda va qanday to‘lash mumkin
Buni shaxsan amalga oshirish mumkin — boshqaruv servis kompaniyasining ofisi, pochta bo‘limi yoki bankning kassasida. Yoki onlayn — mobil ilova yoki bank saytidagi shaxsiy kabinetda, to‘lov tizimlari (U-Pay, Payme, Click va boshqalar), YIDX va e-kommunal.uz portallari orqali. Qarzdorlik aniqlangandan so‘ng uni darhol to‘lash mumkin.
UJKX xizmatlarini o‘z vaqtida to‘lamasa nima bo‘ladi
Uy-joy kommunal xizmatlari uchun to‘lovlarni kechiktirilgan har bir kun uchun jarima undiriladi. Jismoniy shaxslar kechiktirilgan to‘lov summasining 0,1% miqdorida (biroq 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) penya to‘laydi. Bu Uy-joy kodeksining 134-moddasida ko‘rsatilgan. Shuningdek, uy-joy-kommunal xizmatlari uchun to‘lovlar uzoq vaqt davomida (uch oydan ortiq) amalga oshirilmagan taqdirda kommunal xizmatlar ko‘rsatish to‘xtatilishi qayd etilgan. Suv ta'minoti va suvni chiqarib yuborish, elektr va gaz ta'minoti bundan mustasno — ushbu xizmatlarga to‘lov qilmaydiganlar uchun to‘liq uzib qo‘yilishi mumkin. Ularni qayta ulash uchun nafaqat qarzni, balki uzish va qayta ulash ishlari uchun ham to‘lash kerak bo‘ladi.
Iste'molchi UJKX xizmatlarini o‘z vaqtida to‘lamagan taqdirda, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan tuzilgan qarzdorlar ro‘yxatiga kiritiladi. So‘ng ushbu ro‘yxatlar Majburiy ijro byurosiga topshiriladi. Byuro xodimlari qarzdorlikni to‘lash to‘g‘risida buyruq tuzadilar. Qarzdor buyuruqni olgandan so‘ng, qarzni 5 kun ishida to‘lashi kerak. Ushbu muddat ichida qarz to‘lanmagan taqdirda, byuro buyruqni bajarish uchun bir qator choralar ko‘rishga haqli. Masalan, u ish beruvchiga qarzdor xodimlarning ish haqidan qarz miqdorini ushlab qolish talablarini yuborishi mumkin. Qarzdor ijro hujjatida ko‘rsatilgan talablarni bajarmagan taqdirda, uning chet elga chiqishi cheklanishi mumkin. Bu “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan
Xulosa: uy-joy kommunal xizmatlarini to‘lash qoidalari
- Uy mulkdorlari, ijaraga va arendaga oluvchilar uy-joy kommunal xizmatlari uchun to‘lashlari shart.
- Kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash muhim, kechiktirilgan to‘lovlar uchun jarima undiriladi. Uzoq muddat to‘lamaydigan qarzdorlarga xizmat ko‘rsatish cheklanadi yoki uzib qo‘yiladi. Shuningdek, ular ijro ish yuritishni ochishlari, ish haqidan qarz miqdorini ushlab qolishlari yoki chiqishni cheklashlari mumkin
- To‘lovni amalga oshirgandan so‘ng, u o‘tganiga ishonch hosil qiling.
- Uy-joy kommunal xizmatlari uchun qarzdorlikni onlayn tekshirish mumkin. Buni YIDX, O‘zbekiston kommunal xo‘jaligi va uy-joy fondi portalida, to‘lov ilovalaridagi “Mening uyim” bo‘limida va boshqa usullarda amalga oshirish mumkin.
- Agar qarzdorlikni aniqlasangiz, jarimalar va boshqa muammolarni oldini olish uchun uni zudlik bilan to‘lang.
Izoh qo‘shish