
Tug‘ruq ta'tili xususida savol va javoblar: tartib-qoidalar va to‘lovlar miqdori
Homiladorlik va tug‘ish ta'tilida, keyinchalik esa bola parvarishi bo‘yicha ta'tilda bo‘lgan ayollar uchun tug‘ruq ta'tili va mazkur muddatdagi to‘lovlarni rasmiylashtirish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, Davlat Prezidenti, hukumat va vazirliklarning qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Ish beruvchi huquqlaringizni buzganida, nimalarni bilishingiz va qilishingiz kerak?
Xususiy kompaniyalar ayol xodimlariga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa to‘lashga majburmi?
Agar ayol rasmiy ravishda ishlayotgan bo‘lsa, unda majbur. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, bu xususiy korxonalarga ham tadbiq etiladi. Shu bois ish beruvchi bola tug‘ilishidan 70 kun oldingi va kamida 56 kun keyingi muddat uchun xodim tomonidan berilgan kasallik varaqasi asosida nafaqa to‘lashi shart. Agar tug‘ruq jarayoni og‘ir kechsa, egizak yoki undan ko‘p bola tug‘ilsa, tug‘ruq ta'tilining ikkinchi qismi 70 kunni tashkil qiladi. Bunday holat Mehnat kodeksining 405-moddasida ko‘rsatilgan. Shuningdek, kasallik varaqasi uchun to‘lovning eng kam miqdori - o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi belgilangan. Prezidentning PQ-2699-son qaroriga binoan, ushbu qoida ishga qabul qilinganidan boshlab 12 oydan kam vaqt mobaynida ishlab, so‘ng tug‘ruq ta'tiliga chiqqan ayollarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar ish muddati bir yildan ortiq bo‘lsa, to‘lov 100% bo‘ladi.
Agar ayol ishlamasa, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi olish huquqiga egami?
Yo‘q, bunday holatda tug‘ruq nafaqasi berilmaydi. Ammo ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan ayol yangi tug‘ilgan chaqalog‘i uchun umumiy asosda eng kam ish haqining 70,3 foizi miqdorida bir martalik nafaqa olishi mumkin. Bunday holat O‘zbekiston Prezidentining PF-5894-son qarori bilan belgilangan. “Suyunchi puli” uchun arizani Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona davlat xizmatlari portaliga onlayn tarzda berishingiz mumkin. Nafaqani yashash joyingizdagi Xalq banki filialida olishingiz mumkin.
Ishlamaydigan ayol bola parvarishi uchun nafaqa olishi mumkinmi?
Farzandi ikki yoshgacha bo‘lgan ishlayotgan ayollarga – byudjetdan tashqari soha xodimlariga bola parvarishi bo‘yicha nafaqani ish beruvchi eng kam ish haqining 60 foizi miqdorida to‘laydi (“O‘zbekiston Prezidentining “Bolali oilalarga davlat ijtimoiy yordami tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 871-sonli qarori") Ishlamaydigan onalar hamda tug‘ruq ta'tiliga chiqqan byudjet tashkilotlari xodimlariga beriladigan nafaqakam ta'minlangan oilalarga beriladigan nafaqaga almashtirilishi mumkin (O‘zbekiston Hukumatining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori). Har bir oila a'zosining daromadi minimal iste'mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lsa ( 2024 yilda 1 MIXT = oyiga 621 ming so‘m) va qarorda ko‘rsatilgan boshqa mezonlar bajarilgan taqdirda bunday nafaqa tayinlanishi mumkin. O‘zbekiston Prezidentining PF-6277-sonli qaroriga muvofiq, 2021-yildan boshlab bir nafar uch yoshgacha bo‘lgan bola uchun to‘lov 325 ming so‘m etib belgilandi. Agar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa bola 2 yoshga to‘lgunga qadar to‘lansa, u holda kam ta'minlangan oila bolaning 18 yoshga to‘lguniga qadar nafaqa olishga haqli. Ammo bola 3 yoshga to‘lganida, bu miqdor 250 ming so‘mni tashkil etadi. Agar oilada bir necha farzand bo‘lsa, ikkinchi farzand uchun 150 ming so‘m, uchinchi va boshqalar uchun 100 ming so‘mdan qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ruq, bola parvarishi bo‘yicha ta'tillar ish stajiga kiritiladimi?
Ha. Biroq, bola parvarishi ta'tillari uchun quyidagicha tartib amal qiladi: ish stajiga jami olti yildan ortiq bo‘lmagan muddat qo‘shiladi, buni ko‘p bolali onalar hisobga olishi kerak. Yillik ta'til olish huquqini beruvchi ish stajiga faqat homiladorlik va tug‘ruq ta'tillari kiradi. Bunday holat Mehnat kodeksining 405-moddasi 5 va 6-qismlarida nazarda tutilgan.
Ishga tushgan onaning bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish huquqi yo‘qoladimi?
Agar tug‘ruq ta'tilidagi ayol yarim kunlik ishga tushsa (yarim kunlik yoki yarim haftalik ish bo‘lishi mumkin) yoki boshliqlari bilan kelishgan holda uyda ishlasa, u nafaqa olish huquqini saqlab qoladi. Bu tartib bolaning onasi o‘rniga parvarishlash ta'tiliga chiqqan qarindoshlariga nisbatan ham qo‘llaniladi (Mehnat kodeksining 405-moddasi 4-qismi). Ammo ham maosh, ham nafaqa olib, to‘liq ishlash mumkin emas.
Homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha, bola parvarishi uchun ta'tillarning bir qismini pul ko‘rinishida olish mumkinmi?
Yo‘q. Homiladorlik va tug‘ruq ta'tili, shuningdek, bola parvarishi uchun ta'til ijtimoiy maqsadlarda beriladi. Mehnat kodeksining 234-moddasiga ko‘ra, ularni pul kompensasiyasi bilan almashtirish ta'qiqlanadi.
O‘rindoshlik asosida ishlayotgan ayollarga homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi, ikki yoshgacha bola parvarishi uchun nafaqa to‘lanadimi?
“O‘rindoshlik asosida ishlash tartibi to‘g‘risida”gi 237-sonli Nizomning 18-bandiga asosan, o‘rindoshlik asosida ishlayotgan ayollar homiladorlik va tug‘ruq nafaqasini olish huquqiga ega. Nafaqa kasallik varaqasi asosida to‘lanadi. Kasallik varaqasi uchun haq asosiy, ham qo‘shimcha ish joyida to‘lanishi kerak("Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi 1136-sonli Nizomning 60-moddasi). Ammo bola parvarishi bo‘yicha nafaqa faqat asosiy ish joyida to‘lanadi.
Ikki farzand tug‘ilganida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa ikki barobar oshadimi?
Yo‘q, nafaqa bitta miqdorda to‘lanadi. Bunday holat “Ishlayotgan onalarga bola ikki yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash bo‘yicha oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandida belgilangan. Ishsiz ayollar va oilasi kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan byudjet xodimlari bundan mustasno. Bunday oilalarga, yuqorida aytib o‘tganimizdek, har bir bola uchun nafaqa to‘lanadi.
Bola parvarishi bo‘yicha ta'tilidan chiqib, keyin yana ta'tilni davom etish mumkinmi?
Ha. Ayol istalgan paytida bola parvarishi bo‘yicha ta'tildan chiqish huquqiga ega. Agar farzandi hali uch yoshga to‘lmagan bo‘lsa, u tegishli arizani yozishi va yana tug‘ruqdan keyingi ta'tilga chiqishi mumkin. O‘zbekiston qonunchiligida bu borada hech qanday ta'qiq yo‘q.
Avvalgi tug‘ruq ta'tili tugamasidan yangi tug‘ruq ta'tiliga chiqqaningizda, qanday to‘lovlarga haqlisiz?
Bunday holda ayolning ikkita varianti bor. Kichik farzandi 2 yoshga to‘lgunga qadar (yoki 3 yoshga to‘lgunga qadar, ammo parvarish uchun nafaqa faqat ikki yilgacha to‘lanadi) bola parvarishi uchun ta'tilda qolish. Yoki avvalgi ta'tildan chiqish to‘g‘risida ariza yozib, homiladorlik va tug‘ruq ta'tili uchun kasallik varaqasini rasmiylashtirish. "Mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma" 3-bobining 29-bandiga binoan, agar homiladorlik va tug‘ruq ta'tilida, ikki yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi ta'tilida yoki uch yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun haq to‘lanmaydigan ijtimoiy ta'tilda bo‘lgan ayol yana homilador bo‘lsa, unga mehnatga layoqatsizligi umumiy asosda rasmiylashtiriladi. Bunday holatda 1136-sonli «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq, mehnatga layoqatsizlik varaqasining amal qilish muddati davrida qanday nafaqa olishni ayolning o‘zi hal qiladi - homiladorlik va tug‘ruq nafaqasimi yoki bola parvarishi uchun nafaqami. Odatda birinchisining miqdori kattaroq. Kasallik varaqasi tugaganidan so‘ng, bola parvarishi uchun ta'til olish mumkin. Bunday ta'til davomida nafaqa yagona miqdorda to‘lanadi.
Ish beruvchi tomonidan tug‘ruq ta'tilidagi xodimning mehnat huquqlari buzilsa, qayerga shikoyat qilish mumkin?
Agar ish beruvchi tug‘ruq ta'tili haqini to‘lashni istamasa, to‘lovlarni kechiktirsa yoki homilador xodim yoki yosh bolali onaning huquqlarini poymol qilsa, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Shikoyatni saytda qoldirishingiz mumkin . Yoki ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling:
- +99871 203 01 41;
- +99855 501 04 79.
Homilador va tug‘ruq ta'tilidagi ayollarning huquqlari buzilgan hollarda ish beruvchi yoki boshqa aybdor mansabdor shaxs “Mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligini buzish to‘g‘risida”gi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi yoki boshqa moddalari bilan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Izoh qo‘shish