bosh sahifa / Sarflash va tejash / Ssuda nima? Sodda qilib tushuntiramiz

Ssuda nima? Sodda qilib tushuntiramiz

Bir tomon boshqa tomonga qarz uchun beradigan summa, ko‘pincha, ssuda deb ataladi. Aslida, bu umuman qarz ham, hattoki summa ham emas. Bu tushuncha nimani anglatishini aytib beramiz.

Ssuda — bu biron bir narsani vaqtincha bepul foydalanishga berish. Bir tomon (ssuda beruvchi) biror narsani beradi, shu bilan birga hech qanday foyda olishni kutmaydi. Boshqa tomon (ssuda oluvchi) — uni qabul qiladi va xuddi shu holda yoki yo‘l qo‘yiladigan tabiiy eskirishni hisobga olgan holda, qaytarish majburiyatini oladi.

Masalan, gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxona mahsulotlari sovutilgan holda yaxshiroq sotilishini biladi. U muzlatkichlarni o‘z hisobidan sotib oladi va do‘konga ssuda sifatida beradi. Do‘konlar bu muzlatkichlarni sotishga haqli emas, chunki ular gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchisiga tegishli. Biroq, shartnomaga muvofiq, ular texnikadan bepul foydalanishi mumkin. Shartnoma tugagandan so‘ng, muzlatkichlarni qaytarishi kerak bo‘ladi.

Pul summasi ssuda bo‘lishi mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 617-moddasida ssuda aynan bir buyum deb belgilangan. Amalda foizlar olinmasdan foydalanishga beriladigan summa ba'zan shunday ham ataladi. Ammo pullar uchun alohida ma'lum atama — qarz bor.

Qarz ko‘pincha pul berishni nazarda tutadi, garchi buyumlarni ham “qarzga berish” mumkin. Bunda tomonlar qarzdan foydalanish qoidalarini belgilaydi. Bu summadan olingan foiz yoki hech qanday qo‘shimcha to‘lovsiz ma'lum bir muddatda qaytarish sharti bo‘lishi mumkin. Foizga beriladigan qarzni mikromoliya tashkilotlari, foizsiz — masalan, kompaniya o‘z xodimiga yoki jismoniy shaxslar bir-biriga berishi mumkin.

Ommabop “0% lik kreditlar” — bular ham ssuda emas. Birinchidan, ssudani har kim berishi mumkin, kreditni esa — faqat banklar. Ikkinchidan, 0% deganda sotuvchilar tovarlar narxi oshmasligini tushunadi. Amalda, ular shunchaki chegirma qiladi, sizga esa oddiy kredit olishni taklif qiladi. Biroq ushbu kredit bo‘yicha foizlar chegirma bilan qoplanadi, shunda ortiqcha to‘lamaysiz.

“Ssuda” tushunchasining yagona to‘g‘ri sinonimi — bepul foydalanish. Aynan u O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida ko‘rsatilgan.

Ssuda mulki xavfsizligi uchun kim javob beradi

Javobgarlik butunlay ssuda oluvchiga yuklatiladi. Chunki u buyumni olgan shaklda (yoki tabiiy eskirishni hisobga olgan holda) qaytarishga va'da bergan. Agar sizga muzlatkich topshirilgan bo‘lsa, keyin uni do‘kondan o‘g‘irlab ketishgan bo‘lsa, mol-mulk qiymatini qoplashingiz kerak bo‘ladi. Agar muzlatkich shunchaki buzilib qolsa, uni o‘z hisobingizdan ta'mirlashingiz kerak bo‘ladi.

Ba'zan qimmatbaho uskuna ssuda sifatida beriladi, uni ta'mirlash ko‘p pul talab qiladi. Agar sudda beruvchi oldindan sizga nosoz texnika topshirgani va shartnomada kamchiliklarni ko‘rsatmaganligini aniqlasangiz, shartnomani bekor qilishingiz mumkin. Yoki bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun kompensatsiya talab qilishingiz mumkin (xarajatlar sarflangan taqdirda).

Ssuda shartnomasida nimani ko‘rsatish kerak

Ssuda shartnomasida qayd etilishi kerak bo‘lgan ikkita prinsipial jihat bor:

  • Bepul foydalanish. Bu aynan ssuda berilishining asosiy sharti.
  • Buyumning batafsil ta'rifi. Agar muzlatkich bersangiz, ta'rifida nafaqat texnika nomi, balki javonlar soni, ularning materiali, pasporti va boshqa hujjatlar ham bo‘lishi kerak. Ko‘pincha buyumlar ideal holatda bo‘lmaydi (nuqsonlari yoki eskirish belgilari bo‘ladi). Bunday hollarda, qaytarib berishda kelishmovchiliklar bo‘lmasligi uchun bularni batafsil ta'riflash muhimdir.

Albatta, ssuda beruvchi faqat o‘ziga tegishli mol-mulk uchun ssuda rasmiylashtirishi mumkin. Agar bunga shubha bo‘lsa, u egalik huquqini isbotlashga tayyor bo‘lishi kerak.

Nazariy jihatdan, shartnoma muddatini ko‘rsatmasa ham bo‘ladi. Bunday variant, agar ikkala tomon bir-biriga ishonsa to‘g‘ri keladi (masalan, qarindoshlar bo‘lsa). Ammo ko‘pincha ssuda ma'lum muddatga rasmiylashtiriladi, keyin esa shartnoma uzaytiriladi. Agar sizga biror narsa yoqmasa, uzaytirishdan voz kechish mumkin.

Shuningdek, shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari bor. Agar ssuda beruvchi ikkinchi tomon berilgan mol-mulkka mas'uliyatsiz munosabatda bo‘lib, unga zarar yetkazapti deb hisoblasa, u zararni qoplash va shartnomani bekor qilishni talab qilishi mumkin. Shuningdek, agar ssuda beruvchi kompaniya tugatilgan bo‘lsa yoki ssuda beruvchi fuqaro vafot etgan bo‘lsa, shartnoma avtomat tarzda bekor qilingan deb hisoblanadi. Bunday hollarda ssuda darhol qaytarilishi kerak.

Nima uchun har doim ham ssudani rasmiylashtirishdan ma'ni yo‘q

Ssuda shartnomasi mulk huquqi berilishini nazarda tutmaydi. Hatto shartnomada muddatni ko‘rsatmagan bo‘lsangiz ham, buyum vaqtincha foydalanishga topshirilgan deb hisoblanadi. Axir, agar shartnoma bekor qilinsa, uni qaytarish kerak bo‘ladi.

Ssuda beruvchi uchun bu katta plyus: u mulkni xavf ostiga qo‘ymaydi. Biroq boshqa tarafdan, u ssuda qilingan mol-mulk uchun soliq to‘laydi. Masalan, xuddi o‘sha muzlatgichlar ichimlik ishlab chiqaruvchi korxona balansida ro‘yxatga olinadi va bu soliqqa tortish uchun asos sanaladi.

Agar gap juda uzoq muddatga topshirish haqida ketsa, mol-mulkni hadya qilish shartnomasini tuzish mumkin. Shunda barcha xarajatlar sovg‘a olgan kishi tomonidan qoplanadi. Yana bir variant — ssuda shartnomasida shartnoma predmetini sotib olishni ko‘zda tutish. Masalan, bilasizki, uch yillik foydalanishdan so‘ng muzlatkichlar tez-tez buzila boshlaydi, ko‘rinishi esa yangidek bo‘lmaydi. Ssuda oluvchiga texnikani qoldiq qiymatida sotib olishni taklif qilishingiz mumkin (lekin uch yil davomida u undan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi).

Xulosa: ssuda haqida eng muhim narsalar

  • Ssuda faqat buyumlar yoki mol-mulkka rasmiylashtiriladi. Agar pul haqida gapiradigan bo‘lsak, bu — qarz hisoblanadi.
  • Ssudaning asosiy sharti — bepul foydalanish. Ssuda beruvchi hech qanday foiz va boshqa daromadlarni olmasligi kerak.
  • Ssuda shartnomasi ma'lum muddatga rasmiylashtiriladi, biroq agar u ko‘rsatilmasa, shartnoma muddatsiz bo‘ladi.
  • Shartnomada obyekt maksimal tarzda ta'riflangan bo‘lishi kerak. Bu qaytarib berishda nizolarni bartaraf etish uchun kerak: ssuda oluvchi mol-mulkni o‘zi olgan shaklda va to‘liq qaytarishi shart.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments