
Oltin, qimmatli qog‘ozlar yoki ko‘chmas mulk: nimaga sarmoya kiritish kerak?
Jamg‘arma paydo bo‘lishi bilanoq, savol tug‘iladi: pulni bobo va buvilarimiz singari uyda yig‘ish kerakmi yoki bankka qo‘yish kerakmi? Yoki ularni investitsiya qilib, nafaqat saqlash, balki ko‘paytirishning foydasi ko‘proqmi? Investitsiya usulini qanday tanlash haqida maqolamizda o‘qing.
Yusuf uzoq vaqtdan buyon yirik qurilish tashkilotida muhandis bo‘lib ishlaydi. Ishning birinchi yilidayoq u kelajak haqida o‘ylab, maoshining bir qismini ajratishni boshladi. Avvaliga u shunchaki pulni yig‘di, vaqt o‘tishi bilan uning jamg‘armalari ko‘paydi va Yusuf pul ishlashi kerak, degan qarorga keldi. Demak, bu mablag‘larni saqlash va ehtimol ulardan passiv daromad olish uchun biror narsaga investitsiya qilish kerak. Ammo savol: aynan nimaga?
Yusuf bu masalani do‘stlari bilan muhokama qilishga qaror qildi. Bankda ishlaydigan Karim Yusufga pulini oltinga tikishni maslahat berdi. Uning fikricha, oltin eng barqaror valyuta hisoblanadi. Rieltor Muslima Yusufni ko‘chmas mulkka pul tikishga ko‘ndira boshladi. Uning fikricha, bu pulni saqlashning yaxshi usuli: uylar va kvartiralar har doim qimmat bo‘ladi. Muvaffaqiyatli tadbirkor Gleb esa Yusufga istiqbolli kompaniyalarning aksiyalariga e'tibor berishni maslahat qildi.
Yusuf do‘stlarining fikrini tingladi va hamma narsani yaxshilab o‘ylab, oqilona qaror qabul qilish uchun pul qo‘yishning har bir usulini o‘zi o‘rganishga qaror qildi.
Nima uchun pulni investitsiya qilish kerak?
Agar pul “yostiq tagida” yoki seyfda tursa, u inflyatsiya tufayli asta-sekin qadrsizlanadi (mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yiliga kamida 10% ga) va yuzaga keladigan moliyaviy ofatlar, masalan milliy valyuta kursining keskin pasayishi tufayli uni yo‘qotish xatari yuqori bo‘ladi.
Demak, pulni tejash yoki hatto ko‘paytirish uchun biror narsaga sarmoya kiritish kerak. To‘plangan mablag‘larni qanday qilib yaxshiroq tasarruf etishni, pulni investitsiya qilishning qaysi usullari eng ishonchli ekanligini va qaysi biri sizga tezroq foyda keltira boshlashini ko‘rib chiqamiz.
Pulni nimaga investitsiya qilish kerak?
Qayerga aniq investitsiya qilishni hal qilish uchun siz to‘rtta muhim savolga javob berishingiz kerak:
Mening moliyaviy maqsadim nima?
Men shunchaki topganimni tejashni xohlaymanmi yoki pul tikib, undan daromad olishnimi, masalan, bolalarim oliy o‘quv yurtida o‘qishi yoki mashina sotib olish uchun pul yig‘ishni xohlaymanmi?
Qancha sarmoya kiritmoqchiman??
Pulni eng kichik miqdorlardan — masalan, 100 000 so‘mdan sarmoya kiritishni boshlash mumkin. Biroq, investitsiya miqdori qanchalik kichik bo‘lsa, daromad ham shunchalik past bo‘ladi.
Pulni qancha muddatga investitsiya qilishni rejalashtiryapman??
Pul ishlayotganda, undan foydalana olmaymanmi? Hammasidanmi yoki faqat bir qismidanmi? Pulni uzoq vaqtga investitsiya qilishni rejalashtiryapmanmi yoki bir yildan kamroq muddatgami?
Tavakkal qilishga tayyormanmi?
Valyuta kurslari o‘zgarishi mumkin, qimmatli qog‘ozlar qimmatlashishi yoki arzonlashishi mumkin, ko‘p pul topishim yoki hamma narsani yo‘qotishim mumkin. Qancha pul bilan tavakkal qilishga tayyorman? Menda 3-6 oylik daromadga teng keladigan jamg‘arma — “xavfsizlik yostig‘i” bormi ?
Javoblaringiz pulingizni qayerga investitsiya qilish xavfsizroq, ishonchliroq va foydaliroq ekanligini aytib beradi, biz esa eng keng tarqalgan investitsiya usullarining ijobiy va salbiy tomonlari haqida gapirib beramiz.
Oltinga investitsiya qilish
Nega aksariyat investorlar oltinni tanlaydilar, axir pulni oltindan boshqa narsaga ham investitsiya qilish mumkin-ku, qimmatbaho metallar bozorida kumush, platina va palladiyga sarmoya kiritish uchun takliflar ham bor-ku? Javob oddiy. So‘nggi ikkita metall yaqinda sotila boshlandi, ularga bo‘lgan talab hali juda past va bozor mutaxassislari ularning daromadliligi haqida oldindan aytishga qiynalmoqdalar. Kumush esa nisbatan arzon (50 g kumush 1 g oltindan arzonroq) va narxi deyarli oshmaydi. Shuning uchun aynan oltin sotib olishga e'tibor berish kerak.
Qimmatbaho metallni uchta usulda sotib olish mumkin:
- Tangalarda
- Quymalarda
- Shaxssiz metall hisobini ochish (bu tanga va quymalarda “moddiy” oltin sotib olishdan ko‘ra xavfliroqdir)
Afzalliklari:
- Bu pulni investitsiya qilishning ishonchli usuli. Hatto moliyaviy yoki siyosiy inqirozlar va urushlar davrida ham oltin o‘z qiymati saqlab qoladi.
- Oltin narxi asta-sekin, lekin doimiy oshib bormoqda.
- Agar siz foyda olish uchun uzoq vaqt kutishga tayyor bo‘lsangiz, unda oltinga sarmoya kiritib, pensiyangiz yaxshi oshishiga ishonishingiz mumkin.
Kamchiliklari:
- Oltin juda yumshoq metalldir. Shuning uchun, agar tanga sotib olgan bo‘lsangiz, ularni maxsus saqlash sharoitlari bilan ta'minlash kerak. Agar oltin tirnalgan bo‘lsa, uning narxi sezilarli darajada pasayadi.
- Oltin narxi sekin oshadi, shuning uchun undan tezda pul ishlay olmaysiz. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, katta miqdordagi daromad olish muddati kamida 5 yil.
Aksiyalar va obligatsiyalarga investitsiya qilish
Aksiya va obligatsiyalar — qimmatli qog‘ozlarning turlari. Ulardan dividendlarga tayanib (aksiyalarni chiqargan kompaniya aksiyadorlar bilan bo‘lishadigan foydaning bir qismi) yoki qimmatli qog‘ozlar qiymatining o‘zgarishini kuzatib, sotib olib va sotib daromad olish mumkin.
Pulni qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilishning uchta usuli mavjud:
O‘zaro investitsiya fondi orqali ulush sotib olish
Jamg‘arma mutaxassislari tufayli moliyaviy portfelingiz shakllantiriladi, u korporatsiyalar va davlat tashkilotlarining aksiyalari va obligatsiyalarini o‘z ichiga oladi. Valyuta kursining o‘zgarishi portfel menejeringiz tomonidan nazorat qilinadi.
Individual investitsiya hisobini ochish (IIH)
Bu aksiyalar va obligatsiyalarga sarmoya kiritishga imkon beradigan qulay vositadir. Aslida, bu pul o‘tkazilishi kerak bo‘lgan hisob va shundan keyingina uni qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish mumkin bo‘ladi.
Brokerlik kompaniyasi orqali brokerlik hisobini ochish
Bunday holda, investorning ishlari bilan broker shug‘ullanadi. Brokerning vazifalariga qimmatli qog‘ozlar egasining buyruqlarini bajarish kiradi: broker mustaqil qarorlar qabul qilmaydi, faqat birjadagi investitsiyalarning ishlashini ta'minlaydi.
Qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilishning afzalliklari:
- Juda yuqori daromadlilik (oddiy bank depozitlari, qimmatbaho metallar va ko‘chmas mulk bo‘yicha daromaddan ancha yuqori).
- Qimmatli qog‘ozlarni foydani yo‘qotmasdan sotish imkoniyati.
- Aksiyalar paketini sotib olganda kompaniyani boshqarish huquqi.
Kamchiliklari:
- Kompaniyalarning bankrotligi yoki qimmatli qog‘ozlar qiymatining o‘zgarishi tufayli moliyaviy yo‘qotishlarning yuqori xavfi.
- Brokerlar va investitsiya portfeli menejerlariga ish haqi to‘lash zarurati.
- Foyda olish muddati — o‘rtacha 3 yil, lekin kamida 1 yil.
Ko‘chmas mulkka investitsiya qilish
Ko‘chmas mulkka investitsiya qilish nafaqat kapitalni saqlab qolishning, balki passiv daromad olishning yaxshi usulidir. Ko‘chmas mulkka yashashga tayyor kvartira, foydalanishga tayyor do‘kon, ombor yoki boshqa tijorat ko‘chmas mulkini sotib olish, shuningdek ob'yektning dastlabki qurilish bosqichlarida (qazish bosqichida) sarmoya kiritish orqali investitsiya qilish mumkin.
Afzalliklari:
- Ko‘chmas mulk narxining ko‘tarilishi tufayli doimiy ravishda oshib boruvchi ko‘chmas mulk qiymati.
- Turar-joy yoki tijorat ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan passiv daromad olish.
- Qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish bilan solishtirganda kapitalni yo‘qotishning minimal xavfi.
Kamchiliklari:
- Qimmatbaho metallar va qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalar bilan solishtirganda eng past daromad.
- Inson omili: agar kvartirani ijaraga bersangiz, ijarachilar tasodifan uni suv bosishi, yong‘in chiqishi, ijara haqini to‘lamasligi, ta'mirni buzishi va hokazolar xavfi mavjud.
- Tijorat ko‘chmas mulki inqiroz davrida juda zaif — ijarachilarni yo‘qotish oson.
- Ko‘chmas mulkni ish holatida saqlash, kommunal to‘lovlar, xavfsizlikni ta'minlash va boshqalar uchun xarajatlar.
- Ko‘chmas mulk solig‘i.
- Ko‘chmas mulkni sotish bilan bog‘liq qiyinchiliklar. Agar zudlik bilan pul kerak bo‘lsa, kvartira yoki tijorat ko‘chmas mulklar sekin yoki foydasiz narxda sotiladi.
Ko‘ramizki, Yusufning har bir do‘sti o‘ziga yarasha to‘g‘ri aytgandi. Pul investitsiya qilishning har bir usulida ijobiy va salbiy tomonlar bor, ba'zilarni tashvishga solmaydigan, boshqalarga esa rad etish uchun asosiy omil bo‘ladigan xatarlar yoki bahsli masalalar mavjud.
Hikoyamiz qahramoni o‘zi uchun qilgan xulosa: pulni “bor mablag‘ni bir etikka tiqmasdan” investitsiya qilish kerak. Ehtimol, avval o‘zingiz uchun ikki yoki uch turdagi investitsiyalarni tanlashingiz va harakatni boshlashingiz kerak. Va keyin, daromadlilik, foyda olish vaqti va investor uchun maqbul bo‘lgan xatarlarni hisobga olgan holda oqilona to‘xtamiga kelib, har bir kishi yaxshi moliyaviy natijalarga erishishi mumkin.
Izoh qo‘shish
Bizda investitsiya oladiganlar yoʻqda