
PIN-kod nima va u nima uchun kerak?
Sizga bank kartangiz bilan birga PIN-kod beriladi. Bu nima uchun kerak, uni o'zgartirish mumkinmi, agar siz PIN-kodni unutib qo'ygan bo‘lsangiz, nima qilish kerak – shu haqda batafsil aytib beramiz.
PIN-kod - bank kartasi uchun qisqa parol (shuningdek, PIN-kod SIM-kartalar yoki mobil ilovalarda ishlatilishi mumkin). Bu nomlanish qisqartirilgan inglizcha so‘z birikmasi bo‘lib, Personal Identification Number - "shaxsiy identifikatsiya raqami"dan kelib chiqqan. Odatda PIN-kod to'rtta raqamdan iborat. Raqamlar miqdori yuqori darajadagi himoyani ta'minlash, shu bilan birga, kodni eslab qolishni osonlashtirish uchun yetarli.
PIN-kod nima uchun kerak?
Bank kartasini birinchi marta olayotganingizda, sizga muhrlangan konvertda PIN-kod berishadi yoki shu joyning o‘zida to‘rt raqamli son o'ylab topib, bank filialidagi kompyuter klaviaturasida kiritib berishni so'rashadi. PIN-kod faqat karta yordamida bankomatdan foydalanishingiz, oflayn-do'konlarda xaridni amalga oshirishingiz uchun kerak. Shuni yodda tutingki, bu kod kartani xaridlar uchun ishlatishdan himoya qilmaydi. Ya'ni, agar kimdir kartangizni o‘g‘irlasa, u kichik miqdorga (masalan, Visa kartasi bilan to‘lovni amalga oshirishda – 500 000 so‘mgacha bo‘lgan miqdorda) masofadan turib (kontaktsiz usulda) to‘lovni amalga oshirishi mumkin.
PIN-kodni unutmaslik uchun nima qilish kerak?
Ilovalar ko‘p bo'lishi mumkin, bank kartalari ham. Unutib qo‘ymaslik uchun PIN- kodni qanday yaratish kerak?
Sodda, aniq variantlar - eng ishonchsizlaridir. Masalan, "1234", "0000", to'rtta bir xil raqamning ketma-ketligi yoki tug'ilgan yil raqami. Firibgarlar avvalo shu kombinatsiyalarni sinab ko'rishadi (tug'ilgan yilingizni, deylik, ijtimoiy tarmoq akkauntidan bilib olishlari mumkin). Eslab qolish oson bo'lgan kod yaratishning bir necha yo'li mavjud.
Vizual PIN-kod. Masalan, “2684” raqamini bankomat klaviaturasida tasavvur qilish oson. Bu – yuqori qatorning o'ngida va pastki qatorning chapidagi tugmalar o‘rtasidagi raqamlar. Shu tartibda burchaklardagi raqamlarni (“1379”) yoki boshqa mantiqdan foydalanib raqam tanlashingiz mumkin.
Matematik PIN-kod. Masalan, tug'ilgan yilning har bir raqamiga 1 qo'shing. Agar siz 2002 yilda tug'ilgan bo'lsangiz, PIN-kodingiz 3113 bo'ladi. 1 ni qo'shganda 9 raqami 0 ga aylanadi. Boshqa matematik amallarni ham bajarishingiz mumkin - deylik, esda yaxshi qoladigan kombinatsiyadan biron raqamni ayirish.
Kartaga "bog'langan" PIN-kod. Kartada to'rtta raqamdan iborat to'rtta blok mavjud. Birinchi variant - har bir blokning birinchi raqamidan kod yaratish. Shunda kartaga qarab, PIN-kodni doim eslay olasiz. Murakkabroq algoritmni o'ylab topishingiz mumkin: birinchi blokning birinchi raqami, ikkinchi blokning ikkinchi raqami va hokazo.
PIN-kodni qanday tiklash mumkin?
Agar kodni unutgan bo'lsangiz, uni qayta tiklashga urinib ko'rishingiz mumkin. Bunday funksiya ba'zi banklarning mobil ilovalarida mavjud. Muqobil variant – bank filialiga pasportingiz bilan kelib, o‘sha erda yangi kod qo‘yishni so'rash.
Ba'zi banklar va to'lov tizimlarida PIN-kodni tiklash imkoniyati yo'q. Demak, kartani qayta chop etish kerak bo'ladi. Ayni paytda hisobingizdagi mablag‘dan bemalol foydalanishingiz mumkin: masalan, ilova orqali pul o'tkazmalarini amalga oshirasiz.
PIN-kodni bank yoki do'kon xodimlariga ma'lum qilish mumkinmi?
Yo'q, PIN-kod kartadan bankomat yoki to'lov terminalida bevosita foydalanish uchun kerak. Xaridlar, pul o'tkazmalari va boshqa to‘lovlarni karta orqali to'lash uchun karta raqamining o‘zi kifoya (ba'zan amal qilish muddati va uch xonali CVV tasdiqlash kodi talab qilinishi mumkin). Agar kimdir sizdan PIN-kodingizni so'rasa, bilingki, bu - firibgar.
O‘zbekistonda oflayn-do‘kon sotuvchilari xaridordan kod so‘rab, terminalga kiritishi odat tusiga kirgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu - noto'g'ri. Agar kodni aytib bersangiz, uni nafaqat sotuvchi, balki atrofingizdagilar ham bilib oladi. Shuning uchun PIN-kodni o'zingiz kiritganingiz ma'qul, terminal noqulay joyda joylashgan bo‘lsa ham.
Firibgarlar PIN-kodimni qanday bilib olishlari mumkin?
Eng sodda usuli – kodni terayotganingizda yoningizda qarab turish. Texnologik jihatdan yanada rivojlangan usul ham bor - kichkina kuzatuv kamerasini o'rnatish. Bank filialida kamerani o‘rnatib bo‘lmaydi, lekin ko'chadagi bankomat yonida buning iloji bor. Ko'pgina shaharlarning sayyohlik hududlarida shunday biznes uzoq vaqt gullab-yashnagan: avvaliga firibgarlar kameradan olingan video orqali PIN-kodni bilib olishgan, so‘ng sayyohni kuzatib borib, karta solingan hamyoni yoki sumkasini o'g'irlab ketishgan. Yana bir usul: jinoyatchilar bankomat klaviaturasiga barcha bosilgan tugmalarni eslab qoluvchi qoplamani (asl nusxaga juda o'xshash) o'rnatishi mumkin.
Chipi yo‘q, faqat magnit chiziqli eski kartalar uchun boshqacha moslama - skimmer ishlatishgan. Bu moslama ATM karta uyasiga ulab qo‘yiladi, foydalanuvchi kartasini uyaga joylashtirganida, karta maʼlumotlarini oʻqiy boshlaydi. Keyin firibgarlar karta nusxasini tayyorlab, “qo‘lga tushgan” PIN-koddan foydalanib, hisobdagi barcha pullarni bankomatdan yechib olishadi.
PIN-kod: bank kartasidan foydalanishda beshta asosiy qoida
- Kodni kiritishda bankomat yoki terminal klaviaturasini qo'lingiz bilan to‘sing. Ayniqsa yoningizda kimdir turgan bo‘lsa.
- Qog'ozga yozilgan PIN-kod raqamini karta bilan birga saqlamang. Agar unutishdan qo'rqsangiz, uni yozib oling va uyda qoldiring.
- Agar PIN-kodingizni kimdir ko'rib qolganiga shubha qilsangiz, uni ilova orqali, bank filialida yoki bankomatda o'zgartiring.
- Agar noto'g'ri PIN-kod kiritgan bo'lsangiz, takrorlashga shoshilmang. Shuni unutmang: atigi uch marta urinib ko‘rishingiz mumkin, uchinchi noto‘g‘ri urinishdan keyin karta bloklanadi.
- Qo‘lingizdagi barcha kartalar uchun bir xil PIN-koddan foydalanmang. Ayniqsa, kartalarni yoningizda olib yursangiz.
Izoh qo‘shish
Zoʻr