bosh sahifa / Xavfsizlik / Pasportni garov sifatida qoldirsa bo‘ladimi?
Yangilanish sanasi: 13.04.2024

Pasportni garov sifatida qoldirsa bo‘ladimi?

Qanday holatlarda sizdan pasportingizni garov sifatida qoldirishni so‘rashlari mumkin va bunday qilish kerakmi — materialimizda ko‘rib chiqamiz.

Imronbek o‘zining yaxshi tanishi Muhammadalidan 5 million so‘m qarz berishni so‘rab, ikki oy ichida qaytarib berishni va'da qildi. Imronbek pulni qaytarishiga shubha qilmaydi va do‘stiga hamma pulni o‘z vaqtida, kechiktirmasdan to‘lab berishini aytdi. Ammo, shunga qaramay, Muhammadali Imronbekdan pasportini garov sifatida qoldirishini so‘radi, aks holda bu kelishuvga rozi bo‘lmasligini aytdi. Imronbekda boshqa iloj yo‘q — pul zudlik bilan kerak edi va pasport qarz beruvchida qoldi.

Ikki oy o‘tdi va Imronbek uchrashuvni tashkil qilish va qarzni qaytarish uchun Muhammadaliga qo‘ng‘iroq qila boshladi. Ammo uning raqami mavjud emas edi. Umumiy tanishlar ham bir necha haftadan beri u bilan bog‘lana olmayotganliklarini aytishdi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Muhammadali chet elga ketgan, pasportni qaytarib berolmaydi va qachon qaytib kelishini o‘zi ham bilmaydi, pulni bank o‘tkazmasi orqali o‘tkazib berishni so‘radi.

Qahramonimiz pasportini garov sifatida qoldirishi kerakmidi? Qanday hollarda sizdan buni iltimos qilishlari mumkin? Imronbekning holatiga tushib qolsangiz, nima qilish kerak? Shu va boshqa savollarga maqolamizda javob beramiz.

Nima uchun pasportni garov sifatida qoldirish kerak emas

O‘zbekistonda garov sifatida pasport so‘rash odatiy holdir. Va nafaqat Imronbek bilan bog‘liq vaziyatda. Misol uchun,  biror narsani — velosiped, konki, samokatni prokatga olmoqchi bo‘lsangiz.  Yoki ko‘chmas mulkni ijaraga olishda pul garovi evaziga.

Odamlar kelishib olgan majburiyatlarning bajarilishiga shubhalanganda, garov sifatida pasport so‘raydilar. Ammo kichik bir muammo bor. Pasportni garov sifatida so‘rash yoki berish mumkin emas, bu qonun buzilishidir.

Umuman olganda, pasport bilan bog‘liq barcha ma'lumot va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi unga qanday muomala qilishi mumkinligi haqida turli farmon, qonun va nizomlarda belgilangan. Quyida bizning mavzuimiz bo‘yicha eng qiziqarlilari.

Birinchidan, 1998-yil 1-maydagi 614-I-son “Garov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonundan ma'lumki, garov predmeti quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • shaxsiy buyumlar (zargarlik buyumlari, qimmatbaho kitoblar);
  • qimmatli qog‘ozlar (aksiyalar, obligatsiyalar);
  • pul;
  • shaxsiy yordamchi xo‘jalikni yuritish yoki yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkasiga (auksion asosida sotib olingan) umrbod meros qilib qoldiriladigan egalik huquqi;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari (do‘konlar, sartaroshxonalar);
  • yashash joylari, joylashgan yeri bilan birga;
  • boshqa mulk va mulkiy huquqlar.

Ushbu ro‘yxatdan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar garov predmeti bo‘la olmasligi ayon bo‘ladi Ikkinchidan, O‘zR pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomning 23-moddasi O‘zbekiston fuqarosining pasporti garov predmeti bo‘la olmasligini tasdiqlaydi.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon moddalarida quyidagilar ko‘rsatilgan:

To‘rtinchidan, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 223-3-moddasida boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yilganlik yoxud pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani garovga olganlik  uchun ma'muriy javobgarlik nazarda tutilganligi haqida ogohlantirilgan. Bu 10 dan 15 BHMgacha (bazaviy hisoblash miqdori), ya'ni 2024 yil fevral holatiga ko‘ra 3 million 400 ming so‘mdan 5 million 100 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima deganidir.

Ma'lum bo‘lishicha, Imronbek ham, Muhammadali ham bilmagan holda qonunni buzdilar. Va ikkalasi ham jarimaga tortiladi, Imronbek shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjatsiz ham qoldi va uni tiklashi kerak bo‘ladi.

Ammo bu hali hammasi emas. Bordi-yu, siz firibgarlarga duch kelsangiz va ular pasportingizni qo‘lga kiritishga, unda siz firibgarlik qurboniga aylanishingiz mumkin. Masalan, sizning xabaringiz va roziligingizsiz, nomingizga kredit rasmiylashtirishlari, YaTT ochishlari, bank hisob raqamingizga kirishga harakat qilishlari mumkin va hokazo. Bu jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin va o‘zingizning aybsizligingizni sudda isbotlashingiz kerak bo‘ladi.

Pasportingizni garov sifatida talab qilishsa, nima qilish kerak

Agar sizdan garov sifatida pasport so‘ralsa, hech qanday holatda rozi bo‘lmang. Rad javobingizni bu O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligini buzish ekanligi bilan asoslang. Pasportingizni garovga berish talabi  pasportingizni garov sifatida talab qilayotgan shaxsni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun bevosita asos boʻladi.

Agar u xususiy shaxs bo‘lsa, boshqa turdagi garov to‘g‘risida kelishib olishga harakat qiling yoki bitimni rad eting.

Agar bu yuridik shaxs bo‘lsa (masalan, velosiped ijarasi), pasport o‘rniga garov sifatida boshqa narsani taklif qiling va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish huquqiga ega ekanligingiz haqida ogohlantiring. Bunday holda kompaniya jarimaga tortiladi.

Pasportingizni garov sifatida bergan bo‘lsangiz, nima qilish kerak

Agar siz va pasportingizni garovga olgan shaxs o‘zaro kelishuvlar qilgan bo‘lsangiz va pasportingiz ixtiyoriy ravishda sizga qaytarilgan bo‘lsa, unda o‘zingizni juda omadli deb hisoblashingiz mumkin. Siz bundan saboq olishingiz va boshqa hech qachon muhim hujjatni boshqa shaxslarga bermasligingiz kerak. Qayerda bo‘lishingiz muhim emas — O‘zbekiston hududida yoki chegaradan tashqarida.

Agar pasportingiz sizga qaytarilmasa:

  • Huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishingiz va pasportingizni garov sifatida berganingizni aytishingiz kerak. Afsuski, jarima to‘lashingiz kerak bo‘ladi.
  • Pasportingizni qaytarmagan shaxs yoki tashkilotga nisbatan qonuniy chora ko‘rish talabi bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish huquqa egasiz. Ular bu shaxsni qidirib, undan jarima undiradilar va iloji bo‘lsa, pasportingizni qaytarib beradilar.
  • Agar pasportingizni olgan shaxs yo‘qolib qolgan, aloqaga chiqmayotgan yoki qayergadir ketgan bo‘lsa; tashkilot esa yopilgan, uning vakillari g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa, unda siz hujjatni qayta tiklashingiz kerak. Yangi hujjat taxminan bir oy ichida tayyor bo‘ladi.

Pasportingizni garovga berib, niyatlaringiz xolis ekanini ko‘rsatish qanchalik qulay va oson bo'lmasin, bunday qilish mumkin emas. Bu oddiylik aldamchi bo‘lib, vaqt, pul va asablarni yo‘qotishingizga olib kelishi mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments