
Togʻ va oʻrmonlarda sport turizmi: Toshkent yaqinidagi 8 ta qiziqarli sayyohlik maskani
Oʻzbekiston har doim koʻplab sayyohlik yoʻnalishlari bilan tabiat va togʻ ixlosmandlarini oʻziga jalb etib kelgan. Toshkent viloyati ham bundan mustasno emas. Poytaxt yaqinida sayr qilish uchun asosiy diqqatga sazovor joylar haqida gapirib beramiz — u yerlarga borish uchun unchalik ko‘p yurish shart emas, shuning uchun bu maskanlarga oddiy dam olish kunlarida borish mumkin.
Togʻlarga chiqishdan oldin asosiy qoidalarni yodda tuting: harorat oʻzgarishi tufayli haddan tashqari sovuq qotib yoki qizib ketmaslik uchun bir necha qavat kiyim kiygan ma'qul. Yoʻlda charchab qolmaslik uchun oʻzingiz bilan yetarli miqdorda suv va gazaklar, shuningdek, kerakli dori-darmonlarni olib oling. Va nihoyat, qulay trekking poyabzali kiyishni, quyoshdan himoya qiluvchi krem va koʻzoynak olishni unutmang.
MUHIM. Agar bir o‘zingiz yoki doʻstlaringiz bilan sayohatga chiqmoqchi boʻlsangiz, oʻzingiz bilan sayohat paytida zarur bo‘lib qoladigan kerakli buyumlarni ham olishni unutmang: ratsiya, birinchi tibbiy yordam toʻplami, gaz gorelkasi, choynak, qahva va choy – mabodo hordiq yoki yo‘l cho'zilib ketadigan bo‘lsa…
Oqsaroy sharsharasi
Oqsarsoy togʻ daryosi baland, doimo qorlar bilan qoplangan Pskom togʻ tizmasidan boshlanib, Pskom daryosi mansabiga quyiladi, bu esa oʻz navbatida Chorvoq suv omborini suv bilan toʻldiradi. Bu daryo juda jo‘shqin boʻlib, uning quyi va oʻrta oqimidagi darasi turli xil dov-daraxtlarga boy: qayin va teraklardan tortib butun boshli yongʻoqzorlargacha.
Daryo darasining boshida mashhur Oqsaroy sharsharasi joylashgan. U yerga tashrif buyurish uchun eng maqbul vaqt may yoki iyun oylaridir. Toshkentda jazirama issiq boʻlgan paytlarda ham, sharsharaga borar yoʻlda yoqimli salqin havo esib turadi. Hatto kech bahorda ham Oqsaroy daryosi boʻylari qor bilan qoplanganini koʻrish mumkin.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir kun, oʻrtacha yoʻnalish — 15 km.
- Qanday borish mumkin: ijaraga mashina olib yoki taksida, yo boʻlmasa sayyohlik guruhi bilan.
Chimyon togʻlari
Kichik va Katta Chimyon togʻlari Chorvoq suv ombori manzarasini yuqoridan kuzatish va uning goʻzal tabiatidan bahramand boʻlish uchun ajoyib joydir.
Kichik Chimyon dengiz sathidan 2099 metr balandlikda joylashgan qulay kuzatuv choʻqqisidir. Undan Qozogʻiston chegarasidagi Mingbuloq choʻqqisi, shuningdek, Koʻksuv tizmasi va Qirgʻiziston chegarasi manzaralari namoyon boʻladi. Bundan tashqari, bu yerdan Katta Chimyon va Obiqashqa choʻqqisi yaqqol koʻrinib turadi. Yaxshi ob-havo sharoitida bulutlardan ham yuqoriga koʻtarilish mumkin.
Oʻz navbatida, qor bilan qoplangan Katta Chimyon adrenalinning yaxshi dozasini olishni istaganlar uchun ayni muddaodir. Uning choʻqqisi 3309 metr balandlikda joylashgan boʻlib, yon bagʻirlaridan Chimyonsoy (yuqori oqimi Oqsoy deb ataladi), Beldersoy, Nurakotasoy, Choʻlmirob (Qoraarcha daryosi irmogʻi) va Gulkamsoy daryolari oqib oʻtadi. Shuningdek, u yerdagi qiziqarli maskanlarni, Ugam-Chotqol milliy bogʻidagi Poʻlatxon platosi va Gulkam daralarini ham qayd etish joizdir.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: agar bir vaqtning oʻzida Kichik va Katta Chimyonga borishga qaror qilsangiz, bir-ikki kun. Har biriga borish uchun oʻrtacha yoʻnalish — 7–8 km.
- Qanday borish mumkin: ijaraga mashina olib yoki taksida, yo boʻlmasa sayyohlik guruhi bilan. Chimyon qishlogʻida tunab qolish mumkin – Gʻazalkent viloyat markazidan u yerga avtobus qatnaydi.
Obiqashqa choʻqqisi
Uni Chimyon togʻlariga koʻtarilayotib koʻrish mumkin, u ham xayking ixlosmandlarining eʻtiboriga loyiqdir. Obiqashqa choʻqqisi dengiz sathidan 3099 metr balandlikda joylashgan va Gʻarbiy Tyan-Shanning eng goʻzal choʻqqilaridan biri hisoblanadi. Bu yerdan Katta va Kichik Chimyonni antiqa rakursdan koʻrishingiz, shuningdek, nafaqat uning goʻzal tabiatidan bahramand boʻlishingiz, balki koʻplab baland-pastliklarga to‘la murakkab yoʻldan ham yurishingiz mumkin.
Shuni ta'kidlash joizki, yoʻlning dastlabki qismida tizma boʻylab keskin koʻtarilish paydo boʻladi, bu taxminan bir soat davom etadi. Bunday xaykingni oddiy piyoda sayrga tenglashtirish qiyin, lekin oʻz kuchini sinab koʻrmoqchi boʻlganlarga yoqib tushishi aniq.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir kun. Oʻrtacha yoʻnalish — 10 km.
- Qanday borish mumkin: ijaraga mashina olib yoki taksida, yo boʻlmasa sayyohlik guruhi bilan. Chimyon qishlogʻida tunab qolish mumkin – Gʻazalkent viloyat markazidan u yerga avtobus qatnaydi.
Patandozboshi togʻi
Togʻ choʻqqisidagi diqqatga sazovor narsalardan biri bu baland parvoz qilayotgan burgutlar boʻlib, ularni yuqoridan koʻrishingiz va agar omadingiz chopsa, yaqindan rasmga olishingiz ham mumkin. Choʻqqi oʻzining xilma-xil tabiati, serob yovvoyi gullari, Chotqol va Paltau daryolarining maftunkor koʻrinishi, Koʻksuv daryosining etaklari, Katta Chimyon togʻi, Qoʻngʻirbuqa va Obiqashqa choʻqqilari bilan tabiat ixlosmandlarini oʻziga jalb etadi.
Togʻning balandligi dengiz sathidan 1877 metrni tashkil etadi. Ayniqsa, agar siz guruh bilan borsangiz, hech qanday qiyinchiliksiz yuqoriga koʻtarilishingiz mumkin .
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir kun, oʻrtacha yoʻnalish — 10 km.
- Qanday borish mumkin: avval Ugom-Chotqol milliy bogʻiga borib, u yerdan sayyohlik guruhi bilan yoki oʻzingiz mustaqil ravishda.
Soʻqoq qoʻriqxonasi
Soʻqoq — Toshkentdan atigi bir yarim soatlik masofada joylashgan oʻrmon qoʻriqxonasi, togʻ daryosi va mahalliy qishloq nomi. Xaykingni yaxshi koʻradiganlar uchun alohida piyoda maydoni ajratilgan, unga kirish pullik — 2024-yil may oyida kattalar uchun 17 ming soʻm, maktab oʻquvchilari uchun 8,5 ming soʻm. Yetti yoshgacha bolalar qoʻriqxonaga bepul kirishlari mumkin.
Piyoda sayr maydoni sivilizatsiyaga iloji boricha yaqinroq boʻlishni istaganlar uchun mos keladi — hordiq chiqarish uchun oʻrindiqlar va axlat tashlash uchun maxsus joylar mavjud. Biroq, qoʻriqxonaning katta qismi hali ham haqiqiy oʻrmonni eslatadi.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir kun, oʻrtacha marshrut oʻzgarishi mumkin.
- Qanday borish mumkin: taksida yoki ijaraga mashina olib.
Chotqol togʻ tizmasi
Bu togʻlarda uzoq vaqt oʻtkazish va iloji boricha tabiat bilan hamnafas boʻlishni istovchilar uchun ajoyib imkoniyatdir. Bonus sifatida sayyohlar togʻ landshaftlari, qorli choʻqqilar, daryo va sharsharalarning goʻzal manzaralaridan bahramand boʻladilar, shuningdek, mahalliy flora va fauna bilan tanishadilar.
Chotqol togʻ tizmasi boʻylab bir nechta yoʻnalishlar mavjud, biroq ularning eng yaxshilari sayyohlik tashkilotlari tomonidan allaqachon faol foydalanilmoqda. Ularning yordami bilan siz bir necha kun davomida guruh va gid boshchiligida piyoda yurishingiz va 1762 metrgacha balandlikka koʻtarilishingiz mumkin.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir necha kun, oʻrtacha yoʻnalish taxminan — 40 km.
- Qanday borish mumkin: ijaraga mashina olib yoki taksida, yo boʻlmasa sayyohlik guruhi bilan.
Badak koʻli
Hududdagi eng goʻzal togʻ koʻllaridan biri boʻlib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan va u uzoq yoʻl yurib borishingizga arziydi. Odatiy yoʻnalish Pskom tizmasi yonbagʻirlaridan oqib oʻtuvchi Badaksoy daryosi va gulzorlar boʻylab, ulugʻvor Tavalgan togʻ choʻqqisi yonidan oʻtadi.
Koʻl suvi shu qadar shaffofki, hayratda qolasan kishi hatto tubidagi har bir tosh koʻrinib turadi. Suvining rangi kunning vaqtiga qarab oʻzgaradi. Koʻl boʻyida toʻxtab hordiq chiqarish mumkin.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir kun, oʻrtacha yoʻnalish — 28 km.
- Qanday borish mumkin: ijaraga mashina olib yoki taksida, yo boʻlmasa sayyohlik guruhi bilan gid boshchiligida.
Lashkarak sharsharasi
Toshkent viloyatining janubida, Tojikiston chegarasi yaqinida oʻrmonlar va togʻlar betakror manzara hosil qilgan eng qiziqarli tabiiy zonalardan biri joylashgan. Aynan shu yerda siz dengiz sathidan ming metr balandlikda joylashgan Lashkarak daryosi va sharsharasi manzarasidan bahramand boʻlishingiz mumkin.
Lashkarak archa oʻrmonlari bilan oʻralgan boʻlib, uning daralari boʻylab mevali daraxtlar oʻsadi. Balandlikdan butun hudud va Angren shahri tevarak-atrofining goʻzal tabiati koʻrinib turadi.
- Borish uchun qancha vaqt ketadi: bir kun, oʻrtacha yoʻnalish — 20 km.
- Qanday borish mumkin: ijaraga mashina olib yoki taksida, yo boʻlmasa sayyohlik guruhi bilan gid boshchiligida.
Izoh qo‘shish