
Naqdsiz to‘lov nima: xususiyat va afzalliklari
XXI asrda kompaniyalar ham, jismoniy shaxslar ham naqdsiz to‘lashlari mumkin. Naqdsiz to‘lov turlari va ularning afzalliklari haqida materialimizda aytib beramiz.
Yuridik shaxslar uzoq vaqtdan beri to‘lovlarni naqdsiz amalga oshirmoqda: ularda shunchaki muqobil variant yo‘q. Ammo oddiy fuqarolar ham tobora ko‘proq bank hisobvarag‘idan naqd pul yechmay, do‘konda esa kupyuralarni ishlatmay qo‘yganlar.
Nima uchun naqdsiz to‘lovlar qulay
Ular naqd to‘lovlarga nisbatan kamida to‘rtta afzalliklarga ega:
Xavfsizroq. Yoningizda bir dasta pul yoki hamyonni (u diqqatni tortadi) olib yurishingiz shart emas. To‘lov uchun minimal joy egallaydigan plastik kartadan foydalanish mumkin.
Noto‘g‘ri hisoblash xavfi kamroq. Naqd pul bilan to‘layotganda, kerakli miqdorni hisoblashingiz va qaytimni tekshirishingiz kerak. Naqdsiz to‘lov kerakli miqdorni — tiyinigacha yuborish yoki to‘lash imkonini beradi.
Xarajatlarni nazorat qilish qulay. Agar bank hisobvarag‘ingizdan naqdsiz to‘lov uchun foydalansangiz, har doim ilovada operatsiyalar tarixini ko‘rishingiz mumkin: qachon va kimga qancha yuborgansiz, supermarketda necha pulga xarid qilgansiz, bir oy ichida qancha pul sarflagansiz.
Keshbek va va bonuslar olish mumkin. Naqd pul bilan to‘layotganda, shunchaki pul berasiz va odatda hech qanday bonus olmaysiz.
Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalarning yuqori tezligini ham qayd etishimiz lozim. Agar qarzni to‘lashingiz yoki sovg‘a uchun ma'lum miqdorni o‘tkazishingiz kerak bo‘lsa, bank o‘tkazmasi orqali pul oluvchiga, u boshqa davlatda bo‘lsa ham, bir necha daqiqada yetib boradi.
Naqdsiz to‘lovning kamchiliklari
Oddiy fuqaro uchun asosiy kamchilik — bu hisobdagi pulni nazorat qila olmaslik. Naqd pul bilan to‘laganingizda, hamyoningizda qancha pul qolganini taxminan tushunasiz. Karta orqali to‘lashda xarid summasi haqida bildirishnoma keladi, lekin unda har doim ham balans qoldig‘i ko‘rsatilmaydi.
Hisobdagi pul “cheksiz” bo‘lib tuyulishi mumkin. Shuning uchun, keraksiz xaridlarga ortiqcha pul sarflaydiganlarga karta bo‘yicha xarajat limitini belgilash tavsiya etiladi. Masalan, oyiga 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ sarflashga ruxsat etilsin. Limitlarni bank ilovasida o‘rnatish oson — agar katta xaridni rejalashtirgan bo‘lsangiz, ularni istalgan vaqtda oshirish mumkin.
Bank o‘tkazmasi orqali qanday to‘lash mumkin
Buning uchun har biri o‘ziga xos tarzda qulay bo‘lgan bir nechta usullardan foydalanish mumkin:
Bank kartasi orqali. Eng oson usul hisoblanadi. Sotuvchi terminalga kerakli miqdorni kiritishi, xaridor esa bank kartasini (agar u kontaktsiz tranzaksiyalarni qo‘llasa) qo‘yishi yoki terminal uyasiga kiritishi kerak. Qimmat xaridlar uchun PIN-kod ham talab etilishi mumkin. Onlayn xaridlar uchun karta ma'lumotlarini (va ba'zan SMS dan tasdiqlash kodini) kiritish kifoya.
QR-kod yordamida. Bu karta orqali to‘lash kabi oson. Sotuvchi taqdim etadigan QR-kodni smartfon kamerasi bilan skanerlashingiz, bank ilovasiga o‘tishingiz va to‘lovni tasdiqlashingiz kerak. Ilovaga o‘tish odatda avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Bank hisobidan. Bunday holda, to‘lov topshiriqnomasini rasmiylashtirish va qabul qiluvchining rekvizitlarini kiritish kerak bo‘ladi. Rekvizitlarda juda ko‘p raqamlar bo‘lganligi tufayli bunday usul odatda korxonalarda qo‘llaniladi — jismoniy shaxs uchun kartadan foydalanish osonroq.
Mobil telefon hisobidan. Tovar yoki xizmat sotuvchisi sizga SMS yuboradi, unga talab qilingan holda javob berish orqali to'lovni amalga oshirasiz. Bu biroz noqulay usul hisoblanadi, chunki mobil telefon hisobida odatda katta summalar saqlanmaydi. Ammo buning uchun bank hisobidan foydalanish shart emas.
Elektron hamyon hisobidan. Elektron hamyonlar — bu bank hisobining analoglari. Ularda ham pul saqlanadi va u orqali sotuvchiga o‘tkazish mumkin. Biroq barcha yuridik shaxslar bunday hamyonlar bilan ishlamaydilar.
Qanday to‘lov tizimlaridan foydalanish mumkin
O‘zbekistonda xalqaro (Mastercard, Visa, UnionPay) va milliy (Uzcard, HUMO) to‘lov tizimlari kartalaridan foydalaniladi. To‘lovlarni amalga oshirish qulayligi jihatidan ular o‘rtasida hech qanday farq yo‘q. Biroq ular bog‘langan valyutalarda o‘ziga xos xususiyatlar mavjud.
Masalan, klassik Uzcard mamlakat ichida to‘lovlarni so‘mda amalga oshirish uchun qulay. Agar tez-tez xizmat safarlariga boradigan va chet elda xaridlar qiladigan bo‘lsangiz, universal Mastercard Standard yoki Visa Classic kartalarini ochganingiz ma'qul.
Hatto bolalar uchun maxsus kartalar ham mavjud — masalan, Uzcard Kids. Ular kattalar hisobiga bog‘langan bo‘lib, hisob egasi xarajatlarni to‘liq nazorat qilishi mumkin.
Bank o‘tkazmasida noto‘g‘ri to‘lovni bekor qilish mumkinmi
Afsuski yo‘q. Agar ma'lumotlarni o‘zingiz kiritgan va to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsangiz, pul allaqachon bankingizni “tark etgan”. Ularni qaytarib olishning yagona varianti — pullarni olgan shaxs bilan bog‘lanish va vaziyatni tushuntirish. Ammo buni amalga oshirish har doim ham oson bo‘lmaydi, axir buning uchun o‘sha insonning kontaktlari kerak-ku.
Shuningdek, bank filialiga borib, noto‘g‘ri to‘lov haqida ariza yozishingiz mumkin. Ammo bank ham pullaringiz tushgan shaxs bilan bog‘lanib, undan qaytarish uchun ruxsat so‘rashi kerak. Qabul qiluvchi vijdonli bo‘lsa, roziligini beradi. Ammo vijdonsiz odam to‘lov unga atalgan deb ta'kidlashi mumkin. Katta miqdordagi noto‘g‘ri o‘tkazmalarni qaytarib olish bo‘yicha sudga murojaat qilish mumkin, ammo bu ko‘p vaqtni talab etadi.
Agar to‘lov yoki pul o‘tkazmasini amalga oshirayotganda, rekvizitlarni noto‘g‘ri kiritgan bo‘lsangiz (masalan, mavjud bo‘lmagan hisobni ko‘rsatsangiz), pul katta ehtimol bilan o‘zingizga qaytariladi. Bu, masalan, mavjud bo‘lmagan hisob ko‘rsatilganda yoki hisob egasining ma'lumotlari oluvchi tomonidan ko‘rsatilganiga mos kelmasa, sodir bo‘ladi.
Xulosa: naqdsiz to‘lovlar haqida eng muhimi
- Firmalar ham, fuqarolar ham naqdsiz to‘lashlari mumkin.
- Naqdsiz to‘lovlar qulayroq va xavfsizroq, shuningdek, xarajatlardan keshbek olish mumkin.
- Hisobingizdagi barcha pullarni osongina sarflashingizdan xavotirlansangiz, oylik yoki kunlik xarajatlar limitini belgilang.
- Naqdsiz to‘lovni bekor qilish qiyin, shuning uchun to‘lov rekvizitlari va to‘lov terminallaridagi summalarni diqqat bilan tekshiring.
Izoh qo‘shish
Akavuntimga pul tushmadi