bosh sahifa / Xavfsizlik / Mobil banking: pulingizni xavfsiz saqlash uchun undan qanday foydalanish kerak

Mobil banking: pulingizni xavfsiz saqlash uchun undan qanday foydalanish kerak

Deyarli har bir smartfon egasi o‘zi mijozi bo‘lgan bank ilovasini yuklab olgan. Mobil banking 一qulay, sodda, tez va ishonchli, albatta, agar xavfsizlik qoidalariga rioya qilsangiz.

Mobil banking: bu nima

Xizmat mobil ilova orqali bank hisobingizdagi mablag‘larni boshqarish va bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi. Uni smartfon yoki planshetga yuklab olish mumkin.

Mobil bankingdan foydalanish uchun bank mijozi o‘z gadjetiga ilova o‘rnatishi kerak. Uni Google Play yoki App Storedan yuklab olish mumkin. So‘ng, ro‘yxatdan o‘tish, login va parol o‘ylab topish, kerak bo‘lsa, telefon raqami va (yoki) boshqa ma'lumotlarni kiritish kerak — va undan foydalanish mumkin.

Mobil ilovaning asosiy afzalligi —  u smartfon kabi har doim yoningizda. Tezda qarindoshingizga pul o‘tkazishingiz, telefon balansini to‘ldirishingiz, bank kartasi yo‘qolsa, uni bloklashingiz mumkin va hokazo. Biroq, mobil bankdan foydalanishda xatarlar ham bor. Ular birinchi navbatda kiberfiribgarliklar bilan bog‘liq.

Mobil bank ilovalaridan foydalanishda qanday xatarlar mavjud

Eng katta xatar — ilova va shu bilan birga sizning pulingizdan firibgarlar foydalana olishi. Ko‘pincha, bu gadjet egalarining e'tiborsizligi, ishonuvchanligi yoki beparvoligi tufayli sodir bo‘ladi. Bu nafaqat biron bir joyda parolsiz telefonni ochiq mobil ilova bilan qoldirganingizda sodir bo‘lishi mumkin.

Eng keng tarqalgan variantlardan biri — bu parollarni o‘qiydigan va bank operatsiyalari bo‘yicha SMS-tasdiqlarni ushlab oladigan josus-dastur. U o‘zini mutlaqo zararsiz smartfonni tezlashtirish ilovasi, fitnes-treker, VPN, yordamchi dasturiy ta'minot va boshqalar sifatida yashirishi mumkin. Ko‘pincha odamlar uni telefonlariga o‘zlari  o‘rnatadilar. Firibgarlar telefon raqamini o‘zgartirib, bank xodimi sifatida qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin va masalan, yangi qo‘shimcha ilovasiz mobil bankka kirish yopilishi haqida xabar berishlari mumkin. So‘ng  ular keyingi qadam uchun zarur bo‘lgan ilovani yuklab olishingizga havola yuborishadi. Yoki smartfon egasi bunday dasturni tasodifan yuklab olishi mumkin. Masalan, elektron pochta, messenjerdagi xabar yoki ijtimoiy tarmoqdagi havola bo‘yicha o‘tish orqali.

Zararli havola bo‘yicha o‘tishda telefonga ilova bilan bank o'rtasidagi ulanishni ushlab oladigan virusni yuqtirib olishingiz va shu tariqa kiberfiribgarlarga barcha ma'lumotlarni olish imkoniyatini berishingiz mumkin.

Shuningdek, so‘nggi yillarda sim-kartani almashtirish bilan bog‘liq firibgarliklar sodir bo‘la boshladi. Bunday holda, jinoyatchilar shaxsning telefon raqamini bilib, uyali aloqa kompaniyasining ofisiga kelishadi va soxta ishonchnoma va smartfon egasining pasporti nusxasi bilan dublikat rasmiylashtiradilar. So‘ngra, sim-kartani telefonga o‘rnatib, bank ilovasiga ham kirish huquqiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, jabrlanuvchi, agar u telefondan faqat vaqti-vaqti bilan foydalansa, sim-karta ishlamay qolganini darhol aniqlamasligi mumkin. Ushbu turdagi firibgarlik yanada murakkabroq va kam tarqalgan, ammo buni e'tibordan chetda qoldirish mumkin, degani emas..

Mobil bankingdan xavfsiz foydalanishning asosiy qoidalari

Pulingizni doimo xavfsiz saqlash uchun oddiy, ammo muhim qoidalarga amal qiling:

  • Mobil ilovalarni faqat ilovalar do‘konlaridan yuklab oling: (Google Play, App Store, AppGallery, Galaxy Store va boshqalar.)
  • Mobil ilovaga kirish uchun murakkab parol o‘rnating. Parol uchun begonalarga topish oson bo‘lgan oddiy harflar va raqamlar kombinatsiyasidan foydalanmang: tug‘ilgan yil, kun va oyingiz, ism va familiyangiz, xotiningiz yoki farzandingizning ismi, sevimli itingizning ismi va shunga o‘xshash, 2222, 1234, 9876, abcd, qwerty va boshqalar kabi raqamlar va harflarning ketma-ket kombinatsiyasi.
  • Telefonga bir nechta banklarning mobil ilovalari o‘rnatilgan bo‘lsa, ularga kirish uchun parollar har xil bo‘lishi kerak
  • Mobil bank va, masalan, ijtimoiy tarmoqlarga yoki davlat resurslariga kirish uchun bir xil parollardan foydalanmang.
  • Mobil bankka kirish uchun ikki faktorli autentifikatsiyani o‘rnating (masalan, parol va SMS yoki push-bildirishnomadagi bir martalik kod yordamida). Bu xavfsizlikning qo‘shimcha kafolati bo‘ladi.
  • Telefonda kod va parollarni terayotganda, harflar va raqamlar kombinatsiyasi begonalarga ko‘rinmasligiga ishonch hosil qiling. Videokuzatuv kameralari haqida unutmang ― agar yozuvning sifati yaxshi bo‘lsa va jinoyatchilar qo‘liga tushib qolgan taqdirda, ular qanday kod va parollarni terganingizni bilib olishlari oson bo‘ladi.
  • Agar mobil ilova kodini daftarga yoki boshqa joyga yozgan bo‘lsangiz,  uning yoniga belgi qo‘ymang, u bo‘yicha begonalar kodingizni bilib olishlari mumkin. Yozuvni shifrlang, masalan, kodni yoniga do‘stingizning ismi va u yashaydigan ko‘chaning yozing.
  • Kod va parol yozilgan varaqlarni telefon g‘ilofiga solib qo‘ymang.
  • Bankning mobil ilovasiga kirish uchun parollarni muntazam ravishda o‘zgartirib turing — buni kamida 3-4 oyda bir marta qilish tavsiya etiladi.
  • Hech kimga, hatto bank xodimlariga ham, bank ilovasiga kirish parol, kodlari va bank operatsiyalarini tasdiqlash kodlarini bermang yoki yubormang.
  • Agar VPN yoqilganda yoki telefon umumiy Wi-Fi tarmogʻiga ulangan boʻlsa, mobil bankka kirmang yoki unda operatsiyalarni amalga oshirmang: bunday hollarda maʼlumotlaringiz firibgarlar qo‘liga tushish xavfi yuqori. Agar bunday zarurat paydo bo‘lsa, umumiy Wi-Fi tarmog‘idan uzilib, mobil Internet-trafikdan foydalanish yaxshiroqdir.
  • Bankning mobil ilovasida operatsiyalarni amalga oshirgandan so‘ng, har doim undan chiqib keting.
  • Karta operatsiyalari haqida SMS yoki push-bildirishnomalarni o‘rnating. Agar siz bajarmagan operatsiya haqida xabar olsangiz, kartani tezda bloklang.
  • Agar sim-kartangiz o‘chirilgan deb o‘ylasangiz, vaziyatni aniqlashtirish uchun darhol uyali aloqa operatoriga murojaat qiling. Yaqin-atrofda kim bo‘lishiga qarab shahar telefoni, do‘stingiz, hamkasbingiz yoki qarindoshingiz telefonidan qo‘ng‘iroq qiling.

Qo‘shimcha himoya uchun yana nima qilish foydali

Raqamli gigiena qoidalariga rioya qilish sizning ma'lumot va pullaringiz himoya qilishga yordam beradi:

  • Telefoningizga parol o‘rnating. Agar gadjetni yo‘qotib qo‘ysangiz yoki u o‘g‘irlansa, bu undagi ma'lumotlarni himoya qiladi. Ushbu parol bankning mobil ilovasiga kirish uchun parol yoki koddan farq qilishi kerak. Yoki biometrik identifikatsiyadan foydalaning.
  • Mobil telefonga to‘liq funksionalga ega antivirusni o‘rnating. Shuni yodda tutingki, bepul versiyalarning aksariyati cheklangan funksionalga ega. Biroq, pulni tejash mumkin, masalan, kompyuter uchun antivirus dasturini sotib olayotganda yoki uzaytirganda. “Kompyuter + mobil ilova uchun antivirus” paketi arzonroq bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘plab ishlab chiquvchilar bonus sifatida bepul mobil versiyani taqdim etadilar — masalan, ikkita shaxsiy kompyuter uchun antivirus sotib olayotganda yoki litsenziyani uzoq muddatga (2-3 yil) uzaytirganda.
  • Oyiga bir marta smartfonni to‘liq antivirus tekshiruvidan o‘tkazish foydali bo‘ladi. Agar tasodifan shubhali havola bo‘yicha o‘tgan yoki siz uchun xavfli bo‘lib tuyulgan saytga kirgan bo‘lsangiz ham buni qilish tavsiya etiladi.
  • Antivirus va telefoningizdagi barcha dasturlarni muntazam yangilab turing (agar avtomatik yangilanish bo‘lmasa). Bankning mobil ilovasining so‘nggi versiyasini o‘rnatganingizga ishonch hosil qiling.
  • Smartfoningiz qanday ishlashini kuzating. Agar u to‘satdan tezda qizib keta boshlasa, qayta ishga tushsa, o‘chib qolsa, dasturlar ishdan chiqa boshlasa — bu virusdan shubha qilish uchun sababdir.

Funksionalligi, xavfsizligi va ishonchliligiga ishonchingiz komil bo‘lmagan fayllar, dasturlar va ilovalarni yuklab olmang.

  • Shubhali, shu jumladan SMS, elektron pochta xabarlari, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi havolalar bo‘yicha o‘tmang. Har doim o‘tmoqchi bo‘lgan havola manzilini tekshiring — hatto bu havola bankingiz nomidan elektron pochta orqali kelgan bo‘lsa ham. Kiberfiribgarlar ko‘pincha bitta harfni o‘zgartiradilar yoki qo‘shimcha belgi qo‘yadilar (masalan, chiziqcha). Shuni ham yodda tutingki, bank hech qachon mijozlarga havola orqali mobil ilovaga kirishni so‘rab xabarlar yoki elektron pochta xatlarini yubormaydi.

Xulosa: mobil bankingdan xavfsiz foydalaning

  1. Ko‘pincha jabrlanuvchining o‘zi firibgarlarga bank ma'lumotlariga kirish huquqini beradi yoki mobil bankdan foydalanishda asosiy ehtiyot choralarini unutadi. Shuning uchun hushyor bo‘lishni unutmang.
  2. Pulingizni xavfsiz saqlash uchun smartfoningizni qarovsiz qoldirmang, murakkab parollarni o‘rnating va ularni muntazam ravishda o‘zgartirib turing, mobil bankka kirish uchun ikki faktorli autentifikatsiya va operatsiyalar haqida bildirishnomalarni o‘rnating.
  3. Begona shaxslarga operatsiyani tasdiqlash kodlarini bermang, hatto bu odamlar o‘zlarini bank xodimlari deb tanishtirsa ham.
  4. Smartfoningizga ishonchli antivirusni o‘rnating, dasturiy ta'minotni muntazam yangilab turing, barcha dastur va ilovalarni faqat rasmiy manbalardan yuklab oling.
  5. Shubhali havolalar bo‘yicha o‘tmang, doimo ularning manzilini tekshiring.
  6. VPN yoqilgan yoki umumiy Wi-Fi tarmog‘iga ulanganda mobil bankingdan foydalanmang.